O‘zbekiston: Yetti pushtimizni kuydirma yoki baxt-saodatning millati yo‘qmi? Aralash nikohdagi oilalar kechinmalari

Kelin qo‘liga uzuk taqayayotgan kuyov

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Baxtiyor Tursunov
    • Role, Mustaqil jurnalist
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Baynalmilal oila qurish, turli millat vakillarining kelin-kuyov sifatida ittifoq tuzishlari bugunda sovet zamonidagiga qaraganda boshqacha tushuncha, urf sifatida qabul etiladi. Aslida boshqa millat nari tursin turli urug‘larning oddiy begona quda-andachiligi ham o‘zbek qishloqlarida ko‘pincha yo‘l qo‘yib bo‘lmas tushuncha deb qaralgan.

Albatta yoshlarni oila etib qovushtirishda o‘z urug‘ini tanish, unga mansublik asosiy unsur sanalib, buni buzishga sho‘ro davridagi internatsionalizm tashviqoti ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishga zaiflik qilgan. Foiz nuqtai nazaridan mazkur tarkibga ega oilalar soni o‘ta kam sonni tashkil etgan. Ayni vaqtda esa qarindosh hatlab nafaqat millatlar o‘rtasida, balkimda chetdagi xorijiy millatlardan qiz-yigitlar bilan o‘zaro taqdirni bog‘lash hollari yangilik sifatida quloqqa kunora chalinadigan hodisa bo‘lib qoldi.

Tahlilchilar nazarida bunga dunyo miqyosida muloqotning kengayib borayotgani, jillaqursa kamida migratsion harakatlar kuchayishi natijasida kishilar o‘rtasida munosabatlarning yengillashgani ham omil vazifasini o‘tamoqda. Yana ham turmush sharoitlarini, shartlarini o‘z tushunchalariga qarab qulaylashtirish ham turli millatlardan iborat oilalar paydo bo‘lishiga olib kelgan. Zotan sevgi-muhabbat, his-ehtiroslardan ham ko‘ra ichki qiziquvchanlik, barchasi oson ko‘chishiga umidvorlik bunga sabablar asosi deb uqtiriladi. Yana sabablar sirasi sifatida diniy e’tiqod, axloqiy tamoyillar bilan birga iqtisodiy jihatlar, masalan moddiy ta’minotga umidvorlik ham turli millatlardan iborat oila qurish tendentsiyasini kuchaytirgan.

Baxt izlab

Surxondaryo viloyati O‘zbekiston janubida uch davlat bilan chegaradosh hududda joylashgan. Ayni hudud ichkarisida ham aynan shu davlatlarda tegishli millatlar ham o‘troq yashashadi. Yillar davomida ular o‘z an’analarini, tillarini saqlab, aynan uylantirish, turmushga berish masalasida o‘zgalarga kamroq bag‘irlarini ochishgan. Biroq avvallari ba’zida uchragan maishiy a’mollar hozirda u qadar favqulodda hol yoki ajablanarli noan’anaviylik sanalmay qo‘ygan.

“Hozirgi vaqtda tojik, turkman, o‘zbeklardan aralash oilalar soni ko‘paygan. Ya’ni, qiz uzatishda ota-onaning ra’yini uning millati qaytara olmaydi. O‘zaro tushunish, masalani silliq hal etishga urinish buni oddiy voqeaga aylantiryapti deb hisoblayman. O‘zim ham bundan 13 yil oldin tojik yigitiga turmushga chiqdim, u mening sinfdoshim bo‘lib, o‘rtadagi muhabbat bunga olib keldi. Tojik oilasiga kelin bo‘lib tushganimga afsuslanmayman. Alohida diqqat qaratiladigan talab - xushmuomalalik. Ya’ni, til shirin bo‘lsa barcha muammolarni yengish mumkin. Ulardagi menga juda ma’qul jihati kek saqlashmaydi. Buguniga mabodo arazlashib qolsang, ertasiga buni unutib, yarashib ketishadi. Yana axloqqa e’tibor muhim, ochiq-sochiq kiyinib, o‘zini beibo tashlab qo‘yib bo‘lmaydi,”- deydi 36 yoshli Salima.

Termiz tumanidan turkman millatiga mansub 45 yoshli Komila 18 yil muqaddam Sho‘rchi tumanilik o‘zbek yigitiga turmushga chiqqan. U o‘zaro taqdir rishtasining bog‘lanishini bir-birlariga ko‘ngil qo‘yganlikka yo‘yadi.

“Menda boshidan begonasirash, qaynona-qaynota, er urug‘idan yotsirash bo‘lmagan. Chunki til yaqinligi mavjud. To‘g‘ri ba’zi jihatlarda farqlilik bor. Masalan turkmanlarda kelin tushirib kelinganda o‘zbeklardagi kabi “Kampir o‘ldi” marosimi yo‘q. Yana “oldiga chiqqan ona” kabi tushunchalar yo‘q. Turkmanlarda mabodo qiz uydagilar rizoligi olmay, yigiti bilan “qochib ketsa”, u oradan 15-20 yil o‘tsa ham zinhor kechirilmaydi. O‘zbeklar esa 3-4 oy o‘tib bu masalani unutib, qizlarini kuyovlari bilan qo‘shib kutib olaveradi. Bu o‘rinda or-nomus masalasi muhim ahamiyatga ega deb ko‘riladi.Umuman esa an’anasi yaqin millat vakillarining birgalikda ro‘zg‘ori unchalik tushunmovchilik keltirib chiqarmaydi. Turli millatlar oila qurayotganiga ko‘pincha hozirgi muammolarga to‘la zalvorli davrni bir qadar yengilroq kechirish deb qaralishi maqsadga muvofiq deb o‘ylayman,” - deydi Komila.

Yana bir suhbatdoshimiz 28 yoshli Ro‘zixol esa turkman yigitiga turmushga chiqqan.

“Men sevgi tufayli ushbu qadamni qo‘ydim va bundan afsuslanmayman. Chunki azaldan birga yashagan qardoshlar bilan oila bo‘lish o‘ng‘aysizlik tug‘dirmaydi, lekin qizlarimiz afg‘on yoki boshqa ajnabiy millatdagilarga erga tegishsa bu quloqqa yoqimsiz eshitiladi, shaxsan o‘zim bu faktni hazm qilolmayman,”- deydi Ro‘zixol.

O‘zbekistonlik kuyov ukrainalik kelin bilan

Surat manbasi, Оилавий архивдан

Surat tagso‘zi, Ukrainalik Marina o‘zbekistonlik Jonibek bilan oila qurishdi

Murod-maqsadga yetildimi?

Kelin qo‘liga uzuk taqayayotgan kuyov

Surat manbasi, Getty Images

Termiz shahridan rus millatiga mansub 34 yoshli Marina o‘zbek yigitiga turmushga chiqqanda boshidan qaynonasi bilan ixtilof yuzaga keldi.

“Bu millat bilan bog‘liq emasdi. Chunki yomon qaynona har bir millatda bor, kelinni quldek, xizmatkordek ko‘rib, unga bo‘ysundirish munosabatida bo‘lish bu yomon tarbiya, tushuncha bilan bog‘liq. Bu millat o‘zligini anglatmaydi. Men ham shu ziddiyatni ichida yashadim. Qaynonam erim kenja farzand bo‘lgani uchun bizdan ortiqcha e’tibor talab qilardi. Masalan unga kunora go‘sht yoki boshqa tansiq narsa olib kelishimiz shart edi. Hatto farzandlarim uchun arzimagan shirinlikni olib berish uchun ham undan ruxsat so‘rashimiz lozim edi. Axiyri bunday tartibga chidolmay, ikki farzandimni olib onamning uyiga qaytdim. Qaynonam bolalarimni u qadar boshqa nevaralaridan ko‘ra yoqtirmasdi, to‘ng‘ich qizimni “o‘ris-kukuruz” deb turtkilardi. Erimni onasi ovsinimga o‘xshash boyroq qizga uylanishga qanchalar undamasin, u buni hohlamadi. Biznikiga kelib turdi. O‘rtada kenja qizim tug‘ildi. Hozir yoshi ikkidan oshgan. Katta qizim 11 yoshda, ular dadasini sevishadi, lekin birga yashay olmayapmiz,”- deydi Marina.

Bu ayol turmush o‘rtog‘i oilasida unga nomunosib munosabatni millati boshqa bo‘lgani bilan bog‘lashda ko‘rmaydi.

“Biz davlat qaydisiz, nikoh o‘qittirib turmush qurganmiz. Erim Islom diniga kirishimni talab qildi va men buni bajardim. Ammo qaynona-kelin munosabati baxtimga g‘ov bo‘ldi. Qaynonam og‘ir kasallikka uchrab ikki yil oldin vafot etdi. Hatto to‘shakda yotganida ham erim orqali o‘zim tayyorlagan yeguliklar yuborib kek saqlamay undan xabar oldim. Vafot etgan kuni kiyimlarini yuvishga hatto tug‘ishgan qizlari ham tortinishganda hovlining o‘rtasida sovuq havoda bittalab yuvdim. Shunda boshqa qarindoshlari yonimga yaqinlashib, ”Siz qaynonangiz ta’rif bergandagidek yomon emas ekansiz,” deyishdi. Muhimi Parvardigorning oldida yuzim yorug‘. Muhimi shu.”- deydi Marina.

Marina hozirda eri bilan farzandlarini birga katta qilishda, u bilan yana umrguzaronlik kechirishda bir necha qat’iy sabablar to‘siq bo‘layotganini aytadi.

“Boshimizdan o‘tgan mojarolar erim va meni shu qadar charchatganki, qaynonam vafotidan so‘ng ham munosabatlarimiz tuzuk- quruq shaklga kelmagan. Chunki yetarlicha ruhiy darz yetkazib bo‘lingan. Men uni boshqa turmush qurishiga qarshi emasman. Biroq u rus ayollarini yoqtirishini aytadi. "Sen betga shartta aytasan, yuzga tik qaraysan, ular esa orqavorotdan ish qiladi,” deydi u. Meni uning ota, er sifatida mas’uliyati yo‘qligi ranjitadi. To‘g‘ri, u dindor, machitga namozlarga qatnaydi, ammo dinni ham o‘ziga moslashtirgan, ya’ni uning o‘ziga qulay tomonlarini bajonidil qo‘llaydi. "Kredit olib hamma qatori biror ish qilaylik", desam, "qarz harom", deydi. Bolalarimni tug‘ilgan kunlarini o‘tkazishni ham dinga qarshi borish deya hisoblaydi, sovg‘a berish ham shu kuni mumkinmas emish. Shu kabi injiqliklar ham u bilan hozircha yaqinlashuvdan chekintirmagan, biroq bunday takasaltanglik meni chuqur qayg‘uga soladi, istiqbolni hozircha ijobiy ko‘rmayman,”- deydi Marina.

Qudachilik ming yilchilik edimi?

Kelin-kuyov

Surat manbasi, Getty Images

Sherobodlik 65 yoshli Maxfirat opa o‘g‘liga tojik millatidan kelin qilgan. Lekin oradan besh yildan ortiq muddat ichidagi hayot uni bunday qadamdan afsuslantirmoqda.

“Baribir boshqa millat bilan kelishib bir xonadonda yashash mushkul ekan. Oddiy urf-odatlarni bajarishda ham farqlilik mavjud. Kelinimning urug‘ida bunga falon pul sarflanarkan. Masalan bolaga bobosining ismini qo‘ysangiz, buni dabdabali to‘y qilib, el oldidan o‘tishingiz kerak. Yana jo‘n narsani hal qilish uchun ham janjal-suronga, shovqinga yo‘l qo‘yilishi mumkin, bosiqlik bilan masalani hal etish qiyin. Shunga bundan chuqur afsusdaman,” - deydi Maxfirat opa. Uning nazarida milliy mushtarak kishilar hayotiga qaysidir an’anasi, fikri-xayoli yot kishilarni jalb etish tub jihatdan aslida noqulaylik uyg‘otadi.

“Bunday olib qaraganda o‘zbek millati o‘tgan asrning 20 yillaridan turli urug‘lardan alohida millat sifatida hozirga qadar shakllantirib kelingan. Shuning uchun ham turli viloyatlar yoki respublikalar bo‘ladimi, o‘zbek millatiga mansublar bilan oilaviy munosabat qurish, quda-anda bo‘lish oson, ammo qolganlar bilan o‘ziga xos murakkabligi mavjud ekan. Shuning uchun o‘zbek o‘zbek bilan rishta bog‘lagani ma’qul”- deydi Maxfirat opa.

Hozirda yetmish yoshni qarshilagan, o‘tmishda maishiy xizmat sohasida faoliyat yuritgan Malika opada internatsiallik tushunchasi doim unda nosamimiylik hissini uyg‘otganini aytadi.

“Buni g‘ayritabiiylikka yo‘yishdan tashqari uning reallikka quyilib, qonuniy va muvozanatli marom topib ketishiga ishonchsiz bo‘lganman. Shunday oilalarni uchratsam, masalan o‘zga millat, ayniqsa g‘ayridin bilan turmush qurganlarni ko‘rsam o‘zimda ichki kelishmovchilikka, ruhiy buzilishga o‘xshash hissiyotni o‘zimda kechirardim. Shunday oilalar matbuotda ko‘p yoritilardi. Masalan bir xonadonda turli millatlardan iborat kelinlar istiqomat qilishadi, go‘yoki ular shod-inoq, baxtiyor, aslida esa bu menga nobob olib borilayotgan ilmiy eksperimentdek tuyulgan. Ulardan tug‘ilayotgan farzandlar ham allanechuk gibrid hosiladek taassurotni uyg‘otgan. Bunday turmushlarga boqib, “ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin” degan mulohaza uyg‘onadi. Afsuski o‘z borlig‘ida shunday baynalmilallikni ustun bilgan tuzum parokandalikka uchradi. Endigi zamonda esa boshqa qonlarga uyqash munosabatlarning yangi ko‘lami maydonga chiqdi,” - deya o‘z fikrlari bilan bo‘lishadi Malika opa.

“Qoni qoniga qo‘shilmaydi” degan tushunchalar qanchalar g‘ov va keskin raddiya tarzida yangramasin, qarshiliklar bildirilib, to‘siqlar qo‘yilmasin baribir o‘zga millatlarning birgalikda qismat bog‘lashi uchragan.

“Hozirgi manzarada bu davlat tarafidan tiqishtirilayotgan g‘oya yoki ko‘rsatma emas, birgina tibbiyot xodimlarining irsiy masalada keng mazmundagi uqtirishlari ham zuryod sog‘lomligi uchun shunday oilalarni hozirgi shaklida paydo bo‘lishiga zamin yaratayotgan bo‘lishi mumkin. Hissiy hohishlarning yo‘lini to‘sish mushkul. Buni tabiatning ma’lum darajadagi qonuni deb qabul qilish balkim o‘rinlidir. Biroq baxt tushunchasini yolg‘ondakam ko‘rsatib bo‘lmaydi. Bu baribir oxirida rostakam manzarasini namoyon etadi. Gap ana o‘sha haqiqatning qay tarzda bo‘y ko‘rsatishida,” - deydi Malika opa.

Mazkur suhbatdosh internatsionalizmga ro‘yxush bo‘lmaslik millatchilik deb malakalanmasligi tarafdori.

”Chunki zo‘raki tajriba butun bir taqdirlar bilan achchiq o‘ynashish bo‘lib qolmasligi zarur. Ayniqsa uning ortida ma’lum xalqlarning ildizi, istiqboli, qismati ham yotibdi.” - deydi u.

Muhimi - xonadondagi iqlim

Hozirdagi zamonaviy turmushga ko‘proq his-ehtiroslar javob uchun izoh etib, bunga shu mazmunda og‘iz juftlangani bilan bu boradagi masalalar pragmatik niyatlarga borib taqaladi. Aynan turli millatlar o‘rtasidagi oilaviy ittifoq qurilishiga moddiy manfaatdorlik sabab bo‘lishi mumkin. Jurnalist Mayyago‘zal Chorievaning nazdida o‘ziga juft tanlashda kishilar aqlan yondashuvga moyildirlar.

“Hozirda boshqa dindagi ayollar musulmon dinidagi mahalliy yigitlar bilan baxtini sinayotganini kuzatamiz. Chunki ular ichmaydigan, chekmaydigan, oilasi, bola-chaqasi uchun qayg‘uradigan erkaklarni o‘zlarining millatiga mansub go‘yo axloqiy me’yorlardan tashqariga chiqqan, boshboshdoq erkaklardan ko‘ra afzal deb biladilar. Bizdagi qizlar esa moddiy ustunlikni asosiy maqsad ko‘rib, badavlat o‘zga millatdagilarga turmushga chiqayotgani hollarga ham guvoh bo‘lyapmiz,”- deydi M.Chorieva.

Suhbatdoshlarimiz milliy jihat ularning turmushida asosiy o‘rin tutmagani, balki-da ilk oylardan hatto bu ularning xayolidan ko‘tarilganini ta’kidlashdi. Asosiysi muvozanat o‘qini topib, mo‘’tadil oilaviy iqlimni yaratishga duo qilinib, bunga bor mahorat ishga solinadi.

Ayni vaqtda esa mamlakat ichidan tashqari boshqa yurtlardan xorijliklar bilan maishiy munosabat tashkil etayotganlar haqidagi xabarlar ham diqqat markaziga chiqqan.

Shu kunlarda ommaviy o‘zbek serialida habash yigitga ko‘ngil qo‘ygan o‘zbek qizi mojarosi, bunga qarindoshlarining keskin qarshiligi tasvirlanmoqda.

“Yetti pushtimizni kuydirma”. “Uning irqi boshqa. Ota-bobomiz bundan go‘rida tikka turadi”, degan dashnomlar bildiriladi ushbu filmda. Ma’lum jihatdan qizg‘in tortishuvga sababchi ushbu unsurlar jamiyatda mutlaqo yangicha ko‘rinishlar paydo bo‘layotganiga ham diqqat qaratadi.

“Bu aslida kino, unda ota-onasi ham keskin qarshilik bildirishyapti. Hayotda esa buni fikr sifatida qabul etib, umuman bunga real yo‘l qo‘yish mumkin emas,” - deya bu borada o‘z mulohazasini bildirdi mahalliy o‘zga millatga turmushga chiqqan kelinlardan biri.

Telegram kanalimiz: