Hindistonga Tolibon nega kerak – bu Markaziy Osiyo boismi?

Surat manbasi, MEA India
- Author, Sutik Bisvas
- Role, Hindiston bo‘yicha muxbir
- O'qilish vaqti: 4 daq
Hindistonning Tolibon hukumatiga so‘nggi diplomatik munosabati mintaqadagi geosiyosiy voqelikka bo‘lgan qarash sezilarli o‘zgarganini ko‘rsatmoqda.
Bu Hindiston Kobulning Tolibon qo‘liga o‘tishi natijasida katta strategik va diplomatik zarbaga duchor bo‘lganidan uch yildan ortiq vaqt o‘tgach sodir bo‘ldi.
Afg‘oniston demokratiyasiga sarflangan yigirma yillik sarmoya – harbiy ta’lim, stipendiyalar va yangi parlament binosi qurilishi kabi muhim loyihalar – tezda yo‘qqa chiqdi. Bu parchalanish, shuningdek, mintaqaviy raqiblar, ayniqsa, Pokiston va Xitoyning ta’sirini kuchaytirdi, Hindistonning strategik mavqeini zaiflashtirib, xavfsizlik bo‘yicha yangi muammolarni keltirib chiqardi.
Aloqador mavzular:
- Qirg‘iziston ham Qozog‘istondek Rossiya qilmagan ishni qildi, rasmiy Moskva ham jim turmadi, Toqaev 'demarshi' yoki Qozog‘istonning 'suveren huquqi'
- Afg‘oniston: Tolibon lideri ogohlantirdi, tan olinmasa, toliblar nima qilmoqchi, Kobul markazida "Buxoro" va toliblar yaxshimi, O‘zbeklar nima deydi?
- Afg‘oniston: Tolibon yo‘qolmasa, O‘zbekiston nima qiladi? Dunyo-chi?
Hammasi o‘zgardimi?
Bu munosabatning Tolibon bilan ilgari hech qachon do‘stona aloqada bo‘lmagan Hindistondan kelishi Tolibon uchun diplomatik g‘alabadir...
Biroq, o‘tgan hafta vaziyat o‘zgarganini ko‘rsatdi. Hindistonning yetakchi diplomati Vikram Misri Dubayda Tolibon hukumatining tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashdi – bu Kobul qulashidan beri eng yuqori darajadagi muloqot bo‘ldi. Tolibon hukumati Hindiston bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qiziqish bildirib, uni "muhim mintaqaviy va iqtisodiy kuch" deb atadi.
Xabar qilinishicha, muzokaralar savdoni kengaytirish va Hindiston Pokistonning Karachi va Gvadar portlarini chetlab o‘tish uchun rivojlantirayotgan Eronning Chobahor portidan foydalanishga qaratilgan.
Bu uchrashuv qanchalik muhim? Amerikaning "Wilson Center" tahlil markazi xodimi Maykl Kugelmanning aytishicha, Dehli Tolibon rahbariyatiga hokimiyatga kelganidan beri xalqaro hamjamiyatdan kutgan de-fakto tan olinishni berdi.
"Bu munosabatning Tolibon bilan ilgari hech qachon do‘stona aloqada bo‘lmagan Hindistondan kelishi Tolibon uchun diplomatik g‘alabadir," deydi u.

Surat manbasi, AFP
Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatga qaytganidan beri mamlakatlar bu rejimga turlicha yondashuvlarni qo‘llab, diplomatik aloqalarni inson huquqlari va xavfsizlik masalalari bilan muvofiqlashtirib kelmoqda. Masalan, Xitoy ancha ilgarilab ketdi: u Tolibon hukumati bilan faol hamkorlik qilib, xavfsizlik va iqtisodiy manfaatlarga e’tibor qaratdi, hatto mamlakatda o‘z elchisini ham tayinladi.
Hech bir davlat Tolibon hukumatini rasman tan olmagan, ammo 40 ga yaqin mamlakat u bilan qandaydir diplomatik yoki norasmiy munosabatlarni saqlab kelmoqda.
Shu sababli, Hindistonning Afg‘onistondagi sobiq elchisi Jayant Prasad kabi ekspertlar Hindistonning bu tashabbusiga ehtiyotkorona yondashmoqda.
Uning aytishicha, so‘nggi uch yil davomida Hindiston tashqi aloqalar xizmati diplomati orqali Tolibon bilan aloqada bo‘lib kelgan. Hindiston 1990-yillardagi fuqarolar urushi paytida Afg‘onistondagi konsulxonalarini yopgan va urush tugaganidan so‘ng 2002 yilda ularni qayta ochgan edi. "Biz bu tanaffus yana takrorlanishini istamasdik, shuning uchun muloqotga kirishishni xohladik. Bu munosabatlarda juda oddiy qadam," deydi u.
Hindistonning tashqi ishlar vaziri S. Jayshankar 2023 yilda parlamentga Hindistonning Afg‘oniston bilan "tarixiy va madaniy aloqalar"i borligini aytgan. Hindiston Afg‘oniston bo‘ylab 500 dan ortiq loyihalarga, jumladan, yo‘llar, elektr uzatish liniyalari, to‘g‘onlar, shifoxonalar va klinikalarga 3 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan. U afg‘on zobitlarini o‘qitgan, talabalarga minglab stipendiyalar bergan va yangi parlament binosini qurgan.
Bu uzoq davom etadigan geosiyosiy voqelikni aks ettiradi. "The Indian Express" gazetasi ta’kidlaganidek, "Kobuldagi rejimning tabiatidan qat’i nazar – monarxiya, kommunistik yoki islomiy – Dehli va Kobul o‘rtasida tabiiy yaqinlik mavjud edi".
Janob Kugelman ham bu fikrga qo‘shiladi. "Hindiston Afg‘onistonda rivojlanish va gumanitar yordam donori sifatida muhim merosga ega, bu afg‘on xalqining Dehli yo‘qotishni istamayotgan xayrixohligiga aylangan," deydi u.
Qiziq tomoni shundaki, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib borayotgan bir paytda, Dehli bilan aloqalar yaxshilanmoqda. Pokiston ta’kidlashicha, Pokiston Toliboni Afg‘onistondagi boshpanalardan foydalanmoqda.
O‘tgan yil iyulida Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Asif Bi-bi-siga Pokiston terrorizmga qarshi kurash operatsiyasi doirasida Afg‘onistonga hujumlarni davom ettirishini aytgan edi. Hindiston va Tolibon hukumati o‘rtasidagi muzokaralardan bir necha kun oldin Pokistonning havo hujumlari Afg‘oniston sharqida o‘nlab odamlarni o‘ldirdi, deb xabar qildi Afg‘oniston hukumati. Tolibon hukumati bu hujumlarni o‘z suvereniteti buzilishi sifatida qoraladi.

Surat manbasi, AFP
Bu 2021 yilda Kobul qulagan paytdan beri munosabatlardagi keskin yomonlashuvni ko‘rsatadi. O‘shanda Pokiston razvedkasining yuqori martabali amaldori Tolibon rejimini kutib olgan birinchi xorijiy mehmonlar orasida edi. O‘sha paytda ko‘pchilik Kobulning qulashini Hindiston uchun strategik muvaffaqiyatsizlik deb hisoblagan edi.
"Pokiston Hindistonning Tolibon bilan aloqalarini kuchaytirishiga yagona sabab bo‘lmasa-da, Dehli o‘zining azaliy raqibi Pokistonning sobiq hamkori bo‘lgan muhim aktivga yaqinlashib, Pokiston ustidan katta g‘alabaga erishayotgani bor gap," deydi janob Kugelman.
Aloqalarni kengaytirishning boshqa sabablari ham bor. Hindiston Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlash va unga kirishni ta’minlashni ko‘zlagan, chunki Pokiston tranzit huquqini rad etgani sababli u yerga quruqlik orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri bora olmaydi. Mutaxassislar fikricha, Afg‘oniston bu maqsadga erishish kaliti hisoblanadi. Strategiyalardan biri Afg‘oniston orqali Markaziy Osiyoga kirishni yaxshilash uchun Eron bilan Chobahor portini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishdir.
"Dehli uchun Tolibon rahbariyati bilan yaqinroq aloqa o‘rnatish orqali ushbu rejaning Afg‘oniston qismiga e’tibor qaratish osonroq, chunki Tolibonga ham bu rejalar ma’qul, bu rejalar Afg‘onistonning o‘z savdo va aloqa yo‘llarini yaxshilashga yordam beradi," deydi janob Kugelman.

Surat manbasi, Getty Images
Shubhasiz, Hindistonning so‘nggi vaqtlardagi harakatlari Tolibon boshchiligidagi Afg‘onistondagi asosiy manfaatlarini ilgari surishga xizmat qiladi: Hindistonga terrorchilik tahdidlari oldini olish, Eron va Markaziy Osiyo bilan aloqalarni chuqurlashtirish, yordam ko‘rsatish orqali xalq xayrixohligini saqlab qolish va Pokistonga qarshi turish.
Salbiy tomonlari-chi?
"Tolibon bilan aloqalarni mustahkamlashning asosiy xavfi Tolibonning o‘zidir. Biz xalqaro, jumladan, Pokiston terror guruhlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan, 1990-yillardagi holatidan deyarli o‘zgarmagan zo‘ravon va shafqatsiz tashkilot haqida gapiryapmiz," deydi janob Kugelman.
"Hindiston Tolibonni o‘z tomonida ushlab tursa, u Hindiston yoki uning manfaatlariga putur yetkazmasligi mumkin deb umid qilishi mumkin. Bu to‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin. Ammo oxir-oqibat, Tolibon kabi tashkilotga ishonish mumkinmi? Hindiston ushbu murakkab munosabatlarni ehtiyotkorlik bilan davom ettirar ekan, aynan ana shu savol uni tashvishga soladi."
Janob Prasad Tolibonning ayollarga munosabatidan xavotirga qaramay, Hindistonning Afg‘oniston bilan hozirgi aloqasida hech qanday salbiy jihat ko‘rmaydi. "Tolibon to‘liq nazoratni o‘z qo‘liga olgan. Tolibonni o‘z holiga tashlab qo‘yish afg‘on xalqiga yordam bermaydi. Xalqaro hamjamiyat bilan ba’zi aloqalar hukumatni o‘z xatti-harakatlarini yaxshilashga majbur qilishi mumkin."
"Yodda tuting, Tolibon tan olinishga intilmoqda, – deydi janob Prasad. – Ular buni faqat ichki islohotlardan keyin erishish mumkinligini bilishadi." Masalan, ayollarni ijtimoiy hayotga qaytarish, ularning ta’lim olish, ishlash va siyosiy huquqlarini tiklash orqali.












