Endryu Mauntbatten-Vindsor hibsga olindi, endi nima bo‘ladi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, BBC yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 4 daq
Sobiq shahzoda Endryu Mauntbatten-Vindsor mansabini suiiste’mol qilganlikda gumonlanib, hibsga olindi.
Bunga Temza vodiysi politsiyasi uning jinsiy jinoyatchi Jeffri Epshteynga maxfiy materiallarni bergani haqidagi shikoyatni o‘rganayotganini ma’lum qilgani sabab bo‘ldi.
Sobiq shahzoda Epshteyn bilan bog‘liqqonunbuzarlikka yo‘l qo‘yganini qat’iy rad etib keladi.
U tergov davomida ozodlikka chiqarilgan. Payshanba kuni kechqurun Endryuning Eylshem politsiya idorasidan chiqib ketayotgani ko‘rindi.
Endryu tergov davomida qo‘yib yuborildi - bu nimani anglatadi?
Qirol Charlzning ukasi payshanba oqshomida Temza vodiysi (Thames Valley ) politsiyasi tomonidan tergov ostida shartli ravishda ozod qilindi. U 66 yoshini qarshilagan tug‘ilgan kunining asosiy qismini hibsda o‘tkazdi.
Sobiq shahzoda Norfolkdagi Aylsham politsiya mahkamasidan ozod etilganidan so‘ng, avtomobil o‘rindig‘iga horg‘in suyanib o‘tirgan holatda suratga tushgan.
Odatda, iqtisodiy jinoyatlar (oq yoqalilar jinoyati) bilan bog‘liq hibsga olishlarda shaxslar tintuv o‘tkazish va dastlabki so‘roq qilish uchun bir necha soat ushlab turiladi. Tergov ostida ozod qilinishi kelgusida qayta so‘roq qilinish ehtimolini istisno etmaydi.
Vaqti kelib, Qirollik prokuratura xizmati va Temza vodiysi politsiyasi Qirolning ukasiga nisbatan "davlat lavozimini suiiste’mol qilish" ayblovi qo‘yilishi yoki qo‘yilmasligi bo‘yicha yakuniy qarorga kelishi kerak bo‘ladi.
Biror bir muhim qaror qabul qilinishiga qadar yana bir necha hafta vaqt o‘tishi mumkin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Nima uchun Endryu hibsga olindi?
Mauntbatten-Vindsor payshanba kuni Grinvich vaqti bilan taxminan soat 08:00 da Norfolkdagi qirolga qarashli Sandringem mulkida hibsga olindi. U o‘sha yerda istiqomat qilayotgan edi.
Politsiya Britaniya qirolining ukasini 66 yoshga to‘lgan kunida hibsga oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Temza vodiysi politsiyasi xodimlari Mauntbatten-Vindsorning hibsga olinishi haqida qirolni ham, Bukingem saroyini ham oldindan ogohlantirmagan.
Mansabni suiiste’mol qilish bo‘yicha unga qo‘yilayotgan ayblovlar tafsilotlarini bilmaymiz.
Biroq, avvalroq e’lon qilingan ayblovlar orasida uning savdo tashriflari bo‘yicha hisobotlarni bo‘lishgani, Afg‘onistonga sarmoya kiritish bo‘yicha maxfiy brifingni boshqa shaxsga yuborgani va Moliya vazirligi brifingini shaxsiy biznes hamkoriga bergani kabi holatlar bor.
Politsiya tergovi Epshteyn ishiga doir hujjatlarda keng tarqalgan elektron xatlardan ko‘ra ko‘proq qamrovga ega bo‘lishi ehtimoli bor.
Bukingem saroyi Temza vodiysi politsiyasiga ularning surishtiruv ishlarida ko‘maklashishini ma’lum qildi. Bu esa, politsiya saroydan Endryu va boshqa shaxslar o‘rtasidagi yozishmalar dalillarini taqdim etishni so‘ragan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Mansabni suiiste’mol qilish nima?
Mansabni suiiste’mol qilish juda murakkab jinoyat turi, deb yozadi BBC News'ning ichki va huquqiy masalalar bo‘yicha muxbiri Dominik Kashiani.
Bu Britaniya jamoatchiligi nomidan ish yurituvchi shaxsning o‘z harakati noto‘g‘ri ekanini bila turib, jiddiy qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yganini anglatadi.
Keyinchalik prokurorlar biror shaxsga ayblov e’lon qilish yoki qilmaslik haqida qaror qabul qilishi uchun politsiya tergov davomida e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan to‘rtta "unsur" yoki omil bor.
Birinchidan, politsiya tergov qilinayotgan shaxsning "davlat amaldori" bo‘lgan-bo‘lmaganini va ko‘rib chiqilayotgan ish uning xizmat vazifalari doirasiga kirishini ishonarli aniqlashi kerak.
Agar bu tasdiqlansa, tergovchilar gumonlanuvchining o‘z vazifasini "qasddan" bajarmaganini yoki o‘zini qasddan nomaqbul tutganini isbotlovchi dalillarni izlaydi. Bu keng qamrovli ta’rif uzoq vaqtdan beri huquqiy bahslarga sabab bo‘lib kelgan.
Keyingi savol shuki, uning qilmishi "jamoatchilik ishonchini suiiste’mol qilish" darajasida jiddiy bo‘lganmi?
Nihoyat, agar dalillar ushbu uchta bosqichdan o‘tsa, politsiya tergov qilinayotgan shaxs "uzrli sabab yoki asoslarsiz" harakat qilgan-qilmaganini tekshirishi lozim.
Shu oxirgi savol hal qiluvchi ahamiyatga ega. Gumon qilingan shaxsga o‘zini oqlash imkoniyatini berish – odil sudlovning asosiy tamoyilidir va bu jarayon politsiya kelib, uning eshigini taqillatganidan boshlanadi.
Mauntbatten-Vindsor qayerga olib ketildi va endi nima bo‘ladi?
Payshanba kuni ertalab Temza vodiysi politsiyasi hibsga olishdan tashqari, "Berkshir va Norfolkdagi manzillarda tintuv ishlari olib borilayotganini" ma’lum qildi.
Mauntbetten-Vindzor hibsga olinishidan avval, Norfolkdagi Sandringem mulkiga (Sandringham Estate) maxsus belgilarsiz politsiya mashinalari yetib kelgani kuzatildi.
Endryu ozodlikka chiqarilganidan so‘ng berilgan yangilangan bayonotda, Temza vodiysi politsiyasi Norfolkdagi tintuv ishlari "yakunlanganini" bildirdi.
So‘nggi haftalarda Endryu ushbu hududdagi doimiy qarorgohi -"Marsh Farm" ta’mirlanayotgani sababli, vaqtincha shu mulkda istiqomat qilayotgan edi.
Shu bilan birga, juma kuni ertalabki holatga ko‘ra, Vindzor bog‘idagi (Windsor Great Park) "Royal Lodge" qarorgohida politsiya tintuvlari davom etmoqda. Yaqin vaqtgacha Berkshirdagi ushbu ulkan hovli Endryu yashab kelgan joy edi.
Metropoliten politsiyasining sobiq bosh superintendanti Dal Babu BBC News ga bergan intervyusida, Qirolning ukasini hibsga olish orqali xodimlar "kompyuter jihozlari, fayllar, fotosuratlar va boshqa har qanday dalillarni qo‘lga kiritish" imkoniga ega bo‘lishini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, politsiya "u egalik qiladigan, istiqomat qiladigan yoki nazorat qiladigan har qanday binoda tintuv o‘tkazishga haqli, shuning uchun boshqa hududlarda ham tintuvlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas".
Qirol hibsga olish haqida nima dedi?
Qirol ukasi hibsga olinganidan keyin "qonun o‘z yo‘lidan borishi kerak"ligini aytdi.
Qirol o‘z bayonotida shunday dedi: "Men Endryu Mauntbatten-Vindsor haqidagi xabarni va uning davlat lavozimini suiste’mol qilganlikda gumon qilinayotganini chuqur xavotir bilan qabul qildim.
Endi bu masala tegishli organlar tomonidan to‘liq, adolatli va to‘g‘ri tartibda tergov qilinadi.
Bu borada, avval aytganimdek, biz tergovni to‘liq va chin dildan qo‘llab-quvvatlaymiz hamda ular bilan hamkorlik qilamiz.
Aniq aytmoqchiman: qonun o‘z yo‘lidan borishi shart.
Bu jarayon davom etar ekan, men ushbu masala yuzasidan qo‘shimcha izoh berishim to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Ayni vaqtda, oilam va men barchangizning oldingizdagi burchimiz va xizmatimizni davom ettiramiz. Charlz R."

































