Trampning yangi xavfsizlik strategiyasi AQSh tashqi siyosatida tub o‘zgarishlarni qanchalik aks ettirmoqda?

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
- Author, Jeyms Lyuis
- Role, Bi bi si Jahon xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq
Tramp ma’muriyatining Milliy xavfsizlik strategiyasi Amerikaning eng yaqin ittifoqchilarini xavotirga solib qo‘ydi. Bu strategiya o‘nlab yillar davomida Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosatini belgilagan tamoyillardan keskin farq qiladi.
O‘tgan hafta AQSh ma’muriyati e’lon qilgan 33 sahifali hujjatda dunyo asosan iqtisodiy maydon sifatida tasvirlangan bo‘lib, unda ikki tomonlama bitimlar va iqtisodiy millatchilik ko‘p tomonlama kelishuvlar va demokratiyani targ‘ib qilishdan ustunligi ta’kidlangan.
BBC News'ning Davlat departamentidagi muxbiri Tom Beytman "The Global Story" podkastiga aytishicha, bu Tramp ma’muriyatining "eng mafkuraviy yo‘nalishlarini" aks ettiradi.
E’tiborli jihati shundaki, hujjatda Rossiya yoki Xitoy kabi an’anaviy raqiblarga nisbatan deyarli tanqid yo‘q.
Eng achchiq so‘zlar Yevropaga qaratilgan, bu esa hafta Yevropa poytaxtlarida xavotir uyg‘otdi.
"Tamadduniy so‘nish"
Avvalgi milliy xavfsizlik strategiyalari odatda Amerikaning Yevropa davlatlari bilan umumiy qadriyatlari va ustuvor yo‘nalishlarini ta’kidlagan bo‘lsa, bu hujjat boshqacha yo‘nalish oldi.
Unga ko‘ra, Yevropa "20 yil yoki undan kamroq vaqt ichida tanib bo‘lmas" holga keladi, chunki qit’a ko‘p tomonlama institutlarni qabul qilgani va uning immigratsiya siyosati "G‘arbning o‘ziga xosligi"ga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Strategiyaning bir bo‘limida Yevropa "tamadduniy so‘nish" xavfi oldida turgani ochiq aytilgan.
Davlat departamentidagi muxbirimizning podkastda aytishicha, Yevropa yetakchilari, hech qursa, yopiq eshiklar ortida bu hujjatdan "dahshatga tushganlar".
"Ular ushbu ma’muriyatdagi ayrimlarning mafkuraviy pozitsiyasi shunday ekanligidan hayron emas, lekin buning rasmiy siyosiy hujjatda ifodalanganini ko‘rish ular uchun juda tashvishli", deydi u.

Surat manbasi, Reuters
AQSh-Yevropa munosabatlari yomonlashgani bir necha oydan beri ko‘zga tashlanmoqda.
Tramp ma’muriyatining Yevropaga munosabatidagi bu belgilardan biri fevral oyida namoyon bo‘ldi. Vitse-prezident Jey Di Vens Myunxen xavfsizlik konferentsiyasida Yevropa demokratiyalariga keskin hujum qilib, yetakchilarni saylovchilarning migratsiya va so‘z erkinligi borasidagi tashvishlarini e’tiborsiz qoldirgani uchun tanqid qildi.
Ammo amalda bu yangi, noqulay munosabatlar boshqa jabhada – Ukrainadagi urush masalasida ham namoyon bo‘ldi.

Surat manbasi, .
Hujjat Yevropa kuch dinamikasini noto‘g‘ri tushunganini va Qo‘shma Shtatlar mintaqani barqarorlashtirish uchun diplomatik kuch sarflashi kerakligini ko‘rsatadi.
Yevropa Ittifoqi AQShning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilganlikda ayblanadi va, hujjatda aytilishicha, AQSh "Rossiya uchun strategik barqarorlikni qayta tiklashi" kerak, shu orqali "Yevropa iqtisodiyotini barqarorlashtiradi".
Hujjatdagi asosiy payg‘om shundaki, Ukraina yashovchan davlat bo‘lib qolishi kerak, ammo buning uchun Rossiyaning ustun mavqeini tan olish zarur.
Muxbirimiz aytishicha, Donald Trampning Yevropa va Ukrainadan "sabr-toqati tugamoqda". "Shunisi aniqki, ukrainaliklar kapitulyatsiya deb hisoblaydigan pozitsiyaga yon berishi uchun yevropaliklarga bosim o‘tkazilmoqda," deydi u podkastda.

Surat manbasi, Reuters
Ukraina masalasidagi keskinlik allaqachon yuqori darajadagi uchrashuv paytlarida namoyon bo‘lgan edi. Jumladan, fevral oyida Tramp va Vensning prezident Volodimir Zelenskiy bilan Oval kabinetdagi uchrashuvida Zelenskiy "hurmatsizlik" va "noshukurlik"da ayblangan edi.
Yevropa yetakchilari endi AQSh Kievning emas, Moskvaning istaklariga mosroq natijaga erishishga intilishi mumkinligi bilan yuzlashmoqda.
Rossiya Milliy xavfsizlik strategiyasini iliq kutib oldi va uni o‘z qarashlariga "ko‘p jihatdan mos" deb baholadi.
"Tramp qo‘shimchasi"
Yangi strategiya Yevropani tanqid qilish bilan bir qatorda "G‘arbiy yarimshar" deb atalgan Amerika qit’asini AQSh tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishi darajasiga ko‘taradi.
Hujjatda aytilishicha, ma’muriyat "mintaqaning barqarorligi va yaxshi boshqarilishini ta’minlashni istaydi, bu esa AQShga ommaviy migratsiya oldini oladi va uni rag‘batlantirmaydi".
Strategiya Monro doktrinasiga "Tramp qo‘shimchasi" g‘oyasini kiritadi, ma’muriyatning yondashuvini 19-asrdagi prezident Jeyms Monroning Amerika qit’asida AQShning ustunligini ta’kidlash va Yevropa mustamlakachi davlatlari aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik siyosatining davomi sifatida baholaydi.
Muxbirimizning podkastda aytishicha, ma’muriyat Xitoyning Lotin Amerikasidagi ta’siriga qarshi turish zarur deb hisoblaydi, garchi hujjatda Xitoy to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagan bo‘lsa-da.
Trampning fikricha, Xitoy mintaqada haddan tashqari ko‘p iqtisodiy ta’sirga ega. Ammo uning Xitoy Panama kanalini "boshqarmoqda" degan fikri reallikka to‘g‘ri kelmaydi.

Surat manbasi, Reuters
AQShning so‘nggi diplomatik sa’y-harakatlari, jumladan, Davlat kotibi Marko Rubioning joriy yil boshida Lotin Amerikasi mamlakatlariga tashrifi Vashingtonning mintaqada ham iqtisodiy, ham strategik jihatdan hukmronligini mustahkamlash niyatini ko‘rsatmoqda.
Strategiya ushbu siyosatning harbiy jihatiga alohida urg‘u bermasa-da, Karib dengizida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanayotgan gumonlanuvchilarga qarshi havo hujumlari va Venesuela qirg‘oqlari yaqinida bir nechta Amerika harbiy kemalari hamda minglab harbiy xizmatchilar joylashtirilgani harbiy kuch ishlatish ehtimolini ko‘rsatmoqda.
Yangi Milliy xavfsizlik strategiyasi allaqachon Vashington va butun Yevropadagi munozaralarni tubdan o‘zgartirdi.
Uning Ukraina, AQSh-Yevropa munosabatlari va keng qamrovli global tartibotga ta’siri endi oydinlashmoqda.
Biroq hujjat bir narsani ko‘rsatishi shubhasiz: Tramp ma’muriyati Amerikaning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlarni o‘zgartirishga qaror qilgan va ittifoqchilar yangi voqelikka moslashishini kutmoqda.












