Putin va Tramp munosabatlari sovuqlashgan bo‘lsa-da, sahna ortida Ukraina bo‘yicha kelishuv imkoniyati hali bor. Video

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Stiv Rozenberg
- Role, Bi-bi-si Rossiya muharriri
- O'qilish vaqti: 5 daq

Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi munosabat izdan chiqdimi? Rossiyadagi ommabop nashrlardan biri – «Moskovskiy Komsomolets» shunday yozdi. Gazeta AQSh-Rossiya munosabatlarini poezdlarga o‘xshatdi.
"To‘qnashuv muqarrar, – deb yozdi nashr. – Tramp lokomotivi va Putin lokomotivi katta tezlikda bir-biriga qarab ketayotgani aniq. Ikkalasi ham na burilish, na to‘xtash niyatida."
Putin boshqarayotgan "lokomotiv" – Ukrainadagi urush, ya’ni "maxsus harbiy operatsiya". Kreml bu kampaniyani to‘xtatish yoki o‘t ochishni uzoq muddatga to‘xtatish haqida hozircha hech qanday ishora bermayapti.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Bu orada Tramp o‘z "lokomotivi"ni yanada tezlashtirmoqda: Moskvaga bosimni oshirib, urushni to‘xtatish uchun muddatlar belgilamoqda, tahdidlar, sanksiyalar va Rossiyaning savdo sheriklariga – jumladan, Hindiston va Xitoyga katta bojlar qo‘ymoqda.
Bundan tashqari, Tramp ikkita Amerika yadroviy suvosti kemasini Rossiyaga yaqinroq joylashtirganini ham ma’lum qildi.
Poezdlardan suvosti kemalariga o‘tilayotgan bo‘lsa, demak, vaziyat jiddiy.

Surat manbasi, WILL OLIVER/EPA/Shutterstock
Ammo savol shunda: bu voqealar Oq uyni Kreml bilan Ukraina masalasida haqiqiy to‘qnashuvga olib ketyaptimi?
Yoki Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning bu hafta Moskvaga tashrifi tomonlar o‘rtasida hali ham muomala va kelishuv ehtimoli borligi belgisimi?
Tramp qaytdi, munosabatlar ham iliqlashdimi?
Donald Tramp prezidentlikka qayta kelgan dastlabki haftalarda Vashington va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar biroz umidbaxsh ko‘ringandi.
To‘qnashuv emas, balki yaqinlashuv ko‘p kuzatildi.
Hatto shunday tuyulardi: Tramp va Putin bir vagonda, bir yo‘nalishda ketayotgandek.
Fevral oyida AQSh BMTda Rossiyaning tarafini oldi va Ukrainadagi tajovuzni qoralovchi Yevropa tayyorlagan rezolyutsiyaga qarshi chiqdi.
O‘sha oyda Tramp va Putin telefonda suhbatlashib, bir-birining mamlakatlariga tashrif buyurish haqida gaplashishdi.
OAVda esa "Putin-Tramp sammiti yaqin" degan gaplar aylana boshladi.

Surat manbasi, PRESS SERVICE OF THE 24 MECHANIZED BRIGADE HANDOUT/EPA/Shutterstock
Tramp ma’muriyati o‘sha paytda Moskvaga emas, Kievga bosim o‘tkazayotgandi.
Shu bilan birga, Kanada va Daniya kabi an’anaviy AQSh ittifoqchilari bilan tortishuv, NATO va Yevropa yetakchilarini tanqid qilish tendentsiyasi ham kuchaygandi.
Bu holatlar Kreml uchun juda maqbul edi.

Surat manbasi, .
"Amerika hozirda Rossiyaga Bryussel yoki Kievdan ko‘ra yaqinroq", degandi Rossiya Fanlar akademiyasi siyosatshunosi Konstantin Bloxin mart oyida "Izvestiya"ga bergan intervyusida.
Keyinroq xuddi shu nashr shunday yozdi:
"Trampchilar – inqilobchilar. Ular tizimni buzuvchilar. Ularga faqat qo‘llab-quvvatlov kerak. G‘arbning birdamligi endi yo‘q. Trampizm Trans-Atlantika birdamligini tez va qat’iyat bilan yo‘q qildi."

Surat manbasi, Chris Kleponis - Pool via CNP/POOL/EPA-EFE/Shutterstock
Moskvaga serqatnov elchi
Donald Trampning vakili Stiv Uitkoff so‘nggi oylarda Rossiyaga tez-tez qatnayapti.
U ikki oy ichida to‘rt marta Moskvada bo‘ldi, Vladimir Putin bilan soatlab suhbutlashdi.
Bir uchrashuvdan so‘ng esa Putin unga Trampning portretini sovg‘a qildi – Oq Uyga olib ketish uchun.
Tramp bu sovg‘ani "juda ta’sirli va yoqimli" deb baholadi.
Biroq Trampning Moskvadan kutgani portret emas edi.
U Putindan Ukrainada to‘liq va shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishini istardi.

Surat manbasi, REUTERS/Kevin Lamarque
Trampning sabri tugab boryapti
Hozir jang maydonida tashabbus Rossiya qo‘lida, shuning uchun Moskva diplomatik yechim tarafdori ekanini ta’kidlab kelayotgan bo‘lsa ham, Vladimir Putin urushni to‘xtatishga hech shoshilmayapti.
Ayni shu vaziyat Donald Trampni tobora ko‘proq ranjitmoqda.
So‘nggi haftalarda u Rossiyaning Ukraina shaharlariga qilingan uzluksiz hujumlarini "jirkanch", "sharmandagarchilik" deb atadi va Prezident Putinni Ukraina bo‘yicha "ko‘p ahmoqona gapiryapti" deya tanqid qildi.
O‘tgan oy esa Tramp Putinga 50 kunlik ultimatum e’lon qildi – urush to‘xtamasa, yangi sanksiyalar va yuqori bojlar qo‘llash bilan tahdid qildi.
Keyin bu muddatni 10 kunga qisqartirdi.
Muddat 8 avgustda tugaydi, ammo hozircha Kreml Vashingtonning bosimiga yon beradigan ko‘rinayotgani yo‘q.

Surat manbasi, REUTERS/Jorge Silva
Putin bosimni his qilyaptimi?
Bu yerda muhim savol tug‘iladi: Putin, umuman, bu bosimni jiddiy qabul qilyaptimi?
"Donald Tramp necha bor muddatlarni o‘zgartirib, bir u tomon, bir bu tomonga burilaverdiki, menimcha, Putin endi uni jiddiy qabul qilmayapti," deydi Nyu-Yorkdagi The New School universiteti professori Nina Xrushyova.
"Putin urushni davom ettiradi, Ukraina charchab, uning shartlarini qabul qilishga tayyorligini aytmaguncha."
Xrushyovaning fikricha, Kremlda o‘tirgan Putin o‘zini go‘yoki Rossiya podsholari va Stalin kabi yetakchilar orzusini amalga oshirayotgandek his qiladi.
U G‘arbga "Rossiyani mensimaslik mumkin emas" degan signalni yo‘llamoqda.
To‘qnashuv muqarrar emas
Shunday manzaradan keyin Putin va Tramp "lokomotiv"larining to‘qnashuvi muqarrar tuyulishi mumkin. Lekin vaziyat unchalik ham oddiy emas.
Tramp o‘zini "katta kelishuvlar ustasi" deb hisoblaydi va aftidan u hali ham Vladimir Putin bilan kelishuvga erishish umididan voz kechmagan.
Trampning vakili Stiv Uitkoff shu hafta yana Moskvaga borib, Kreml rahbari bilan muzokaralar o‘tkazdi. U qanday taklif olib kelgan – hozircha maxfiy. Ammo Moskvadagi ba’zi tahlilchilar bu safar "cho‘pdan ko‘ra sabzi ko‘proq bo‘lishi mumkin", deb taxmin qilishdi.
Aytish joizki, yakshanba kuni Donald Tramp "Rossiya sanksiyalardan ancha yaxshi chetlanyapti, shekilli," deb aytdi. Bu izoh tahlilchilar e’tiboridan chetda qolmadi.
Dushanba kuni esa Moskvadagi MGIMO universiteti siyosiy nazariya bo‘yicha dotsenti Ivan Loshkaryov "Izvestiya"ga bergan intervyusida shunday dedi:
"Uitkoff Ukraina bo‘yicha kelishuvdan so‘ng Rossiyaga foydali hamkorlik imkoniyatlarini taklif qilishi mumkin – bu muzokaralarni yengillashtiradi."

Surat manbasi, REUTERS/Marcos Brindicci
Tinchlik yaqinmi yoki uzoq?
Bu taklif Kremlni uch yildan ortiq davom etayotgan urushdan so‘ng tinchlikka kelishga unday oladimi?
Kafolat yo‘q.
Chunki hozirgacha Putin anneksiya qilingan hududlar, Ukraina betarafligi va armiyasining kelajakdagi shakli bo‘yicha o‘z qat’iy talablaridan chekingani yo‘q.
Donald Trampga kelishuv kerak, Vladimir Putinga esa g‘alaba.









