Epshteyn mojarosining Tramp uchun ehtimoliy uch oqibati: bari nima bilan tugashi mumkin?

Donald Trampning surati

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 4 daq

Agar Vashingtondagi respublikachi yetakchilar bir oylik Kongress ta’tili vaqtida Jeffri Epshteyn mojarosi tinchib qoladi, deb umid qilgan bo‘lsa, bu hafta ko‘tarilgan shov-shuvlar bu umidlarni puchga chiqardi, hozircha.

O‘tgan juma kuni Adliya vazirligi bolalarni jinsiy ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq Epshteyn ishiga oid 33 ming sahifadan ortiq hujjatni e’lon qildi. Dushanbagacha ko‘pchilik bu hujjatlarning asosiy qismi allaqachon oshkor qilingan yoki juda ahamiyatli emas deb o‘ylayotgandi.

Hafta boshida Kentukkidan respublikachi Tomas Messi va Kaliforniyadan demokrat Ro Xanna yana tashabbus bilan chiqib, vakillar palatasini Epshteyn ishiga oid hukumatning barcha ma’lumotlarini oshkor etish bo‘yicha ovoz berishga chaqirdi.

Chorshanba kuni esa Epshteyndan jabr ko‘rganlar va ularning oilalari Kongress binosi oldida matbuot anjumani o‘tkazib, tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdi hamda ish bo‘yicha to‘liq oshkoralikka chaqirishdi.

Bu voqealar jamoatchilik e’tiborini kuchaytirar ekan, masalani yanada kengroq muhokama maydoniga olib chiqdi. Ammo shu bilan to‘xtaydimi? Keyin nimalar ro‘y berishi mumkin?

Trampga bosim kuchayishi mumkin

Jabrlanganlar o‘tkazgan matbuot anjumani Epshteyn voqeasida yangi, muhim burilish nuqtasi bo‘lishi ehtimoli bor.

Vashingtondagi muhokamalarda asosan mijozlar ro‘yxatlari va boy hamda nufuzli shaxslarning ehtimoliy ishtiroki tilga olingan bo‘lsa, bolaligida Epshteyn jinoyatlaridan jabr chekkan insonlar e’tibor markazidan chetda qolib kelgan edi.

Chorshanba kuni Kongress oldida ularning yuzi namoyon bo‘ldi, ular sukut saqlamaslikka va’da bermoqda.

Donald Tramp bir necha oydan beri o‘z ma’muriyatining Epshteyn ishini yuritishidagi kamchiliklari yuzasidan tanqidlarni siyosiy raqiblari uyushtirayotgan «soxta hujum» sifatida yo‘qqa chiqarishga urinayotgandi.

Bu uslub ilgari samara bergan bo‘lsa-da, bu gal amalda uncha ishlamayotgan ko‘rinadi.

Agar Messi va Xanna qolgan barcha hujjatlarni oshkor etishga majbur etuvchi ovoz berishni amalga oshirsa va ularda Tramp yoki boshqa nufuzli siyosiy shaxslar haqida siyosiy jihatdan zararli ma’lumotlar chiqsa, vaziyat tubdan o‘zgarishi mumkin.

«Wall Street Journal» adliya vaziri may oyida Trampga uning nomi Epshteyn tergoviga oid hujjatlarda tilga olinganini aytganini xabar qilgan edi. Oq uy bunday bo‘lganini rad etdi.

Tramp 1990-yillar va 2000-yillar boshida Epshteyn bilan do‘st bo‘lgan, ammo uning nomi tilga olingani jinoyatga aloqadorligini anglatmaydi. Tergovchilar ham hech qachon uni ayblamagan.

Hatto «nufuzli mijozlar ro‘yxati» oshkor etilmasa ham, jabrlanganlar o‘sha ro‘yxatni tuzishga harakat qilishmoqchi. Ular Epshteyn bilan yaqin aloqada bo‘lgan va uning qilmishlariga bog‘liq shaxslarning ismlarini yig‘ishga va’da berishdi.

«Men ismlarni ochiq aytishdan qo‘rqmayman», dedi Jorjiyadan Kongressdagi respublikachi, odatda Trampning sodiq tarafdori Marjori Teylor Grin. «Agar ular menga ro‘yxat bersa, men Kongress zaliga kirib, bu ayollarni zo‘rlagan har bir la’natining nomni aytaman».

Kuz kelishi bilan mana shunday omillar Epshteyn mojarosini yanada alangalatmoqda.

Kongreschi ayol
Reuters
Agar ular menga ro‘yxat bersa, men Kongress zaliga kirib, bu ayollarni zo‘rlagan har bir la’natining nomini aytaman!
Marjori Teylor Grin
Batafsil: BBC.COM/UZBEK da

Jarayon davom etadi, lekin katta zararsiz

Epshteynga oid yangi ochiqlanadigan hujjatlarda jamoatchilikni qiziqtiradigan ma’lumot bo‘lmasligi mumkin. Yoki Kongressdagi oshkoralikka oid tashabbuslar yetarlicha bo‘lmay qolishi ehtimol. Jabrlanganlar va ularning oilalari tobora ko‘zga ko‘rinayotganiga qaramay, faqat yangi ma’lumotlar va dalillargina axborot maydonini qo‘zg‘atib, jamoatchilik fikrini sezilarli o‘zgartira oladi.

Bunday sharoitda Epshteyn voqeasi butunlay yo‘qolib ketmaydi, ammo Tramp ma’muriyati uchun uzoq muddatli siyosiy inqirozga ham aylanmaydi. Bu boshog‘riq bo‘lsa ham, halokat emas.

Kelasi yilgi Kongress uchun oraliq saylovlar oldidan respublikachilar jiddiy kurashga tayyorlanayotgan bir paytda, ommaviy qo‘llovdagi kichik pasayish ham saylov natijasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tramp seshanba kuni ta’kidlaganidek, «fitna nazariyalari»ni to‘liq yo‘q qilish mushkul. U 1963 yildagi Jon Kennediga qilingan suiqasd va yaqinda hukumat hujjatlarini ko‘proq e’lon qilish to‘g‘risidagi buyruqlari o‘rtasida parallellik borligini aytdi:

«Bilasizmi, bu menga Kennedi voqeasini eslatadi. Biz ularga hujjatlarni qayta-qayta berdik, yana, yana va yana, ammo hech kim qoniqmadi», dedi u.

Tramp uchun bu yangilik emas. U sobiq prezident Barak Obamaning tug‘ilgan joyiga oid «fitna nazariyasi»da ham eng faol shubhalanuvchilardan biri bo‘lgan. Oq uy Obamaning AQSh hududida tug‘ilganini tasdiqlovchi qisqa va uzun shakldagi guvohnomalarni e’lon qilganiga qaramay, shubhalanuvchilar – jumladan, Trampning o‘zi ham – hech qachon qanoatlanmagan.

Aytishadiku: «davr aylanib o‘ziga qaytsa, bu ham adolatli o‘yin».

Mojaro asta so‘nadi

Milliy siyosiy sahnadagi 10 yillik faoliyati davomida Tramp namoyon qilgan eng katta ustaliklardan biri – o‘ziga qarshi har qanday mojaro va inqirozdan omon qolish qobiliyatidir. Epshteyn voqeasiga qudrat, zo‘ravonlik, jinsiy buzuqlik va nufuz aralashib ketgan bo‘lsa-da, bunisi boshqacha deyishga yetarli asos yo‘q hozircha.

«U avval ham shunday qilgan, yana qiladi» – Oq uy umid qilishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi stsenariy shu. Agar yangi ma’lumotlar chiqmasa, jamoatchilik vaqt o‘tishi bilan bu voqeadan charchaydi – yoki uni yangi mojarolar, shov-shuvlar yopib ketishi mumkin.

Agar shunday bo‘lsa, Epshteyn mojarosi ham internetning bir chekkasi surilib, Kennedi suiqasdi, AQShning Oyga qo‘nishi va Obamaning tug‘ilgan joyi haqidagi fitna nazariyalari qatorida joy olib, sanoqli odamlar qiziqadigan mavzulardan biriga aylanadi.

Bu ehtimol adolat emasdir, ehtimol endi juda kech – ammo bu zamonaviy Amerika siyosatida odatiy hol.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue reading Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: