Sarhisob: O‘zbekiston 2024 yilda – Yil qanday o‘tdi? (Video)

Surat manbasi, BBC Uzbek
2024 yil O‘zbekiston va uning xalqi uchun taraqqiyot, yutuqlar, qiyinchiliklar va orzu-umidlarga boy kechdi. BBC o‘tayotgan yilda o‘zbekistonliklar nimalarga guvoh bo‘lgani va nimalarni boshdan kechirganiga nazar tashladi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Raqobatsiz saylov

Surat manbasi, President's press service
2023 yilda ikki muhim siyosiy voqea – umumxalq referendumi va muddatidan avval prezident saylovini boshdan o‘tkazgan O‘zbekiston xalqi 2024 yilda Parlament saylovida ham qatnashdi.
O‘zbekistonliklar mamlakat tarixida ilk bor aralash tizimda o‘tgan saylovda ovoz berdi.
Saylov targ‘iboti, unga tayyorgarlik va ovoz berish jarayoni faol tarzda kechgani ko‘zga tashlandi.
Ammo xalqaro kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoyev qudratga kelganining 8 yilida bo‘lib o‘tgan bu muhim siyosiy voqea erkinlikni cheklaydigan siyosiy muhit sharoitida o‘tgani, unda fuqarolarga chinakam tanlov berilmaganini qayd etdi.
Allamjonovga otilgan o‘q

Surat manbasi, Telegram/Komil Allamjonov
Rasmiy voqea bo‘lmish saylov bilan bir vaqtda o‘zbekistonliklar qiziqroq boshqa bir norasmiy va kamyob siyosiy jarayonga ham guvoh bo‘ldi.
Ayni Parlament saylovi arafasida mamlakat siyosiy sahnasida ko‘zga ko‘ringan shaxs – prezident administratsiyasida sentyabrь oxiriga qadar rahbar lavozimida ishlagan sobiq amaldor Komil Allamjonovga nisbatan suiqasd uyushtirilgani xabar qilindi.
Bu voqea ortidan noyabrь oyi davomida xavfsizlik hamda huquq-tartibot organlari tizimida keng ko‘lamli ishdan bo‘shatishlar yuz berdi.
O‘zbekistonliklar yakuniga yetayotgan yil oxiriga qadar na Allamjonov ishi tafsilotlari, na DXX raisining ishdan olinishi doxil xavfsizlik tizimidagi tozalov sabablari borasida biror jo‘yali rasmiy izoh eshitmadi.
Bu jarayon esa roppa-rosa sakkiz yoshga to‘lgan Yangi O‘zbekiston hukumatida xalq oldidagi hisobdorlik hissi bilan bog‘liq muammolar hali ham borligini ko‘rsatdi.
Boysun fojiasi

Surat manbasi, Social media
Hukumatning xalq oldidagi hisobdorlik hissi va, umuman, xalq va davlat munosabatlarini yana bir bor sinagan voqea 1 sentyabrь kuni Boysunda yuz berdi.
Surxondaryoda joylashgan gaz konidagi avariya ortidan kamida yuzlab insonlar sog‘ligiga jiddiy xavf paydo bo‘ldi, chiqib turgan xabarlardan esa rasmiylar muammoga yechim topish o‘rniga uni yoritishga harakat qilgan matbuot vakillariga ham, dardini yorgan aholiga ham turli yo‘llar orqali bosim qilgani ma’lum bo‘ldi.
Mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoq guruhlarida uchqunlagan so‘nggi xabarlarda avariya yil oxiriga qadar ham bartaraf etilmagani, zaharli gazning ta’siri hanuz saqlanib qolayotgani, odamlar esa mavhumlik va qo‘rquv ichra yashayotgani anglashiladi.
Xalqaro maydondagi ikki qotillik

Surat manbasi, EPA/FSB
Yil yakuni tomon xalqaro maydonda o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq ikki shov-shuvli siyosiy voqea yuz berdi.
Noyabrь oxirida Turkiya maxsus xizmatlari Dubayda g‘oyib bo‘lib, keyinroq jasadi topilgan 28 yashar yahudiy ruhoniy Zvi Koganni o‘ldirishda gumonlab, uch o‘zbekistonlik hibsga olganini ma’lum qildi.
Yaqin Sharqdagi mojaro qizigandan qizib turgan bir vaqtda yuz bergan bu voqea barcha yetakchi nashrlar e’tiborini zumda o‘ziga tortdi.
Dekabrь oyiga kelib, o‘zbekistonlik erkak va O‘zbekiston fuqarosi jumlalari yana bir bor xalqaro nashrlar sarlavhalarida paydo bo‘ldi.
Moskvada – Kremldan atigi 7 chaqirim narida taniqli rus generali Igor Kirillov va uning yordamchisi joniga portlash orqali suiqasd uyushtirildi.
Keyinroq Rossiya tomoni gumonlanuvchi sifatida 29 yashar o‘zbekistonlik yigitni qo‘lga olganini e’lon qildi.
Rossiya o‘zining Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri o‘ldirilgan eng yuqori martabali harbiy amaldoriga uyushtirilgan bu suiqasd tashkilotchisi Ukrain maxfiy xizmatlari bo‘lgani, O‘zbekiston fuqarosi esa ularning buyurtmasini bajarganini da’vo qilib chiqdi.
O‘zbekiston hukumati o‘z fuqarolari ishtirokidagi bu ikki xalqaro siyosiy voqea yuzasidan biror jo‘yali izoh bergani ko‘zga tashlanmadi.
Baloga qolgan o‘zbek migranti

Surat manbasi, BBC Uzbek
2024 yilda O‘zbekiston aholisi 37 million nafardan oshdi va aholining, ayniqsa, yoshlarning iqtisod, ta’lim, biznes, migratsiya kabi barcha jabhalarda faolligi ortgani kuzatildi.
Yil davomida aholining salmoqli qismini tashkil etadigan yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga ishtiyoqi yanada kuchaygani qayd etildi. Masalan, birgina ingliz tili ko‘nikmalarini baholovchi IELTS imtihonidan o‘tganlar soni bo‘yicha rekord natija qayd etilgani xabar qilindi.
Til o‘rganishga ishtiyoq ortidan boshqa bir tabiiy jarayon – yoshlarning xorijga bosh olib ketishi ham kuchaydi.
Shu yilda O‘zbekiston xorijda o‘qiyotgan talabalari soni bo‘yicha dunyodagi birinchi uchtalik (Xitoy va Hindistondan keyin)ka kirgani ma’lum bo‘ldi.
2024 yil davomida yoshlarning xorijga chiqib ketishi asosiy sabablaridan biri – ishsizlik muammosi yana dolzarbligicha qoldi.
Shu yilda oliygohlarni bitirgan yoshlarning 60 foizi ish topa olmagani ma’lum etildi.
O‘z-o‘zidan yil davomida migratsiya yo‘nalishida ham faollik oshgani ko‘zga tashlandi.
Yil o‘zbek migranti uchun mushkulliklarga boy kechdi – Moskva yaqinidagi Krokus Siti Holda yuz bergan dahshatli terakt ortidan Rossiya hukumatining migrantlarga nisbatan siyosati misli ko‘rilmagan darajada keskinlashdi.
Tahqirlovchi va zo‘ravon siyosat hamda millatchilik kuchayganiga qaramay, Rossiya haliga qadar o‘zbek migranti boradigan asosiy makonligicha qoldi.
Bir vaqtning o‘zida o‘zbek hukumatining ishchilarni tashkillangan tarzda boshqa davlatlarga yuborishi qariyb to‘rt barobarga ortdi va vatanga pul yuborish borasida cho‘qqi ham yangilandi – yilning o‘n oyi davomida o‘zbek migrantlari uyga qariyb $13 milliard yubordilar.
Energoislohot va AES

Surat manbasi, Het.uz
2024 yil davomida Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari O‘zbekiston iqtisodiyotida barqaror o‘sish kuzatilganini qayd etdi.
Shu bilan birga mazkur yilda odamlar hayotiga bevosita daxl qiluvchi qator o‘zgarishlar ham yuz berdi.
Yillar davomida kutilgan va keyinroq xalq orasida "200 kilovatt" nomi bilan ommalashgan energoislohot aynan shu yilda amalga oshirildi.
Elektr va gaz tariflarining sezilarli oshirilishi ortidan mamlakatda iqtisodiy bo‘hron alomatlari yuzaga kela boshlagani borasida vahimali xabarlar tarqaldi, qariyb ikki oy davomida bozorlarda savdo falajlanib qolgani haqidagi xabarlar muntazam kelib turdi.
Shuningdek, yillardan beri bahsu xavotirlarga sabab bo‘lib kelgan atom elektr stantsiyasi loyihasi taqdiri ayni 2024 yilda hal etildi – may oyida O‘zbekiston o‘zining ilk atom elektr stantsiyasini qurish borasida Rossiya bilan shartnoma imzoladi.
Faqatgina mamlakat hukumati AES qurish masalasida qo‘shnisi Qozog‘iston kabi xalqning fikrini so‘rab o‘tirmadi.
Erkinlik va xorijdan tanqidlarga to‘siq
Xalqaro tashkilotlar 2024 yilda ham O‘zbekistonda matbuot, so‘z erkinligi – umuman huquq va erkinliklar bilan bog‘liq umumiy vaziyat borasida oldinga siljishni qayd etmadi.
Freedom House tashkiloti mamlakatni 2024 yilda ham erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida qoldirdi.
Yil davomida huquqlar bilan bog‘liq qator xavotirli xabarlar, bayonotlar, hisobotlar chiqib turdi.
Masalan, 30 ga yaqin inson huquqlari tashkilotlari va guruhlari Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi iyunь oyida qabul qilgan qonun borasida xavotir bildirib qo‘shma bayonot e’lon qildi.
Noyabrь oyida kuchga kirgan bu qonunda O‘zbekiston haqida nomaqbul gapirgan xorijliklarga taqiq qo‘yish haqida so‘z boradi.
Ikkitaga ko‘paygan ittifoqchilar ro‘yxati

Surat manbasi, President's press service
2024 yil xalqaro aloqalarni rivojlantirish va yaxshilash yo‘lida anchayin samarali kechdi.
Ushbu yilda O‘zbekistonning ittifoqchilari soni naq ikkitaga ko‘paydi: aprelda Tojikiston, avgustda Ozarbayjon bilan munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish ko‘zda tutilgan shartnomalar imzolandi.
Mamlakat o‘z qo‘shnilari hamda Turkiy davlatlar bilan aloqalarni yanada mustahkamladi.
G‘arb davlatlari bilan munosabatlarda ham ma’lum qadamlar tashlandi. Masalan, sentyabrь oyida Germaniya bilan migratsiya masalasida O‘zbekiston uchun anchayin foydali kelishuvga erishildi.
Eng muhimi, O‘zbekiston 2024 yil davomida ham tobora ziddiyatli tus olayotgan xalqaro maydonda muvozanatni saqlab turishning uddasidan chiqa oldi.
Rossiya bilan iliq aloqalarni davom ettirgan mamlakat G‘arbning ikkilamchi sanksiyalariga tushib qolmadi ham.
Parij Olimpiadasi

Surat manbasi, Official
O‘zbekistonliklar uchun 2024 yilda esa qolgan eng muhim sport tadbiri bu, shubhasiz, Parij Olimpiadasi bo‘ldi.
Yozgi Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston uchun mamlakat mustaqil tarixidagi eng muvaffaqiyatli o‘yin bo‘ldi.
O‘zbek sportchilari jami 13 ta medalni qo‘lga kiritib, mamlakat medallar hisobida 206 davlat orasida 13-o‘rin, Markaziy Osiyo, MDH, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar orasida 1-o‘rin, Osiyo bo‘yicha esa 4-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bu Parij Olimpiadasi o‘zbekistonliklarga g‘urur, milliy birlik va iftixor olib kelgan sport tadbiri o‘laroq tarixda qoldi.












