O‘zbekiston yoshlari nega universitetda o‘qishni istashmayapti? Video

Surat manbasi, NUU/BBC/Rasmiy
O‘zbekistonlik yoshlarning oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishi yildan-yilga kamayib boryapti.
Oxirgi vaqtlarda aksar yoshlar orasida universitet ta’limiga nisbatan salbiy qarash shakllangan.
Ko‘pchilik ishga kirishda endi diplom shart emas degan fikrda.
Qisqa muddatli kurslar tobora ommalashmoqda.
Universitet faqatgina texnik ko‘nikmalar uchun emas, balki yoshlarning ijtimoiylashuvi uchun ham muhim joydir. O‘zbekiston kabi boy va rivojlangan bo‘lmagan mamlakatda yuqori daromadli kasblar uchun universitet darajasi hanuz muhim o‘rin tutadi.
Shunga qaramasdan ham yoshlarning oliy ta’limdan uzoqlashib borayotganligi, tabiiyki, ba’zi ijtimoiy va iqtisodiy savollarni yuzaga keltiradi.
O‘zbekistondagi mahalliy universitetlarning sifati haqiqatan pastmi? Yoki yoshlar bir sohani 4-5 yil o‘rganishda tobora sabrsiz bo‘lib borayaptimi? Bugungi kunga kelib oliy ta’lim qanchalik o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda?
2022 yilda 1 million 200 mingdan ortiq abiturient universitetlarga hujjat topshirgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib, ularning soni qariyb 2 baravarga kamayib, 670 mingdan biroz ortiqni tashkil qilgan.
Ko‘pchilikda oliy ta’limga bo‘lgan ishonch susaygan. Yoshlar orasida ayniqsa "universitet menga amalda kerakmi?" degan fikr ommalashgan. Ayni sababdan, qisqa muddatli kurslarga bo‘lgan qiziqish rivojlanib bormoqda.
Ayniqsa IT, marketing, dizayn, tarjimonlik kabi sohalarda 3 oydan 1 yilgacha bo‘lgan dasturlar ishsiz yurgan, universitetga kira olmagan yoki umuman o‘qishni istamaganlar uchun tez, samarali va nisbatan arzon tanlovga aylangan.
Bu kurslarning ko‘plari xalqaro standartlarga mos, amaliy mashg‘ulotlarga boy va ish beruvchilarning talablariga bevosita moslashtirilgan.
Biroq, ushbu kurslar odatda faqat texnik bilimlarnigina berishga ixtisoslashgan. Ularda o‘quvchilar chuqur nazariy tayyorgarlikdan o‘tmaydi, fan asoslarini o‘zlashtirmaydi va professional mutaxassis emas, aksincha, boshlang‘ich xodim sifatida o‘qitiladi.
Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, bu O‘zbekiston mehnat bozoriga yirik texnik ishchilar oqimi kirib kelayotganini anglatadi.
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning aytishicha, universitetga nisbatan faqat diplom beruvchi muassasa deb qarash yoshlarda ta’lim jarayonlari haqida ham yanglish tushuncha tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.
"Universitet bu faqatgina texnik ko‘nikmalarni o‘rgatadigan joy emas, universitet – bu muhit. Universitet olti oylik yoki bir yillik kurslar berolmaydigan bilimlarni beradi. U talabalarga tizimli fikrlashni o‘rgatadi. Biron masalaga mohiyatdan yondashuvni o‘rgatadi. Texnik bilimlar bilan talabalar ishda muayyan darajagacha chiqish mumkin. Ammo yaxshi fuqaro va o‘z sohasining professionali bo‘lish uchun oliy ta’lim muhim ahamiyatga ega," – deydi u.
Universitet bu faqatgina texnik ko‘nikmalarni o‘rgatadigan joy emas, universitet – bu muhit. U talabalarga tizimli fikrlashni va biron masalaga mohiyatdan yondashuvni o‘rgatadi.
Shu bilan birga, so‘nggi besh yillikda O‘zbekistonlik yoshlarning xorijiy universitetlarga qiziqishi keskin oshdi. Bu esa mahalliy universitetlarga qiziqish pasayib borayotganligining sabablaridan biri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil O‘zbekiston talabalari xorijda o‘qiyotgan davlatlar ro‘yxatida 3 o‘rinni egallagan. Undan avvalgi o‘rinlarda esa eng ko‘p aholi soniga ega bo‘lgan davlatlar Xitoy va Hindistondir.
Biroq, bu ikkisidan farqli ravishda, O‘zbekiston aholi soni jihatidan anchayin kichik hamda mamlakatning umum iqtisodi unchalik barqaror emas.
Shunga qaramasdan ham, ta’lim uchun xorijga chiqib ketayotgan o‘zbekistonliklar soni yildan-yilga o‘sib bormoqda. Birgina 2023 yilda O‘zbekiston talabalarining 10 foizdan ortig‘i chet elda o‘qigan bo‘lsa, keyingi yillarda bu yanada o‘sdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ayniqsa, hukumatning o‘zi grantlar ajratib, iqtidorli yoshlarni xorijga o‘qishga yuborayotgani muhim signaldir. Demak, hukumat ham ichki tizimga to‘liq ishonmayaptimi yoki kamida uni yetarli darajada zamonaviy deb hisoblamayaptimi?
Sevinch Hamraeva ham O‘zbekiston hukumatining "El-yurt umidi" stipendiyasi g‘olibi, u Buyuk Britaniyadagi York universiteti talabasi. Ayni jamg‘arma uning xorijdagi o‘qish va yashash xarajatlarini qoplaydi.
Stipendiatlar o‘qishni tamomlagach, O‘zbekistonga qaytishi hamda mamlakatda 5 yil muddat qolib ishlashi kerak. Bu har bir stipendiya g‘olibi uchun belgilangan majburiyat. Biroq, xorijda o‘qishga o‘z hisobidan yoki xalqaro grantlar orqali ketayotganlarning aksariyati chetda qolishni afzal bilmoqda.
"Mendagi xavotir shuki, odatda bakalavr yo‘nalishida chetga yuboriladigan yoshlar 17-18 yoshda bo‘ladi. Bu esa ularning dunyoqarashi endigina shakllanayotgan yosh. Bu davrda [tashqi omil] ta’siri juda kuchli bo‘ladi. Shu bilan birga, kelajakni butkul boshqa joyda noldan qurish imkoni bor ularda. Ayni sababdan ham, ularning O‘zbekistonga qaytib kelishi ehtimoli juda past bo‘ladi. Bu esa "brain drain", odatiy aytganda, "miya"larning chetga oqib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin," – deydi Komil Jalilov.

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Toshkentdagi imtihon markazlarida esa odam gavjum. Iyulning so‘nggi haftalarida yoshlar mahalliy universitetlar uchun test topshirmoqda. Ularning ba’zilari o‘z kelajagini haqiqatan oliy ta’lim darajasi bilan ko‘radi.
"Men yoshligimdan oliy ta’limning ahamiyatini his qilib katta bo‘lganman. Bu allaqachon oilamizdagi muhim odatga ham aylangan. Yaxshi bir fuqaro va o‘z kasbimning ustasi bo‘lish uchun universitetga topshiryapman. O‘ylaymanki, universitet ta’limi juda muhim. Sababi, inson, albatta, bir sohani egallashi uchun 3-4 yil umrini sarflashi hamda o‘qituvchilar bilan ishlashi kerak, deb o‘ylayman," – deydi imtihon topshiruvchi yoshlardan biri.
Universitet diploma va ish topish yillardirki o‘zbek jamoatchiligi orasida qaynoq muhokama mavzusi. Biroq, oliy ta’lim faqatgina kasbiy emas, balki yoshlarning ijtimoiy shakllanishi uchun ham muhim joydir. O‘zbekistonda esa ba’zi yoshlar hanuz o‘z kelajagini universitet diplomi bilan ko‘rsa-da, unga parallel ravishda, maktabdan keying ta’limni yoqlamaydiganlar soni ham oshib bormoqda.












