"Bu kichkina iblis yana tasvirga olayapti": Rejissyorning Tolibon bilan o‘tgan vaqti

Surat manbasi, Rolling Narratives
- Author, Emma Jones
- O'qilish vaqti: 6 daq
2021 yil avgustida Tolibon poytaxt Kobulni egallashi natijasida Afg‘onistondan qochgan ko‘plab umidsiz odamlarni ko‘rdik.
11 sentyabrь hujumlaridan keyin mamlakatdan quvib chiqarilgan Tolibon AQSh kuchlari olib chiqilgach, saylangan hukumatni ag‘darib, hokimiyatga keldi.
Ammo minglab odam qochayotgan bir vaqtda ayrimlar mamlakatga kirishga harakat qildi, jumladan, misrlik jurnalist va Germaniyada yashovchi rejissyor Ibrohim Nash’at.
Ko‘p sa’y-harakatlardan so‘ng Nash’at Afg‘onistonda bir yilgacha qolishga ruxsat olishga muvaffaq bo‘ldi va asosan mamlakatning yangi tayinlangan harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Mavlaviy Mansur hamda filmda Harbiy havo kuchlariga qo‘shilish orzusini bildirgan yosh tolib leytenant M.J. Muxtor bilan birga film suratga oldi.
Tolibon hokimiyatga qaytganidan uch yil o‘tib, «Hollivudgeyt» nomli hujjatli film paydo bo‘ldi, u Markaziy razvedka boshqarmasining tashlab ketilgan harbiy bazasi nomi bilan shunday atalgan.
Ammo u mamlakatning yangi davri haqida hikoya qilmoqchi bo‘lganida, Nash’at hokimiyat tepasiga kelganida qatl va repressiyalarni boshlagan yangi hukumat bilan noqulay va tarang vaziyatga tushib qoldi.
"Bu kichkina iblis yana tasvirga olayapti", deydi noma’lum Tolibon Muxtorga Nash’atning oldida. "Umid qilamanki, u bizni Xitoy oldida sharmanda qilmaydi."
Yana bir safar Mansur Nash’atga "agar niyati yomon bo‘lsa, tez orada o‘ldirilishini" aytgan.
Bu haqda so‘rashganda Nash’at shunday dedi: "O‘shanda ular nima deyishganini tushunmadim. Men tarjimondan men haqimda aytilgan yomon gaplarni tarjima qilmaslikni so‘radim. Aqldan ozishni xohlamasdim».

Surat manbasi, Rolling Narratives
Garchi unga tez-tez suratga olishni to‘xtatish aytilgan bo‘lsa-da, u erkin olingan tasvirlardan yetarlicha to‘plagan, bu yerda tomoshabinlar Amerika qo‘shinlaridan qolgan buyumlarni, masalan, yugurish trenajerlarini ko‘rishadi (Mansur filmda bittasini o‘ziga yuborishni so‘raydi), universal hojatxonalar belgilari va alkogol bilan to‘ldirilgan muzlatgich, shuningdek, 7 milliard dollarlik qurol-yarog‘ning bir qismi. AQSh ularni tashlab ketganini tasdiqlagandi, shu jumladan 73 ta samolyot va 100 ta harbiy mashina.
"Bu yirtqich hayvonlar o‘zlarining so‘nggi kunlarini shu yerda o‘tkazdilar va hamma narsani vayron qildilar", deydi ulardan biri amerikaliklar haqida. Mansur va uning jamoasi sobiq Markaziy razvedka boshqarmasi bazasini birinchi marta fonar yorug‘ida aylanib chiqishdi.
O‘shanda AQSh harbiy qo‘mondonlari harbiy texnikani qayta ishlata olishmaydi degan edi, ammo Nash’at ta’mirlanayotgan samolyotlarning bir qismini suratga olgan va filmda u yerdagi rasmiylar Mansurga bu qurollar sinovdan o‘tkazish uchun tayyor ekanligini aytadi.

Surat manbasi, .
AQShga savollar
Nash’at Bi-bi-siga Amerika tashlab ketgan shuncha quroldan dahshatga tushganini aytadi.
"Men yo‘lda "Hollivudgeyt" yozuvini birinchi marta ko‘rganimda, bu men uchun hamma narsa edi", deydi u.
"Men qachonlardir Amerika bo‘lgan bu makon haqida film suratga olishni o‘ylaganman, keyin Tolibon uni egallab oldi. Men toliblarning Amerika karavotlarida uxlayotganini suratga olaman deb o‘ylagandim, lekin qurollarni suratga oldim."
"Bu narsalarning mavjudligi aql bovar qilmaydigan narsa, – deb davom etadi u. – Bu haqiqatan ham Amerika rasmiylari uchun savol, nega ular bularning barchasini ortda qoldirib ketishdi? Ular yana nechta omborni to‘ldirishgandi? Suratga olib bo‘lgunimcha ular bu qurollarni ta’mirlay oladi deb o‘ylamagandim".
Biroq, bir yil o‘tib, 2022 yil avgustida filmning keyingi sahnalarida Afg‘oniston Bosh vaziri va Mudofaa vaziri oldida Bagram aviabazasida harbiy parad o‘tkazilib, Amerika qurol-yarog‘ining ko‘p qismi namoyish etildi.
Paradda Rossiya, Xitoy, Pokiston va Eron kabi davlatlardan mehmonlar ishtirok etgan. Mansur bir necha samolyotning parvozini namoyish etishni buyuradi.
O‘shandan beri AQSh ommaviy axborot vositalari Afg‘onistonda qoldirilgan qurollar dunyo bo‘ylab boshqa mojarolarda qayta qo‘llangani haqida xabar berishdi.
"Film haqiqatan ham Tolibonning oddiy jangari guruhdan harbiy rejimga aylanganini ko‘rsatadi", deydi rejissyor.

Surat manbasi, Rolling Narratives
Nash’atning aytishicha, u ushbu paraddan keyin hech narsani suratga ololmagan, darhol qochib ketishi kerakligini sezgan, chunki unga razvedka xodimlariga uchrab, kadrlarni tekshirishi kerakligini aytishgan. Buning o‘rniga u Kobul aeroportiga yo‘l oldi.
"Ular menga: "Ertaga barcha materiallaring bilan ofisimizga kel, biz ularni tekshirib ko‘rmoqchimiz", deyishdi, – deb eslaydi u. – Men uchun bu juda katta ogohlantirish edi. Shuning uchun men darhol Afg‘onistonni tark etdim".
"Bu kabi boshqa rejimlardan bilamanki, bunday holat yaxshilik bilan tugamaydi", deydi u.
Nash’at Afg‘onistonga ko‘pchilik ketmoqchi bo‘lib turgan paytda borganini tushuntiradi, "chunki jurnalist sifatida har qanday hodisani issig‘ida xabar berish kerakligini bilardim, aks holda unga hech kim qiziqmaydi. Men borib, buning aksini qilmoqchi edim".
Men oxir-oqibat mamlakatga kira oldim, deya qo‘shimcha qiladi u, chunki u faoliyati davomida "dunyo yetakchilari bilan suratga tushgan va ular [Tolibon] mening prezidentlar bilan tushgan suratlarimni ko‘rishgan". Film ancha ahamiyatli edi, chunki prodyuserlarning ikkitasi Odessa Rey va Sheyn Boris bo‘lib, ular ham Oskar mukofotiga sazovor bo‘lgan Navalniy hujjatli filmi ortida turganlardan.

Surat manbasi, Rex/Shutterstock
Nash’atning ta’kidlashicha, "men uchun Hollivudgeyt nomi bu film nima haqida ekanligini anglatadi. Bu propagandani tushunishga urinayotgan toliblar haqidagi film".
"Shuningdek, bu bizga bunday harbiy dunyo haqida ko‘rsatadigan Hollivud hikoyalari haqidadir. Men uchun uning qatlamlari shunchalik ko‘pki, men buni Hollivudning o‘zi homiylik qilayotgan janjaldek his qilaman. U Afg‘onistondagi AQSh boshchiligidagi ishg‘olning behudaligini aks ettiradi".
Nash’atning suratga olish ishlari u bilan birga suratga tushayotgan Tolibon qo‘mondonlarining buyrug‘i bilan cheklangan edi.
Guardian'ning film haqidagi sharhida shunday deyilgan: "Agar uning tayyor filmida faktlarni tekshirish bo‘yicha intervyular va jiddiy tahlillar bo‘lmasa, buning aniq sababi bor: uning barcha qahramonlari undan nafratlanishardi".
Ibrohim bu borada falsafiy fikr aytadi: "Menimcha, bunday vaziyatlarda siz tavakkal qilganingizda, bu xavf ekanligini bilasiz, keyin esa umringizning oxirigacha shu xavfni bilib yashaysiz. Buni qabul qilishga roziman." Shuningdek, u film boshida tomoshabinlarga Tolibon ko‘rsatishni istagan ba’zi kadrlar ham filmda borligini aytadi.
"Shunday bo‘lsa ham, men tomoshabinlardan so‘rayman: "Ko‘rganlarimni ko‘rsatishim mumkinmi? – deydi u. – Mening rejissyor sifatidagi vazifam savollarni ko‘tarish va tomoshabinlar bu savollarga javob topishiga umid qilishdir. Mening maqsadim shundan iborat, ularning o‘zini namoyon qilish tarzi orqali mohiyatni ko‘rish, ularning ayollar ustidan, o‘z vatandoshlari ustidan, kattaroq geosiyosiy mintaqani nazorat qilish ambitsiyalari haqidagi voqelikni tushuna olamiz".
Odatda filmda oddiy afg‘onlar mashina yoki yuk mashinasida ko‘rinadi. Filmda umuman ayollar yo‘q – faqat o‘tkinchi er-xotin ko‘zga tashlanadi.
Ayniqsa, ta’sirchan tasvirlardan biri muzlagan yo‘lda o‘tirgan paranjidagi ayol. Do‘kon tashqarisida paranjiga o‘ralgan boshqa ayollar o‘tirishadi. Ular tilanchilik qilyaptimi, aniq emas.
"Ko‘rish og‘riqli"
Tolibon Afg‘onistonda nazoratni qo‘lga kiritganidan keyingi uch yil ichida ayollar hayotiga cheklovlar kuchaydi: qizlar o‘rta maktablardan haydaldilar, ko‘pchilik universitetlarga kirish imtihonlarida qatnasha olmadi, ko‘plab ishlar ayollar uchun taqiqlandi, go‘zallik salonlari yopildi, shuningdek, bog‘lar, sport zallari va sport klublariga kirish taqiqlandi.
Mansur turmush o‘rtog‘i turmushga chiqmasdan oldin shifokor bo‘lganligi, nikohdan keyin ishini tashlashga majburlagani haqida gapiradi.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i to‘yib ovqatlanmaydi va ayollarga nisbatan iqtisodiy cheklovlar tufayli vaziyat yanada og‘irlashgan.
"Bu kadrlarga qarash va bu haqiqat ekanligini bilish juda og‘riqli. Bu juda jirkanch. U yerda sodir bo‘layotgan voqealar juda og‘riqli», deydi Nash’at.
"Ketganimda qo‘limdagi materiallarning befoydaligidan siqildim, afg‘on xalqining dardini yetkaza olmasam kerak, deb o‘yladim.
Tolibon bilan birga bo‘lganimda ham odamlarning ko‘zlarida qo‘rquv, qayg‘u, charchoqni ko‘raman. Qashshoqlik darajasi men hech qaysi davlatda ko‘rmagan miqyosda. Men ko‘p sayohat qilganman. Bu mamlakatning bugungi holati va kelajagiga hech kimga ahamiyat bermasligi juda achinarli."
"Aslida Afg‘onistonga borishni istadim. Men Afg‘onistonda suratga olishni tanladim", deb tan oladi u.
"Filmni suratga olishda boshdan kechirgan barcha azoblarim afg‘on xalqining kundalik iztiroblari oldida hech narsa".












