Ogoh bo‘ling: kiberfiribgarlar! Toshkentda "kiberbunker" fosh etildi

Kompyuter o‘ngida o‘tirgan inson.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Toshkent viloyati IIBB "kiberbunker" fosh etilganligini ma’lum qildi.
O'qilish vaqti: 3 daq

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan Chilonzor tumanida kiberfiribgarlar guruhi fosh etilganligi xabar berildi.

Boshqarma veb-sahifasida nashr qilingan ma’lumotga ko‘ra, firibgarlar "kiberbunker" yaratib, o‘sha yerdan faoliyatlarini olib borishgan.

Ushbu "kiberbunker" odamlarni aldash yo‘li bilan pul undirish maqsadida Chilonzor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida tashkil etilgani va u yerda 16 nafar operator ishlagani ham ma’lum qilingan.

"Kiber firibgarlik ko‘paymoqda"

Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, "so‘nggi yillarda onlayn savdo va raqamli to‘lovlar aholiga qulayliklar yaratmoqda. Biroq ayrim shaxslar ushbu imkoniyatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanib, mashhur savdo platformalari nomidan chiqish orqali fuqarolarni aldashni tizimli faoliyatga, ayrim hollarda esa "oilaviy biznes" darajasigacha olib chiqqani aniqlangan".

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, odamlarni aldash yo‘li bilan pul undirish maqsadida Chilonzor tumanidagi kall-markazdan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilinib, ularni go‘yoki Uzum Market savdo ilovasining "yutuqli o‘yini" g‘olibi bo‘lgani haqida yolg‘on ma’lumotlar berilgan. Ular "sovg‘a" uchun to‘lov fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan o‘zlari aytgan hisobga pul o‘tkazilishini, keyinchalik esa ushbu mablag‘lar ularning korxonasi tomonidan qoplab berilishini va’da qilishgan. Natijada qator jabrlanuvchilardan mablag‘lar undirishga erishishgan.

Ichki Ishlar boshqarmasi shuningdek, boshqa turli yo‘llar bilan ham mijozlarni aldash amallari yo‘lga qo‘yilganligini bildirgan.

Boshqarma odamlarni ogohlantirib, noma’lum qo‘ng‘iroqlar, "yutuq", "limit ajratildi" kabi va’dalarga ishonmaslikka, moliyaviy operatsiyalarni faqat rasmiy ilovalar va qonuniy shartnomalar asosida amalga oshirishga da’vat qilgan.

Jinoiy koll-markaz yoki kiberbunker nima?

Kompyuterda ishlayotgan odam.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Internet yoki telefon orqali siz bilan bog‘langan noma’lum shaxs o‘zini tanishtirganidan mutlaqo o‘zga inson bo‘lishi mumkin.

Jinoiy va noqonuniy koll-markazlar va kiberbunkerlar aldov yo‘li bilan odamlarning bank hisoblaridagi mablag‘lari yoki shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish, firib yo‘li bilan moliya undirish, xakerlik hujumlarini amalga oshirish maqsadida tashkil qilinuvchi jinoyat turidir.

2025 yil aprel oyida "Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi O‘zbekiston Prezidenti qarorida bu turdagi jinoyatlarga qarshi jazo choralari kuchaytirilishi aytilgandi.

GETTY
Noma’lum qo‘ng‘iroqlar, "yutuq", "limit ajratildi" kabi va’dalarga ishonmang.
Toshkent viloyati IIBB (BBC.COM/UZBEK)

Bu kabi jinoyatlarga qo‘l urganlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar belgilangan.

Shu bilan birga, banklar, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatidagi moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibi joriy etilishi ham qayd etilgandi.

"Huquqiy axborot" Telegram kanali bergan ma’lumotga binoan, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda saytlarni buzib kirish, virusli dasturlar tarqatish kabi holatlar haqida ham xabarlar ko‘paygan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham bu kabi jinoyat qurboni bo‘lganlardan va kiber jinoyat amallardan ogohlantiruvchi xabarlar tez-tez ko‘zga tashlanadi.

Kiber jinoyat yirik va dolzarb xavf

Yaqinda Bishkekda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlarida kiber xavfsizlik masalalari bo‘yicha konferentsiyada mutaxassislar xakerlik singari kiber jinoyatlar milliy xavfsizlikni ta’minlash va hukumatlar rasmiy organlarining faoliyatiga xavf soluvchi omillardan biri ekanligini urg‘ulashgandi.

Jahon bo‘ylab mamlakatlarda ham bu turdagi jinoyatlar keng tarqalgan.

2024 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, kiber jinoyat ko‘lami bo‘yicha jahonda Rossiya yetakchi o‘rinda edi. Undan so‘ng Ukraina, Xitoy, AQSh va Nigeriya kabi davlatlarda ham kiber jinoyatlar keng tarqalgan.

Buyuk Britaniya poytaxti London uchun mas’ul Metropolitan Police ma’lumotlariga ko‘ra, yiliga ularga kiber jinoyat qurbonlari bo‘lgan bir necha million insondan ariza kelib tushadi. Bu ulkan ko‘rsatgich.

Lekin London politsiyasiga ko‘ra, odamlar bir qator o‘ta sodda choralar bilan o‘zlarini bu kabi jinoyatlardan himoya qilishlari mumkin:

- Har bir foydalanayotgan akkaunt uchun murakkab va turli kalit so‘zlar – "parol" ishlatishga harakat qiling.

- Shaxsiy ma’lumotlarni onlayn orqali ulashmang.

- Kompyuter va boshqa jihozlardagi virusga qarshi va himoya dasturlarini muntazam yangilab boring.

- Faqatgina ishonchli va qonuniy veb-sahifalardan hujjatlarni yuklab oling.

- O‘zingizga notanish yoki shubha uyg‘otuvchi imeyllar orqali yuborilgan yuklamalarni ochmang.

- Faqat https://, bilan boshlanadigan veb-sahifalardan foydalaning, shunda ham adresni qayta-qayta tekshiring.

- Jamoat yerlarida WiFi dan foydalanmaslikka harakat qiling, noilojlikdan ishlatsangiz VPN orqali kiring.

- Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgan ma’lumotlaringizni sinchiklovlik bilan kuzating.

- Internet yoki telefon orqali siz bilan bog‘langan noma’lum shaxs o‘zini tanishtirganidan mutlaqo o‘zga inson bo‘lishi mumkinligini nazardan qochirmang.