O‘zbekiston fuqarolari shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlandi deyilmoqda: bu nega xavfli? Darknet o‘zi nima?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 2 daq
Reddit foydalanuvchilari xabar qilishicha, internetda 15 million O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangan. Afraid-Age-6358 nomli profil bu ma’lumotlar darknetga sizdirilganini go‘yoki tasdiqlovchi bir nechta havolalarni taqdim qildi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik markazi mahalliy nashrlar so‘roviga javoban, bu xabarlar tekshirilayotganini ma’lum qilgan. BBC Kiberxavfsizlik markazining telegram kanalini tekshirganida, bu borada axborot hanuz berilmayotganiga guvoh bo‘ldi.
Bir hafta avval Prezident Shavkat Mirziyoyev kiberxavfsizlik yo‘nalishida jinoyatlar ko‘payib borayotganini tanqid qilib, ichki ishlar va bank xodimlarini kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘qitishni kuchaytirishga topshiriq bergandi.
Breachforum.bf saytiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining serveri buzib kirilgani ortidan, har qanday mijoz, jumladan universitetlar, siyosiy partiyalar, do‘konlar, kommunal to‘lovlar xizmatlari saytlari, fuqaro shaxsini raqamli aniqlovchi saytlar, ichki ishlar organlari saytlaridagi shaxsiy ma’lumotlar sizdirilgan bo‘lishi mumkin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Saytga ko‘ra, 15 million o‘zbekistonlikning shaxsiy ma’lumotlaridan tashqari Ichki ishlar vazirligining saytidan ma’lumotlar olingan. Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Milliy statistika qo‘mitasi saytlariga ham buzib kirilgan.
Bu nega xavfli?
Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari kiberjinoyatchilar qo‘liga tushishi mumkin. Ular bundan foydalanib shaxsning nomidan kredit olishlari yo uning hisobidan pul o‘g‘irlashlay oladilar. Shuningdek, saytlarga kiritilgan login parollarini qo‘lga kiritgach, ular shaxsning sirlarini bilib olib shantaj qilishlariga ham yo‘l ochiladi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Shaxsiy ma’lumotlar darknetga sizdirilgach, ular turli kiberjinoyatchilar orasida sotiladi. Ularni topish va yo‘q qilish deyarli imkonsiz. Shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgan fuqaro kelajakda bir yo bir necha bor jinoyatlar qurboniga aylanishi mumkin.
O‘zbekistonda 2019 yilda qabul qilingan "Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi" 547-son qonunga binoan, davlat muassasalari va xususiy kompaniyalar shaxs ma’lumotlarini himoya qilishlari shart.
Undan tashqari, 2021 yildan beri O‘zbekiston fuqarolarining barcha shaxsiy ma’lumotlari O‘zbekiston ichida joylashgan serverlarda saqlanishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ammo, bu bilan O‘zbekiston fuqarolarining ma’lumotlari qanchalar yaxshi himoya qilinayotgani savol ostida. Ekspertlar fikriga ko‘ra, serverlar qaerda joylashganidan ko‘ra, ularning texnik jihatdan qanchalar qattiq qo‘riqlanishi muhimroq.
Sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz sizdirilgan bo‘lsa, nima qilishingiz kerak?
Bunday holatda barcha parollaringizni zudlik bilan o‘zgartirish tavsiya qilinadi. Agar bu parolingiz buzib kirilmagan boshqa saytlarda ham ishlatilgan bo‘lsa, ularni ham o‘zgartirish maqsadga muvofiq.
Eskpertlar ko‘p-faktorli autentifikatsiya, ya’ni elektron pochta yo bank hisoblari kabi nozik akkauntlarga paroldan tashqari bir nechta bosqichli kirish usulini qo‘llashni tavsiya qiladilar.
Shuningdek, bank hisobingizni muntazam tekshirib borish va shubhali tranzaktsiyalar bo‘yicha bank va ichki ishlar organlariga murojaat qilish tavsiya qilinadi.
O‘zbekiston qonunchiligiga binoan, fuqarolar o‘z ma’lumotlari sizdirilgan tashkilotdan rasmiy izoh so‘rashga va u tashkilot serveridan o‘z ma’lumotlari butkul o‘chirilishini talab qilishga haqlilar.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarida o‘z shaxsiy ma’lumotlarini yaxshi himoya qilmagan tashkilotni sudga berish, hamda moddiy va nomoddiy zarar uchun kompensatsiya talab qilish huquqi ham mavjud.
Darknet nima?
Uning so‘zma-so‘z tarjimasi – "qorong‘u to‘r" yoki "qorong‘u internet". U xalqaro iste’molda "dark web" deb ham tilga olinadi.
Darknet internetning yashirin qismi bo‘lib, unga faqat maxsus kodli dasturiy ta’minot orqali kirish mumkin. U Google yo Safari kabi qidiruv saytlarida qayd qilinmagan.
Darknetdan foydalanuvchilar bir nechta kodli kirish usuli bilan anonim qola oladilar va atayin yashiringan saytlarga kiradilar. Bu saytlar manzilida .com yo .org kabi qo‘shimchalarni ko‘rmaysiz.
Hukumatlar uchun ularni yopish juda qiyin, chunki darknetda markazlashgan byuro yo ega yo‘q.
Darknetdan jinoyatchilar noqonuniy savdo yo‘lida foydalanishlari mumkin. Ular narkotik moddalar, qurol, kiberjinoyatda ishlatiluvchi dasturlardan tashqari, o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlar, xususan parollar va bank kartalarini sotadilar.
Ayni damda, darknetdan o‘z shaxsi sir qolishini istagan jurnalistlar va muayyan tashkilotning noqonuniy yo maxfiy amallarini fosh qilishni istagan xodimlar ham foydalana oladilar.
Darknet senzurani aylanib o‘tish uchun ham qulay usul. Mustaqil ma’lumot cheklangan davlatlarda darknet foydalanuvchilari taqiqlangan saytlarga kira oladilar.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, darknetga kirish jinoyat emas, ammo undan noqonuniy maqsadlarda foydalanish – jinoyat.












