Tolibon Qo'shtepa kanalining yarmi qazildi deydi

Сурат манбаси, Ndc.gov.af
Qo'shtepa kanalini qazish ishlari yarim yo'ldan o'tdi, deya xabar bermoqda Tolibon rasmiylari.
Loyihaga rahbarlik qilayotgan Sayid Zabihulloh Miri 27-iyul kuni afg'on matbuotiga kanal avvaldan belgilangan yakuniy nuqta - Faryob viloyatidagi Andhuy tumaniga yetib qolganini ma'lum qilgan.
Zabihulloh Miri qurilish ishlarining 130 kilometrlik masofani o'z ichiga oluvchi ikkinchi bosqichi 58 foizga bajarilgani, ayni paytda, 3,500 inson va 3,000 ta texnika loyihada ishlayotganini tilga olgan.
Aloqador mavzular:
Ziddiyatli kanal loyihasini amalga oshirayotgan tan olinmagan Tolibon hukumatiga qarashli Milliy rivojlanish kompaniyasi ikkinchi bosqich ishlari shu yil oxirigacha yakunlanishi va kanal Andhuy tumanidagi yakuniy nuqtaga qadar qazib yetkazilishini bildirgan.
Shundan so'ng kanal bo'ylab suv qo'yib yuborilishi aytiladi.
Kompaniyaning ma'lum qilishicha, ikkinchi bosqichga qariyb 300 million dollar sarflanmoqda.

Сурат манбаси, .
Tolibon O'zbekiston-Afg'oniston chegarasi bo'ylab oqib o'tuvchi Amudaryodan suv oladigan bu kanalni shiddat bilan qazib bormoqda.
Umumiy uzunligi 285 chaqirimga yetishi kutilayotgan Qo'shtepaning 110 chaqirimga yaqin masofani o'z ichiga olgan birinchi bosqichi o'tgan yilning kuzidayoq yakuniga yetkazilgan va shu zahoti ikkinchi bosqichni qurish ishlari boshlab yuborilgan edi.
Kanal jami uch bosqichda quriladi.
Birinchi-ikkinchi bosqichda u yakuniy nuqtaga qadar qazib borilsa, 2028-yilgacha tugatilishi aytilgan uchinchi bosqichda undan suv oluvchi qo'shimcha kichik inshootlar qurib bitkaziladi.

Сурат манбаси, Ndc.gov.af
Tolibon qiymati bir necha yuz million dollarga baholanayotgan bu kanal bilan Afg'oniston shimolidagi dehqonchilikni jonlantirib olishi, minglab odamlar ishli boʻlishini aytayotgan bo'lsa-da, loyiha Markaziy Osiyo davlatlarida sezilarli tashvishga sabab bo'lgan.
Eng asosiy xavotir - tabiiyki, mintaqa allaqachon yuzlasha boshlagan suv taqchilligi muammosi.
Taxminiy hisoblarga ko'ra, kanal to'liq ishga tushgandan so'ng Amudaryo suvining uchdan bir qismini Afg'oniston tomon oqizib ketadi.
Bu esa hozirning o'zida suvdan qiynalayotgan O'zbekistonning janubiy hududlari va Turkmanistonning Amudaryo suviga bog'langan qismlaridagi ahvolni yanada abgorlashtirishi mumkin.
Boshqa tomondan ko'plab mutaxassislar kanal konstruksiyasi sifatini savol ostiga olgan.
O'tgan yili kuzda qirg'izistonlik mustaqil tadqiqotchi e'lon qilgan o'rganish natijalarida kanal ibtidoiy usullar bilan katta tezlikda qazib borilayotgani, suv inshooti tubi va qirg'oqlari mavjud sinalgan usullarda mustahkamlanmayotgani, buning oqibatida esa, ertaga suv qo'yib yuborilganda uning yerga singib ketishi ehtimoli yuqori qolayotgani haqida so'z boradi.
Shuningdek, Tolibon Qo'shtepa loyihasidan ham mamlakat ichkarisida, ham xalqaro maydonda PR va ta'sir o'tkazish vositasi o'laroq foydalanayotgani aytiladigan qarashlar ham mavjud.
BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг.
Telegram каналимиз: https://t.me/bbcuzbek













