Oliy ta'lim: O'zbekistonning nega dunyoda o'rni yo'q?

Сурат манбаси, Thewur.com
Jahon Iqtisodiy Forumi 2016 yilning eng zo'r universitetlari ro'yxatida yana G'arbiy Evropa, Shimoliy Amerika, Sharqiy va Janubiy Osiyoning oliy o'quv yurtlari eng yuqori o'rinlarda keladi.
Ayni paytda, Janubiy Osiyo, Janubiy Amerika, sobiq sotsialistik Sharqiy Evropa va hatto ayrim notinch Shimoliy Afrika davlatlari ham orqada qolmaslikka intilishayotgani kuzatiladi.
Dunyo davlatlarining oliy ta'limdagi muvaffaqiyati asosida tuzilgan xarita esa och yo to'q sarg'ish va qizg'ish ranglar bilan belgilangan.
Rang qanchalik to'q bo'lsa, o'sha mamlakat universitetlari dunyoda oldi o'rinlarda. Och qizg'ish yo sarg'ish ranglar esa oliy ta'lim darajasi o'rtacha degani.
Biroq xaritada ikkita mintaqa rangsiz, ulkan oppoq dog' kabi ko'zga tashlanadi. Bittasi - Qora Afrika, ikkinchisi esa - Markaziy Osiyo.
Darvoqe, ayni qatorda yana urushlardan vayron Iroq, Suriya va Afg`oniston ham bor.
Ta'limda pora
O'zbekiston va Qozog'iston doxil ulkan mintaqa sobiq Ittifoqning boshqa davlatlaridan ham orqada qolmoqda.
Sovet davridan beri aholi savodxonligi baland, butun mintaqaning madaniy va ilmiy markazi bo'lgan O'zbekiston oliy ta'lim tizimi nega bunchalik abgorligi borasida esa tahlilchilar ko'plab sabablarni keltirishadi.
"O'zbekistonda olim ta'lim qoloqligining bosh sababi poraxo'rlikdir" - deydi ham O'zbekiston, ham Britaniya oliy o'quv yurtlarida o'qigan toshkentlik Abdumalik Saliev - "Bu unsur qabuldan boshlab, toki o'qish tugaguncha davom etadi".
Pora bilimsiz bolani o'qishga kiritish uchun beriladi va shu asno chalasavod mutaxassis etishtirish zanjiri davom etaveradi.
Ayni damda, malakali va yo hatto chetda o'qigan bilimli yoshlar uchun ham tuzuk maoshli ish yo'q. Oyliklar pastligi bois yosh-keksa bilimli mutaxassislar yo boshqa ishga o'tishadi, yo chet ellarga ketishadi.
Talabalar bir necha oylab o'qishdan uzib, paxta ishlariga majburlanadi.
Tayvanda ilmiy ish olib borayotgan yosh olim Farhod Abdurahmonovning bildirishicha, O'zbekistondagi bugungi ta'lim darajasi 1960-yillardagi Afrikaga o'xshab ketadi: Mahalliychilik yo qabilachilik avj olgan, faqat davlat rahbari shaxsi ulug'langan, ta'limga e'tibor berilmagan, qishloq xo'jaligi feodal usulda boshqarilgan.
"Hozir Markaziy Osiyo shunday boshqarilmayaptimi?" - savol qo'yadi suhbatdoshimiz.

Сурат манбаси, uza.uz
Oliy ta'lim tezda sifatli isloh qilinmasa, hozirgi global ilmiy raqobat davrida O'zbekiston nafaqat qoloq davlatga aylanadi, balki bilimsizlik mamlakat milliy xavfsizligini ham xavf ostiga qo'yadi, degan xavotirlar oz emas.
Nima qilmoq kerak?
Aksariyat olimlar va talabalarga ko'ra, ta'limdagi poraxo'rlik, adolatsizlik va maosh pastligini bartaraf etish lozim.
Biz bu borada Hindiston va Sharqiy Osiyodagi nufuzli oliy o'quv yurtlarida o'qigan va hozir ilmiy ish qilayotgan, ilg'or ta'lim tizimidan xabardor o'zbekistonlik yosh olim Farhod Abdurahmonov fikrlarini o'rgandik:
• O'zbekistonda abituriyent bir paytda kamida 5ta oliygohga kirish uchun hujjat topshirish imkoniyatiga ega bo'lishi lozim.
• Amaldagi test tizimini internet-onlayn shakliga o'tkazish joiz. Buning uchun imtihon o'tkaziladigan xonalarda kameralar o'rnatish, test topshirilishi zahoti javobni chiqarib berishni tashkillashtirish zarur.
• Ta'lim sohasidagi professor-o'qituvchilarning oylik maoshlarini keskin oshirish, ularga erkin ijod qilishlari uchun amalda imkoniyatlarni yaratib berish juda ham muhim. Shu asno chetdagi mutaxassislarni qaytarish mumkin.
• O'qituvchilar o'z fikrlarini, qarashlarini erkin bayon etish huquqiga ega bo'lishlari va talabalarga ham shunday imkoniyat berilishi shart. Ilmda erkin bahs-munozara, fikrlar xilma-xilligi bo'lmasa, davlat belgilagan "qobiqqa" o'ralashib qolishsa, rivojlanish ham bo'lmaydi.
• Turli turniket, oq ko'ylak, qora galstuk, uzun yubka kabi tashqi narsalarga ahamiyat berishni to'xtatib, asosiy e'tiborni malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratmoq kerak. Islohot deganda, o'quv yurti binosi oldini qora oyna bilan qoplab, ko'z-ko'z qilishni tushunmaylik.
• Ta'lim sohasini haqiqiy olimlar, ziyolilar, palagi toza insonlar boshqarishsin.
• Maorif vazirliklari, idoralar o'z vakolatlarini amalga oshirishda erkin va mas'ul bo'lishlari ham qonunan va ham amaliy jihatdan hukumat tomonidan ta'minlanishi shart.
•Akademik litseylarda ta'lim berish sifatini oshirish hamda kollejlarning bir qismini akademik litseylarga aylantirishni o'ylab ko'rish kerak.
• Davlatga qarashli oliygohlar bilan birgalikda xususiy universitetlar ochilishiga ham ruxsat berilsin.
• Ta'lim sohasidagi o'zgarishlarni boshqa sohalarni ham isloh etish orqaligina amalga oshirish mumkinligini yodda tutish zarur.
Albatta, Farhod Abdurahmonov fikrlariga qo'shimcha taklif yo qarashlar ham bo'lishi tabiiy.
Xususan, siz nima deb o'ylaysiz?

Сурат манбаси, kun.uz
O'zbekistonning o'z oliy o'quv yurtlari orasida eng atoqlisi, Toshkentdagi Xalqaro Diplomatiya va Iqtisodiyot Universiteti sanaladi. Ammo ushbu o'quv yurti ham dunyo reytingda yuqori o`rin ololmagan.
Mamlakatda Buyuk Britaniyaning Vestminster va Janubiy Koreyaning Inxa universitetlari kabi bilim dargohlari filiallar ochishgan.
Biroq ular chet el o'quv yurtlari sanaladi va ko'plab bitiruvchilar ham xorijdan ish izlashga majbur bo'lishayotganini aytadilar.
Prezident Shavkat Mirziyoev ilmiy xodimlar hamda professorlarga endi e'tibor qaratishiga ishora berdi. Olimlar bilan uchrashuvlar o'tkazdi, ularning moddiy ahvolini yaxshilash zarurligini ta'kidladi.
Biroq oliy ta'limni keng isloh qilish va O'zbekiston universitetlarini jahondagi etakchi bilim dargohlari qatoriga qo'shish mamlakatdagi hozirgi sharoitda oson kechmaydigan ko'rinadi.
Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook- BBC UZBEK
Google+ BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio
bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.














