Afg‘oniston: Tolibon harbiy paradi, O‘zbekiston xavotirlari va o‘qishi man etilgan qizlar – Diqqat, BBC - Video

Сурат манбаси, EPA
Afg'onistonda Tolibon hukumati davlat tepasiga kelganining uch yilligini nishonlayapti. Tolibon 2021 yil 15 avgustida poytaxt Kobulni qo'lga olganida AQSh tomonidan dastaklangan hukumat qulagan va uning rahbarlari xorijga qochgandi.
Айни мақолада Google YouTube томонидан тақдим қилинган контент мавжуд. Биз бу контент юкланмасидан аввал сизнинг розилигингизни сўраймиз, чунки улар куки ва бошқа технологиялардан фойдаланган бўлиши мумкин. Сиз Google YouTube ҳаволасида кукиларга доир ва шахсий маълумотларга оид қоидалар ҳақида аввал ўқиб, кейин қабул қилишга рози бўлишингиз мумкин. Кўриш учун “қабул қилиш ва давом этиш”ни танланг.
Охири YouTube пост
14 avgust kuni sobiqan Amerikaga tegishli bo'lgan Bagram qo'nalg'asida harbiy parad o'tkazilar ekan, Tolibon rasmiylari yonida Xitoy va Eron diplomatlari ham o'tirdi.
Bagram aviabazasi 20 yil davomida Amerika boshchiligidagi Tolibonga qarshi harbiy amaliyotlar boshqariluvchi markaz bo'lgan.
Aloqador mavzular:
Paradda sovetlar va amerikaliklardan qolgan tanklar bilan bir qatorda qiruvchi uchoqlar va hatto qo'lbola bombalar ko'z-ko'z qilindi.
Tolibon uch yil avval Afg'onistonni qo'lga olganida, minglab odamlar qatori jurnalistlar ham qochishga majbur bo'lishgandi. Jumladan BBCning Kobuldagi idorasi ham yopib qo'yilgan.
Lekin, shu kunlarda muxbirimiz Firuz Rahimi Tolibon davlat tepasiga kelganidan beri ilk marta Kobulga qaytib borishiga ruxsat berildi.

"To'rt tomonimda Tolibonning askarlari, hamma yoqda Tolibonning bayroqlari osilgan. Atrofda Tolibonnikiga o'xshash kiyimidagi yoshlar. Avval kostyum-shimda bo'lgan davlat xodimlarini ko'rardingiz, lekin ular yo'q. Ayollarni ham kam ko'rasiz. Musiqa eshitmaysiz, ko'proq Tolibon nashidlari eshitiladi. Kobulda ko'p joylarda elektr quvvati yo'q, ko'chalar qorong'u. Turli joylarda toliblar nazorat nuqtalarini o'rnatgan. Oldingi hukumat hudkushlik hujumlarini bartaraf qilish uchun katta to'siqlar qo'ygandi, ular hozir ham bor", - deydi muxbirimiz.
Mamlakat ichida qolgan ko'plab afg'onlar 40 yil davom etgan notinchliklarga chek qo'yilganidan mamnun, lekin iqtisod abgor holatda qolyapti.
Xalqaro hisobotlarga ko'ra, aholining faqat 40 foizida elektr bor, 67 foizi to'yib ovqat emayapti. Afg'onlarning qariyb yarmi qashshoqlik chizig'idan pastda yashamoqda.
Ayni damda shundoq ham ishsizlik va qashshoqlik darajasi yuqori bo'lgan bir vaqtda qo'shni Pokiston 700 ming afg'onistonlikni vataniga chiqarib yubormoqda.
Avvalgi urushlardan qochib Pokistonga joylashgan afg'onlar vatanga qaytib hech qanday yordam olmayotganlarini aytishadi.
Jahon banki hisobotiga ko'ra, Tolibon davlatni qo'lga olganida Afg'onistonda Yalpi ichki mahsulot (YaIM) 20,7%ga tushdi va 2022 yilda yana 6,2%ga tushdi.

"Afg'onistonda oldingiga qaraganda narxlar tushganini sezasiz. Lekin, asosiy muammo - pulning ozligi. Ish yo'q. Avvallari xalqaro hamjamiyatdan pul kelardi, hozir bu yo'q. Bir do'stim bilan bozorni aylandik. Uning aytishicha, bozorda sotuvchi ko'p, ammo oluvchi yo'q. Afg'oniston yakkalanib qolgan, iqtisodiy aloqalari ko'p emas. Lekin, Tolibon boshqa davlatlarni o'zi bilan murosa qilishga chaqiryapti, keling, sarmoya yotqizing, deyapti. Hatto amerikaliklarga aytishyapti, harbiy formada kelmasangiz, xush kelibsiz", - deydi Rahimi.
Tolibon hukumatini dunyo bo'ylab bironta davlat hali rasman tan olmadi.
Uning eng ko'p xalqaro norozilikka sabab bo'layotgan siyosatlaridan biri ayollarga qarshi kiritgan keskin cheklovlardir.
Birlashgan millatlar tashkiloti buni hatto "gender aparteidi" deya ta'riflagan.

Сурат манбаси, EPA
Avvalgi hukumat davrida Afg'oniston o'z parlamentidagi ayol deputatlar soni bo'yicha dunyoda oldingi qatorlarda turgan bo'lsa, bugunga kelib ular 6-sinfgacha ta'lim ola oladilar, xolos.
"Men 8-sinfda o'qiyotganimda Tolibon hukumatga qaytdi va biz qizlar maktabdan qoldik. Orzuim jurnalist bo'lish edi. O'qishni davom ettirganimda hozir 11-sinfda bo'lgan bo'lardim. Hozir uyda akalarimdan dars olyapman", - deydi muxbirimiz Kobul ko'chalarida suhbatga tortgan o'smir qiz.
"Hozir xavfsizlik ta'minlangan, biz bundan xursandmiz. Qizlarning maktablarini ochishlarini so'rayman", - deydi bir onaxon.
"Qizlar maktabga bora olmasa, muallim yo doktor bo'la olmaydi-ku. Ayollarga o'qish va ishlashga ruxsat berilsa, behad xursand bo'lardim", - deydi yuzini ro'mol bilan o'rab olgan ayol.

Mamlakat aholisining yarmi bo'lgan ayollarning ishlashga ruxsat berilmasligi shundoq ham abgor iqtisodiy ahvolni qiyinlashtiryapti.
Iqtisodga, shuningdek, oxirgi yillarda Afg'onistonda kuchaygan qurg'oqchilik va tabiiy ofatlar o'z ta'siri ko'rsatgan. Tolibon hukumati qishloq xo'jaligini rivojlantirib, o'z aholisini oziq-ovqat bilan ta'minlash uchun yangi ekinzorlarni yaratishga bel bog'lagan.
Bu borada Tolibonning O'zbekiston bilan aloqalarida eng ziddiyatli bo'lib turgan mavzu - Afg'oniston qurayotgan 285 kilometrlik Qo'shtepa kanali.
Amudaryoning quyi oqimida joylashgan Turkmaniston va O'zbekistonda bu kanal qurilishi suv tanqisligi bo'yicha jiddiy xavotirlarni uyg'otyapti.
U suvsizlikdan jabr chekib keladigan millionlab afg'onlarni suv bilan ta'minlashi mumkin, lekin O'zbekistonda u qishloq xo'jaligiga sezilarli salbiy ta'sir qilishi xavfi katta.
Muxbirimiz Firux Rahimi bilan suhbatida Afg'oniston Qishloq xo'jaligi, sug'orish va chorvachilik vaziri Otaullo Umari O'zbekiston bilan muzokaralar muntazam olib borilayotganini aytdi.

Сурат манбаси, Reuters
"Suv borasida dunyo bo'yicha bir qonun bor - oqilona, odilona va ma'qul foydalanish. Odilona degani faqat o'z haqingizni olasiz, undan ko'proq olmoqchi bo'lsangiz, kelishib olasiz. Qo'shningiz bilan kelishasiz. Maqbul tariqada, ya'ni isrof qilmaysiz. Sizning ko'p suvingiz bor-u, qo'shnilaringiz suvsiz qolgan, ularga bermay, o'zingiz maqbul foydalanmaysiz. Qo'shnilar bilan muloqotdamiz. Ular kelishadi, o'tiramiz, hozirgacha ham necha bor uchrashganmiz", - deydi Tolibon vaziri.
Omari janoblari O'zbekistonning o'z hududidagi qurg'oqchilik xavotirlarini tan oladi.
"Ular bilan o'rtamizda hayotiy ahamiyatga ega katta daryo o'tadi. Ularning xavotirlari bor - xavotirlari borasida shunday kelishdik. Siz ham, biz ham haqimizdan odilona va maqbul foydalanamiz. Ikkinchidan, zarar-kamchiligimizni shu me'yor asosida ko'rib chiqamiz. Amudaryoga xatarlar, foyda-zararlarini birgalikda ko'ramiz. Shu borada ko'p yaxshi kelishuvlarimiz, bordi-keldimiz bor", - deydi u.
https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002














