Xitoyning Shinjon Uyg‘ur bo‘lgasiga kelgan millionlab turist nimalarni ko‘rmaydi?

Shinjondagi Oqtog‘ viloyatida joylashgan Oq Qum ko‘li fonida suratga tushayotgan ikki ayol

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2024 yili Shinjonga 300 million atrofida sayyoh tashrif buyurdi, bu raqam 2018 yilga solishtirganda ikki baravar ko‘p
    • Author, Kelli Ng
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Xitoyning go‘zal Shinjon mintaqasiga 300 million sayyoh keldi. Ammo ular bu yerdagi bir narsani ko‘rishmadi.

Anna 2015 yilda Shinjonga birinchi sayohatini rejalashtirganida, do‘stlari hayron bo‘lgandilar.

"Ular o‘sha paytda Xitoyning eng xatarli hududlaridan biri hisoblangan joyga nega bormoqchi ekanimni tushunishmadi".

Dugonalaridan biri sayohatdan voz kechib, WeChat'da u bilan aloqani uzganini aytadi 35 yoshli xitoylik bu ayol o‘zining haqiqiy ismini oshkor qilishni istamasdan.

"U ota-onam Shinjon yaqiniga borishni taqiqlashdi, bu haqda boshqa gaplashishni istamasliklarini aytishdi degandi".

Anna baribir bordi va shu yil iyunida qaytib keldi. Shinjon o‘zgarib ketibdi, deydi u.

"Shinjon xotiramda qolgani kabi go‘zal turibdi, lekin hozir sayyohlar juda ko‘p, ayniqsa, asosiy diqqatga sazovor joylarda".

Uzoq yillar davomida Shinjon notinch edi, ba’zan zo‘ravonliklar kuchayib, ko‘plab mahalliy xitoylik sayyohlarni cho‘chitgan. Keyin u Xitoy avtoritarizmiga qarshi eng qattiq ayblovlar markazida bo‘ldi: bir milliondan ortiq uyg‘ur musulmonlar "qayta tarbiyalash lagerlari"da hibs qilingani uchun BMT ayblovidan tortib, insoniyatga qarshi jinoyatlar haqidagi da’volargacha.

Xitoy bu ayblovlarni rad etadi. Ammo mintaqa xalqaro ommaviy axborot vositalari va kuzatuvchilar uchun deyarli yopiq, muhojir yashayotgan uyg‘urlar esa qo‘rquvda yoki hamon yo‘qolgan qarindoshlari haqida hikoya qiladilar.

Shunga qaramay, so‘nggi yillarda Shinjon sayyohlik manziliga aylandi – ham Xitoy ichida, ham tobora ko‘proq mamlakat tashqarisida. Pekin infratuzilmani rivojlantirish, o‘ziga xos landshaftlarda suratga olingan teleseriallar uchun milliardlab dollar sarfladi va vaqti-vaqti bilan xorijiy ommaviy axborot vositalarini puxta tashkillangan sayohatlarga taklif qildi.

U bahsli mintaqani sayyohlik maskaniga aylantirib, nafaqat uning go‘zalligini, balki inson huquqlari tashkilotlari Xitoy hukumati yo‘q qilishga urinayotganini aytayotgan mahalliy "etnik" tajribalarni ham ko‘z-ko‘z qilmoqda.

Sohillari oq va sariq qumlarga burkangani uchun Shinjondagi bu ko‘l nomi Oq Qum ko‘li deb ataladi

Surat manbasi, Anna

Surat tagso‘zi, Shinjon chiqib borish qiyin, bir-biriga ulanib ketgan tog‘lar, tog‘lar, ulug‘vor kanyonlar, yam-yashil o‘tloqlar va musaffo ko‘llar vatani

Xitoyning shimoli-g‘arbida joylashgan Shinjon sakkizta davlat bilan chegaradosh. Asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasida savdoni rivojlantirgan Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan uning ba’zi shaharlari tarixga boy. Bu yerda olis, baland tog‘lar, ulug‘vor kanьonlar, yam-yashil o‘tloqlar va tiniq ko‘llar bor.

"Manzara kutganimdan ancha ziyoda bo‘ldi," deydi 2024 yil may oyida borgan singapurlik Sun Shengyao va uni "Yangi Zelandiya, Shveytsariya va Mo‘g‘ulistonni birlashtirgan maskan" deb ta’riflaydi.

Xan millati ko‘pchilikni tashkil etadigan Xitoyning boshqa hududlaridan farqli o‘laroq, Shinjonda asosan turkiy tilli musulmonlar yashaydi, uyg‘urlar esa eng yirik etnik guruh hisoblanadi. 1990 va 2000 yillarda keskinlik kuchaydi, chunki Xan xitoyliklar uyg‘urlarni chetga surib qo‘yayotgani haqidagi da’volar separatistik kayfiyatlarni va halokatli hujumlarni keltirib chiqardi, bu esa Pekinning repressiyasini zo‘raytirdi.

Ammo aynan Si Szinpin davrida Xitoy Kommunistik partiyasi nazoratni har qachongidan ham qattiqlashtira boshladi. Oqibatda uyg‘urlarni Xan madaniyatiga majburan singdirish urinishlari bo‘layotgani haqidagi ayblovlar yangradi. Sentyabr oyidagi sayohatida Si Shinjondagi "erni larzaga keltiruvchi" rivojlanishni maqtadi va "dinni xitoylashtirish"ga – e’tiqodlarni Xitoy madaniyati va jamiyatini aks ettirish uchun o‘zgartirishga chaqirdi.

Ayni paytda, bu yerga investitsiyalar oqib kelmoqda. 200 ga yaqin xalqaro mehmonxonalar, jumladan, Hilton va Marriott kabi taniqli brendlar Shinjonda allaqachon faoliyat yuritmoqda yoki ochilishni rejalashtirmoqda.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, 2024 yilda mintaqaga 300 millionga yaqin mehmon kelgan, bu 2018 yilga nisbatan ikki baravar ko‘p. Shinjondan sayyohlik daromadi shu davrda taxminan 40 foizga o‘sib, 360 milliard yuanga (51 milliard dollar) yetdi. Joriy yil birinchi yarmida hududga 130 millionga yaqin sayyoh tashrif buyurib, 143 milliard yuanga yaqin daromad keltirdi.

Xorijiy sayyohlik o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, tashrif buyuruvchilarning aksariyati ichki mehmonlardir.

Hozir Pekinning katta maqsadi bor: mehmonlar soni yiliga 400 milliondan ortishi va 2030 yilga borib turizmdan tushadigan daromad 1 trillion yuanga yetishi kerak.

Shinjon Muxtor bo‘lgasi tashkil etilganining 70 yilligi nishonlanayotgan kuni ko‘chada o‘ynayotgan Uyg‘ur bolalari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Si Szinpin rahbarligida Xitoy Kommunistik partiyasi Shinjon ustidan nazoratni har qachongidan ham kuchaytirdi

Ba’zi odamlar hali ham borishga qo‘rqadi. Janob Sunning aytishicha, u do‘stlarini 2024 yil may oyidagi safarga ko‘ndirish uchun biroz vaqt sarflagan, chunki ularning ko‘pchiligi Shinjonni xavfli deb hisoblardi. 23 yoshli yigitning o‘zi ham avvaliga xavotirda bo‘lgan, ammo sayohat davomida bu his yo‘qolgan.

Ular Shinjon markazi Urumchining gavjum ko‘chalaridan boshlab yo‘lga chiqishdi. Keyin sakkiz kun davomida xitoylik haydovchi bilan tog‘lar va yam-yashil dashtlar bo‘ylab sayohat qilishdi. Manzara Sunni hayratga soldi.

Shinjondagi haydovchilar va gidlar odatda xan millati vakillari bo‘lib, ular hozirda mintaqa aholisining taxminan 40 foizini tashkil qiladi. Janob Sunning guruhi mahalliy uyg‘urlar bilan ko‘p muloqot qilmagan, ammo suhbatlashilgan ayrim ozchilik "juda xushmuomala" edi, deydi u.

Janob Sun sayohatdan qaytib kelganidan beri Shinjonning targ‘ibotchisiga aylandi, uning fikricha, bu joy xavfli va keskin deb "noto‘g‘ri tushunilgan". "Agar bitta bo‘lsa ham odamni Shinjon haqida ko‘proq bilishga qiziqtira olsam, bu salbiy tasavvurlarni biroz kamaytirgan bo‘lardim".

Sayyoh sifatida uning e’tiborini tortgan va zavq bergan manzaralar Shinjonni jahon matbuoti sarlavhalariga olib chiqqan tashvishli da’volardan ancha yiroqdek tuyuldi. U ko‘rgan yagona narsa Shinjon hamon qattiq nazorat ostida ekani, politsiya nazorat punktlari va xavfsizlik kameralari keng tarqalgani, chet elliklar esa maxsus mehmonxonalargagina borishga majbur ekanligi edi.

Ammo janob Sun bunga e’tibor bermaydi: "To‘g‘ri, politsiya xodimlari ko‘p, lekin bu katta muammo degani emas."

Har bir sayyoh ham ko‘rayotgan narsasi "haqiqiy" Shinjon ekaniga ishonmaydi.

May oyida do‘stlari bilan 10 kunga tashrif buyurgan singapurlik ayol Tenmoli Silvadori shunday deydi: "Men uyg‘ur madaniyatiga juda qiziqardim, ulardagi farqli jihatlarni ko‘rmoqchi edim. Lekin umidimiz puchga chiqdi."

U va uning do‘stlari hijob o‘ragan ekan. Uyg‘ur taom sotuvchilari ularga "sizlarning hijob o‘rashingizga havas qilamiz, deyishdi... ammo yaqindan suhbatlashish imkoni bo‘lmadi" deydi Tenmoli. Aksariyat mahalliy masjidlarga kirishga ruxsat berilmadi, deya qo‘shimcha qiladi u.

Qoshg‘ar Eski shahar qismida Uyg‘ur aayol ko‘cha supurayapti

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoy hukumati uzoq davr davomida Uyg‘ur madaniyatining tarixiy markazi deb ko‘rilgan Qoshg‘ar shahrining eski shahar qismini qayta qurishga qaror qilgan. Ushbu foto 2017 yili tsvirga olingan

Shunday bo‘lsa-da, xorijlik mehmonlar qiziqishi kuchli. Xitoyning o‘zi juda mashhur yo‘nalish bo‘lib, Shinjon "o‘ziga xos," kamroq tijoriylashgan variant sifatida namoyon bo‘ladi.

Xitoyning davlatga qarashli "Global Times" gazetasi may oyida yozishicha, tobora ko‘payib borayotgan xorijliklar "Shinjonga ochiqlik bilan yondashib, haqiqatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish va baholashni xohlamoqda" ekan.

Partiya, shuningdek, xorijlik inflyuenserlarning Shinjon haqidagi Xitoyning bayonotlariga mos keladigan kontentini targ‘ib qilishga oshiqdi. Ular orasida germaniyalik vloger Ken Abroud ham bor, u o‘z videolaridan birida "AQSh yoki Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda [Shinjonda] ko‘proq masjidlar ko‘rganini" aytgan.

Lekin boshqalar bunday fikrga qo‘shilmaydi. 2010-yillarda Shinjonda yashagan yozuvchi Josh Sammers Bi-bi-siga bergan intervyusida Qoshg‘arning Eski shaharchasi "butunlay buzib tashlangan, uyg‘ur madaniyatini aks ettirmaydigan tarzda qayta qurilgan"ini aytdi.

Human Rights Watch tashkilotining 2024 yilgi hisobotiga ko‘ra, 2009 yildan 2023 yilgacha Shinjondagi yuzlab qishloqlarning uyg‘urlar dini, tarixi yoki madaniyati bilan bog‘liq nomlari o‘zgartirilgan. Tashkilot, shuningdek, rasmiylarni Shinjon va butun Xitoydagi masjidlarni yopish, buzish va islom dini amaliyotiga chek qo‘yish uchun qayta moslashtirishda aybladi.

Jiddiy huquqbuzarliklar boshqa xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tomonidan ham qayd etilgan. Bi-bi-sining 2021 va 2022 yillardagi xabarlarida qamoq lagerlari mavjudligi, jinsiy zo‘ravonlik va majburiy sterilizatsiya ayblovlarini tasdiqlovchi dalillar aytilgan.

Pekin bularning barchasini inkor etmoqda. Mamlakat ichida partiya ichki sayyohlarni ko‘proq jalb qilish uchun bir paytlar muammoli o‘lka sifatida ko‘rilgan hududning qiyofasini qayta yaratmoqda. Aftidan, bu ish berayotgan ko‘rinadi.

A view of the mountains and valleys on a popular, scenic drive along Yizhao Highway

Surat manbasi, Anna

Surat tagso‘zi, Sayyohlik agentliklari Shinjonni "ekzotik" va "sirli" deb ta’riflaydilar.

Anna ikkinchi sayohatida, shimoldagi tog‘li Oltoy prefekturasida suratga olingan serial tomosha qilgach, u yerni ko‘rishga oshiqqan onasi bilan bordi. "Mo‘’jiza sari" nomli serial hukumat tomonidan moliyalashtirilgan va davlat ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatilgan edi.

Xitoy internetida Oltoy muxlislari ko‘p. "Oltoydagi xudoning sirli bog‘iga kirib qolishimni kim o‘ylabdi deysiz? Ka-Nasi ko‘lida men nihoyat jannatda bo‘lish qanday his ekanini tushundim. Bu tog‘lar, daryolar, ko‘llar va dengizlar go‘zalligi yagona manzaraga uyg‘unlashib ketgan joy," deyiladi RedNote'dagi izohlardan birida.

Yana biri shunday yozadi: "Tongda mehmonxonadan mollarning dalada o‘tlab yurishini kuzataman. Oltinrang qayinzorlar quyosh nurida jilvalanadi, hatto havo ham shirin tuyuladi, bunday beg‘ubor go‘zallik men doim orzu qilgan Oltoydir."

Sayyohlik agentliklari mintaqani "ekzotik" va "sirli" deb ta’riflamoqda. U yerda "tabiat va madaniyatning Xitoyning boshqa yerida his qilinmaydigan sehrli uyg‘unligini" topasiz, deydi shunday agentliklardan biri The Wandering Lens. Ushbu sayohatlar uchun narxlar turlicha. 10 kunlik sayohat, parvozlarni hisobga olmaganda, 1500 dan 2500 AQSh dollarigacha bo‘lishi mumkin.

Shimol bo‘ylab odatiy sayyohlik marshruti Kanas milliy bog‘ini o‘z ichiga oladi. U yerda alp ko‘llari va mashhur besh rangli plyajga sayohatlar hamda uyg‘ur qishlog‘iga borish mumkin. Qishloqda aravalarda sayr qilish va uyg‘ur oilasi bilan vaqt o‘tkazish imkoniyati bor.

Janubda sayohatlar esa ko‘pincha cho‘l bo‘ylab yurish, turli ko‘llar va 2000 yillik tarixga ega Ipak yo‘li shahri Qoshg‘arga safarni o‘z ichiga oladi.

Mehmonlar o‘z safarlarini onlayn tarzda yoritishadi, uyg‘ur tansiq taomlari, masalan, ziravorli dimlama, "katta lagan tovuq," qo‘zichoq kaboblari va ot sutidan tayyorlangan sharob haqidagi ma’lumotu tasvirlarni ulashishadi. Ba’zilar hatto "Ipak yo‘li ulug‘vorligini qayta jonlantiradigan soatlab davom etadigan tomoshalar" haqida gapirishadi.

RedNote va Weibo ijtimoiy tarmoqlarida Shinjonni qidirsangiz, kutganingizdek, uning go‘zalligi va ramziy me’morchiligi haqida maqtovli postlar topasiz. Bu ajoyib manzaraga zid bo‘lgan ayblovlar haqida hech qanday gap yo‘q.

Yilning shu paytida Xitoy ijtimoiy tarmoqlari Shinjon terak o‘rmonlarining kuzgi oltin rangga burkangan manzaralari suratlari bilan to‘lgan.

1998 yilda mintaqani tark etgan uyg‘ur-amerikalik Iroda Qoshg‘ariy aytishicha, Kommunistik partiya "uyg‘urlarni sayyohlik ob’ekti sifatida namoyish etish orqali o‘z talqinidagi uyg‘ur madaniyatini sotmoqda".

"Ular bizni dunyoga faqat raqsga tushadigan, ijtimoiy tarmoqlarda chiroyli ko‘rinadigan rang-barang odamlar sifatida ko‘rsatishmoqda."

Tinch okeanining narigi tomonidan o‘z ona shahrining mashhurligi ortib borayotganini kuzatayotgan uyg‘ur faoli Qoshg‘ariy xonim sayyohlarni Shinjondagi "jiddiy muammolarni tan olishga" chaqiradi.

U shunday deydi: "Odamlarga u yerga bormang deyish mening ishim emas, lekin ular u yerda [Shinjonning] oqartirilgan talqinini ko‘rishlarini ham tushunishlari kerak."

"Shu bilan birga, men kabi odamlar faoliyatimiz tufayli hech qachon u yerga qayta olmaymiz. Bu juda xavfli... lekin nega qaytolmayman? Axir bu mening vatanim-ku."