G‘azoni to‘la egallash bo‘yicha Isroil rejalariga doir besh savol

4 bola

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Mariya Zakkaro
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Isroil hukumati G‘azodagi harbiy operatsiyani kengaytirish va ko‘proq hududni egallash rejasini ma’qulladi.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu Isroil xavfsizlik kengashi HAMASni yo‘q qilish va qolgan garovdagilarni qutqarish uchun "shiddatli operatsiya" o‘tkazishga qaror qilganini, G‘azoning 2,1 million aholisi esa "himoya maqsadida ko‘chirilishi"ni aytdi.

Bu qaror xalqaro miqyosda xavotir va bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Isroilning G‘azo bo‘yicha rejasi qanday?

Yakshanba kuni Isroil xavfsizlik kengashi tomonidan ma’qullangan taklif G‘azoni "egallash", uning hududini nazorat qilish, HAMASga qarshi "kuchli hujumlar" uyushtirish, shu bilan birga guruhning gumanitar yordam tarqatishiga to‘sqinlik qilishni qamrab oladi.

Kengaytirilgan kampaniya davomida havo hujumlari va boshqa harbiy operatsiyalar davom etar ekan, falastinliklarning aksariyati G‘azo janubiga ko‘chiriladi.

Isroil ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, rejaning birinchi bosqichi G‘azoning qo‘shimcha hududlarini egallash va hudud chegaralari bo‘ylab o‘tadigan Isroil belgilagan "bufer zona"ni kengaytirishni nazarda tutadi.

Taklif, shuningdek, xususiy kompaniyalar orqali yordam yetkazib berish rejasini ham nazarda tutadi. Bu BMT ta’kidlashicha, jiddiy oziq-ovqat tanqisligiga sabab bo‘lgan ikki oylik qamalga chek qo‘yadi.

Tanqidchilar harbiy harakatlar qolgan 59 garovdagini (ularning taqriban 24 nafari tirik deb taxmin qilinmoqda) qaytarishni ta’minlay olmaganini aytib, hukumatni HAMAS bilan kelishuvga erishishga undamoqda.

Bosh vazir Netanyaxu qo‘shinlar qancha hududni egallab olishini aytmadi, biroq "chiqib ketmasligini" ta’kidladi.

Ma’lum bo‘lishicha, reja AQSh prezidenti Donald Trampning 13-16 may kunlaridagi mintaqaga tashrifi yakunlanguncha amalga oshirilmaydi. Bu HAMASga yangi tinchlik kelishuvi va garovdagilarni ozod qilish uchun "imkoniyat oynasi" bo‘ladi.

Nima uchun ochlikdan qo‘rqishmoqda?

Yaqinda e’lon qilingan reja butun hudud bo‘ylab ochlik xavfidan xavotirlarni yana kuchaytirdi.

2 mart kuni Isroil G‘azoga barcha o‘tish yo‘llarini yopib, oziq-ovqat, yoqilg‘i va dori-darmonlar kirishiga to‘siq qo‘ydi hamda ikki haftadan so‘ng HAMAS bilan ikki oylik tinchlik kelishuvini bekor qilib, harbiy hujumni qayta boshladi.

Getty Images
Isroil armiyasi nazoratidagi markazlar orqali G‘azo janubiga yordam yetkazishga ruxsat berish rejasini qoralaymiz, bu - yordamni qasddan qurolga aylantirishga urinish.
BMTning OCHA gumanitar tashkiloti
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

Bu chora HAMASga garovdagilarni ozod qilish uchun bosim o‘tkazish maqsadida qo‘llanilgani aytildi.

Biroq Isroilga qamalni bekor qilish uchun xalqaro bosim kuchayib bormoqda. Ommaviy ochlik xavfi yaqinlashayotgani va tinch aholini qasddan och qoldirish harbiy jinoyat ekanligi haqida ogohlantirishlar berilmoqda.

Yaqinda BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi va Falastin qochqinlari agentligi oziq-ovqat yordami zaxiralari tugaganini ma’lum qildi.

Reja ichida falastinliklarni G‘azo janubiga ko‘chirish ham bor

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Reja ichida falastinliklarni G‘azo janubiga ko‘chirish ham bor

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, omborlar bo‘shab qolgani, novvoyxonalar yopilgani va jamoat oshxonalari ta’minoti tugashiga bir necha kun qolgani sababli aholi ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik xavfiga duch kelmoqda.

Qamaldagi vaziyat G‘azoning zo‘riqib ishlayotgan sog‘liqni saqlash tizimi uchun zarur asosiy dori-darmonlar, vaktsinalar va tibbiy jihozlar yetkazib berilishini ham to‘xtatib qo‘ydi.

Biroq Isroil hududda yordam yetishmovchiligi yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan.

Isroil HAMASni gumanitar yordamni o‘g‘irlab, o‘z jangchilariga berish yoki pul yig‘ish uchun sotishda aybladi. BMT va boshqa tashkilotlar yordam boshqa maqsadlarga yo‘naltirilganini rad etib, qat’iy nazorat mexanizmlari mavjudligini ta’kidlamoqda.

Xususiy kompaniyalar orqali yordam yetkazib berish rejalari e’lon qilinganidan so‘ng, BMT va boshqa yordam tashkilotlari bu taklif asosiy insonparvarlik tamoyillarini buzishi va ular bu rejaga qo‘shilmasliklari haqida bayonot berdi.

Xalqaro huquqda ocharchilik haqida nima deyilgan?

Mamlakatda oziq-ovqat tanqisligi sababli aholi to‘yib ovqatlanmaslik, ochlik yoki o‘limga duchor bo‘lsa, ocharchilik yuzaga keladi.

Bu holat odatda BMT tomonidan, ba’zan mamlakat hukumati hamda boshqa xalqaro yordam tashkilotlari yoki gumanitar agentliklar bilan birgalikda e’lon qilinadi.

Buning uchun BMTning Oziq-ovqat xavfsizligining integratsiyalashgan bosqichlari tasnifi (IPC) deb nomlangan shkalasidan foydalaniladi.

Bu shkala mamlakatdagi oziq-ovqat tanqisligi yoki xavfsizligini beshta og‘irlik "bosqichi"ga ajratadi, ocharchilik esa beshinchi va eng og‘ir bosqich hisoblanadi.

Ocharchilik rasman e’lon qilinishi uchun ma’lum bir geografik hududda uchta holat yuz berishi kerak:

  • xonadonlarning kamida 20 foizi jiddiy oziq-ovqat tanqisligiga duch keladi
  • bolalarning kamida 30 foizi o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekadi
  • "ochlikdan yoki to‘yib ovqatlanmaslik va kasalliklarning o‘zaro ta’siri tufayli" har kuni 10 000 kishiga ikki nafar katta yoki to‘rt nafar bola vafot etadi
ochlik

Surat manbasi, Getty Images

Tinch aholini urush usuli sifatida och qoldirish Jeneva konventsiyalarida belgilangan xalqaro qonunlarga ko‘ra taqiqlangan.

BMT ta’kidlashicha, Isroil xalqaro huquqqa binoan deyarli barchasi ko‘chirilgan G‘azo aholisini ta’minlashga majbur. Isroil xalqaro huquqqa rioya qilayotganini va yordam yetishmovchiligi yo‘qligini aytmoqda.

Biroq, BMTning OCHA gumanitar tashkiloti armiya nazoratidagi markazlar orqali G‘azo janubiga yordam yetkazishga ruxsat berish bo‘yicha so‘nggi rejani qoralab, buni "yordamni qasddan qurolga aylantirish urinishi" deb baholadi.

HAMASning yuqori lavozimli amaldorlaridan biri Bi-bi-siga aytishicha, isroilliklar G‘azoga yordam yetkazib berishni to‘sib qo‘yishda davom etayotgan bir paytda HAMAS endi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardan manfaatdor emas.

Biroq Isroil joylardagi vaziyatni kuzatib borayotganini ta’kidladi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish davrida G‘azoga deyarli 450 ming tonna yuk ortilgan 25 mingdan ortiq yuk mashinalari kirib kelgani aytildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqinda Netanyaxuga "G‘azoga yaxshi munosabatda bo‘lishimiz kerak" deganini va uni mintaqaga ko‘proq oziq-ovqat va dori-darmon kiritishga undaganini aytdi.

Bunga rasmiy javob bo‘lmadi, ammo hafta boshida Isroil tashqi ishlar vazirligi Buyuk Britaniya, Frantsiya va Germaniyaning qo‘shma bayonotida blokadani "chidab bo‘lmas" deb ta’riflab, "bu tugashi kerak" degan tanqidini rad etdi.

Bu vaziyatga qanday kelib qoldik?

Isroil harbiylari 2023 yil 7 oktyabrь kuni 1200 ga yaqin odam halok bo‘lgan va 251 kishi garovga olingan misli ko‘rilmagan chegara osha hujumiga javoban HAMASni yo‘q qilish kampaniyasini boshladi.

O‘shandan beri G‘azoda kamida 52 567 kishi halok bo‘ldi, jumladan, Isroil hujumi qayta boshlanganidan beri 2459 kishi, deb xabar qildi hududning HAMAS boshqaruvidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Uch bosqichli o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining birinchi bosqichi yanvarь oyida kuchga kirdi. HAMAS Isroilning 1900 ga yaqin falastinlik mahbusni ozod qilishi, yordam va boshqa tovarlarning G‘azo sektoriga kirishiga ruxsat berishi evaziga 33 nafar garovdagi shaxsni ozod qildi.

Janglar to‘xtab, minglab ko‘chirilgan g‘azoliklar uylariga qaytgach, HAMAS va Isroil ikkinchi bosqich uchun muzokaralarni boshlashi kerak edi.

Tomonlar muzokaralarning ikkinchi bosqichida barcha qolgan garovdagilarni ozod etish, shuningdek, Isroil kuchlarini G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqib ketish va urushni butunlay tugatishga kelishib olgan edi.

Birinchi bosqich 1 martda yakunlandi, biroq keyingi bosqich bo‘yicha muzokaralarda hech qanday siljish bo‘lmadi.

G‘azo qanchalik katta va uni kim boshqaradi?

2007 yildan beri HAMAS G‘azoning amaldagi boshqaruv organi hisoblanadi.

Bu hududning uzunligi 41 km, eni 10 km; Isroil, Misr va O‘rta yer dengizi bilan o‘ralgan.

Isroil, AQSh va boshqa ba’zi G‘arb hukumatlari tomonidan terrorchi tashkilot sifatida tasniflangan HAMAS 2006 yilda bosib olingan hududda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida g‘alaba qozondi va raqibi FATHni anklavdan quvib chiqarganidan so‘ng o‘z mavqeini mustahkamladi.

Keyingi yillarda HAMAS va Isroil bir nechta marta jiddiy to‘qnashdi, jumladan 2008-2009, 2012 va 2014 yillardagi mojarolar yuzaga keldi.