O‘zbekiston: Qamoqxonada yana bir mahkum vafot etdi. U Qoraqalpog‘istonda taniqli bloger bo‘lgan

Surat manbasi, Screenshot/@Nukus Online
Bosh prokuratura Toshkent viloyatidagi qamoqxonada mahkum Mustafa Tursinbaev devor bosib qolishi oqibatida vafot etganini ma’lum qilgan. 2024 yil martida qamalgani aytilgan Tursinbaev Qoraqalpog‘istondagi eng taniqli videoblogerlardan biri bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, YouTubeʼda 153 mingdan ziyod obunachiga ega "Nukus Online" kanali muallifi bo‘lgan Tursinbaevning o‘limiga olib kelgan voqea 11 fevral kuni yuz bergan.
"2025 yil 11 fevral kuni 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tagan mahkum Mustafa Tursinbaev bir qavatli binoning devorlarini buzayotgan vaqtida devor qismi qulab, bosib qolgan", deyiladi Bosh prokuratura tarqatgan xabarda.
Rasmiylar Tovoqsoy qamoqxonasida jazoni o‘tagan Tursinbaev zudlikda shifoxonaga joylashtirilgani, ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, 16 fevral kuni olamdan o‘tganini bildirgan.
Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va, hozirda, tergov harakatlari olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.
Bunga qadar o‘zbek rasmiylari qoraqalpog‘istonlik mashhur blogerning qamalgani haqida rasman xabar bermagan edi.
Tursinbaev kim bo‘lgan o‘zi?

Surat manbasi, Screenshot/@Nukus Online
2023 yil noyabriga qadar YouTubeʼdagi "Nukus Online" kanalini yuritib kelgan bloger Mustafa Tursinbaev nomi o‘zbekzabon auditoriyaga deyarli ma’lum emasligi anglashiladi.
Ammo Tursinbaev Qoraqalpog‘istonda nomi chiqqan videoblogerlardan biri bo‘lgan.
U o‘z kanalida, asosan, yo‘llarning sifati, suv va elektr ta’minoti muammolari kabi ijtimoiy-maishiy mavzular hamda qoraqalpog‘istonliklarning kundalik hayotini yoritish bilan shug‘ullangan.
Ma’lum bo‘lishicha, 42 yoshda bo‘lgan Tursinbaev joylarda aholi murojaatlarini ham o‘rgangan, ba’zida sog‘ligiga putur yetgan insonlar va muhtojlar uchun xayriyalar ham uyushtirib turgan.
Uning 150 mingdan ziyod obunachisi bor YouTube kanalidagi ayrim videolar yarim milliondan ziyod marta ko‘rilgan.
Tursinbaevning eng mashhur videosi – Qo‘ng‘irot tumanida joylashgan avtovokzalda Qo‘ng‘irot-Nukus yo‘nalishida qatnovchi haydovchilar o‘rtasida chiqqan nizo to‘g‘risidagi surishtiruv qariyb 1,5 million marta ko‘rilgan.
Bloger nega qamalgan edi?
O‘zbek rasmiylar o‘limiga qadar Tursinbaevning qamalgani haqida rasman xabar bergani yoki bu haqda chiqqan norasmiy xabarlarni izohlagani ko‘zga tashlanmagan.
Tursinbaevning qamoqqa tashlangani haqida "Yevroosiyoga ozodlik" (Freedom for Eurasia) tashkiloti 2024 yil may oyida birinchilardan bo‘lib xabar qilgan.
Ammo Avstriyada joylashgan va Sobiq Sho‘ro mamlakatlaridagi korruptsiya, inson huquqlarining toptalishi holatlarini hujjatlashtirib boruvchi tashkilotning bu xabarida blogerning qamalishi sabablari keltirilmagan.
Keyinroq – o‘tgan yilning iyulida AziaTerra nashri o‘z manbalariga tayangan holda Tursinbaev qoraqalpog‘istonlik boshqa bir bloger, "Xalik TV" kanali muallifi Salamat Seytmuratov bilan birgalikda tovlamachilikda ayblanib, 2024 yil mart oyida 5 yilga qamalgani haqida yozgan.
Ushbu maqolada ikki blogerga nisbatan asossiz ayblovlar ilgari surilgani iddao qilinadi.
Qozog‘istonda yashovchi qoraqalpoq faoli Aqilbek Muratbay esa o‘tgan yil may oyida X’da qoldirgan tvitida Tursinbaevning qamalgani haqidagi xabarga munosabat bildirar ekan, ma’lum vaqt uning 2022 yil iyulidagi Nukus voqealarining asosiy figuranti ko‘rilgan faol Dauletmurat Tajimuratov bilan hamkorlik qilganini tilga olgan.
"Aholining og‘riqli muammolarini yoritish davomida ular birgalikda ko‘plab qishloqlarga gaz va suv o‘tkazilishi, yo‘llar qurilishi hamda mahalliy amaldorlar tomonidan huquqlari toptalgan fermerlar, tadbirkorlarga ko‘mak berishga erishgan edi", yozgan faol.
Muratbayning iddao qilishicha, Qoraqalpog‘istonda ommaviy namoyishlar boshlanishi arafasida "Mustafa Tursinbaev maxsus xizmatlar bosimi ostida qolib, Dauletmurat Tajimuratov bilan aloqalarni uzishga majburlangan".
Eslatib o‘tamiz, BBC'da Tursinbaevning qamoqqa tashlanishiga oid chiqqan mazkur norasmiy ma’lumotlarni mustaqil tasdiqlatish yo inkor etish imkoni mavjud emas.












