Tolibon turizmi: Afgʻonistonga sayohat qilishni istaysizmi?

Сурат манбаси, Getty Images
Taʼtilni rejalashtirayotganda Afgʻonistonga sayohat qilishni koʻzlovchilar koʻp boʻlmasa kerak.
Oʻnlab yillar davom etgan urushlardan keyin Markaziy Osiyoning bu davlatiga qadam qoʻyishga sanoqli sayyoh jurʼat etadi. Shundoq ham abgor turizm sanoatining kelajagi 2021-yilda Tolibon hokimiyatga qaytishi bilan yanada mavhumlashdi.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarga nazar tashlasak, turizm nafaqat saqlanib qolgan, balki oʻziga xos tarzda rivojlanib borayotganini koʻramiz.
"Afgʻonistonga borishingiz uchun besh sabab", deb hayrat bilan gapiradigan sayyohlarning kameralari jilvalangan koʻllar, togʻ dovonlari va rang-barang, gavjum bozorlar boʻylab oʻtib boradi.
Aloqador mavzular:
"Afgʻoniston 20-yildan beri bunchalik xavfsiz boʻlmagan", deydi yana biri va 20-yildan koʻproq vaqt oldin portlatilgan Bomiyon Buddalarining vayron boʻlishidan qolgan ulkan jarliklar yonida tushgan suratini tarmoqqa joylab.
Bu qiziqarli videolar ortida sayohatchi yoʻliqayotgan xavf-xatarlar va bu oʻsib borayotgan sanoat kimga yordam berayotgani haqida savollar turibdi. Bu turizm kimga qoʻl keladi - omon qolish uchun kurashayotgan aholigami yoki oʻz obroʻsini oshirishga intilayotgan rejimga?

Сурат манбаси, .
"TikTokʼda Tolibonning sayyohlik yoʻlboshchisi va Tolibon amaldori sayyohlarga Buddalar vayron qilingan joyni ziyorat qilishi uchun chipta tarqatayotgani haqidagi videolarni koʻrish juda istehzoli", deya taʼkidlaydi oilasi 1990-yillarda birinchi Tolibon rejimi davrida Afgʻonistondan qochgan doktor Farxondeh Akbariy.
"Bu odamlar Buddalarni yoʻq qilgan."
Shunchalar yovvoyiki!
Sasha Xini sayohat qilgan mamlakatlar roʻyxati, bir qarashda, ideal dam olish maskaniga oʻxshamaydi - koʻpchilik yangiliklarda oʻqishga odatlangan joylar.
Balki shuning uchun Xini va u kabi minglab odamlar shu yurtlarni tanlagandir: olisda, iloji boricha besh yulduzli kurortdan uzoqda, noyob, oʻziga xos joylar.
Shuning uchun Afgʻoniston uni oʻziga jalb qilgandir, ehtimol.
Tolibon bundan qanday naf koʻradi? Axir, ular begonalarga, ayniqsa, gʻarbliklarga nisbatan chuqur shubha va hatto dushmanlik bilan qarashi bilan mashhur.
Shunga qaramay, ular bir oz noqulay boʻlsa-da, sayyohlar yonida, qurollarini koʻtarib, suratga tushmoqda va bu videolar TikTokʼda (mamlakatda 2022-yildan beri taqiqlangan) aylanishi mumkin.

Сурат манбаси, Getty Images
Qaysidir darajada javobi oddiy. Keng qamrovli sanksiyalar ostida asosan xalqaro miqyosda yakkalanib qolgan va Afgʻonistonning sobiq hukumatiga oʻtkazilgan mablagʻlardan mahrum boʻlgan Tolibonga pul kerak.
AP axborot agentligi maʼlumotlariga koʻra, sayyohlar soni 2021-yildagi 691 tadan oʻtgan yili 7,000 dan oshgan.
Ularning aksariyati bir necha ming dollar toʻlab, "haqiqiy Afgʻoniston"ni koʻrish uchun xalqaro kompaniyalar taklif qilayotgan son-sanoqsiz turlardan biri orqali kelishgan.
Tolibon hukumatining Kobuldagi turizm departamenti rahbari Muhammad Said shu yil boshida mamlakatning sayyohlik markaziga aylanishini orzu qilishini aytgan edi. Xususan, u Xitoy bozorini koʻzlayotganini aytdi - bularning barchasi "ulugʻlar qoʻllovi" bilan ekan.
"Ular [turizmdan] nimani koʻzlashgan boʻlsa ham yaxshi", deydi afgʻon gid Ruhulloh. U uch yildan buyon sayyohlarga yoʻlboshlovchilik qiladi.
"Turizm juda koʻp ish oʻrinlari va imkoniyatlar yaratadi," deb qoʻshimcha qiladi u.

Сурат манбаси, Getty Images
2021-yilda u "oʻzgarish" deb atagan Tolibon hokimiyatni qoʻlga kiritganidan soʻng, bir doʻsti unga sayyohlarga ekskursiya boʻyicha ish taklif qildi. Bungacha u Afgʻoniston Moliya vazirligida sakkiz yil ishlagan.
U bundan afsuslanmadi. Xini kabi sayyohlik guruhlari haydovchilar va mahalliy gidlarga muhtoj. Sayyohlar soni oʻsib borar ekan, ish doim topiladi.
Bir guruh yigitlar rivojlanayotgan turizm sanoatdan foydalanish umidida Kobulda Tolibon tomonidan maʼqullangan mehmondoʻstlik kurslarida oʻqiyotgani ajablanarli emas.
"Bu yildan koʻp narsa kutmoqdamiz, - deydi Ruhulla. - Hozir tinchlik davri - ilgari Afgʻonistonning barcha hududlariga borish ilojsiz edi, ammo hozir bu haqiqatan ham mumkin."
May oyida Bomiyondagi bozorda "Islomiy davlat" guruhining Xuroson shoʻbasi jangarilari tomonidan uch ispaniyalik sayyoh va bir afgʻon fuqarosi oʻldirildi.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bu davlatga borishdan qaytaradigan maslahat berishda davom etmoqda. Vest-Poyntdagi terrorizmga qarshi kurash markazi maʼlumotlariga koʻra, ID birgina 2023-yilda 45 ta shunday hujum uyushtirgan.
Albatta, Afgʻonistonda xavfsizlik holati yaxshilanishi sabablaridan biri shundaki, AQSH bosqinidan keyin mamlakatni qamrab olgan 20-yillik urush paytida, zoʻravonliklarning katta qismini Tolibonning oʻzi amalga oshirar edi.
Masalan, 2021-yilning dastlabki uch oyini olaylik, BMT 1783 nafar tinch aholi qurbonlarining 40 foizdan ortigʻini Tolibonga bogʻlagan. Biroq, bu faqat Tolibon emas edi. Xuddi shu hisobotda qayd etilishicha, AQSH boshchiligidagi afgʻon hukumat kuchlari xuddi shu davrdagi qurbonlarning 25 foiziga masʼul boʻlgan.
"Qoidani bilib, oʻynashni oʻrganing"
Eng ajablanarlisi shundaki, Xini va u bilan shu yil boshida Lupin sayohatiga borgan guruhning yana ikki aʼzosi ayol boʻlgan. Shimoliy Koreyada va boshqa yopiq yoʻnalishlarga sayohatlar tashkil qilish boʻyicha oʻn yillik tajribaga ega boʻlgan Young Pioneer Tours hatto Afgʻonistonga ayollar sayohatlarini ham uyushtira oldi. Ruhulloh yolgʻiz ayol sayyohlarga ham "hech qanday muammosiz" hamrohlik qildi.
Tolibonning ayollarga nisbatan cheklovchi qoidalari - ularni ishdan, oʻrta taʼlimdan va hatto Band-e Amir milliy bogʻidan chiqib ketishga majbur qilgani - mamlakatga ayol sayyohlar tashrifini taqiqlamaydi.
Bu Afgʻonistonda "ayollar va erkaklar turlicha" degan maʼnoni anglatadi, deya tan oladi. Bu, albatta, yomon narsa emas, deydi u.
"Erkaklar ayollar bilan gaplasha olmaydi, ayollarga mumkin, - deb tushuntiradi Rouen Berd. U 2016-yildan buyon mamlakatga sayyohlar olib keladi. - Ayol sayyohlarimiz mahalliy ayollar bilan oʻtirib, ular bilan bemalol suhbatlashishi mumkin."
Lekin hamma belgilangan qoidalarga amal qilishi kerak. Hini va uning guruhiga ushbu qoidalarga rioya qilish uchun nima talab qilinishi, jumladan, ular qanday kiyinishi, oʻzlarini qanday tutishi, kim bilan gaplashishi va gaplasha olmasligi haqida oldindan maʼlumot berilgan.
Har yerda hozir boʻlgan va qurollangan holda chetdan kuzatib turgan Tolibon Hini yoki uning guruhidagi ayollar bilan gaplashmaydi.
"Qoidani bilib, oʻynashni oʻrganishingiz kerak", deb tushuntiradi u.

Сурат манбаси, Getty Images
Xini uchun Afgʻonistonning "mutlaqo yoqimli", saxovatli va mehmondoʻst xalqini koʻrsatadigan "juda baxtli" ayollar bilan uchrashish turning eng muhim voqeasi boʻldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan videolarda ayollar koʻchalarda koʻzga tashlanmaydi, bunga bir sayyoh eʼtibor qaratdi.
"Azoblarimizni niqoblash"
Bu tasvirlarni koʻrgan Afgʻonistondan tashqaridagilarda salbiy taassurot qoladi.
"[Sayohlar oʻylaydiki] bu dunyoning qoloq bir qismi va ular xohlaganini qila oladi - boshqasi ularga farqsiz", deydi doktor Akbariy, u hozirda Avstraliyadagi Monash universitetida doktoranturadan keyingi tadqiqotchi sifatida ishlamoqda.
"Biz boramiz, manzaradan zavqlanamiz. Shunisi bizni juda xafa qiladi."
Uning qoʻshimcha qilishicha, aynan "siyosiy va ijtimoiy xabardorlik yoʻq boʻlgan bu axloqsiz turizm" Tolibonga hokimiyat tepasiga qaytganidan keyingi reallikni yaltiroq koʻrsatishga imkon beradi.
Chunki, ehtimol, bu Tolibon uchun turizmning yana bir qiymatidir: yangi imijdir. Bu afgʻon ayollari hayotini tartibga soluvchi qoidalarni koʻrsatmaydi.

Сурат манбаси, AFP
"Mening oilam erkak vasiy boʻlmagani uchun bir hududdan boshqasiga sayohat qila olmaydi", deydi doktor Akbari. "Gap 50% aholining saylov huquqidan mahrum boʻlganligi haqida bormoqda… Gap gender aparteidini oʻrnatgan rejim haqida bormoqda".
"Ha, gumanitar inqiroz bor: sayyohlar borib doʻkondan biror narsa sotib olishi va bu mahalliy oilalarga yordam berishi mumkinligidan xursandman, ammo buning toʻlovi qancha? Bu Tolibon rejimini normal holga aylantiradi".
Xinining tan olishicha, tashrifdan oldin u Tolibonning ayollarga nisbatan tutgan pozitsiyasi uchun "maʼnan qiynalgan".
"Albatta, men ularning huquqlarini jiddiy qabul qilaman - bu xayolimdan oʻtgan, - deydi u. - Ammo sayyoh sifatida… Menimcha, bu mamlakatlar tashrif buyurishga va ularni eshitishga loyiq. Ular haqidagi oʻylarimiz toʻgʻrimas. Men oʻz koʻzim bilan koʻrsam deyman. Shunda oʻz hukmimni chiqara olaman."
Berd odamlarga "mamlakatdagi ayollar tashvishlari haqida bir xil javob bergandan koʻra, har kimga oʻz xulosalarini chiqarishga" imkon berish kera deydi.
Nottingem universiteti Biznes maktabining marketing va turizm professori Marina Novellining aytishicha, baʼzilar ijtimoiy tarmoqlarda baham koʻrgan oʻta nekbin fikrlarni muammoli deb hisoblash mumkin.
"Men ular borayotgan joyni sensatsiya qilishda juda ehtiyot boʻlardim", deydi u va baʼzilar "sodda manzarani chizishi" mumkinligini tushuntiradi.
"Baʼzida sayohatchilar ijobiy xabar yoʻllashni istashadi, ammo bu muammolar yoʻqligini anglatmaydi."

Сурат манбаси, Getty Images
Sayyohlik etikasi boʻyicha xalqaro kengash aʼzosi professor Novellining fikricha, boykot ham yoʻl emas.
"Menimcha, bu muammo - bu mamlakatlarni yanada izolyatsiya qiladi."
Bu chiziqni qayerga chizish kerakligi haqidagi savolni ham tugʻdiradi: global shimolda hukumatlari shubhali koʻplab sayyohlik yoʻnalishlari bor, deydi u.
Ammo eʼtiborga olish kerak boʻlgan potensial naflar ham yoʻq emas: Saudiya Arabistonida oʻsib borayotgan turizm sanoati ayollarning jamiyatdagi rolini oshirishga olib keldi, deydi u.
"Menimcha, turizm tinchlik va madaniyatlararo almashinuv uchun kuch boʻlishi mumkin", deydi professor Novelli.
Biroq, bu salohiyat doktor Akbariy kabi ayollar, uning oilasi va Afgʻonistondagi doʻstlari hayotini osonlashtirmaydi.
"Bizning dardlarimiz va azoblarimiz yashirilmoqda, - deydi u, - Tolibon xohlayotgan bu soxta xavfsizlik ularni bir chetga surib qoʻymoqda".
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002















