O‘zbekcha feminizm: taraqqiyot belgisimi yo ijtimoiy tahdid? Video

Ayollarga qarshi zo‘ravonlikka bag‘ishlangan ko‘rgazma
Surat tagso‘zi, 179 qo‘g‘irchoq zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan 179 ayolni tamsil etadi
    • Author, Firdavs Zavqiev
    • Role, Bi-bi-si muxbiri
  • O'qilish vaqti: 5 daq

BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2021 yili 179 ayol zo‘ravonlik oqibatida olamdan o‘tgan. Toshkentdagi "NeUyat" ko‘rgazmasida namoyish qilinayotgan Anna Ivanovaning qo‘g‘irchoqlar installyatsiyasi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ushbu 179 nafar xotin-qizlarni timsol qiladi.

Ko‘rgazma tashkilotchilariga ko‘ra, jamiyatda ayollarning o‘z huquqini talab qilishi behayolik deb ko‘riladi. Oiladagi zo‘ravonlik haqida gapirish itoatsizlikka yo‘yiladi. Ayollarga nisbatan adolatsizlik "uyat" deb ataladigan umum qadriyat ortiga berkinarkan, aslida uyalishi kerak bo‘lgan jinoyatchilar jazosiz qoladilar.

Aloqador mavzular

Ayni shu sabablardan ham, ko‘rgazma "Zo‘ravonlik qurboni emas, zo‘ravon bo‘lish uyat" degan qarashni o‘z shioriga aylantirgan. Faollar, gap uning haq-huquqi va erkinligi haqida borar ekan, hech bir xotin-qiz sukut saqlamasligi kerak, deya ta’kidlaydilar.

Biroq ayni shu nuqtada O‘zbekistonda jamoatchilik turfa qutblarga bo‘linadi. Bir tomon eskirgan stereotiplar ayollar uchun jiddiy xavfligini ta’kidlaydi. Boshqalar esa yangi gender qarashlari an’anaviy turmush tarziga zarba berishidan yozg‘iradi.

Senat raisi Tanzilla Norboeva ayollarga nisbatan tazyiqqa barham berib, gender tengligiga erishish taraqqiyotnig bir qismi ekanini aytgan. Biroq sobiq deputat Rasul Kusherbaev bunday yondashuv erkaklar dominantligining yo‘qolishiga olib kelishidan xavotir bildirgan. Shoira Tillaniso Nuryog‘di esa gender tengligi na hukumat, na erkaklar aralashuvisiz, faqatgina ayollar uyg‘onishi fonida yuz berishi kerak, deb hisoblaydi.

O‘z navbatida, xolis yondashuvga muhtoj bo‘lgan O‘zbekistondagi gender tengligi mavzusi voqelikka uch xil nuqtai nazar bilan qarayotgan uch toifa orasida qolmoqda: hukumat gender loyihalariga homiylik qilishni istaydi; mutaassib qatlam tenglik borasidagi barcha qarashlarni rad etadi; feminist guruhlar esa gender faollik hukumat buyurtmasi bilan emas, aksincha, jamiyatning ichidan otilib chiqishi kerak degan qarashda.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Hukumat nega aralashadi?

Shoira Tillaniso Nuryog‘di

Surat manbasi, .

Oilaviy zo‘ravonlik o‘zbek oilalari uchun begona mavzu emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili maishiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq o‘rtacha 14-15 ming holat qayd etiladi. Ularning ba’zilari jiddiy tana jarohatlari bilan yakunlansa, ba’zilari fojiali o‘lim bilan tugaydi.

Shunga qaramay, maishiy tazyiqlar haqida har doim ham ochiq gapirilmaydi. Ko‘pchilik bu voqeliklarga turmushning odatiy qismi sifatida qarab o‘rgangan.

Biroq 2016 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, bu mavzu siyosiy kun tartibidagi masalalardan biriga aylandi. Ba’zi siyosatchilar qabili bilan aytganda, shu vaqtga qadar "hatto gender tenglik so‘zini ishlatish mumkin bo‘lmagan" O‘zbekiston uchun bu katta burilish edi.

2019 yilga kelib, Tanzilla Norboevaning Senat raisi sifatida saylanishi misli ko‘rilmagan hodisa bo‘ldi. Keyinchalik esa bir necha tuman va shaharlarga ayol hokimlar tayinlandi.

Boshqaruv o‘rinlarida ayollarni qamrab olish, xoh tabiiy, xoh sun’iy yo‘l bilan bo‘lsin, amalga oshirilgan esa-da, jamiyatning boshqa jabhalarida ayollarga bo‘lgan munosabat avvalgidek qolaverdi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ayollarning 70 foizi (oilasidagi) erkaklar orasida "ayollar faqat uy ishlari va bolalar bilan shug‘ullanishi kerak," degan fikr mavjudligini tasdiqlagan.

Tabiiyki, asrlar davomida shakllangan ushbu qarashlar atigi bir necha yil ichida butkul o‘zgarmaydi. Buning yuz berishi uchun uzoq vaqt va muttasil faollik talab qilinadi. Biroq, O‘zbekiston misolida vaziyat biroz chigal. Ayollarga nisbatan ikkinchi darajali shaxs sifatida qarash faqatgina erkaklar emas, balki ayollar orasida ham mavjud.

Garchi Senat raisi Tanzilla Norboeva mamlakatdagi gender harakatlariga ayollar dominantligini oshirish uchun emas, aksincha, faqatgina tenglikka erishish uchun deya izoh bergan bo‘lsa-da, ba’zi faollar ushbu loyihalarga hanuz radikal qiyofa beradi. Ular orasida rasmiylarni G‘arb aqidalarini yoyishda ayblaydiganlar ham yo‘q emas.

Jumladan, sobiq deputat Kusherbaev gender tenglik loyihalari "chetdan" "tiqishtirilayotgan"ligini urg‘ulagan. Kusherbaev bu xususida aniq tafsilotlarni ochiqlamagan bo‘lsa-da, uning ushbu chiqishi jamoatchilik orasida ochiq yuz bilan kutib olingan.

Erkaklar ham ko‘makka muhtojmi?

Ko‘rgazma ishtirokchilari

Surat manbasi, BBC.com/uzbek

Xususan, ba’zi kuzatuvchilar hukumat loyihalarida ayollarga nisbatan yonbosishlar haddan ortiqligini ta’kidlaydi. Ularga ko‘ra, O‘zbek jamiyatida ayollarga nisbatan erkaklar ko‘proq yordamga muhtoj. Sababi, asriy erkaklik mas’uliyatlari bilan tarbiyalanganlar ko‘p hollarda ruhiy muammolar bilan kurashadilar.

Yosh shoir Abdurahmon Ergashev shunday satrlarni yozgan: "Yigitlarga qiyin bo‘ldi, Layli. Gumanitar yordam sizga, bizlar o‘lsak motam sizga, tinchlik – qizlarga, urush – bizlarga, ish o‘rni – qizlarga, avtobus to‘ri – qizlarga, har neni zo‘ri qizlarga..."

Uning ta’kidlashicha, jamiyatda ayollar farovonligiga erishish uchun erkaklar farovonligi ham ta’minlanishi kerak. Bular har ikkisi uzviy bog‘liq. O‘zbekistonda esa ayollar bilan bir qatorda erkaklar ham jiddiy krizisni boshdan kechirmoqda.

"Oilaviy zo‘ravonliklarning ko‘pchiligi, aslida, biz payqamaydigan, ammo talab qiladigan 'erkakcha' normalardan kelib chiqadi," deydi u, "Aslida, erkaklar ham ma’nan kuchsiz bo‘lishi, ishsiz qolishi, uyga pulsiz qaytishi kabi holatlarni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak."

BMT o‘rganishlariga ko‘ra, O‘zbekistonda erkaklar bilan bog‘liq suitsid holatlari ayollarga qaraganda ikki baravar ko‘p. Bu mos ravishda erkaklar orasida 12 foiz, ayollar orasida esa 6 foizni tashkil qiladi.

Maqolani yozish davomida aholidan ayni shu boradagi fikrlarini so‘raganimda, qatnashuvchilarning deyarli barchasi ayollar orasida suitsid holatlari ko‘proq degan javobni ma’qulladi. Ba’zilar hatto statistika ma’lumotlari haqida shubha ham bildirdi. Ko‘rinadiki, bu borada jamoatchilik orasida haqiqatan mubolag‘ali qarash mavjud.

"Media tashkilotlar ayollarni ko‘proq jabrdiyda tomon sifatida ko‘rsatishga moslashgan. Garchi erkaklar bilan bog‘liq muammolar kunora yuz bersa-da, ushbu voqeliklar shunchaki e’tiborsiz qoldiriladi," deydi Abdurahmon Ergashev.

Ayollar qanday uyg‘onadi?

Gender faollar esa O‘zbekistonda jinsiy tenglik haqidagi qarashlar butkul yanglish talqin etilayotganidan noliydi. O‘zbek jamiyatida fikr yoki iqtisodiy erkinlik borasida har ikki jinsning imkoniyatlari cheklangan bo‘lsa-da, biroq, ijtimoiy qadriyatlar erkaklarni mustaqil, ayollarni esa tobe qatlam o‘laroq tavsif etadi.

Shoira Tillaniso Nuryog‘di feminist harakatlarning tub mag‘zi ayollarni uyg‘otish ekanligini ta’kidlaydi.

"Feminizm – bu siyosiy harakat.

Tenglik – ayollar o‘zlari kurashib, tortib olishi kerak bo‘lgan huquq. Ammo ular qachon va qanday uyg‘onadi? Mana shu savol," deydi u.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, axborot almashinuvi tezlashgan va ijtimoiy tarmoqlarda radikal chiqishlar ko‘paygan bir vaqtda gender munosabatlarida ham diniy qarashlar ustunlik qilayotgani kuzatiladi. Tarmoqlarda ko‘p xotinlilik va oilaviy zo‘ravonlikni targ‘ibot qiluvchi ijtimoiy kontentlar esa o‘zbek jamoatchiligi uchun yangilik bo‘lmay qolgan. Hukumatning bu boradagi jazo normalari qaysidir ma’noda yetarli emasdek.

Shuningdek, ko‘pchilik ayollar gender harakatlarni islomiy qadriyatlarga zid deb hisoblaydi. Aholisining 90 foizidan ortig‘ini musulmonlar tashkil qiladigan O‘zbekistonda ushbu mulohaza sababidan ham tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Ba’zi dindorlar gender tenglik borasidagi loyihalarni diniy masalalarga aralashish va Islomga qarshi targ‘ibot o‘laroq qabul qiladi.

"U (feminizm) bizning oila qadriyatlarimizga qarshi (deyishadi). Lekin feminizmni nima qiziqtiradi? Zo‘ravonlikka uchrab o‘layotgan ayollar", deydi shoira Tillaniso Nuryog‘di.

Ayollarga qarshi zo‘ravonlik muammosiga yana bir bor e’tibor qaratishni istagan faollarga ko‘ra, mamlakatda xotin-qizlarning ko‘pchiligi ularning vazifasi ro‘zg‘or ishlaridan boshqa narsa emasligi haqidagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. An’anaviy qadriyatlarga asoslangan O‘zbek oilalarida esa bu tarbiyaning bir qismi. "Qiz bola birovning xasmi" qabilidagi maqollar umumxalq qadriyatlari darajasiga chiqqan.

Ko‘rgazma tashkilotchilariga ko‘ra, yiliga minglab ayol zo‘ravonlikka uchraydi va yuzlab xotin-qiz jinsiy tahqirlashlar sababidan vafot etadi. Biroq ko‘pincha yuz bergan voqelik uchun ayollar ayblanadi. Qizlarga o‘z hayotlari yuzasidan qaror berishga va ochiq gapirishga ruxsat etilmaydi.

Faollar ayni shu kamsitilishlarga qarshi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating