Amerika Isroil hamkorligi: Endi u zamonlar ortda qoldimi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Tom Beytman
- Role, BBC muxbiri
- O'qilish vaqti: 9 daq
Tramp Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan fevral oyida muzokaralar o‘tkazgan edi. Netanyaxu Tramp inauguratsiyasidan keyin Oq uyga taklif qilingan birinchi xorijiy lider edi. AQSh prezidenti unga G‘azo sektorini nazoratga olishga va’da berdi, avvalroq bu hududni "tozalash" va Falastin aholisidan bo‘shatishga ham va’da berganini eslaymiz.
Tramp o‘z taklifi bilan dunyo e’tiborini tortdi - bu uning ma’muriyatining Isroilni qo‘llab-quvvatlashini kuchaytirdi va ushbu harakatlari bilan xalqaro huquqqa zid ravishda xalqaro normalarni buzdi. Hozirgi Respublika partiyasining Isroil bilan munosabatlarining eng yuqori nuqtasini belgilagan voqealar - ba’zan "har qanday badal evaziga qo‘llab-quvvatlash" deb ta’riflanadi.
Ikki davlat o‘rtasidagi ittifoq 2023 yil 7-oktabrda Hamasning Isroilga hujumi va undan keyingi Isroilning G‘azodagi hujumi tufayli xalqaro maydonda asosiy e’tiborga tushdi.
O‘sha urush davrida prezident Jo Bayden ma’muriyati Isroilga 18 milliard dollarga yaqin qurol yuborib, AQShning misli ko‘rilmagan darajadagi yordamini davom ettirdi. Bu davr AQShda kuchaygan norozilik namoyishlari bilan ajralib turdi, namoyishchilarning ko‘pchiligi an’anaviy Demokratik partiyaga xayrixoh saylovchilar edi. Bu holat Amerika Qo‘shma Shtatlarining Isroil va falastinliklarga bo‘lgan munosabati atrofida keskin madaniy urushning markaziga aylandi. Men namoyishlarda qatnashdim, unda namoyishchilar Baydenni qayta-qayta "Genotsidchi Jo" deb atashdi - bu ayblovni u doimo rad etgan.
O‘sha paytda Donald Tramp norozilik bildiruvchilarni "radikal-chap qanot aqldan ozganlar" deb atadi. Tramp ma’muriyati hozirda antisemitizmda yoki Hamasni qo‘llab-quvvatlashda ayblangan yuzlab chet ellik talabalarni deportatsiya qilishni maqsad qilgan. Bu harakat sudlarda qizg‘in bahsga sabab bo‘lmoqda.
Demokratlardan "ovoz" kutgan Bayden uchun esa Isroilni qo‘llab-quvvatlash avvalgi prezidentlar, hatto Trampdan ham siyosiy jihatdan qimmatga tushdi.
Baydenning Isroil bilan munosabatlar bo‘yicha asosiy qaror qabul qiluvchilaridan biri hali ham o‘sha paytda qabul qilgan qarorlari bilan "bo‘g‘ishib" yotibdi.
"Men buni arab amerikaliklar, arab bo‘lmagan amerikaliklar, yahudiy amerikaliklari uchun nihoyatda kuchli his-tuyg‘ularni uyg‘otganini tushunaman", - deydi Baydenning sobiq milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan.
"Ikki xil qarama-qarshi mulohaza bor edi: biri Isroilning ham tinch aholi orasidagi qurbonlar bo‘lishiga olib keladigan harakatlariga yo‘l ochib bermaslik, gumanitar yordam oqimi bo‘yicha cheklashni xohlash edi. Ikkinchisi esa [...] Isroilni bir nechta turli frontlarda dushmanlariga qarshi turish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlardan uzib qo‘ymaslikni ta’minlash xohishi edi."
"Qo‘shma Shtatlar 7-oktabrdan keyingi o‘sha kunlarda Isroilni moddiy, ma’naviy va har tomonlama qo‘llab-quvvatladi".
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ammo jamoatchilik fikrini o‘rganish amerikaliklar orasida Isroilni qo‘llab-quvvatlash pasayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Shu yilning mart oyida o‘tkazilgan Gallup so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, amerikaliklarning faqat 46 foizi Isroilni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan (Gallap kuzatuvlarining 25 yillik tarixidagi eng past ko‘rsatkich),33 foizi esa hozir Falastinliklarga hamdardlik bildirishini aytgan - bu shu paytgacha bo‘lgan eng yuqori ko‘rsatkich. Boshqa so‘rovlar ham shunga o‘xshash natijalarni ko‘rsatdi.
Garchi faqat ular bilan cheklanmagan bo‘lsa-da, o‘ziga xos kamchiliklarga ega bu so‘rovnomalar o‘zgarish asosan demokratlar va yoshlar orasida bo‘layotganini ko‘rsatadi. 2022 va 2025 yillar oralig‘ida Pyu Tadqiqot Markazi respublikachilarning Isroilga nisbatan salbiy fikrda bo‘lganlarining ulushi 27 foizdan 37 foizga oshganini aniqladi (bu o‘zgarishning asosiy qismi 49 yoshgacha bo‘lgan yosh respublikachilar tomonidan yuzaga kelgan).
AQSh 1948 yil may oyidan - Amerika yangi tashkil etilgan Isroil davlatini birinchi bo‘lib tan olganidan beri, Isroilning eng kuchli ittifoqchisi bo‘lib kelgan. AQShning Isroilni qo‘llab-quvvatlashi uzoq muddatda davom etishi ehtimoli juda yuqori bo‘lsa-da, bu kayfiyatdagi o‘zgarishlar AQShning qat’iy qo‘llab-quvvatlashining amaliy darajasi va siyosiy chegaralari, shuningdek, jamoatchilik fikrining o‘zgarishi oxir-oqibat Vashingtonga va real dunyo siyosatiga ta’sir etadimi, degan savollarni tug‘diradi.
AQShlik yoshlar urush yangiliklarini TikTok'dan olmoqda, G'azodagi tinch aholi o'limi esa yosh demokratlar va liberallar orasida Isroilni dastaklash kamayishiga sabab bo'lmoqda.
Oq uyda bo‘lib o‘tgan bahs
Ko‘pchilik uchun AQSh va Isroil o‘rtasidagi yaqin munosabatlar geosiyosiy infratuzilmaning doimiy, mustahkam bir qismi bo‘lib tuyuladi. Ammo bunday bo‘lishi kafolatlanmagan edi - va boshida asosan bir kishiga bog‘liq bo‘lgan.
1948 yil boshida AQSh prezidenti Garri S. Truman Falastinga nisbatan o‘z yondashuvini belgilashi kerak edi. Britaniyaning o‘ttiz yillik mustamlakachilik hukmronligidan so‘ng, chiqib ketish niyatini e’lon qilganida, mamlakat yahudiylar va arab falastinliklari o‘rtasidagi mazhablararo qonli to‘qnashuvlar girdobida edi. Truman Yevropada Holokostdan omon qolgan yahudiylarning ahvolidan chuqur ta’sirlandi.
Nyu-York shahrida bo‘lajak akademik va Isroil bosh vaziri Golda Meirning tarixchisi yosh Fransin Klagsbrun ota-onasining yahudiy vatani uchun ibodat qilayotganini ko‘rib katta bo‘lgan."

Surat manbasi, Getty Images
Men yahudiy va juda sionistik oilada o‘sganman", - deydi u. "Akam va men Angliya o‘z eshiklarini ochishi uchun pul yig‘ishga chiqardik. Akam metro poezdlariga tushardi, poezddagi barcha eshiklar ochilganida va u "oching, oching, Falastinga eshiklarni oching" deb baqirardi", - deb eslaydi u.
Truman ma’muriyati yahudiy davlatini qo‘llab-quvvatlash masalasida keskin bo‘lingan edi. Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va Davlat departamenti yahudiy davlatini tan olmaslik haqida ogohlantirgan edi. Ular arab davlatlari bilan qonli to‘qnashuv bo‘lishidan, bu AQShni ham tortib, Sovetlar bilan Sovuq urushning kuchayishiga olib kelishidan xavotirda edilar.
Britaniya Falastindan chiqib ketishidan ikki kun oldin Oq uyda o‘ta keskin bahs bo‘lib o‘tdi. Trumanning ichki maslahatchisi Klark Klifford yahudiy davlatini tan olishni yoqlab chiqdi. Bahsning narigi tomonida Davlat kotibi, Truman "yashab turgan eng buyuk amerikalik" deb hisoblagan Ikkinchi jahon urushi generali Jorj Marshall turardi.
Truman juda qadrlagan bu inson mintaqaviy urush xavfi tufayli prezidentning yahudiy davlatini zudlik bilan tan olishiga qattiq qarshi edi - hatto Truman agar tan olish tarafdori bo‘lsa, kelgusi prezidentlik saylovlarida unga ovoz bermasligini ham aytdi.

Surat manbasi, Getty Images
Ammo g‘ayrioddiy keskinlikka qaramay, Truman ikki kundan keyin mamlakatning birinchi bosh vaziri David Ben-Gurion tomonidan Isroil davlati e’lon qilingan zahoti uni tan oldi.
Nyu-Yorkda tug‘ilgan, 1930 yillarda Britaniya tomonidan Quddusdan quvilgan falastinlik tarixchi Rashid Xolidiyning aytishicha, AQSh va Isroil qisman mushtarak madaniy aloqalar tufayli birlashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1948 yildanoq falastinliklar AQShda muhim diplomatik ustunlikka ega emas edilar. Teng bo‘lmagan bu kurashda ularning millat sifatida o‘z taqdirini belgilash huquqi chetga surilgan edi.

Surat manbasi, Getty Images
Boshqa tomonda kelib chiqishi yevropalik va amerikalik bo‘lgan odamlar boshchiligidagi sionistik harakat mavjud edi... Arablarda esa bunday narsa yo‘q edi", - deydi u. "[Arablar] Falastin taqdirini hal qilgan mamlakatlarning jamiyatlari, madaniyati, siyosiy yetakchilari bilan tanish emas edilar. "Agar Amerika qanday ekanligini bilmasangiz, Amerika jamoatchiligiga fikringizni qanday yetkazishingiz mumkin?" - deydi Xolidiy
Ommaviy madaniyat ham o‘z rolini o‘ynadi - xususan, yozuvchi Leon Urisning 1958 yilda yozilgan romani va keyinchalik katta muvaffaqiyat qozongan "Eksodus" filmi. Unda Isroilning tashkil topish hikoyasi 1960 yillardagi keng auditoriyaga qayta hikoya qilingan edi. Film versiyasi esa yangi zamindagi kashshoflarning kuchli amerikalashtirilgan tasvirini yaratdi.

Surat manbasi, Getty Images
O‘sha paytda siyosiy faol bo‘lgan, ammo keyinchalik Isroil bosh vaziri bo‘lgan Ehud Olmert 1967-yilgi urushni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Isroilni qo‘llab-quvvatlashi bugungi kundagi kuchli ittifoqqa aylangan payt deb ko‘rsatadi.
Qo‘shni davlatlar tomonidan bosqin xavfi kuchayganidan keyin bu urushda Isroil olti kun ichida arab davlatlarini mag‘lub etdi.O‘z hududini deyarli uch barobarga oshirdi va G‘arbiy Sohil va G‘azoda bir milliondan ortiq davlatsiz falastinliklarning harbiy okkupatsiyasini boshladi.
"Birinchi marta Qo‘shma Shtatlar Isroilning Yaqin Sharqdagi yirik harbiy va siyosiy kuch sifatidagi ahamiyatini tushundi va o‘shandan beri mamlakatlarimiz o‘rtasidagi asosiy munosabatlarda hamma narsa o‘zgardi", - deydi u."
Zaruriy aloqalar
Yillar davomida Isroil Yer yuzida AQShning eng katta xorijiy harbiy yordam oluvchisiga aylandi. Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotida Amerika ittifoqining kuchli diplomatik yordamiga ega edi. Shu bilan birga, AQShning prezidentlari Isroil va uning arab qo‘shnilari o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga ham harakat qilishgan.
Ammo so‘nggi yillarda bu odatiy munosabatlardan ancha nariga o‘tdi.
Men Jeyk Sallivan bilan gaplashganimda, unga Michigan shtatidagi arab amerikaliklarining G‘azo mojarosi davrida Isroilni qo‘llab-quvvatlagani uchun Bayden va uning vorisi bo‘lgan Kamala Harrisni boykot qilgani va buning o‘rniga Trampga ovoz bergani masalasini ko‘tardim. U Baydenning bu qo‘llab-quvvatlash tufayli shtatda mag‘lub bo‘lgani haqidagi fikrni rad etdi.
Ammo Isroilni dastaklash Amerika jamoatchiligining bir qismida sezilarli norozilikka sabab bo‘ldi.
Shu yilning mart oyida o‘tkazilgan Pyu Tadqiqot Markazining so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning 53 foizi Isroilga nisbatan salbiy fikr bildirdi, bu so‘rov oxirgi marta 2022 yilda o‘tkazilgandan beri 11 punktga oshgan."
Eski do‘stlik rishtalari yemirilmoqdami?
Hozircha jamoatchilik fikridagi bu o‘zgarishlar AQSh tashqi siyosatida katta o‘zgarishlarga olib kelmadi. AQShning ba’zi oddiy saylovchilari Isroildan yuz o‘girayotgan bo‘lsa-da, Kapitol tepaligida ikki partiyadan saylangan siyosatchilarning aksariyati hali ham Isroil bilan mustahkam ittifoqning muhimligini ta’kidlashga moyil.
Ba’zilarning fikricha, jamoatchilik fikrida uzoq muddatli va barqaror o‘zgarishlar oxir-oqibat Isroilga amalda ko‘rsatiladigan yordamning kamayishiga - diplomatik aloqalarning zaiflashishiga va harbiy yordamning qisqarishiga olib kelishi mumkin. Bu masala Isroilda ba’zi odamlar tomonidan ayniqsa keskin sezilmoqda. 7-oktabrdan bir necha oy oldin Isroilning sobiq generali va Harbiy razvedka boshqarmasi rahbari Tamir Hayman o‘z mamlakati va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida darz ketish boshlangani haqida ogohlantirgan edi. Bu qisman amerikalik yahudiylarning sionizmdan uzoqlashuvining sekinlashuvi bilan bog‘liq edi.
Isroilning milliy-diniy o‘ng qanot foydasiga siyosiy o‘zgarishi bunda muhim rol o‘ynadi. 2023 yil boshidan Isroil Netanyaxuning sud tizimi islohotlariga qarshi yahudiy isroilliklar o‘rtasida misli ko‘rilmagan norozilik keltirib chiqardi.Ko‘pchilik uning mamlakatni teokratiyaga tomon olib ketayotganini ta’kidladi - bu da’voni u doimo rad etgan. AQShda Isroil bilan doimo chuqur aloqada bo‘lganlar esa bu jarayonni kuchayib borayotgan xavotir bilan kuzatib borishdi.

Surat manbasi, Getty Images
Shu yilning mart oyida Hayman boshchiligidagi Tel-Avivdagi yetakchi tahlil markazi Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti AQSh jamoatchilik fikri Isroilni qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan "xavfli zonaga" kirganligi haqida maqola e’lon qildi. "AQSh yordamining kamayish xavfi, ayniqsa uzoq muddatli va chuqur ildiz otgan tendentsiyalarni aks ettirishi nuqtai nazaridan, juda katta", - deb yozgan maqola muallifi Teodor Sasson. "Isroil bashorat qilinadigan kelajak uchun global superdavlat yordamiga muhtoj."
Ross shunday deydi: "Tramp demokratlarning aksariyati tomonidan juda salbiy qabul qilinadi - so‘nggi so‘rovlar 90 foizdan ortig‘ini ko‘rsatmoqda. Trampning Isroilni qo‘llab-quvvatlashi bu yerda, hech bo‘lmaganda, demokratlar orasida Isroil tanqidini kuchaytiradigan dinamikani keltirib chiqarish potentsiali mavjud.
Biroq, u Vashingtonning Isroilni qo‘llab-quvvatlashi – harbiy yordam va diplomatik aloqalar shaklida – davom etishini kutmoqda. U agar isroillik saylovchilar o‘z bosh vazirini iste’foga chiqarib, uni AQShdagi xavotirlarning bir qismini bartaraf etishi mumkin bo‘lgan markazchilroq hukumatga almashtirsa yaxshiroq, deb hisoblaydi. Isroilda kelasi yilning oktyabrь oyi oxirigacha umumiy saylovlar bo‘lib o‘tishi kerak.
Rossning ta’kidlashicha, bunday yangi Isroil hukumati sharoitida "G‘arbiy Sohilning de-fakto anneksiyasini yaratishga undov bo‘lmaydi. Demokratik partiya va Demokratik partiya rasmiylari bilan ancha keng ko‘lamli aloqalar o‘rnatiladi.

Surat manbasi, Getty Images
Eski do‘stlik rishtalari yemirilayotganini ko‘rayotganlar, ayniqsa, 7-oktabrdan beri fikri eng sezilarli darajada o‘zgargan guruh - yosh amerikaliklarning qarashlariga e’tibor qaratmoqda. "TikTok avlodi" sifatida ko‘plab yosh amerikaliklar urush haqidagi yangiliklarni ijtimoiy tarmoqlardan olishadi va Isroilning G‘azodagi hujumi natijasida tinch aholi orasida yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari Amerikadagi yosh demokratlar va liberallar orasida qo‘llab-quvvatlashning pasayishiga olib kelganga o‘xshaydi.
O‘tgan oy e’lon qilingan Pyu tadqiqot so‘roviga ko‘ra, 30 yoshgacha bo‘lgan amerikaliklarning 33 foizi ularning hamdardligi to‘liq yoki asosan falastinliklar tomonida ekanligini aytgan bo‘lsa, isroilliklar haqida shunday deganlar 14 foizni tashkil etdi. Keksa amerikaliklar isroilliklarga hamdardlik bildirish ehtimoli ko‘proq edi.
Arden Mudofaa va Xavfsizlik Amaliyoti raisi va AQSh Davlat Departamentining sobiq rasmiysi Karin Von Hippel Isroil mavzusida amerikaliklar o‘rtasida demografik tafovut mavjudligiga qo‘shiladi - bu hatto Kongressga ham ta’sir qiladi.
"Kongressdagi yoshlar Isroilni o‘z-o‘zidan qo‘llab-quvvatlashga kamroq moyil", - deydi u. "Va menimcha, yosh amerikaliklar, jumladan, yahudiy amerikaliklar ham ota-onalariga qaraganda Isroilni kamroq qo‘llab-quvvatlaydilar".

Surat manbasi, Getty Images
Ammo u bu siyosiy darajada jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligiga shubha bilan qaraydi. Partiya asosidagi o‘zgarib borayotgan fikrlarga qaramay, u 2028 yilda prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng taniqli demokratlarning ko‘pchiligi "klassik tarzda Isroilni qo‘llab-quvvatlovchilar" ekanligini aytadi. U Michigan gubernatori Gretchen Uitmer va sobiq Transport vaziri Pit Buttigiegni misol sifatida keltiradi. Falastinliklar huquqlarini uzoq vaqtdan beri qo‘llab-quvvatlovchi Instagramda mashhur kongressmen Aleksandriya Okasio-Kortes haqida nima deyish mumkin? Hippel ochiqchasiga javob beradi: "Menimcha, Okasio-Kortes tipidagi odam hozir g‘alaba qozona olmaydi".
Fevral oyidagi Tramp-Netanyaxu Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanidan keyingi haftalarda men Jeyk Sallivandan AQSh-Isroil munosabatlari qayerga qarab ketayotganini so‘radim. U ikkala davlat ham o‘z fe’l-atvorini va munosabatlarini belgilaydigan demokratik institutlariga bo‘lgan ichki tahdidlar bilan kurashayotganini ta’kidladi.
"Menimcha, bu masala ikkala davlat uchun ham tashqi siyosatga oid savoldan ko‘ra, ko‘proq ichki siyosatga tegishlidir. Ya’ni, Amerikaning ichki siyosati qayerga qarab ketyapti va Isroilning ichki siyosati qayerga qarab ketyapti? Mana shu ikki savolga javob bersak, besh, o‘n yoki o‘n besh yildan keyin AQSh bilan Isroilning munosabatlari qanday bo‘lishini bilib olamiz."
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:












