Asaddan keyingi Suriya Rossiyasiz yashay oladimi?

Ahmad Toha
Surat tagso‘zi, Ahmad Toha uchun Rossiya dushman, lekin u Suriya muvaqqat hukumati tashqi siyosatga strategik yondashishni xohlashini to‘g‘ri tushunadi
    • Author, Grigor Atanesyan
    • Role, BBC News, Suriya
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Ko‘p yillar davomida Rossiya va Suriya asosiy hamkorlar edi – Moskva O‘rta yer dengizidagi havo va dengiz bazalariga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan, Damashq esa isyonchi kuchlarga qarshi kurashda harbiy yordam olgan edi.

Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin ko‘plab suriyaliklar Rossiya kuchlari ketishini istaydi, ammo ularning muvaqqat hukumati kelgusi hamkorlikka ochiqligini bildirmoqda.

"Rossiyaning bu yerdagi jinoyatlarini tasvirlab bo‘lmaydi," deydi poytaxt Damashqdan 10 kilometrcha shimoli-sharqda joylashgan Dumadagi isyonchilar qo‘mondoni Ahmad Toha.

Aloqador mavzular

Bir paytlar bu shaharni Damashqning "non savati" deb atashardi. Ahmad Toha esa bir vaqtlar oddiy fuqaro bo‘lib, 2011 yilda namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilgandan so‘ng Asad rejimiga qarshi qurol ko‘tarishidan oldin savdogarlik qilgan.

Suriyaning deyarli 14 yillik fuqarolar urushidagi eng shiddatli janglardan keyin Duma shahrining butun turar-joy tumanlari vayronaga aylangan.

Moskva bu mojaroga 2015 yilda rejimni qo‘llab-quvvatlash uchun aralashdi. Keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ta’kidlashicha, bu paytda isyonchilar Damashqni bosib olishiga bir bahya qolgandi.

Suriya operatsiyasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Qrimni anneksiya qilishi xalqaro miqyosda keng qoralanganidan so‘ng, uning o‘ziga jiddiyroq e’tibor tortish istagini ko‘rsatdi.

Duma shahridagi uy tomlari
Surat tagso‘zi, Tinch aholi va isyonchilar besh yil sharqiy G‘uta qurshovida qoldilar.

Moskva Suriyada 320 xil qurolni sinovdan o‘tkazganini da’vo qildi.

Shuningdek, u O‘rta yer dengizi qirg‘og‘idagi ikkita harbiy baza – Tartus dengiz bazasi va Hmeymim havo bazasini 49 yilga ijaraga oldi.

Bu Kremlga Afrikadagi ta’sirini tezda kengaytirishga imkon berdi va Rossiyaning Liviya, Markaziy Afrika Respublikasi, Mali va Burkina-Fasodagi faoliyati uchun tayanchi bo‘lib xizmat qildi.

Rossiya va Eronning qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, Asad o‘z rejimini saqlab qola olmadi. Ammo Moskva unga va oilasiga boshpana berdi.

Endilikda ko‘plab suriyalik fuqarolar va isyonchi jangchilar Rossiyani Asad rejimining o‘z vatanlarini vayron qilishga yordam bergan hamkori sifatida ko‘radi.

"Ruslar bu mamlakatga kelib, zolimlar va bosqinchilarga yordam berdi," deydi Abu Hishom Damashqda rejim qulaganini nishonlar ekan.

Mouna Ali Mansour
Surat tagso‘zi, Xuddi Eronga o‘xshab Rossiya ham Suriyani tark etishi kerak, deydi Harif al-Taxta qishlog‘i yashovchisi Muna Ali Mansur

Kreml buni har doim inkor etib, faqat IShID yoki "Al-Qoida" kabi jihodchi guruhlarni nishonga olganini ta’kidlaydi.

Ammo BMT va inson huquqlari tashkilotlari rejim va Rossiyani urush jinoyatlarini sodir etishda aybladi.

BMT hisobotiga ko‘ra, 2016 yilda aholi zich joylashgan Sharqiy Halabga hujum paytida Suriya va Rossiya kuchlari shafqatsiz havo hujumlarini amalga oshirib, "yuzlab odamlar hayotiga zomin bo‘ldi hamda shifoxonalar, maktablar va bozorlarni vayronaga aylantirdi."

Halab, Duma va boshqa joylarda rejim kuchlari isyonchilar nazorati ostidagi hududlarni qamal qilib, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berishni to‘xtatdi va qurolli muxolifat guruhlari taslim bo‘lmaguncha ularni bombalashni davom ettirdi.

Rossiya, shuningdek, 2018 yilda Duma kabi isyonchilar qo‘lidagi shahar va qishloqlarning taslim bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar olib bordi va o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvlarini imzoladi.

Dumash shahridagi vayron bo‘lgan maktab
Surat tagso‘zi, Butun Suriyada bo‘lgani singari Duma shahridagi mana bu mahalla ham Suriya rejimi va Rossiyaning bir neach yillik havo hujumlaridan keyin vayronaga aylandi

Ahmad Toha Suriya armiyasi tomonidan besh yillik qamaldan so‘ng shahar tashqarisiga xavfsiz o‘tish evaziga taslim bo‘lishga rozi bo‘lgan isyonchilar orasida edi.

U dekabrь oyida Hay’at Tahrir ash-Sham (HTSh) islomiy guruhi va uning rahbari Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar bilan Dumaga qaytib keldi.

"Rossiyaga qaramasdan, rejim va uni qo‘llab-quvvatlaganlarga qaramasdan, biz uyga qaytdik," deydi Toha.

U ruslar ketishi kerakligiga shubha qilmaydi: "Biz uchun Rossiya dushman."

Bu biz suhbatlashgan ko‘plab odamlar takrorlagan fikr.

Hatto Rossiya himoya qilishga va’da bergan Suriyadagi xristian jamoalari rahbarlari ham Moskvadan deyarli yordam olmaganlarini aytadilar.

Damashqning qadimiy nasroniy mahallasi Bob Tumada Suriya pravoslav cherkovi patriarxi shunday deydi: "Rossiya yoki boshqa tashqi kuchlar bizni himoya qilgani yo‘q."

"Ruslar bu yerda o‘z manfaatlari va maqsadlari uchun kelgan," deydi Ignatiy Afrem II Bi-bi-siga.

Boshqa suriyalik nasroniylar bunday diplomatik emas edi.

"Ular dastlab kelganlarida: "Sizlarga yordam berish uchun keldik", deyishgan edi, – deydi Asad ismli kishi. – Ammo yordam berish o‘rniga, ular Suriyani yanada ko‘proq vayron qilishdi."

Hmeymim havo bazasiga kirish joyi

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Suriya muvaqqat rahbariyati Rossiya bazalari kelajagi borasida muzokara istashini aytgan

Suriyaning muvaqqat prezidenti Sharaa Bi-bi-siga bergan intervyusida ruslarning qolishiga ruxsat berishni istisno qilmasligini aytdi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni "strategik" deb ta’rifladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Lavrov esa Rossiya "suriyalik do‘stlarimiz bilan ko‘p umumiy jihatlarga ega" ekanligini tasdiqladi.

Biroq Asaddan keyingi davrda aloqalarni uzish oson bo‘lmasligi mumkin.

Mudofaa tahlilchisi va nafaqadagi Suriya armiyasi generali Turki al-Hasan aytishicha, Suriya harbiy kuchlarini qayta tiklash yo butunlay yangi boshlashni, yoki Rossiya ta’minotiga tayanishni talab qiladi. Bu esa ikki davlat o‘rtasida hech bo‘lmaganda qandaydir munosabatlarni saqlab qolishni anglatadi.

Hasan aytishicha, Suriyaning Moskva bilan harbiy hamkorligi Asad rejimidan oldin boshlangan. Uning tushuntirishicha, deyarli barcha qurol-aslahalar Sovet Ittifoqi yoki Rossiyada ishlab chiqarilgan.

"Suriya armiyasi tashkil etilganidan beri Sharqiy blok qurollari bilan qurollanib kelgan."

Iqtibos

Surat manbasi, .

Rossiya hisob-kitoblariga ko‘ra, 1956-1991 yillar oralig‘ida Suriya Moskvadan qiymati 26 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 5000 ga yaqin tank, 1200 qiruvchi samolyot, 70 ta kema va boshqa ko‘plab tizimlar hamda qurollarni olgan.

Bularning aksariyati Suriyaning Isroil bilan urushlarini qo‘llab-quvvatlash uchun bo‘lib, bu urushlar 1946 yilda Frantsiyadan mustaqillikka erishganidan beri mamlakatning tashqi siyosatini belgilab kelgan.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin bu mablag‘ning yarmidan ko‘pi to‘lanmay qoldi, ammo 2005 yilda prezident Putin qarzning 73 foizini bekor qildi.

Hozircha Rossiya rasmiylari Rossiyaning uzoq yillik ittifoqchisini ag‘dargan muvaqqat hukmdorlarga nisbatan murosasoz, ammo ehtiyotkor yondashuv qo‘llamoqda.

BMTdagi Rossiya elchisi Vasiliy Nebenzyaning aytishicha, so‘nggi voqealar u "qardosh Suriya xalqi" deb atagan mamlakat tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya suriyalik qochqinlarning vataniga qaytishiga imkon berish uchun ham gumanitar yordam, ham qayta qurishni qo‘llab-quvvatlaydi.