Rossiya "Yevronigoh"ga muqobil "Internigoh" tashkil qildi, unda O‘zbekiston ham ishtirok etmoqchi

Surat manbasi, CHANNEL ONE
Rossiya rasmiylari "Yevronigoh" qo‘shiqlar tanloviga zid, bir zamonlar Sharqiy Blokning "Yevronigoh"ga javobi deb ko‘rilgan Kreml qo‘llab-quvvatlayotgan qo‘shiq tanlovining tafsilotini e’lon qildilar.
U "Internigoh" deb nomlandi.
Shouning 20 sentyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tishi, tanlovda AQSh, BRIKS mamlakatlari, Afrika, Janubiy Amerika mamlakatlari va sobiq Sovet respublikalaridan qo‘shiqchilar ishtirok etishi xabar qilindi.
"Musiqa tili butun sayyorani birlashtiradi" deb e’lon qildi Rossiyaning davlat nazoratidagi telekanali "Birinchi kanal".
Kanalga ko‘ra, "Internigoh" xalqaro tanlovi yilning eng oliy maqom madaniy tadbirlaridan biri bo‘ladi.
"Birinchi kanal"da aytilishicha, qo‘shiq tanlovi "siyosatdan holi, faqat san’at, ishtirok etayotgan barcha ishtirokchilarning mamlakati madaniyati va qadriyatlari hurmat qilinadigan tanlov bo‘ladi.
Ishtirokchi mamlakatlar BRICS tashkilotiga a’zo Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika respublikasi, sobiq Sovet respublikalari - Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Afrika mamlakatlaridan Misr, Keniya, Efiopiya, Madagaskar, Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan Saudiya Arabistoni, Qatar, shuningdek, Venesuela, Vetnam, Kolumbiya, Kuba va Serbiya ekani haqida xabar berdi Rossiyaning davlat nazoratidagi TASS axborot agentligi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Aleksandr Alimov aytishicha, "Internigoh"da AQSh ishtirok etadi.
AQSh ishtirokchisi taniqli oilaviy musiqachilar sulolasidan Brandon Hovard, deya taqdim etadi tanlov rasmiy veb-sahifasi Intervision World.
Kremlning Jamoatchilik loyihalari direktorligi rahbari o‘rinbosari Aleksandr Juravlyovning maxsus tashkil etilgan matbuot anjumanida aytishicha, tanlov 20 sentyabr kuni Moskvada, Rossiya Milliy markazida bo‘lib o‘tadi, tayyorgarlik va repetitsiyalar 10 sentyabrdan 19 sentyabrgacha mo‘ljallangan.
Tashkilotchilar 2025 yildagi tanlovni 1980 yillarda SSSR ittifoqchilari va neytral mamlakatlar dunyoga mashhur "Yevronigoh" qo‘shiq tanloviga muqobil tashkillashtirgan xuddi shu nomdagi tanlovga qiyoslamoqdalar.
Aleksandr Juravlyov so‘zlariga ko‘ra, "Internigoh" siyosiy tanlov bo‘lmaydi.
"U bizga Rossiyaning ochiqligini, BRIKS, MDH mamlakatlari bu kabi kuchli madaniy tashabbuslarda birlashganini namoyish etadi".
"Biz Rossiya va boshqa mamlakatlarni inkor etish hech qanday natijaga olib kelmaganini ko‘rayapmiz. Endi bu loyiha qo‘shilgan 20 dan ortiq mamlakatni chindan ham birlashtirdi", deya Aleksandr Juravlyovdan iqtibos keltirdi TASS.
"Internigoh"da Rossiyani Shaman taxallusi bilan tanilgan millatchi qo‘shiqchi Yaroslav Dronov tamsil etishi xabar qilindi.
Dronov Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqini boshlanganidan keyin "Rusman" va "Tur" deb tarjima qilish mumkin bo‘lgan urushni yoqlab e’lon qilgan qo‘shiqlari ortidan mashhur bo‘ldi.
"Internigoh"ni qayta tiklash haqida Rossiya prezidenti 2025 yil fevralida farmon chiqardi.
Iyun oyidagi BRIKS sammitida Prezident Putin, "Internigoh" bizning barcha mamlakatlarimiz uchun umumiy bo‘lgan universal madaniyatni, oila va ruhoniy qadriyatlarni ulug‘lash maqsadini ko‘zlagan", deb aytdi.

Surat manbasi, .
Shu yil mart oyida Rossiyadagi "Vedomosti" gazetasi yozishicha, Rossiya "Internigoh" tanlovini o‘tkazishga 750 million rubl yoki 9,3 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratgan.
Rossiya "Yevronigoh" qo‘shiq tanlovida 1994 yildan boshlab ishtirok eta boshlagan.
2022 yili Moskva Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyin Rossiya "Yevronigoh"dan chiqarib yuborildi.
Rossiya davlat propagandagi "Yevronigoh"ni oxirgi yillarda muntazam tanqid qilib keladi, bu tanlovda "Rusofob" yondashuv, Ukrainani ko‘kka ko‘tarish, LGBT jamiyatini qo‘llab-quvvatlash bor, deb qoralaydi.
2022 yili "Yevronigoh"da Ukraina g‘olib topilganiga rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyov "natsist axlati" deb munosabat bildirdi.
Rossiya telekanalidagi boshqa bir taniqli propagandachi Dmitriy Kiselyov, bir vaqtlar jiddiy va nufuzli qo‘shiq tanlovi bo‘lgan "Yevronigoh" naqadar tez tubanlashdi, endi tanlov kuy-qo‘shiq sifati haqida qayg‘urmay qo‘ydi, u "badbashara odamlar va jinsiy og‘gan kishilarning siyosiy bayonot beradigan yoki faqat janjal keltirib chiqaradigan sahnasiga aylandi", dedi.
2025 yil "Yevronigoh" tanlovi Shveytsariyada bo‘lib o‘tdi.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches G‘azodagi harbiy harakatlari uchun Isroilni "Yevronigoh" qo‘shiq tanlovidan taqiqlashga chaqirdi.
2022 yili Ukrainaga bosqini ortidan Rossiya "Yevronigoh"dan chiqarib yuborilgan edi, shuning uchun ham "ikki xil standart bo‘lmasligi kerak", dedi Pedro Sanches.
Bu yilgi tanlovning finalida isroillik qo‘shiqchiga hakamlar ikkinchi o‘rinni berdilar, biroq omma ovozi bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan ijrochi bo‘ldi.
2022 yili Rossiya xalqaro sport musobaqalaridan ham chetlashtirildi.
Xususan, 2024 yilgi Parij olimpiadasida rossiyalik sportchilarning individual neytral sportchi sifatida qatnashishlariga ruxsat berildi, ularning Rossiya bayrog‘i va madhiyasidan foydalanishlari taqiqlandi.
Shuningdek, faqat Ukraina urushini rasman qo‘llab-quvvatlamagan sportchilarninggina Parij olimpiadasiga borishlariga izn berildi.
Dunyoning eng kuchli figurali uchish bo‘yicha maktabi deb ko‘riladigan, barcha xalqaro musobaqalarda eng yuqori o‘rinlarni egallaydigan rossiyalik qizlar ham musobaqalarda qatnasholmay qoldilar.
Bunga muqobil shaklda Rossiya o‘z sport musobaqalari va tadbirlarini o‘tkaza boshladi.
O‘tgan yili Qozon shahrida BRICS O‘yinlari o‘tkazildi, bu musobaqalarda BRIKSga a’zo mamlakatlardan tashqari Belarus, Qozog‘iston, Tailand, Serbiya va boshqa mamlakatlar sportchilari ham qatnashdilar.
Toshkentdagi "Humo" muz saroyida rossiyalik taniqli figurali uchish sportchilari ishtirokida shoular tashkillashtirildi.
"Internigoh"da O‘zbekistonni Shohruh Mirzo G‘aniev tamsil etishi xabar qilindi.
Xabarlarga ko‘ra, qo‘shiq tanlovi tashkilotchilari Ozarbayjonni ham "Internigoh"da qatnashishga taklif etganlar, ammo 2011 yili "Yevronigoh"da g‘olib chiqib, 2012 yili Bokuda musiqa shousini o‘tkazgan Ozarbayjon rasmiylari ishtirok etishni xohlamaganlar.












