O‘zbekiston tog‘larida qadimiy Ipak yo‘li shaharlari topildi

Surat manbasi, Reuters
Arxeologlar O‘zbekistonning Jizzax viloyati tog‘larida mashhur Ipak yo‘li savdo yo‘li bo‘yida gullab-yashnagan ikki yo‘qolgan shahar - Tug‘unbuloq va Toshbuloqni topishdi.
Lazer texnologiyasi yordamida topilgan shaharlarning yirigi metall sanoati markazi bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi mintaqadagi dastlabki Islom madaniyati ta’sirini aks ettiradi.
Aloqador mavzular:
Reuters agentligining yozishicha, eramizning 6-11 asrlarida ravnaq topgan bu shaharlar dengiz sathidan 2000-2200 metr balandlikda va bir-biridan 5 chaqirimlik masofada joylashgan.
Bu Ovro‘poni Yaqin sharq va Sharqiy Osiyo bilan bog‘lovchi Ipak yo‘li bo‘yidagi baland tog‘larda joylashgan eng yirik shaharlar sifatida talqin qilinmoqda.

Olimlar baland tog‘li mintaqlarda katta shaharlar kam uchrashishi va bu jihat uni Perudagi inklarning Machu-Pikchu qal’asi kabi yana-da noyob qilishini aytishmoqda.
"Bu shaharlar mutlaqo noma’lum edi. Hozir biz tarixiy manbalarni o‘rganib, xulosalarimizga mos keladigan boshqa kashf qilinmagan joylarni izlamoqdamiz", deydi Nature jurnalida chop qilingan tadqiqot bosh muallifi, Sent-Luisdagi Vashington universiteti arxeologi Maykl Frachetti.
Topilgan ikki shahardan kattasining nomi Tug‘unbuloq va taxminan 120 gektar maydonni egallagan. Tadqiqotchilarning aytishicha, shaharda 10 minglab aholi yashagan.

Surat manbasi, Reuters
U Markaziy Osiyodagi o‘z zamonining eng yirik shaharlaridan biri bo‘lib, 110 chaqirim uzoqlikdagi Samarqand kabi mashhur savdo markazi bilan raqobatlashgan. Bu shahar taxminan melodiy 550-1000 yillar oralig‘ida mavjud bo‘lgan.
"Tug‘unbuloq Markaziy Osiyoning balandlikda joylashgan boshqa qal’alari yoki aholi maskanlariga qaraganda o‘ta yirik va sirli", deydi Frachetti.
Ikkinchi shahar, Toshbuloq, qo‘shni shahardan 10 barobar kichik bo‘lgan va u erda minglab aholi yashagan. Tadqiqotchilarga ko‘ra, u taxminan melodiy 730-750 yillardan 1030-1050 yillar oralig‘ida mavjud bo‘lgan.
Ilk o‘rta asrlarda hozirgi O‘zbekistonning janubi-sharqiy qismida barpo etilgan bu shaharlar keyinchalik tashlab ketilgan va unutilgan. Arxeologlar ularning ilk belgilarini chuqur jarlar va tik tog‘ tizmalarini tadqiq qilish vaqtida topishgan.
Tugunbuloq Markaziy Osiyoning balandlikda joylashgan boshqa qal’alari yoki aholi maskanlariga qaraganda o‘ta yirik va sirli.
Olimlar dronlar yordamida “lidar” masofaviy skanerlash uslubini qo‘llab, shaharlarning miqyosi va joylashuvini xaritaga tushirishdi.
"Lidar — bu topografiyani o‘lchash uchun landshaftni lazerlar bilan qoplab oladi. Bu juda yuqori darajada aniqlikda o‘lchash texnologiyasidir", deydi Frachetti.

Surat manbasi, unesco-iicas.org
Tug‘unbulaqning qalin loy devorlari bilan o‘rab olingan mustahkam binosini dastlabki qazish ishlari davomida pech va o‘choq qoldiqlari topildi.
Bu – temir ustalari metallga boy mahalliy konlardagi temir rudasini po‘latga aylantirgan zavod bo‘lishi mumkinligidan darak beradi.
Tadqiqotchilar po‘lat ishlab chiqarilganini tasdiqlash uchun bu joydan topilgan temir va po‘lat ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan bo‘laklarni kimyoviy tahlil qilishmoqda.
9 va 10 asrlarda bu mintaqa po‘lat ishlab chiqarish bilan mashhur bo‘lgan.

Surat manbasi, unesco-iicas.org
Frachettining aytishicha, chorva mollari savdosi va junchilik kabi
metall sanoati Tug‘unbuloq iqtisodiyotining markaziy xususiyati bo‘lgan.
"Tug‘unbuloq Ipak yo‘lining ilk o‘rta asrlardagi siyosiy iqtisodiyotiga oid tarixiy tushunchani murakkablashtiradi. Shu bilan ham siyosiy qudrat, ham sanoat ishlab chiqarishini Samarqand kabi mintaqaning asosiy 'non shahri'dan ancha uzoqlashtirgan," deydi Frachetti.
Toshbuloq sanoat miqyosida Tug‘unbuloq bilan tenglasha olmagan bo‘lsa-da, u qiziqarli madaniy xususiyati bilan ajralib turgan. Shahardagi katta qabriston Islomning mintaqaga ilk tarqalishini aks ettiradi.

Surat manbasi, Reuters
Erkak, ayol va bolalar yotgan 400 ta qabr — mintaqa bo‘ylab hujjatlashtirilgan eng qadimiy musulmon dafnlaridan biridir.
"Qabriston shaharning kichik hajmiga mos kelmaydi. Toshbuloq atrofida biron mafkuraviy nuqta bo‘lganki, u erda odamlar dafn qilingan," deydi Frachetti.
Tug‘unbuloq va Toshbuloq balandlikda joylashganligi tufayli ham o‘ziga xos hisoblanadi. Ular Peruda baland tog‘ tizmasida inklar asos solgan Machu Pikchu shahri bilan taqqoslanmoqda.
"Ushbu tadqiqotning asosiy topilmasi shundaki, yuqori balandlikdagi yirik, mustahkam va rejalashtirilgan shaharlarning mavjudligi hozir ham noyob, ammo qadimgi davrlarda yanada g‘ayrioddiy bo‘lgan", deydi Frachetti.
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002












