COP29: Tolibon Boku sammiti umidlari ro‘yobga chiqadimi?

Bokudagi iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan sammit binosi va uning oldidan o‘tib borayotgan kishi

Surat manbasi, Reuters

    • Author, Ko‘nul Xalilova, Saodat Akifqizi va Farid Hasanov
    • Role, BBC News Ozarbayjon
    • Reporting from, Boku
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Tolibon 2021 yili Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin ilk bor BMTning iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan sammitida qatnashdi. Bokuga borgan Tolibon hay’ati Afg‘oniston so‘nggi yillarda duch kelgan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etishda xalqaro hamjamiyatdan yordamga umid qilgan.

Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Iqlim konferentsiyasi (COP29) payti Bi-bi-sining Ozarbayjon xizmatiga gapirgan Afg‘oniston hay’ati a’zosi Ruhulloh Amin, biz "xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlashni xohlaymiz", deb aytdi.

"Biz hamma tomonlar birgalashishini kutayapmiz, chunki iqlim o‘zgarishi global masala", deb aytdi janob Amin.

"Biz rivojlangan mamlakatlar va global moliya tashkilotlaridan iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakatlarga moslashish va ta’sirlarni yumshatishda moliyaviy yordam berishlarini kutayapmiz", dedi Tolibon hay’ati vakili.

Iqlim o‘zgarishidan eng jabr ko‘rgan mamlakat

Afg‘oniston Bag‘lon viloyatidagi Borka qishlog‘ida suv toshqini vayron etgan bino va ayollar

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Shu yil may oyida Tolibon suv toshqinlari oqibatida 342 inson halok bo‘lgani, 1600 dan ortiq odam jarohatlanganini xabar qildi.

BMT tahlillariga ko‘ra, Afg‘oniston dunyodagi iqlim o‘zgarishi oldida eng kuchsiz, eng ojiz mamlakatlardan biridir.

Ammo an’anador islomiy guruh 2021 yilda hokimiyatni qo‘lga olganidan buyon Tolibon hay’ati iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan anjumanda ilk bor qatnashdi.

SOR29 mezboni Ozarbayjon Tolibonni iqlim konferentsiyasiga taklif etdi.

Tolibon hukumatini BMTga a’zo mamlakatlar rasman tan olganlari yo‘q, buning eng asosiy sabablaridan biri Tolibonning ayollar huquqlariga nisbatan joriy etgan cheklovidir.

Tolibonga BMT Bosh Assambleyasidagi Afg‘oniston joyiga o‘tirishga ham izn berilmadi.

Bu narsa Afg‘oniston oxirgi yillarda juda qattiq toshqinlar va qurg‘oqchiliklarga duch kelayotganiga qaramasdan, boshqa mamlakatlar bilan iqlim o‘zgarishiga taalluqli masalalarni muhokama etish imkoniyatidan ma’rum etdi.

COP29 Tolibon hokimiyatga kelganidan buyon ishtirok etgan eng oliymaqom tadbir bo‘ldi.

Tolibon vakillari bundan oldin BMTning Qatarda o‘tkazgan Afg‘onistonga bag‘ishlangan uchrashuvlari, Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarida tashkillashtirilgan forumlarda qatnashishdi.

Shu yil 11 noyabrda "Frans Press" axborot agentligiga bergan intervyusida Afg‘oniston Milliy Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi raisi Matiul Haq Xolis, biz o‘z "mujdamizni xalqaro hamdamiyatga yetkazishni istaymiz", deb aytdi.

"Iqlim o‘zgarishi global masala va u chegaralarni tan olmaydi", dedi Bokudagi Afg‘oniston hay’ati rahbari Matiul Haq Xolis.

"Frans Press" muxbiri janob Xolisdan gender masalasi haqida savol berdi.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha loyihalar ayollarni ham "kuchaytiradi", deb javob berdi janob Xolis.

Iqlim o‘zgarishi oqibatlari Afg‘oniston aholisi yashash sharoitiga katta ta’sir yko‘rsatayapti.

Joriy yilda ro‘y bergan toshqinlar yuzlab insonlarning umriga zomin bo‘ldi.

Shuningdek, dehqonchilikka qattiq bog‘langan Afg‘oniston shu yil oxirgi o‘nlab yillardagi eng og‘ir qurg‘oqchilikka ham duch keldi.

Aholining aksari yerda dehqonchilik qilib o‘zlarini boqadilar, bu yilgi qurg‘oqchilik oqibatida oilalarning kun o‘tkazishi yanada og‘ir bo‘lib qoldi.

BMTga ko‘ra, o‘tgan yili Afg‘onistonda 29,2 million, ya’ni mamlakat aholisining uchdan ikki qismi ochdan o‘lmaslik uchun insonparvarlik ko‘maklariga muhtoj bo‘lganlar.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002