Trolling nima? Dipfeyk-chi? Ayollar Internetdagi zo‘ravonlikdan o‘zlarini qanday himoya qilishlari mumkin?

Surat manbasi, Getty Images
"Raqamli zo‘ravonlik" Internetdan suiiste’molning eng tez rivojlanayotgan shakllaridan biri bo‘lib, ayollarni internetdan foydalanmaslikka majburlamoqda. Trolling va ta’qibdan tortib, dipfeyk va shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish – doksinggacha, har yili millionlab ayol va qizlar ta’qibga uchramoqda.
BMTning raqamli texnologiyalar bo‘yicha ixtisoslashgan agentligi – Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda olti milliardga yaqin kishi internetdan foydalanmoqda va bu yil ayollarga qaraganda 280 million ko‘proq erkak Internetdan foydalana boshlagan.
BMTning ta’kidlashicha, ayollar, qizlar va gender nokonformist shaxslar o‘z jinsi tufayli ko‘proq nishonga olinishi, og‘irroq va uzoq muddatli oqibatlarga duchor bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Biror ma’lumotni internetda ulashishdan oldin yaxshilab o‘ylang. U internetda doimiy qolishi va keyinchalik sizga zarar yetkazishi mumkin.
BMT Ayollar tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ayol va qizlarning taxminan 58 foizi onlayn zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan.

Surat manbasi, Getty Images
Raqamli zo‘ravonlikning beshta keng tarqalgan shakli bor
1. Trolling
Trolling – kimnidir xafa qilish, reaktsiya uyg‘otish yoki muammo chiqarish uchun atay provokatsion yoki haqoratli postlarni internetga joylash.
Internetda nafrat nutqlari va noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishini to‘xtatishga qaratilgan Britaniya-Amerika nohukumat tashkiloti Raqamli nafratga qarshi kurash markazi (CCDH) ma’lumotlariga ko‘ra, trollarning ikki asosiy turi mavjud:
Tahqirlashni kuchaytirish uchun ijtimoiy tarmoqlarda obunachisi ko‘p bo‘lgan jamoat faollarini nishonga oluvchi trollar
"Salbiy ijtimoiy kayfiyat" uyg‘otishdan ilhomlanuvchi trollar – boshqalarga yetkazilgan zarardan zavqlanuvchilar.
Odamlarning internetda trollik qilishining turli sabablari bo‘lishi mumkin va bu har bir trollda o‘ziga xos.
Trollar odatda o‘zlari nishonga olgan odamlarni xafa qilishdan zavqlanadi, agar nishonga olingan shaxs javob qaytarsa, ular yanada ruhlanib ishini davom ettiraveradi.
Trolling jabrlanuvchida yuqori darajada xavotir uyg‘otishi va o‘ziga nisbatan bahosi pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
2. Doksing

Surat manbasi, Getty Images
Doksing odatda odamning shaxsiy ma’lumotini g‘arazli niyatda internetda tarqatishni anglatadi.
Bu ta’qiblar, tahdidlar va hatto jismoniy zo‘ravonlik kabi real hayotiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
2021 yilda "Harri Potter" muallifi J.K.Rouling uning uy manzilini ko‘rsatadigan surat internetda tarqatilgani sababli jabr ko‘rganini aytgandi.
Ammo shundan so‘ng politsiya uni nishonga olgan faollarga qarshi hech qanday chora ko‘rmadi.
2022 yil aprelidan beri Meta kompaniyasiga tegishli ijtimoiy tarmoqlar – Facebook va Instagram birovning uy manzilini, hatto u ommaviy ma’lumotlar yoki yangiliklarda paydo bo‘lsa ham, ulashishni taqiqladi. Foydalanuvchilar o‘z manzilini ulashishlari mumkin, ammo boshqalar uni qayta ulasha olmaydi.
Ushbu o‘zgarish Meta Kuzatuv kengashining shaxsiy ma’lumot himoyasini kuchaytirish va oshkor qilishni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalaridan so‘ng amalga oshirildi.
3. Dipfeyk

Surat manbasi, Getty Images
Dipfeyk –sun’iy intellekt yordamida haqiqiyga o‘xshash yaratilgan videolar, rasmlar yoki audio yozuvlardir.
Ular ko‘ngil ochish yoki hatto ilmiy tadqiqotlar uchun ishlatilishi mumkin, ammo ba’zida jamoatchilikni atay chalg‘itish maqsadida siyosatchilar yoki jahon yetakchilari kabi shaxslarning tasvirlari ham soxtalashtiriladi.
Shuningdek, ular tobora ko‘proq mashhurlar yoki oddiy odamlarning pornografik video yoki tasvirlarini yaratish uchun ham ishlatilmoqda.
Yaqinda Buyuk Britaniyada politsiya buyurtmasi bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma shuni ko‘rsatdiki, "har to‘rt kishidan biri, hatto tasvirlangan shaxs rozi bo‘lmagan taqdirda ham, jinsiy mazmundagi soxta ma’lumotlarni yaratish va tarqatishda hech qanday muammo yo‘q deb hisoblaydi yoki bu masalaga befarq".
Buyuk Britaniyada shaxs roziligisiz intim rasmlarni ulashish yoki ulashish bilan tahdid qilish jinoiy javobgarlikka tortiladi va asosan 2023-yilgi Onlayn xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadi. Bu yasama yoki o‘zgartirilgan tasvirlar, jumladan, dipfeyk materiallarga ham taalluqlidir.
Avstraliya va Irlandiya kabi boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham intim tasvirlardan bu tarzda foydalanishdan odamlarni himoya qiluvchi shu kabi qonunlar mavjud.
4. Yomon niyatda ishonchga kirish

Surat manbasi, Getty Images
Bolalar va yoshlarni internet orqali nishonga olish va ularning ishonchini suiiste’mol qilish mumkin. Jinoyatchilar bola bilan munosabat o‘rnatish uchun onlayn platformalardan foydalanadi.
Bu zo‘ravonlik onlayn sodir bo‘lishi yoki jinoyatchi bolani zo‘ravonlik qilish maqsadida u bilan shaxsan uchrashishni rejalashtirishi mumkin. Zararli kontent yozib olinsa, yuklansa yoki boshqalar tomonidan onlayn ulashilsa, qo‘shimcha suiiste’mol holatlari yuz berishi mumkin.
Zo‘ravonlik onlayn yoki oflayn sodir bo‘lishidan qat’i nazar, u bolaning umumiy ahvoliga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatadi, bu esa xavotir, o‘ziga zarar yetkazish, ovqat iste’mol qilish qobiliyatining buzilishi, o‘z joniga qasd qilish xayollari yoki hatto amalda o‘z joniga qasd qilishga ham olib kelishi mumkin.
5. Kiberbulling
Kiberbulling, ya’ni onlayn zo‘ravonlik – shaxsning ijtimoiy tarmoqlarda, messenjerlarda, onlayn o‘yinlarda va internetdagi boshqa joylarda zo‘ravonlikka, tahqirlashlarga duchor etilishdir.
Bulling bir vaqtda ham onlayn, ham oflayn sodir bo‘lishi mumkin va ba’zan onlayn zo‘ravonlik qilayotgan shaxs jabrlanuvchiga tanish bo‘ladi.
Shuningdek, real hayotda uchratmagan, lekin onlayn hamjamiyatlar, o‘yinlar yoki ijtimoiy tarmoqlarda tanishgan odamlardan ta’qibga uchrash ham odatiy hol. Zo‘ravon shaxs noma’lum bo‘lishi ham mumkin.
O‘zingizni himoya qilish yo‘llari

Surat manbasi, Getty Images
BMT onlayn zo‘ravonlik qurboni bo‘lish xavfini kamaytirish uchun quyidagi maslahatlarni beradi:
• Biror ma’lumotni internetga joylash yoki ulashishdan oldin obdan o‘ylang – u internetda doimiy qolishi va keyinchalik sizga zarar yetkazishi mumkin
• Internetga joylaydigan ma’lumotlaringizni, ayniqsa, manzil va telefon raqamingiz kabi shaxsiy ma’lumotlarni cheklang
• Do‘stlaringiz va tanishlaringizga siz haqingizdagi shaxsiy ma’lumotlarni joylamaslikni ayting
• Ijtimoiy tarmoq ilovalarining maxfiylik sozlamalari, jumladan, ma’lumotlaringizni kimlar ko‘rishi va kontentni bloklash/yashirish imkoniyatlari haqida batafsil o‘rganing
• Barcha hisoblaringizda geolokatsiyani o‘chiring
• Shubhali yoki tahdidli akkauntlar haqida xabar bering
Xavotirli xavf
BMT ta’kidlashicha, onlayn va texnologik zo‘ravonlik oldini olish uchun bu zo‘ravonlikning o‘ziga xosligi va ayollar hamda qizlarga ta’sirini tushunish juda muhim.
BMT Ayollar tashkilotining 2021 yilda Arab davlatlarida o‘tkazilgan tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, o‘sha yili internetdan foydalanuvchi ayollarning 60 foizi onlayn zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan.
Yevropa tadqiqotlari ko‘rsatishicha, ayollar erkaklarga qaraganda onlayn ta’qibga 27 baravar ko‘proq duch keladi. Boshqa tahlil natijalariga ko‘ra, ayollarning 92 foizi onlayn zo‘ravonlik ularning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchilar, jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilari kabi jamoat hayotidagi ayollar ayniqsa ko‘p nishonga olinadi. Bunda qora tanli ayollar, LGBT+ vakillari va nogironligi bo‘lgan ayollar uchun xavf yanada yuqori.
Tashkilot barcha ayollar va qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha kampaniyani boshladi. Kampaniya hukumatlarni shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishga va raqamli zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilashga, yirik texnologiya kompaniyalarini esa zararli kontentni olib tashlashga chaqirmoqda.












