O‘zbekiston yana 2002 yilga qaytayaptimi yoki yangi cheklovlar asl sababi nima?

O‘zbekiston hukumatining 1 maydan mamlakatga bojsiz tovar olib kirish tartibini o‘zgartirishga qaror qilgani ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, tahlilchilar va kuzatuvchilar tomonidan tanqidlarga sabab bo‘layapti.
Bojxona qo‘mitasining nega bunday qarorga kelingani yuzasidan tarqatgan tushuntirishi norozilik bildirganlar nazdida asosli ko‘rinmadi.
O‘zbekiston hukumati 1 maydan har kim o‘zi bilan bojsiz mamlakatga olib kirishi mumkin bo‘lgan qiymatni ikki baravar kamaytirishga qaror qildi.
Shu vaqtgacha 2000 dollarlik buyumni aeroportda bojxona qog‘ozini to‘ldirmasdan olib kirish mumkin bo‘lsa, endi bu raqamni 1000 ga tushirish maqsad qilingan.
Shuningdek, xorijga chiqib qaytib kirishning muddatini ham uzaytirishga qaror qilindi, maqsad tashmachilik oldini olish bilan tushuntirilayapti.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida "bozorlarni tartibga solish" vaji bilan tushuntirilgan shunga o‘xshash cheklovlar 2002 yili ham kiritilgandi.
Oilani boqishga yetadigan maosh yoki daromad manbalari bo‘lmagani tufayli ko‘pchilik "o‘zini bozorga urgan", Toshkentning "Ippodromi" buyog‘i Qirg‘iziston chegarasidan tortib, naryog‘i Qoraqalpog‘iston burchaklarigacha odamlarga daromad topish manbaiga aylangan payt edi.
Hukumat juda ko‘p tovarlar xorijdan kelayotgani, sifati talabga javob bermasligi, ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash lozimligi, bozorlar va atroflarida tiqilinch ko‘paygani, sanitariya-gigiena vaziyatini yaxshilash vaji bilan xalq tilida "chelnoklar", deb ataladigan chetdan mol keltirib sotadigan odamlarga qarshi kurash boshlangandi.
Oqibatda, "Ippodrom" bozorida ulgurji savdo nuqtalarini ochganlar Tojikistonning So‘g‘d viloyati yoki Qirg‘iziston janubiga ko‘chishga qaror qilgandilar.
Buning ortidan esa "Ippodrom" atrofidagi va mamlakat bo‘ylab bozorlarda tamaddixonalar tashkil qilgan ishbilarmonlar hamda yo‘lovchilarni bozorlar o‘rtasida tashish bilan shug‘ullanadigan kirakashlar aziyat chekdilar.
Keyinchalik, 2002 yilgi ayni qaror bir oilaning boyishiga xizmat qilgan va davlat g‘aznasiga millionlab dollar tushmay qolgan kabi ham xabarlar o‘rtaga chiqqandi.

Yaqin o‘tmishda O‘zbekiston hukumatining ichki ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash vaji bilan tushuntirilgan qarorlari har doim ham sog‘lom raqobat rivojlanishiga olib kelmagan, degan qarashlar yo‘q emas.
Ilk qaror 1996 yilgi "O‘zDEUAvto"dan boshlangan deyish mumkin, 200 foizlik "rastamojka", ya’ni mamlakatga olib kiriladigan avtomobil haqqiga teng boj belgilangani oqibatida o‘zbekistonliklar yaqin-yaqingacha ham minilgan, lekin arzon mashina sotib olishdan mahrum bo‘ldilar.
Ba’zida ayrim ehtiyot qismlarisiz egasiga yetkazilgan va sifatini xaridorlar savol ostiga olib kelgan bitta shirkat avtomobillaridan odamlar yillar davomida nolib kelishgan.
Keyinroq ayrimlar elektromobillargao‘tisharkan,elektromobillarni tekshiruvdan o‘tkazadigan avtopoligon tuzishga qaror qilindi.
Ayni paytda, u yerga olib kirilgan mashinalar tekshirilmasligi haqida ham da’volar chiqqan.
Hali bir necha yil oldin o‘zbekistonlik jurnalistlar Toshkentda sotilayotgan ayni rusumdagitelevizor, muzlatkich yoki kir mashinasi Qozog‘iston Chimkentida ham ishlab chiqaruvchi kompaniyaning o‘z brendi nomi ostida sotuvda ekani, ammo O‘zbekistondagidan kamida 100 dollar arzonligi haqida yozishgan edi.
Bu O‘zbekiston bozorida monopolistlikni istagan shirkatlarga aksilraqobat idorasi qo‘yishi kerak bo‘lgan savol.
Mobil telefonlarni mamlakatga olib kirish maqsadini ko‘zlagan cheklovlar maqsadlari borasida faollar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida savollar tug‘ilgandi.
Toshkent do‘konlaridagi ayrim asl tovarlarning narxi hatto London kabi shaharlardan ham qimmatligini ko‘rish mumkin.
Misol uchun, mashhur Nescafe qahvalarining narxlarini solishtirish mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z siyosatining ustuvor yo‘nalishi deb o‘zbekistonliklarning yashash sharoitini yaxshilash, turmush darajasini ko‘tarish, odamlarni va shu orqali davlatni boy qilishni tanlagan.
Ayni paytda mamlakat rahbariyatida xalq farovonligi va iqtisodiyot rivoji uchun deb taqdim qilinayotgan ayrim hujjatlar hamda qarorlarga nisbatan tarmoqlarda odamlar noroziligini, mutaxassislarning tanqidiy fikrlarini, faollarning savollarini uchratasiz.
Oxirgi qaror borasida ham ayni holat begona emasligini kuzatish mumkin.












