O‘zbekiston-Rossiya: viza rejimi joriy etilsa yaxshi bo‘ladimi?

Surat manbasi, .
"Milliy Tiklanish" partiyasi raisi Alisher Qodirov Rossiyada "Migrant Kodeksi" qabul qilinganiga munosabat bildirib, Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida viza tartibini joriy etishni taklif qildi.
Bir kun oldin Rossiya Davlat Dumasi rus tilini bilmagan migrant bolalarni rus maktablariga qabul qilmaslik bo‘yicha qonunni qabul qildi. Duma loyihani bir o‘qishdayoq tasdiqladi.
"Boshlang‘ich umumiy, asosiy umumiy va o‘rta umumiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish uchun yetarli bo‘lgan rus tilini bilish bo‘yicha test sinovlaridan o‘tmagan shaxslar ushbu ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishga ruxsat etilmaydi", deyiladi qonunda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, migrant bolalarning 41 foizida rus tili bilan bog‘liq muammolar bor. Bu esa, tabiiyki, maktab darsliklarini o‘zlashtirishda jiddiy qiyinchilik yaratadi.
Biroq, migrant bolalardagi til muammosini hal qilish uchun qo‘shimcha til mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilishi yoki ta’limiy ko‘mak berilishi haqida hech biron narsa ochiqlanmagan.
Avvalroq Rossiyadagi LDPR fraktsiyasining bir guruh deputatlari mehnat migrantlarining maktab va bog‘chalar yaqinida yashashini taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorlaganliklari ham xabar qilingan edi.
Garchi ushbu qonun hali tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, ijroga ko‘chayotgan qarorlar orqali Rossiyada migrantlarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgarib borayotganligini payqash unchalik ham qiyin emas.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Rossiyada migrantlar bilan bog‘liq vaziyat murakkablashishi va bir qator cheklovlar joriy etilishi fonida o‘zbekistonlik siyosatchilar ham jim turgani yo‘q.
Jumladan, "Milliy Tiklanish" partiyasi raisi Alisher Qodirov rus hukumatining ushbu talablarini to‘g‘ri qabul qilish kerakligini urg‘ulagan. U bu haqida o‘zining Telegram sahifasida post qoldirdi.
"O‘zbekistonda yashaydigan hamma o‘zbek tili, madaniyati va mahalliy qadriyatlarni bilishi va hurmat qilishi kerakligini biz ham shart deb hisoblaymiz va xorijga ish izlab borayotgan vatandoshlarimizni ham mahalliy til, madaniyat, qonunlar va qiladigan ishini yaxshi bilishi zarurligini tan olamiz," degan siyosatchi.
Shu bilan birga, Qodirov ikki davlat o‘rtasida viza rejimi joriy etilishi lozimligi haqida ham gapirgan. O‘zaro nazoratni kuchaytirish orqali mavjud tartibsizliklarni bartaraf etish mumkinligini ta’kidlagan u.
"Bu bilan haqini himoya qila olmaydigan, mahalliy ayirmakashlar tomonidan kamsitilishga rozi bo‘layotgan, eng yomoni, ixtiyoriy-majburiy, mas’uliyatsizlarcha hayotini sotib yuborib O‘zbekiston uchun jiddiy ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy yuk yaratayotgan ayrim fuqarolarimizga yordam berishimiz mumkin".
Rossiya-Ukraina mojarosi fonida migrantlar bilan bog‘liq vaziyat yana-da chigal tus oldi. Sababi, Rossiyaning Ukrainaga to‘liq urushi boshlanganiga qariyb uch yil ichida majburiy urushga safarbar etilgan O‘zbekiston fuqarolari ham tez-tez uchrab turdi.
O‘zbekistondagi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati ayni shu masalada ham faollik ko‘rsatib keldi. Harakat O‘zbekistonda fuqarolar orasida Rossiyada yashayotgan o‘zbekistonlik ishchilar va mahbuslarning Rossiya armiyasiga majburiy safarbar qilinishi haqidagi xabardorlikni oshirishda ko‘rsatgan jonbozligi uchun Frantsiya hukumatining "Ozodlik, tenglik, birodarlik" milliy mukofoti bilan taqdirlandi.
Ushbu Inson huquqlari mukofoti 1988-yildan buyon har yili topshiriladi. U Millatlararo chegaralardan qat’i nazar, Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi ruhida inson huquqlarini himoya qilish va targ‘ib etishga hissa qo‘shadigan harakatlar va loyihalarni ko‘zda tutadi.
G‘oliblarga 14,000 yevro miqdorida mukofot beriladi, shuningdek, g‘oliblar va "maxsus e’tirof" olganlar Frantsiya Respublikasi tomonidan taqdim etilgan diplomatik himoyadan ham foydalanishi mumkin bo‘ladi.












