Interpol qidiruvida bo‘lgan "Salimboy" ozodlikka chiqarildimi?

Surat manbasi, National Olympic Committee
6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan "Salimboy" (Salim Abduvaliev) hukm o‘qilganiga 1 yil to‘lmasdan ozodlikka chiqarildi. Aytilishicha, bunga uning sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekistondagi qator mahalliy matbuot nashrlari o‘z manbalariga tayangan holda yozishmoqda.
"Salimboy"ning qo‘lga olinishi 2023 yil noyabrь oyida boshlangan "Dolzarb 40 kunlik" tadbirlari doirasida yuz bergan edi. Uning ozod qilinishi esa ayni shu tadbir davomida qo‘lga olingan boshqalar ham ozodlikka chiqariladimi, degan savollarni paydo qilmoqda. Qamalganlar orasida "Baxti Tashkentskiy", "Saidaziz Medgorodok" kabilar ham bor.
Xalq orasida "Salimboy" nomi bilan tanilgan tadbirkor Salim Abduvaliev 2023 yilning dekabrь oyida o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlashda gumonlanib protsessual tartibda qo‘lga olingan.
2024 yil mart oyida esa Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tadbirkorni Jinoyat kodeksining 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 2-qismi bilan aybdor deb topgan. Unga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

Surat manbasi, Toshkent shahar IIBB
Oradan ko‘p o‘tmay, avgustga kelib, qo‘shni Qirg‘izistonda ham unga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi uni Interpol qidiruviga bergan. 24.kg nashrining yozishicha, S. Abduvaliev "Bratskiy krug" xalqaro jinoiy guruhi tarkibiga kirgan Qamchibek Asanbek uyushgan jinoiy guruhi faoliyatini moliyalashtirishda gumonlangan.
S. Abduvaliev O‘zbekistonda allaqachon qamoqda bo‘lgani sababidan ushbu qidiruv amaliyoti keyinchalik qanday kechgani noma’lum. U Interpol qidiruvidan chiqarilgan yoki chiqarilmaganligi haqida ham ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q.
Biroq, o‘zbek mahalliy matbuot nashrlarining xabar berishicha, S. Abduvaliev joriy yilning 12 yanvarь kuni ozodlikka chiqarilgan. U belgilangan 6 yillik qamoq jazosining uchdan bir qismini ham o‘tashga ulgurmagan edi.
Aytilishicha, uzoq vaqtdan beri uning sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Shu sababli, Jinoyat Kodeksining 75-moddasi (Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish) asos qilib olinib, hukmga o‘zgartirish kiritilgan.
Bu haqdagi xabarlar rasmiy matbuot tomonidan halicha tasdiqlanmagan.
Shuningdek, S. Abduvalievning qizi Nilufar Abduvalieva ham Instagram sahifasida otasining suratini joylagan. Suratga esa "Allohim, senga xamdu sanolar bo‘lsin…" deya boshlanuvchi izoh ilova qilingan. Post tarmoqqa 12 yanvarь kuni joylangani sababidan, mahalliy nashrlardan biri buni Salim Abduvaliev ozodlikka chiqarilganiga bir ishora sifatida talqin qilmoqda.

Surat manbasi, Instagram/Nilufar Abduvalieva
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Dolzarb 40 kunlik

Surat manbasi, Qashqadaryo viloyati IIB
Salim Abduvalievning qamoqqa olinishi, 2023 yilning noyabrь oyida boshlangan "Dolzarb 40 kunlik" tadbirlari doirasida yuz bergan. Tadbir mamlakat miqyosida katta aks-sado berib, nafaqat Toshkentda, balki butun Respublika bo‘ylab ham yuzlab odamlarning qamoqqa olinishi bilan yakunlangan edi.
Mamlakatdagi "kriminogen vaziyatni yaxshilash va jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun" tashkillashtirilgan ushbu tadbir davomida "Salimboy" bilan bir qatorda yana ko‘plab fuqarolar hibsga olingan edi.
Xususan, "Baxti Tashkentskiy" nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullaev ham ayni tadbir davomida hibsga olingan. Unga 20 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
"Baxti Tashkentskiy" bilan sherikchilikda ayblangan yana 36 nafar ayblanuvchi uchun ham sud hukmi o‘qilgan. Shuningdek, uning o‘g‘illariga mos ravishda, 11 yil va 12 yil qamoq jazosi bilan hukm chiqarilgan edi.
Shu bilan birga, "Saidaziz Medgorodok" nomi bilan mashhur Saidaziz Saidaliev ham ayni shu paytda, 2023 yilning dekabrida hibsga olinib, 20 yil ozodlikdan mahrum etilgan. U bilan birga yana 28 kishiga nisbatan sud hukmi o‘qilgan.
Sudlanuvchilarning ba’zilari 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, ayrimlariga axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazosi berilgandi.
Keyinchalik sud hukmi yuzasidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati ham qoniqtirilmagan. Sud qarori o‘zgartirishsiz qolgan edi.
"Baxti Tashkentskiy", "Saidaziz Medgorodok" ham ozodlikka chiqariladimi?

Surat manbasi, Toshkent shahar IIB
"Dolzarb 40 kunlik" tadbirlari o‘tkazilganiga bir yildan oshdi. Ammo qamoqqa olinganlardan biron kishining muddatidan avval ozodlikka chiqarilgani haqida xabar tarqalmagan edi. "Salimboy" ular orasida birinchisi bo‘lishi mumkin.
Ayni shu voqelik ham jamoatchilik orasida qator fikrlarni uyg‘otmoqda. Endi "Baxti Tashkentskiy", "Saidaziz Medgorodok" ham ozod qilinadimi, degan savollar yangramoqda.
Jurnalist Ilyos Safarov esa o‘z Telegram sahifasida shunday deb yozadi:
"Dolzarb 40 kunlik"da ushlanib, sud qarori bilan qamalganlar ozodlikka chiqarila boshlanibdi. Ba’zilarining ishi qayta ko‘rilishi mumkin. Kamiga ish boshida turganlardan ba’zilarning o‘zi bugun ichkarida so‘roq qilinmoqda."
Jurnalist postdagi fikrlari yuzasidan batafsil to‘xtalib o‘tmagan. Biroq, qamalganlarning ozodlikka chiqarila boshlangani va ba’zilarining ishi qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqidagi xabarlarning manbasi jamoatchilik uchun hozircha ma’lum emas.
"Normal davlat, normal jamiyat uchun albatta adolatli sud yo‘lidan o‘tiladi. Va, nasib, biz ham bir kuni albatta durust jamiyatga aylanamiz hamda uning asosi adolatli, mustaqil sud orqali qo‘yiladi," deya fikrini yakunlagan Safarov.
Aksariyat mustaqil kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistondagi mahkamalar shaffof emas, turfa bahstalab yoki kattaroq ishlarda ular hamon hukumatning yo‘riqnomasiga binoan ish tutadi.
Bi-bi-si Salim Abduvalievning ozod etilganiga doir xabarlarni tasdiqlash uchun O‘zbekistondagi tegishli idoralarga bog‘landi.
Hozirga qadar, bu borada rasman javob berilgani yo‘q.















