Tirik etni yeyuvchi qurtdan zararlanganlar ko‘paymoqda - Meksika

Surat manbasi, Reuters
- Author, Vanessa Bushshlyuter
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 2 daq
Meksikada inson va hayvonlarning etini tiriklayin yeydigan qurtdan zararlanganlar soni ortmoqda. O‘nlab odam kasalxonada davolangan.
Meksika hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, tirik etni yeyuvchi Yangi dunyo paraziti (New World screwworm – NWS) bilan zararlangan hayvonlar soni avgust oyi o‘rtasigacha bo‘lgan to‘rt hafta ichida 53% ga oshgan.
Bu qurtlar asosan qoramollarga zarar yetkazsa-da, meksikalik rasmiylar it, ot, qo‘y va hatto insonlarda ham kasallanish holatlarini qayd etgan.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, Kampeche va Chyapas shtatidagi kasalxonalarda o‘nlab odamlar ushbu zararlanish sababli davolangan.
Meksikada hayvonlar orasida yuqish holatlari ortishi AQSh sog‘liqni saqlash tizimlari bu holatda ilk bor insonga yuqqanini aniqlagandan bir necha kun o‘tib qayd qilingan. Bemor Salvadordan AQShga qaytgandi.
AQSh bu parazitlarni 1966 yilda yo‘q qilganini ma’lum qilgandi. O‘shanda sterillangan erkak chivinlar ochiqqa qo‘yib yuborilgan va shu bilan hasharotlarning ko‘payish jarayoni buzilgandi. Meksika ham shunday yo‘l bilan 1991 yilda uni yo‘qotgan edi.
Biroq parazit Markaziy va Janubiy Amerikaning tropik va subtropik hududlarida keng tarqalgan bo‘lib, so‘nggi vaqtlarda shimolga tarqala boshladi. Meksikada ilk yangi holat 2024 yil noyabrida qayd etilgan.
Tirik etni yeyuvchi chivinning urg‘ochilari (Cochliomyia hominivorax) o‘z tuxumlarini qoni iliq jonzotlarning ochiq yarasiga yoki yaqiniga qo‘yadi. Ularni shuningdek, burun, og‘iz, qovoq, quloq va jinsiy a’zolar kabi shilliq qavatlar ham jalb qiladi.
Tuxumlar yara yoki shilliq qavatga kirib, tirik go‘shtdan oziqlanadigan qurtlarga aylanadi.
Bu zararlanishdan davolanmasa, jiddiy zarar yetkazishi, hatto o‘limga olib kelishi mumkin. Chunki qurtlar o‘tkir ilgakli og‘zi bilan to‘qimalarni yorib kirishadi.
Bu zararlanish tibbiyotda "miaz" deb ataladi va agar davolanmasa, jiddiy zarar yetkazishi, hatto o‘limga olib kelishi mumkin. Chunki qurtlar o‘tkir ilgakli og‘zi bilan to‘qimalarni yorib kirishadi.
Sog‘liqni saqlash mutaxassislari insonlarda o‘lim holatlari kam uchrashini ta’kidlashadi, ammo salomatligida muammolari bo‘lganlar va keksalar alohida ehtiyotkorlikka chaqirilmoqda.
Meksika Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, iyul oyida Kampeche shtatida teri sarotoniga uchragan 86 yoshli ayol et yeyuvchi qurt tushishidan holati og‘irlashib vafot etgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Eng katta xavf go‘sht mahsulotlari bilan ishlovchi yoki zararlangan chorva bor qishloq joylarda yashayotgan odamlarga taalluqli.
AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) odamlarni ushbu parazit tarqalgan hududlarga borgan taqdirda alomatlarga diqqat qilishga chaqirmoqda. Ularga teridagi sababsiz yaralar, yarada yoki burun, og‘iz, ko‘zlarda qurtlarning qimirlashini his etish va ochiq jarohatda qurtlarni ko‘rish kiradi.
Mutaxassislar zararlanishni oldini olish asosiy chora ekanini ta’kidlashadi. Bu esa ochiq yaralarni toza saqlash va yopib qo‘yish hamda hasharotlarga qarshi vosita ishlatishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, mutaxassislar o‘zini zararlangan deb gumon qilganlarni darhol shifokorga murojaat qilishga chaqirishmoqda.












