Rossiya umidsizlikka tushgan ukrainaliklarni qanday qilib xoinlarga aylantirishga urinmoqda

Svetlana bir lahza ham o‘z vataniga xiyonat qilish haqida o‘ylamaganini aytadi.
"Erim meni hech qachon kechirmagan bo‘lardi," deydi u Kiev yaqinidagi uyida uchrashganimizda.
42 yoshli ayol ruslarga asir tushgan harbiy shifokor eri Dima haqida ikki yildan ortiq xabar kutgandan so‘ng, to‘satdan unga qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
Telefondagi ovoz unga, agar Ukrainaga xiyonat qilsa, Dimaning qamoqdagi sharoiti yaxshilanishi yoki hatto erta ozod etilishi mumkinligini aytadi.
"Menga Ukraina raqamidan qo‘ng‘iroq qilishdi. Men javob berganimda, u o‘zini Dmitriy deb tanishtirdi, – deb tushuntiradi Svitlana. – U rus aktsentda gapirardi."
"U menga: «Siz harbiy xizmatga chaqiruv idorasini yoqib yuborishingiz, harbiy transport vositasini yondirish yoki Ukraina temir yo‘llarining elektr qurilmalarini ishdan chiqarishingiz mumkin», dedi."

Yana bir imkoniyat bor edi: Ukraina osmonini rus dronlari va raketalaridan himoya qiluvchi muhim harbiy ob’ektlar – yaqin atrofdagi havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining joylashuvini oshkor qilish.
Dmitriy o‘z taklifini aytayotganda, Svetlana Ukraina hukumati rus agentlari biror ishga undaganda nima qilish haqidagi ko‘rsatmalarni eslaganini aytadi: imkon qadar ko‘proq vaqt cho‘zish, hamma narsani yozib olish va suratga tushirish hamda bu haqda xabar berish.
Svetlana bu haqda xabar berdi va xabarlarning skrinshotlarini olib, ularni Bi-bi-siga ko‘rsatdi.
Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) unga o‘rganish davomida ruslarni chalg‘itib turishni buyurdi. Shuning uchun, u mahalliy temir yo‘l liniyasini portlatishga rozi bo‘lgandek ko‘rinish berdi.
Biz uning saranjom-sarishta mehmonxonasida o‘tirimmiz, tashqarida vaqti-vaqti bilan havo hujumi sirenalari yangraydi. U menga telefonida Dmitriy bilan Telegram ilovasi orqali qilgan ikkita ovozli suhbat yozuvlarini eshittiradi. Suhbat davomida Dmitriy Molotov kokteylini qanday tayyorlash va qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi.
"Bir litr yonilg‘i suyuqligini quying va ozgina benzin qo‘shing, – deb tushuntiradi Dmitriy. – Biror temir yo‘l tuguniga boring. Xavfsizlik kameralari yo‘qligini tekshiring. Ehtiyot chorasidan bosh kiyim kiying."
U Svetlanaga rejalashtirilgan joyga 1-2 km qolganda, telefonini parvoz rejimiga o‘tkazishni ham o‘rgatadi. Bu tergovchilar foydalanishi mumkin bo‘lgan mobil aloqa minoralaridan signalni yashirish uchun kerak.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Surat manbasi, Ukraina politsiyasi
"Rele qutisi nimaligini bilasizmi? Uni suratga oling. Bu sizning nishoningiz bo‘lishi kerak," deb tushuntiradi Dmitriy va vazifaning bajarilganligini isbotlashni talab qiladi.
"Bugungi sanani qog‘ozga yozing va shu qog‘oz bilan birga suratga tushing."
Buning evaziga Dmitriy Svitlanaga eri bilan telefon orqali gaplashish imkoniyatini yoki unga posilka yuborish imkoniyatini berishi mumkinligini aytadi.
Keyinchalik, SBU Svetlanaga u bilan gaplashgan odam haqiqatan ham Rossiyada ekanligini va aloqani uzishi kerakligini aytadi. Svetlana Dmitriyga fikridan qaytganini aytadi.
"Shunda tahdidlar boshlandi, – deydi Svitlana, – U erimni o‘ldirishlarini va men uni boshqa hech qachon ko‘rmasligimni aytdi."
Bir necha kun davomida u qo‘ng‘iroq qilib: "Eringiz qiynoqqa solinmoqda, bu sizning aybingiz!" deb aytaverdi.
"Uning Dimaga zarar yetkazish tahdidlarini amalga oshirishidan qanchalik xavotirda edingiz?" deb so‘rayman Svetlanadan. Uning ko‘zlari namlandi. "Yuragim og‘rirdi, faqat: «Xudoyim, iltimos, bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘yma», deb iltijo qilardim. Yuragim zirqirab og‘rir, faqat: "Xudoyim, iltimos, bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘yma," deb yolvorardim, xolos.
Mening bir tomonimdagi ovoz «bu odamning asirlar bilan hech qanday aloqasi yo‘q» derdi. Boshqa tomoni esa: «Agar u rostdan ham buni qila olsa-chi? Keyin qanday yashayman?» deb so‘rardi."

Bi-bi-siga bergan bayonotida SBU rus agentlari bilan hamkorlik qilish "asirning ahvolini yengillashtirmasligini, aksincha, ularning ayirboshlanish imkoniyatini sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkinligini" aytdi.
Hukumat barcha qarindoshlardan, agar ularga rus agentlari murojaat qilsa, zudlik bilan xabar berishlarini so‘ramoqda.
Aytishlaricha, bunday qilganlar "himoyaga olinadi" va jabrdiyda sifatida muomala qilinadi.
Ammo qarindoshlar sabotaj yoki josuslik qilishga rozi bo‘lsa, "bu davlatga xiyonat sifatida baholanishi mumkin. Eng og‘ir jazo – umrbod qamoq."
Hukumat muntazam ravishda Rossiyaga o‘t qo‘yish yoki harbiy ob’ektlarning joylashuvini oshkor qilishda ayblanayotgan ukrainaliklarning hibsga olinganini e’lon qilmoqda.
Kremlga yaqin ommaviy axborot vositalari ukrainaliklarning harbiy texnika yoki temir yo‘l elektr qurilmalarini yondirayotgani tasvirlangan videolar bilan to‘lib-toshgan.
Aybdorlarning ba’zilari buni rus agentlari to‘lagan pul evaziga qiladi, ammo umidsiz qarindoshlar tomonidan ham hujumlar uyushtirilgan deb taxmin qilinadi.
Petro Yatsenkoning aytishicha, barcha harbiy asirlar oilalarining taxminan 50 foizi Rossiya agentlari bilan aloqaga chiqadi
Ukraina harbiy xizmatchilarining harbiy asirlarga munosabat bo‘yicha shtabidan Petro Yatsenko shunday deydi.
"Ular juda zaif ahvolda va ba’zilari har qanday ishga tayyor, – deydi Petro, – lekin biz ularga bu [asir tushgan yaqinlariga] yordam bermasligini tushuntirishga harakat qilyapmiz."
Petro harbiy transport vositasiga o‘t qo‘yish kabi harakat Ukraina Qurolli Kuchlari uchun jiddiy moddiy yo‘qotish hisoblanmasligini ta’kidlaydi:
"Ammo bu Ukraina jamiyatining birligini izdan chiqarishi mumkin, asosiy muammo shu.
Albatta, agar kimdir, masalan, havo hujumidan mudofaa tizimlarining joylashuvini oshkor qilsa, bu biz uchun ham katta muammo," deb tan oladi u.
Rasmiylar harbiy asir sifatida ushlab turilgan ukrainaliklar sonini e’lon qilmaydi, ammo bu raqam 8 mingdan ortiq deb taxmin qilinmoqda.
Ukraina razvedkasidagi manbaning Bi-bi-siga ma’lum qilishicha, qarindoshlari Rossiya bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan holatlar soni oz.
Rossiya hukumati Bi-bi-siga bergan bayonotida mahbuslarning oilalaridan vosita sifatida foydalanayotgani haqidagi da’volar "asossiz" ekanligini va Rossiya "ukrainalik jangchilarga insonparvarlik bilan va Jeneva konventsiyasiga to‘liq rioya qilgan holda munosabatda bo‘layotgani"ni aytdi.

Bayonotda Ukraina xuddi shu usullardan foydalanishda ayblanmoqda:
"Ukrainalik boshqaruvchilar Rossiya hududida muhim infratuzilma va fuqarolik ob’ektlarini nishonga olib, Rossiya aholisini sabotaj va o‘t qo‘yish harakatlarini sodir etishga faol ravishda majburlashga urinmoqda."
Svetlananing eri Dima uch oydan sal ko‘proq vaqt oldin asirlikdan ozod qilingan.
Er-xotin to‘rt yoshli o‘g‘illari Vova bilan endi birgalikda baxtli yashashmoqda.
Erini nihoyat ozod qilishganida Svetlana o‘zini qanday his qildi?
"Men ilgari hech qachon yig‘lamagan quvonch ko‘z yoshlarini to‘kdim, – deydi u quvonib. – Go‘yo sevgilimni o‘lim changalidan tortib olganday edim."
Dima rafiqasiga ruslar uni hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun jazolash bilan tahdid qilmaganini aytdi.
Svetlana unga qo‘ng‘iroqlar haqida aytganida, u hayratda qoldi.
"U mendan qanday bardosh berganim haqida so‘radi, – dedi u va ko‘zini qisib. – Men, har doim aytganimdek, ofitserning xotiniman."












