Parij-2024: Tolibonga qarshi sportchi opa-singillarning Olimpiya orzusi

Afg'on velosipedchi qizlar Yulduz va Fariba
    • Author, Firuz Rahimiy va Piter Bol
    • Role, Shveytsariya
  • Ўқилиш вақти: 4 дақ

Shveysariya Alp togʻlari etagidagi yoʻlda tezlik bilan ketayotgan Fariba Hoshimiy narxi 15 ming funt sterling(taxminan 19500 AQSh dollari)ga baholanadigan velosipedining oʻrindigʻidan koʻtarilib, bir necha metr oldindagi singlisi Yulduz bilan oʻrtasidagi masofani qisqartirish uchun pedallarini yanada qattiqroq aylantiradi.

Bu mashqlar Tolibon hokimiyatga kelganida, opa-singillar oʻz tashqi koʻrinishlarini oʻzgartirib, birovdan olib turilgan velosipedlariga oʻtirgancha qishloqlaridan chiqib ketganlarida boshlagan sarguzashtlarining soʻnggi odimlaridir.

Aloqador mavzular:

Mana endi ular Parijdagi Olimpiya oʻyinlariga yoʻl olishdi. Tolibonning ayollarning sport bilan shugʻullanishini taqiqlovchi qaroriga qaramay, ular musobaqalarda oʻz mamlakatlari - Afgʻoniston bayrogʻi ostida ishtirok etishadi.

Choʻqqi sari

Yulduz va Fariba velopoygada
Сурат тагсўзи, Yulduz va Fariba Parij Olimpiyada o'yinlarida velopoygada qatnashishadi

Yulduz va Fariba Parij Olimpiadasida shosse velosiped poygasida ishtirok etishadi.

Dunyoda koʻplab nufuzli sportchilar atak-chechak qilishlari bilanoq sport bilan shugʻullanishni boshlaydilar. 21 yoshli Fariba va 24 yoshli Yulduz esa velosportga kechikib kelishgan.

Ular Afgʻonistonning eng chekka va anʼanador viloyatlaridan biri Faryobda oʻsib ulgʻayganlar, u erda ayollarning velosiped minganini koʻrmaysiz.

Mahalliy velopoyga haqida eshitib, qatnashishga qaror qilishganida Fariba 14, Yulduz esa 17 yoshda edilar.

Иқтибос

Сурат манбаси, .

Ular oldida ikki muammo turar edi: birinchisi — velosipedning yoʻqligi, ikkinchisi - velosiped minishni bilishmasligi.

Opa-singillar tushdan keyin qoʻshnisining velosipedini olib turishdi. Bir necha soatlik urinishlardan keyin binoyidek velosiped haydab ketishdi.

Navbatdagi muammo Afgʻonistonning konservativ hududlarida ayollarning sport bilan shugʻullanishiga iliq qaralmasligi sababli, ota-onalaridan bu sportga kirishganliklarini yashirish boʻlgan.

Opa-singillar yolgʻon nomlar ishlatib, odamlar ularni tanimasliklari uchun keng kiyim, katta roʻmol va qora koʻzoynak taqib kimliklarini yashirishga majbur boʻldilar.

Poyga kuni esa opa-singillar birinchi va ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi.

"Bu juda ajoyib his edi", deydi Fariba. "Men oʻzimni uchishga qodir qushdek his qildim. "

Tolibon hokimiyatni qoʻlga kiritgach, Fariba va uning singlisi Afgʻonistonni tark etdilar.

Ota-onasi esa ularning velopoygalarda ishtirok etib yurganini tasodifan mahalliy nashrlardan bilib qoldilar.

"Ular avvaliga xafa boʻlishdi. Velosportni toʻxtatishimni soʻrashdi", — deydi Fariba. "Ammo men yoʻlimdan qaytmadim. Yashirincha boʻlsa-da davom ettirdim", deb jilmayadi.

Sevimli boʻlgan mashgʻulotlarini davom ettirish oson va xatarsiz emas edi — odamlar velosipedda oʻtayotganda ularni mashina yoki riksha bilan urishga harakat qilishar yoki ularga tosh otishardi.

"Odamlar bizni haqorat qilishar, men esa faqat poygada gʻalaba qozonishni xohlardim", deydi Yulduz.

Vaziyat esa yomonlashib borar edi.

Vatanni tark etish

2021-yili, opa-singillar velosiped minishni boshlaganidan toʻrt yil oʻtib, Tolibon mamlakat ustidan nazoratni oʻz qoʻliga oldi. Ayollarning taʼlim olish, sayohat qilish kabi tamal huquqlarini cheklab qoʻydi. Shuningdek, ayollarning sport bilan shugʻullanishlarini ham taqiqladi.

Yulduz va Fariba bir kun kelib Olimpiadada ishtirok etishni orzu qilar edilar. Ular poygalarda qatnashishni istasalar, Afgʻonistonni tark etishlari kerakligini anglashdi.

Fariba
Сурат тагсўзи, Fariba va singlisi Afg'onistondan ketganidan so'ng, birinchi bor Italiyada mashq qilishgan

Velosipedchilar jamoasidagi aloqalaridan foydalanib, qizlar va yana uch jamoadoshi Italiya evakuatsiya reysiga chiqib olishning uddasidan chiqdilar.

Yulduz Afgʻonistonni chiqib ketgach, singlisi bilan dastlab Italiyada velosport jamoasi bilan shugʻullandi.

Italiyada ayollar velosport jamoasiga qoʻshilishdi va birinchi marta haqiqiy sport murabbiylari qoʻlida mashq qila boshladilar.

"Afgʻonistonda bizda professional tayyorgarlik yoʻq edi", deydi Yulduz. "Biz uchun velosport faqatgina velosipedni boshqarish edi".

Ammo vatan va oilani tark etish oson boʻlmadi.

- Men uchun eng qiyini- onamdan uzoqlashish, - deydi Fariba. "Velosiped haydaganim uchun aka-uka va opa-singillarimdan ajrab qolishimni hech oʻylamagan edim. Men koʻp narsani qurbon qildim"

Tolibonning Afgʻonistonni egallab olishi mamlakatning Olimpiada oʻyinlarida qatnashishiga ham shubha tugʻdirdi.

Milliy olimpiya qoʻmitalarining oʻyinlarga sportchilarni tanlash jarayonida hukumatlar aralashmasligi kerak.

Tolibonning ayollarning sport bilan shugʻullanishini taqiqlashi ushbu jarayonga toʻgʻonoq boʻldi. Afgʻoniston terma jamoasiga ayollar kiritilmagani, Tolibon oʻtgan marta hokimiyat tepasida kelgandagi kabi bu safar ham, mamlakatning Olimpiada oʻyinlaridan chetlashtirilishiga sabab boʻldi.

Ammo Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi afgʻon ayollarining oʻyinlarda qatnashishi choralarini izladi.

Afgʻoniston sport idoralari rahbarlari, jumladan, hozirda surgunda yashayotganlar Parijda mamlakat vakili boʻlish uchun maxsus guruh tuzish haqida muzokaralar oʻtkazdilar.

Parijga yoʻl

Vaqt oʻtib, Parij-2024 oʻyinlar boshlanganida afgʻon sportchilarini koʻrmasligimiz mumkin edi.

Iyun oyida Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi Parij Olimpiadasiga Afgʻonistondan gender tenglikda boʻlgan maxsus terma jamoani jalb qilganini eʼlon qildi. U uchta ayol va uch erkakdan iborat edi. Va ikkala opa-singil ham ular orasida.

"Bu ikkimiz uchun ham katta syurpriz boʻldi", deydi Fariba.

"Biz har doim Olimpiya oʻyinlarida qatnashishni orzu qilganmiz, endi orzuyimiz ushaldi", — deya qoʻshimcha qiladi Yulduz.

"Bizning huquqlarimiz cheklanganiga qaramay, katta muvaffaqiyatlarga erishishimiz mumkinligini 20 million afgʻon ayollariga koʻrsatamiz".

Yulduz va Fariba
Сурат тагсўзи, Yulduz va Fariba Jahon velosport markazida joylashgan va sportning global boshqaruv organi Xalqaro Velosipedchilar Uyushmasi tomonidan boshqariladigan tayyorgarlik guruhida mashq qilishmoqda.

XOQ Tolibon rasmiylari Parij 2024 ga tashrif buyurishiga ruxsat berilmasligini aytdi.

Soʻnggi tayyorgarliklar

Opa-singillar Xalqaro Velosipedchilar Uyushmasi moliyalashtiradigan va Shveysariyaning Eygle shahridagi Butunjahon velosport markazida joylashgan tayyorgarlik guruhi tarkibida Olimpiada poygalariga tayyorgarlik koʻrmoqdalar.

Bu joy Yulduz va Fariba birinchi marta velosiped haydashni oʻrgangan Afgʻonistondagi chang yoʻllardan ancha farq qiladi.

Ammo ularning shijoati oʻsha-oʻsha.

"Biz bir-birimizning kuch-quvvatimiz — men uni qoʻllab-quvvatlayman, u esa meni", — deydi Yulduz.

"Bizning gʻalabamiz Afgʻonistonga tegishli", — deya qoʻshimcha qiladi Fariba. "Gʻalabamiz Afgʻonistonlik ayollarniki. Men ular uchun Olimpiadaga ketyapman".

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002