"Rossiya Ukraina, Qozog‘iston va Kavkazni topshirdi". AQShda Putin bilan Bushning yakkama-yakka suhbatlari oshkor qilindi

Surat manbasi, Corbis via Getty Images
- Author, Yangiliklar bo‘limi
- Role, Bi-bi-si Rus xizmati
- O'qilish vaqti: 6 daq
AQShdagi Jorj Vashington Universiteti qoshidagi "Milliy xavfsizlik arxivi" deb nomlanadigan nodavlat tashkiloti o‘z saytida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning AQSh prezidenti Jorj Bush bilan 2001, 2005 va 2008 yillarda bo‘lib o‘tgan suhbatlariga oid uchta maxfiylikdan chiqarilgan stenogrammalarni e’lon qildi. Ushbu hujjatlarga ko‘ra, Bush bilan dastlabki uchrashuvdayoq Kreml rahbari Rossiya "o‘z ixtiyori bilan minglab kilometr hududini berib yuborgani»dan shikoyat qilgan va NATO kengayishiga qarshi ekanini bildirgan.
"Milliy xavfsizlik arxivi" ma’lum qilishicha, tashkilot AQShdagi axborot erkinligiga bag‘ishlangan qonunga tayanib, sudga da’vo arizasi kiritgan, sud qaroriga asoslanib, endi prezidentlarning sir tutilishi zarur deb hisoblangan o‘zaro suhbati stenogrammalarini ommaga oshkor etishga yo‘l ochilgan.
Dastlabki hujjatga 2001 yil 16 iyun sanasi qo‘yilgan.
O‘shanda Putin bilan Bush ilk bor Sloveniya poytaxti Lyublyanadagi "Brdo" qasrida uchrashgan.
Jorj Bush 2000 yili AQShning 43-prezidenti etib saylangan va 2001 yil yanvarida qasamyod qabul qilgan edi.
O‘sha vaqtda Vladimir Putinning ham prezidentlik kursisini egallaganiga uncha ko‘p bo‘lmagandi: uning 2000 yil mart oyida prezidentlik saylovida g‘alaba qozongani e’lon qilingan edi.

Ilk uchrashuv: do‘stona ohang va "berib yuborilgan hududlar" ustidan shikoyat
Ochiqlangan yakkama-yakka suhbat matnlaridan xulosa qilinsa, ikki prezidentning ham bir-biriga munosabati do‘stona bo‘lgan, Rossiya bilan G‘arb o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash niyatlarini namoyish etganlar.
Suhbat avvalida Jorj Bush Vladimir Putinni o‘zining Texasdagi ranchosiga taklif etadi.
"Rossiyaning rolini kamaytirishni istamasligi"ni aytadi, "mustahkam Rossiya bizning manfaatimizga mos keladi", deya ishontiradi.
Bunga javoban Rossiya rahbari munosabatlarda ochiqlikka chaqiradi va qayd etadi: "Men Rossiyada mashhurman. Va men sizga nega shundayligini aytishim mumkin. Chunki men odamlarning gapiga quloq solaman".
"Rossiyadagi odamlar, keng miqyosdagi o‘zgarishlar bizni chetlab o‘tdi, deb his qiladilar. Bu o‘zgarishlar bizga ko‘p erkinliklar berdi, lekin biz bu erkinliklardan foydalanolmaymiz, deb o‘ylashadi", — deya qo‘shimcha qildi Putin.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Shundan keyin darhol Kreml rahbari tarix va hududlar mavzusiga o‘tib ketadi.
Suhbat matnlaridan kelib chiqilsa, bu masalalar Vladimir Putinni prezidentligining ilk yillaridanoq tashvishlantirgan. G‘arb ommaviy axborot vositalari bir necha marta yozganidek, Putin undan keyingi G‘arb rahbarlari bilan uchrashgan vaqti tarix haqida juda batafsil gapirgan, shu jumladan, Ukraina urushi borasida kechgan muzokaralarda ham tarixga to‘xtalib, o‘zining urush ochish amallarini oqlashga intilgan.
"Rossiyaliklar minglab kvadrat kilometr hududlarini o‘z ixtiyorlari bilan topshirdilar. Bunaqasi bo‘lmagan. Asrlar davomida Rossiyaning bir qismi bo‘lgan Ukrainani berib yubordilar. Qozog‘istonni berdilar. Kavkazni ham. Bu narsani tasavvur qilish qiyin va buni partiya rahbarlari qildilar".
Buning ortidan Putin Bushga, G‘arb mamlakatlari Moskvani bir necha masalada dog‘da qoldirdilar, Rossiya qarzi masalasini hal qilmadilar, Chechenistonda radikal islomiy guruhlar amallariga ko‘z yumdilar, dedi.
Ushbu uchrashuv payti Putin Bushga, NATOni kengaytirish nima uchun kerak, deb savol beradi. NATO ittifoqi bilan bog‘liq masalalarda "Rossiya o‘zini ortiqcha deb his qiladi", deydi.
Prezident Putin so‘zlariga ko‘ra, 1954 yili SSSR NATOga a’zo bo‘lib kirish uchun ariza topshirgan, biroq bu arizani rad etishgan.
"Haqiqiy masala Rossiyani taraqqiy etgan dunyon bilan qanchalar muqoyasa qilishdadir. Fakt shuki, NATO kengaymoqda, biz esa bu borada hech narsa deyolmaymiz", degan Vladimir Putin Jorj Bushga.
Stenogramma matnlaridan anglashilishicha, suhbat davomida Bush Putindan Rossiyada matbuot erkinligi bo‘g‘ilayotgani haqida so‘ragan.
U, hoynahoy, "NTV" telekompaniyasining "Gazprom-media" davlat kompaniyasi nazorati ostiga olinganini nazarda tutgan.
Bunga javoban Putin "NTV" sobiq egasi Vladimir Gusinskiyni davlat mablag‘larini o‘g‘irlashda ayblagan.
2008 yildagi uchrashuv: "Ukraina — sun’iy tashkiil etilgan davlat"
"Milliy xavfsizlik arxivi" ta’kdlashicha, Vladimir Putin bilan Jorj Bushning eng oxirgi shaxsiy uchrashuvi Rossiya prezidentining Sochi yaqinidagi «Bocharov ruchey» yozgi qarorgohida bo‘lib o‘tgan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
"Ushbu suhbat ohangi ikki prezidentning hamma masalalarda hamkorlik qilish va o‘zaro yaqin munosabatlarga sodiq qolish izhor etilgan oldingi suhbatlaridan keskin farq qiladi", , — deb yozadilar tashkilot mualliflari.
Mualliflar Sochidagi uchrashuvning Buxarestdagi NATO sammitidan ko‘p o‘tmay bo‘lib o‘tganini eslatadilar, o‘sha sammitda AQSh Ukraina va Gruziyani NATOga qo‘shilishga chaqiradi.
Oxir-oqibata NATO a’zolari Kiev bilan Tbilisiga a’zolik harakatlariga doir rejani darrov bermaslikka qaror qiladilar, biroq kelajakda ikki mamlakat ham ittifoqqa qo‘shilishlari mumkinligini ta’kidlaydilar.
O‘shanda Putin ushbu qarorni Rossiya xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb ataydi, oradan to‘rt oy o‘tib, Rossiya qo‘shinlari Gruziya hududiga bostirib kirdilar.
Ochiqlangan suhbat matniga ko‘ra, uchrashuv boshida va Bush Yevropada raketa hujumidan mudofaa tizimi muammolari haqida bafurja gaplashadilar.
Buning ortidan Putin NATO kengayishi muammosiga o‘tadi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’lon qiladi: "Ukrainadek mamlakatning NATOga qo‘shilishi biz uchun mojaroning uzoq muddatli maydoni va uzoq muddatli qarama-qarshilikni keltirib chiqaradi".
"Nega?", deb savol beradi Jorj Bush.
Putin AQSh prezidentiga, mening fikrimcha, Ukraina "Sovet zamonida barpo etilgan sun’iy davlat", deb javob beradi.
Oradan bir necha yillar o‘tib, Rossiya rahbariyati ushbu argumentdan Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlash uchun asos sifatida foydalanadi.
Co‘ng u oxirgi yillarda Moskva tomonidan takror-takror e’lon qilingan Ukrainaning turli qismlari Sovet Ittifoqi tomonidan "bir joyga to‘plangani" haqidagi tezisni sanab o‘tadi, "Ukraina aholisining katta qismi NATOni dushman tashkilot deb hisoblaydi", deydi.
Ukrainaning NATOga kirishi "Rossiya yaqinida harbiy bazalar va yangi harbiy tizimlar paydo bo‘lish tahdidini paydo qiladi", "biz uchun noaniqlik va xavf paydo qiladi", deydi Putin.
Rossiya "Ukraina uchun muammo paydo qilishi mumkin", deya Putin Bushni ogohlantirdi
Suhbat matniga ko‘ra, undan keyin Putin Bushni ogohlantiradi. Putin so‘zlariga ko‘ra, agar Ukrainani NATO ittifoqiga qo‘shilish oldi olinmasa, Rossiya Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishga tayyor, deydi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Ukrainada NATOga qarshi turgan kuchlarga tayana turib, Rossiya NATOning endilikda kengayish imkoniyati bo‘lmasligi ustida ishlashi mumkin», — deydi Rossiya prezidenti Bushga. — «Rossiya u yerda doim muammo yaratishi mumkin»».
«Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishidan ma’no nima? Bu NATO va AQShga qanday foyda keltiradi? Buning bittagina sababi bo‘lishi mumkin — Ukraina maqomini G‘arb dunyosi bir qismi sifatida mustahkamlash. Mana shunday mantiq bo‘lishi mumkin. Menimcha, bu to‘g‘ri mantiq emas», — deb qo‘shimcha qiladi Putin.
Suhbatda Rossiya prezidenti, shuningdek, ukrainlarning 70 foizi NATOga qo‘shilishga qarshi ekanini iddao qiladi.
Ammo sotsiologik tadqiqotlar natijalari ushbu iddaoga to‘g‘ri kelmagan: 2008 yil bahorida Ukraina «Demokratik tashabbuslar jamg‘armasi» o‘tkazgan so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, so‘ralganlarning aksariyati (59%) NATOga kirishga qarshi chiqqan, 22 foizi tarafdor bo‘lgan, 19 foizi esa o‘z fikrini bildirmagan.
Shu bilan birga, so‘rovlardan ma’lum bo‘ladiki, Rossiyaning to‘laqonli bosqinidan keyin Ukrainada NATOga a’zo bo‘lish tarafdorlari keskin ko‘paydi.
2024 yil kuzida Ukraina Razumkov markazi o‘tkazgan so‘rovda mamlakat aholisining 82 foizdan ziyodi Ukraina NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Qizig‘i shundaki, 2008 yilda Bush bilan uchrashuv vaqtida Putin shunday deydi: «Biz Ukrainaning NATOga kirishiga qarshi chiqamiz, ammo har holda axolining ko‘pchiligi 'ha' demaguncha kutaylik, so‘ng ularga a’zo bo‘lishga ruxsat beramiz, aksincha emas».
Rossiya Ukraina NATOga kirishdan voz kechishi urushni tugatish uchun majburiy shartlardan biri ekanini aytadi. Ukraina esa AQShning va ayrim boshqa G‘arb davlatlarining hozirgi rahbariyati NATOga qabul qilishga hali tayyor emasligini tan oladi, ammo NATO Ustavining beshinchi moddasidagi kollektiv mudofaa kafolatlariga teng xavfsizlik kafolatlarini talab qiladi.
Ukrainaning NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi mamlakat konstitutsiyasida ham mustahkamlab qo‘yilgan.
Bush esa Putinning Ukraina va Gruziya NATOga kirmasligi kerakligi haqidagi gaplariga juda qisqa javob qaytaradi: «Men sizda yoqtirgan jihatlardan biri — siz bularning hammasini NATOga aytishdan qo‘rqmadingiz. Bu tahsinga sazovor. Sizni diqqat bilan tinglashdi, va hech kimda sizning pozitsiyangizga shubha qolmadi. Juda yaxshi chiqish bo‘ldi».
«Milliy xavfsizlik arxivi» shuningdek, Putin va Bush o‘rtasidagi yana bir suhbat — 2005 yil 16 sentyabr kuni Oq Uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv stenogrammasini ham e’lon qildi.
Prezidentlar asosan yadro qurolini tarqatmaslik muammolari hamda Rossiyaning Tehron va Pxenyan bilan munosabatlarini muhokama qiladilar.
«Suhbat Eron va Shimoliy Koreya bo‘yicha pozitsiyalar yaqinligini hayratlanarli darajada namoyon etadi, Putin esa o‘zini manfaatdor va qo‘llovchi hamkor sifatida ko‘rsatadi», — deydi nashr mualliflari.












