O‘zbekiston: ayollarga shilqimlik kamaymoqda, endi hokimlar fermerning chigitiga xo‘jayinlik qilolmaydimi?

Shilqimlik

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Rut Komerford
    • Role, BBC news
  • O'qilish vaqti: 9 daq

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda oilaviy zo‘ravonlik va shilqimlik soni keskin kamaydi. Fermerlar va biznes faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirilayotgani hokimlarni tiya oladimi?

Shilqimlik va oilaviy zo‘ravonlik kamayishiga nima sabab?

2025 yilning dastlabki sakkiz oyi natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlik holatlari o‘tgan yilga nisbatan kamaygani kuzatilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil yanvarь—avgust oylarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59²-moddasi asosida 7 624 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 16 524 nafarni tashkil etgan edi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 126¹-moddasi — "Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik" bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganlar soni ham 2024 yildagi 472 nafardan 2025 yilning sakkiz oyida 298 nafargacha kamaygan.

Shahvoniy shilqimlik holatlarida ham shunga o‘xshash pasayish kuzatilmoqda. 2024 yilda bu modda bo‘yicha 1 854 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, joriy yilning sakkiz oyi davomida bu raqam 1 450 nafarni tashkil etdi.

Mutaxassislar fikricha, bu tendentsiyaning shakllanishi 2024 yil oktyabrida qabul qilingan "Oilaviy zo‘ravonlikdan himoya qilish choralarini kuchaytirish to‘g‘risida"gi qonun bilan bog‘liq. Uning doirasida zo‘ravonlikka qarshi jazolar kuchaytirilib, jabrlanuvchilarni himoya qilish tizimi takomillashtirilgan.

Hokimlar endi fermerlarning chigit tashishiga to‘sqinlik qilolmaydimi?

Fermer

Surat manbasi, Getty Images

O‘zbekistonda fermerlar va tadbirkorlar faoliyatiga mansabdor shaxslar aralashuviga qarshi yangi huquqiy choralar ko‘rilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonun loyihasiga ko‘ra, endi hokimlar yoki boshqa davlat amaldorlari fermerning mahsulotini qaerda sotishini, narxini belgilashini yoki chigitni qayerga tashishini cheklashga haqli emas.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241¹-moddasi va Jinoyat kodeksining 192¹-moddasida faoliyatga to‘sqinlik qilgan amaldorlarni javobgarlikka tortish belgilash ko‘zda tutilmoqda. Agar mansabdor shaxs fermerning mahsulotini erkin sotishiga yoki tashishiga g‘ov bo‘lsa, u ma’muriy jazo oladi, qonunbuzarlik takrorlansa — jinoiy javobgarlikka tortilsa mumkin bo‘ladi.

Bu o‘zgarishlar fermerlar huquqlarini himoya qilishda muhim qadam bo‘layotgani aytilmoqda. Yaqinda Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazmda hokimliklar chigitning boshqa viloyatlarga chiqarilishini og‘zaki ravishda taqiqlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Yangi qonun kuchga kirgach, bunday ko‘rsatmalar qonunbuzarlik sifatida baholanishi mumkin.

Shuningdek, qonun loyihasida fermerga o‘z yer uchastkasini oila a’zosiga yoki boshqa shaxsga vaqtinchalik o‘tkazish huquqi ham berilishi nazarda tutilgan. Bu tartib fermerlarga yerdan samarali foydalanish va korruptsiya holatlarini oldini olish imkonini yaratishi aytilmoqda.

Yangi qonun fermerlarga o‘z mahsulotini erkin sotish, tashish va bozorda narx belgilash huquqiga amaliy kafolat berishi ko‘zda tutilgan.

Ukrainada jang qilgan o‘zbekistonlik 3 yilga qamaldi

Askar

Surat manbasi, EPA

Samarqand viloyatida 27 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. gazeta.uz ning sud ma’lumotlariga tayanib yozishicha, u avval Rossiyada ishlash uchun borgan. Ammo narkotik savdosida ayblanib qamalgan va jazo muddatini o‘tayotgan vaqti, Rossiya qurolli kuchlari safida Ukrainada jang qilishga yollangan.

Fuqaro Rossiya fuqaroligini olganidan keyin Lugansk va Zaporoje viloyatlarida janglarga jalb qilingan, keyinroq yaralanganidan so‘ng Moskva orqali O‘zbekistonga qaytgan. Vatanga kelgach, unga nisbatan "yollanish" moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan 3 yillik qamoq jazosi tayinlandi.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, chet el qurolli kuchlari tarkibida yollanib jang qilish taqiqlangan. Bu nafaqat Rossiya-Ukraina urushi, balki har qanday xorijiy mojarolarda ishtirok etgan fuqarolarga ham taalluqli.

Oxirgi oylarda Rossiya tomonida Ukrainada jang qilgan o‘zbekistonliklar ustidan bir nechta shunday sud ishlari bo‘lgani haqida xabarlar chiqqan.

13 oktyabr: Markaziy Osiyo dayjesti: Putinni hibsga olmagan Tojikiston tanqid qilindi, YeI mintaqaga $2,4 mlrd bermoqchi, Tolibon Pokistondan o‘ch olganini aytdi (video)

Pokiston Afg‘oniston bilan chegarasini yopganidan keyin bir necha chegara o‘tish nuqtalarida uzun avtomobil karvonlari navbatlari hosil bo‘ldi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Pokiston Afg‘oniston bilan chegarasini yopganidan keyin bir necha chegara o‘tish nuqtalarida uzun avtomobil karvonlari navbatlari hosil bo‘ldi

Afg‘oniston va Pokiston harbiylari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar ro‘y bergani ortidan chegaralar yopildi, savdolar to‘xtadi, insonlar o‘tolmay qoldilar.

Afg‘oniston Toliboniga ko‘ra, Pokiston Afg‘oniston "suverenitetiga daxl qilib", bozorni bombalaganiga qasos sifatida Pokiston harbiylariga hujum qilganlar.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, 9 oktyabr kuni Pokiston Afg‘onistonning janubi-sharqidagi Paktika viloyatidagi bozorga avia bomba tashlagan, oqibatda ko‘plab do‘konlar vayron bo‘lgan.

Bunga javoban Tolibon Pokiston bilan chegaradagi tog‘li hududlardagi Angur-Adda, Bajaur, Kurram, Dir, Chitral va Baramcha degan joylarda Pokiston armiyasi mavqe’lariga hujum qilgan.

Pokiston harbiylari "bizning 23 askarimiz, Tolibonning 200 dan ortiq jangchisi halok bo‘ldi" deydi.

Afg‘oniston esa Pokistonning 59 harbiysini o‘ldirdik, deydi.

Islombod Tolibonni Pokiston hududiga hujumlar uyushtirayotgan terrorchilarga panoh berayotganlikda ayblaydi.

Buni esa Tolibon rad etadi.

Yevropa Ittifoqi Tojikistonni tanqid qildi

MDH Dushanbe sammiti ishtirokchilari

Surat manbasi, President.tj

Yevropa Ittifoqi Xalqaro Adolat sudi talabini bajarmagani uchun Tojikiston rasmiylari tanqid qilingan bayonot tarqatdi.

Xususiy 24.kg axborot agentligi xabar qilishicha, bayonot Yevropa Tashqi aloqalar xizmati (EEAS) veb-saytida e’lon qilingan.

Bayonotda aytilishicha, Tojikiston Respublikasi Xalqaro Adolat sudining Rim Statusi a’zosi bo‘la turib, o‘z zimmasidagi majburiyatini bajarmagan.

2023 yil martida Haagadagi Xalqaro Adolat sudi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni va Rossiyaning bolalar huquqlari bo‘yicha ombusdmani Mariya Lvova-Belovayani hibsga olish uchun order chiqardi.

8-10 oktyabr kunlari Prezident Putin Tojikiston poytaxtiga davlat safari bilan bordi, shuningdek, "Markaziy Osiyo - Rossiya" va MDH rahbarlari sammitlarida qatnashdi.

EEAS o‘tgan yili kuzida Rim Statusi a’zosi hisoblangan Mo‘g‘ulistonni ham Vladimir Putinni hibsga olish orderini ado etmagani uchun XAS Ulan-Baturni qoralaganini eslatgan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Qambarota loyihasiga Yevropa Ittifoqi 2,4 milliard dollar ajratmoqchi

Qirg‘izistondagi Qambarota-1 GESi loyihasi qurilishi uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonga 2,4 milliard dollar ajratishga rozi bo‘lgan.

Ushbu xabar uch mamlakat energetika vazirlarining Bryusselda Yevropa Qayta qurish va Tarqqiyot banki vakillari bilan uchrashuvidan keyin e’lon qilingan.

EBRD Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yanada faol hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan.

Qambarota-1 GESi Qirg‘izistonning Norin daryosidagi olti GESdan eng yirigi bo‘ladi, deb kutilayapti.

U yiligi 1860 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir bo‘ladi.

Ushbu GES loyihasi Sovet Ittifoqi zamonida ishlab chiqilgan, SSSR parchalanib ketganidan keyin mablag‘ yetishmasligi tufayli qolib ketgan edi.

2008 yili Rossiya loyiha qurilishiga kirishdi.

Ammo oradan to‘rt yil o‘tib Qirg‘iziston hukumati Rossiya shirkatini o‘z shartnomasida belgilangan majburiyatlarini bajarmayotganlikda aylab kelishuvni bekor qilgan edi.

2025 yil aprelida O‘zbekiston va Qozog‘iston ham loyiha qurilishiga bosh qo‘shishga qaror qildilar.

25 sentyabr. Markaziy Osiyo dayjesti: Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri iste’fosi muhokamada, elektrga muhtoj Qirg‘iziston tokini Xitoy mayningiga berayapti

Prezident Toqaev va Tashqi ishlar vaziri Kosherbaev

Surat manbasi, akorda.kz

Surat tagso‘zi, Prezident Toqaev yangi Tashqi ishlar vaziri Kosherbaevni qabul qildi

Prezident Toqaevning siyosiy vorisi sifatida ko‘rib kelingan Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu va boshqa diplomatlar lavozimidan chetlatilgani sabablari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarni keltirib chiqardi.

Qozog‘istondagi Orda.kz veb-sayti xabar qilishicha, Toqaevning farmoni bilan Murat Nurtleu prezidentning xalqaro sarmoyaviy va savdo hamkorligi bo‘yicha yordamchisi etib tayinlangan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri lavozimiga Yermek Kosherbaev tayinlangan. Bundan oldin u bosh vazir o‘rinbosari edi.

Prezident farmoniga binoan, Qozog‘istonning BMT va AQShdagi elchilari ham almashgan.

Shu vaqtgacha prezidentning xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi bo‘lib kelgan Yerjan Qozixon Qozog‘istonning BMT va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy tashkilotlardagi doimiy vakili etib tayinlandi.

Prezident Toqaev Yerjan Ashikbaevni AQShdagi Qozog‘istonning favqulodda va muxtor elisi lavozimidan bo‘shatgan.

Yermek Kosherbaev hali 1980 yillardan tashqi siyosat sohasida faoliyat yuritib kelayotgan Qozog‘istonning faxriy diplomatlaridan hisoblanadi.

U 2019-2020 yillarda Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri, 2020-2023 yillari Qozog‘istonning Rossiyadagi elchisi, 2023 yildan to shu kungacha Sharqiy Qozog‘iston viloyatining hokimi bo‘lib ishlab kelgan.

Murat Nurtleuning Tashqi ishlar vaziri lavozimidan bo‘shatilishi Qozog‘iston rasmiylari tomonidan "feyk" deb rad etilgan bahsli matbuot xabarlari ortidan yuz berdi.

Sentyabr oyi boshida Qozog‘iston nashrlarida Murat Nurtleu, bir mahalliy tadbirkor va bir necha xavfsizlik zobitlari hibsga olinganlari haqida xabar tarqatgan edilar.

Xalqqa zulmat, maynerlarga yashil chiroq

Bitcoin logosi va yuqori quvvatli elektr uzatish liniyalari

Surat manbasi, ASIA-TODAY.NEWS

Ana shunday sarlavha bilan maqola e’lon qildi Qirg‘izistondagi energetika inqirozi haqida Asia Today Telegram kanali.

Qirg‘iziston Energetika vaziri o‘rinbosari Emilbek Ismanovning parlament oldidagi chiqishida aytishicha, yil sayin mamlakatda energetika taqchilligi ortib borayapti va o‘tgan yilning shu davriga solishtirganda defitsit 1 milliard 600 million kilovatt-soatga yetgan.

Shu bois vazir o‘rinbosari nazoratli elektr o‘chirishlari ro‘y berishi mumkinligini istisno etmagan.

Rasmiylarga ko‘ra, kuz-qish mavsumida Qirg‘iziston qo‘shnilardan 4,3 milliard kilovatt-soat elektr quvvatini import qiladi, biroq ehtiyoj ortib borayotgani tufayli energo taqchillik ham ortib borayapti.

"Bunday bayonotlar vazirlar mahkamasining boshqa bayonotlari manzarasida, yumshoq qilib aytganda, shubhali tuyuladi", deb yozdi nashr.

"Gap mayningni kengaytirish haqida borayapti. Agar respublika oldin bunday faoliyatdaan faqat soliq olgan bo‘lsa, endi "kripto"ni rasman davlat loyihalari ichiga ham kiritayaptilar", deb yozadi Asia Today.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Vazirlar mahkamasi bir qo‘li bilan mayning va kriptobirjalara ishini "kuchaytirayapti", ikkinchi qo‘li bilan Qirg‘iziston aholisining elektr iste’moli limitini "qattiqlashtirayapti, bu bilaan kriptosxemalara ishi uchun baza yaratayapti, deydi nashr.

Nashrga ko‘ra, Xitoy kripto mayningni taqiqlagan 2020 yildan keyin kripto mayning firmalari elektri arzon Qirg‘izistonga "o‘zlarini urganlar".

Bugunga kelib Qirg‘iziston jahondagi kripto valyuta "qazib chiqarilayotgan" o‘nlikka kiradigan mamlakatga aylangan.

Muhojirotdagi jurnalist Bolot Temirov hukumat bayonotlarining bir-biriga zid ekaniga e’tibor qaratadi.

"Ikki yil oldin Energetika vaziri Qirg‘izistonda energetika inqirozi bo‘lishi mumkinligini rad etgandi. Endi esa energetika inqirozidan 2028 yili chiqib ketamiz, deyapti", deb yozdi Bolot Temirov o‘zining Telegram kanalida.

"Xalq o‘z imkoniyatlari chegarasida tirik qolishga intilayotgan bir paytda Qirg‘iziston kripto-xabga aylanib borayapti. Bu kabi "tashabbuslarda" mamlakat qancha uzoqqa torta olishini kelayotgan qish ko‘rsatadi", deb yozadi Asia Today.

Shu kunlarda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Bryusselda Qirg‘izistonning Norin daryosidagi "Qambarota-1" GESi qurilishini muhokama qilganlari xabari tarqaldi.

Qish g‘amini bugun ye!

O‘zbekiston va Tojikiston enegertika vazirlari uchrashuvi

Surat manbasi, Ministry of Energy

Prezident Mirziyoyev O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarining 20 foizi qish ayozlariga tayyor emasligini tanqid qilarkan, mutasaddilarga kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ishlarini yakunlashga ikki hafta muhlat berdi.

Qish sovuqlariga tayyorgarlikni Tojikiston ham boshlagan, Toshkentda O‘zbekiston va Tojikistonning energetika vazirlari Jo‘rabek Mirzamahmudov va Daler Juma muzokara o‘tkazganlar.

Vazirlar qishki mavsumda O‘zbekistondan Tojikistonga tabiiy gazni uzluksiz yetkazish masasini muhokama qilganlar.

O‘zbekiston nashrlari Qozog‘istondan benzin importini keskin oshirgani haqida xabar qilmoqdalar.

Buning sababi, Rossiyadan benzin ta’minotida uzilishlar kuzatilgani ortidan O‘zbekiston o‘z manbalarini diversifikatsiya qilishga harakat qilayotgani bilan tushuntirilmoqda.

zamin.uz veb-sayti yozishicha, 2025 yilning birinchi yarmida Turkmanistondan xomashyo 5 baravar ortgan, Qozog‘istondan gaz kondensati 3 barobar, benzin importi esa 10 marta ko‘paygan.

25 sentyabr. Putin va Zelenskiy Qozog‘istonda uchrashadimi, Zelenskiy Rossiya to‘xtatilishi kerakligidan ogohlantirdi

Putin va Zelenskiy

Surat manbasi, EPA/Reuters

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Zelenskiyning Putin bilan Qozog‘istonda uchrashish taklifiga javob berdi. Putin "agar to‘xtatilmasa, urushni yanada kengroq va teranroq yo‘nalishda davom ettiradi", deb ogohlantirdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Putin Ukraina prezidenti bilan faqat Moskvada uchrashishga tayyor.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyning Putin bilan Qozog‘istonda uchrashish taklifiga shunday dedi:

"Ukrainlar taklif bilan to‘ldirib tashlashdi, ko‘plab davlatlarning nomini aytishyapti. Boshida Qozog‘istonga emas, balki biz umuman qabul qilmaydigan davlatlarga urg‘u berishdi", dedi Peskov RBK radiosiga bergan suhbatida.

U, shuningdek, Rossiya prezidenti oldinroq bu kabi muhokamalarni Moskvada tashkil qilish taklifi bilan chiqqanini eslatdi.

"Shveytsariya va Avstriya endi biz uchun de-fakto neytral davlat emas, buni hisobga olish kerak. Biz Putinning aytganidan kelib chiqamiz: "Yigitlar, agar uchrashmoqchi bo‘lsangiz, Moskvaga kelinglar. Sizga hamma kafolatni beramiz" deya Putindan iqtibos keltirgan Peskov.

Volodimir Zelenskiy oldinroq Putin bilan Qozog‘istonda uchrashishga tayyorligini aytgandi.

Ittifoqchilarning kuchliroq harakatisiz, yanada ko‘proq davlatlar Rossiya tahdidi ostida qoladi, dedi Zelenskiy

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ittifoqchilarning kuchliroq harakatisiz, yanada ko‘proq davlatlar Rossiya tahdidi ostida qoladi, dedi Zelenskiy

Putin "agar to‘xtatilmasa, urushni yanada kengroq va teranroq yo‘nalishda davom ettiradi", deb ogohlantirdi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan Zelenskiy, agar ittifoqchilar yagona frontda birlashmasa va yordamni kuchaytirmasa, yana ko‘proq davlatlar Rossiya tajovuziga duch kelishini aytdi.

U harbiy texnologiyalar taraqqiyoti bilan butun dunyoda qurollanish poygasi tahdidi ostida qolayotganini ta’kidlab, "kim omon qolishini qurollar hal qiladi", dedi va sun’iy intellekt bo‘yicha global qoidalar kiritishga chaqirdi.

Uning bayonoti AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushida fikrini o‘zgartirib, ilk bor Ukraina o‘z hududlarining barchasini qaytarib olishi mumkinligini aytganidan keyin yangradi.

Zelenskiy xalqaro institutlarni tanqid qilib, ular Ukrainaga xavfsizlik kafolati berish uchun "juda zaif" ekanini ta’kidladi. U — aniq qilib aytmasa-da, NATOni nazarda tutgan holda — "katta harbiy ittifoqqa a’zo bo‘lish ham xavfsizlikni avtomatik ravishda ta’minlamaydi", dedi.

"Biz hozir insoniyat tarixidagi eng vayronkor qurollanish poygasini boshdan kechiryapmiz", dedi u.

Zelenskiyning fikricha, "Rossiyani hozir to‘xtatish" — "birinchi bo‘lib kim yadroviy kallakli oddiy dron yaratadi, deb tashvishlanishdan arzonroqqa tushadi.

U sun’iy intellekt va uning qurollardagi roli bo‘yicha xalqaro qoidalar zarurligini qayd etdi. Zelenskiyga ko‘ra, avtonom dronlar va uchuvchisiz samolyotlar an’anaviy urushdan ko‘ra katta xavf tug‘diradi.

Ukraina prezidenti Yevropa Moldovani yo‘qotishni ko‘tara olmasligidan ham ogohlantirdi. Uning aytishicha, Ukraina va Yevropa Ittifoqiga a’zo Ruminiya orasida joylashgan Moldova Rossiya ta’siriga o‘tib ketishi mumkin. Zelenskiy G‘arb Putin ta’sir doirasidan Gruziya va Belarusni qutqarish imkonini qo‘ldan boy berganini ham ta’kidladi.

Payshanba Moldova prezidenti, Yevropa Ittifoqi tarafdori Mayya Sandu Kremlni mamlakatda zo‘ravonlikni qo‘zg‘atish va aholi orasida qo‘rquv uyg‘otish maqsadida "yuzlab million yevro yo‘naltirayotgan"likda aybladi.

Sobiq Sovet respublikasi bo‘lgan Moldova aholisi yakshanba kuni saylovga boradi. BBC surishtiruviga ko‘ra, Moskvaga bog‘liq tarmoq orqali dezinformatsiya tarqatilmoqda.

O‘tgan hafta Estoniya va Polsha Rossiya havo hududini buzganidan so‘ng boshqa NATO a’zolari bilan maslahat chaqirishni so‘radi. NATO a’zosi Ruminiya ham Rossiya dronlari uning havo hududini buzganini ma’lum qildi.

Seshanba kuni, BMTdagi nutqidan keyin, Donald Tramp NATO davlatlari Rossiya samolyotlari ularning havo hududini buzsa, ularni urib tushirishi kerakligini aytdi.

Reuters
Xalqaro institutlar Ukrainaga xavfsizlik kafolati berish uchun juda zaif. Katta harbiy ittifoqqa a’zo bo‘lish ham xavfsizlikni avtomatik ravishda ta’minlamaydi.
Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Zelenskiy Donald Trampni maqtab, u bilan "yaxshi uchrashuv o‘tkazganini" bildirdi.

Seshanba kuni u jurnalistlarga AQSh Ukrainaga urushdan so‘ng xavfsizlik kafolatlari berishga tayyor, deb tushunganini aytdi.

Bu kafolatlar nimani anglatishi haqida so‘ralganda, Zelenskiy aniq tafsilotlarga ega emasligini, lekin ko‘proq qurol, havo mudofaa tizimlari va dronlar olish ehtimolini tilga oldi.