Qirg‘iz qizlari yoppasiga xitoyliklarga turmushga chiqayaptimi?

Qirg‘iz qizlari

Surat manbasi, EPA

O'qilish vaqti: 2 daq

Bu mavzudagi gap-co‘zlar jamiyatda shunchalar ko‘paydiki, Qirg‘izistonning xavfsizlik qo‘mitasi asossiz xabarlarni rad etish uchun maxsus bayonot bilan chiqishiga to‘g‘ri keldi.

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi (MXDQ)ga ko‘ra, qirg‘izistonlik va xitoylik fuqarolar o‘rtasida ommaviy nikohlar haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

3 dekabr kuni Qirg‘izistondagi 24.kg axborot agentligi bayonotini e’lon qildi.

Aloqador mavzular

Bayonotda MXDQ shunday deydi: ijtimoiy tarmoqlar va internetda Qirg‘iziston va Xitoy fuqarolari o‘rtasida ommaviy nikohlar haqidagi provokatsion va asossiz xabarlar ko‘paygani munosabati bilan ma’lum qilamizki, 2020 yildan hozirgacha qayd etilgan bunday nikohlarning rasmiy soni atigi 129 ta.

"Bundan tashqari, nikohlarning katta qismi turli etnik guruh vakillari, jumladan, uyg‘urlar, dunganlar (xitoylik musulmonlar0 va boshqa Xitoy fuqarosi bo‘lgan etnik jamoalar vakillari o‘rtasida tuzilgan", deyiladi MXDQ bayonotida.

24.kg agentligi xabar qilishicha, Qirg‘izistondagi asosiy etnik guruh - qirg‘izlar bilan xitoylik xanlar o‘rtasidagi nikohlar soni 44 ta bo‘lib, bu oilalarning ko‘pchiligi Xitoyga doimiy yashash uchun ketgan.

MXDQ irqiy, etnik, milliy, diniy yoki mintaqalararo adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlar uchun Qirg‘iziston qonunchiligida jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgani haqida ogohlantiradi.

Aralash nikohlar masalasi, ayniqsa xitoyliklar bilan nikoh mavzusi nozik mavzu bo‘lib, Qirg‘izistonda oxirgi yillarda Xitoyga qarshi tashkil etilgan norozilik namoyishlarida ko‘p marta suiste’mol etilgani kuzatilgan.

Bu esa Qirg‘izistonning ayrim hududlarida Xitoy va xitoyliklarga qarshi kayfiyatlar kuchayishiga olib kelgan.

Iqtibos

Surat manbasi, .

2018 yil oxiri va 2019 yil yanvarida yuzlab odamlar poytaxt Bishkekdagi Ala-Too maydonida va Xitoy elchixonasi oldida Xitoyga qarshi bir necha namoyishlar uyushtirgan edi.

Talablar qatorida Qirg‘iziston iqtisodiyotida Xitoy ishtirokini kamaytirish, jumladan qirg‘iz-xitoy nikohlariga taqiq qo‘yish ham bor edi.

So‘nggi voqealar Xitoyga qarshi kayfiyat hali ham mavjudligini ko‘rsatdi.

2025 yil 15 noyabr kuni Qirg‘iziston shimolidagi Konstantinovka qishlog‘i yaqinida qirg‘iz va xitoylik qurilish ishchilari o‘rtasida ommaviy janjal kelib chiqdi.

Hodisa qirg‘iz va xitoylik haydovchilar o‘rtasidagi yo‘l nizosi sababli kelib chiqqan.

Qirg‘iziston Bosh vazir o‘rinbosari Edil Baysalov "Xitoyga qarshi ritorika ko‘raygani" va "atayin tarqatilayotgan yolg‘on axborot kampaniyalari"dan xavotir bildirdi.

Baysalov bunday kampaniyalarni oddiy voqealarni Xitoyga qarshi keng ko‘lamli kayfiyatga aylantirishga urinish deb atadi.

Xitoy hozir dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, bir tomoni Yevropa, narigi tomoni Lotin Amerikasi mamlakatlarigacha Xitoy loyihalari, xitoylik shirkatlar qurilishi yoki boshqa faoliyati kuzatiladi.

Yevropada, Xitoy "kambag‘al mamlakatlarni qarz tuzog‘iga tushirayaptimi", degan savol ham o‘rtaga chiqqan.

Xuddi shu gapni Xitoy ko‘p milliardli sarmoya va moliyaviy ko‘maklar berayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yashovchilaridan ham eshitish mumkin.

Ammo xuddi Qirg‘izistonda kuzatilgani kabi rasmiylar "Xitoy iqtisodiy ekspansiyasi" xavotirida asos yo‘q deydilar.