Donald Trampga Eronda 'qatllar to‘xtatilgani' aytildi

Video tagso‘zi, Tramp Eronda "qatllar to‘xtadi", demoqda. Video ingliz tilida
    • Author, Tabbi Uilson
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Donald Trampga ko‘ra, unga "Erondagi qatllar to‘xtagani" aytilgan. Biroq AQSh prezidenti hukumatga qarshi namoyishlar zo‘ravonlik bilan bostirilgani uchun Eronga qarshi harbiy usulda chora ko‘rish ehtimolini rad etmadi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab o‘tgan norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirish jarayonida 2400 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Trampning bayonoti chorshanba kuni berildi. Bundan oldin AQSh va Buyuk Britaniya Qatardagi Al-Udeyd bazasidan ba’zi xodimlarini olib chiqqandi. Rasmiylar buni xavfsizlik uchun qilingan ehtiyot chorasi ekanini aytishdi.

Eron havo hududi tun davomida besh soatga yaqin deyarli barcha parvozlar uchun yopildi. Bir nechta aviakompaniyalar parvozlarini Eron havo hududini aylanib o‘tib amalga oshirishini e’lon qildi.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ham Tehrondagi Britaniya elchixonasini vaqtincha yopganini ma’lum qildi. Hukumat vakilining aytishicha, elchixona endi masofadan turib ishlaydi.

Bundan oldin Tramp, agar Eron hukumati namoyishlarda ishtirok etgan insonlarni qatl etsa, "juda qattiq choralar" ko‘rilishi bilan tahdid qilgandi. Bu haqda u namoyishlar keskin bosqichga chiqqan paytda hibsga olingan 26 yoshli yigitga o‘lim jazosi chiqarilgani haqida xabarlar tarqalishi ortidan gapirgandi.

Erfon Sultoniyni chorshanba kuni qatl etilishi rejalangani borasida uning oila a’zolari BBC News Fors xizmatiga ma’lum qilishgan. Keyinroq esa, ular Norvegiyada joylashgan kurd inson huquqlari tashkiloti Hengaw'ga uning qatli keyinga qoldirilganini aytishgan.

Payshanba kuni Eron davlat matbuoti Sultoniy namoyishlar paytida hibsga olinganini tasdiqladi, ammo unga o‘lim jazosi chiqarilganini rad etdi.

Oq uydan turib gapirgan Tramp uning ma’muriyatiga "ishonchli manbalar orqali" Eronda "qotilliklar to‘xtayotgani va qatl rejalari yo‘qligi" haqida ma’lum qilinganini aytdi.

Jurnalistning savoliga javob bergan Tramp, "qarshi tomondagi juda muhim manbalar" uni bu voqealardan boxabar qilganini aytgan va ma’lumotlar haqiqat bo‘lishiga umid bildirgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Ma’lum qilinishicha, Eron rasmiylari Sultoniyning oilasiga uning ishi haqida qo‘shimcha ma’lumot berishmagan. Rasmiylar faqat uning norozilik namoyishi bilan bog‘liq holda hibsga olinganini bildirish bilan cheklanishgan.

Kiyim-kechak do‘koni egasi bo‘lgan Sultoniy o‘tgan hafta Tehron g‘arbida joylashgan Fardis shahrida qo‘lga olingan.

Ehtimoliy qatllar haqidagi xabarlarga munosabat bildirgan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi "osish ehtimoldan tashqari" ekanini aytib, "bugun ham, ertaga ham qatl ijro qilinmaydi", deb ta’kidlagan.

Fox News telekanaliga intervyu bergan Arag‘chi AQSh prezidentini iyun oyida qilingan xatoni takrorlamaslikka chaqirgan va "muvaffaqiyatsiz tajriba yana takrorlansa, natijasi ham xuddi shunday bo‘ladi", deb aytgan.

2025 yil iyun oyida AQSh Tehron yadroviy qurol yaratishi mumkin, degan xavotirlar sabab Erondagi uchta yadroviy inshootni bombalagan edi.

Eron milliy valyutasining qulashiga qarshi dastlabki namoyishlar dekabr oyi oxirida boshlangan. Ammo tez orada noroziliklar Erondagi diniy rahbariyatning legitimligini savol ostiga olgan keng qamrovli inqirozga aylanib ketgan.

Tehrondagi Britaniya elchixonasining vaqtincha yopilishiga qo‘shimcha ravishda, AQShning Saudiya Arabistonidagi missiyasi o‘z xodimlari va fuqarolarini mintaqadagi harbiy ob’ektlarga borishda ehtiyotkorlikni kuchaytirish va zarur bo‘lmagan safarlarni cheklashga chaqirgan.

Eron havo hududini aylanib o‘tishga oid ogohlantirishlar

Italiya va Polsha o‘z fuqarolarini Eronni tark etishga chaqirgan bayonotlar e’lon qildi. Germaniya esa parvozlarni Eron havo hududiga kirmaslikka chaqirib, bunga sabab sifatida nizoning kuchayib borayotgani va aviatsiyaga qarshi qurollar xavfini ko‘rsatgan.

Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi alohida bayonot berib, qo‘shimcha ogohlantirish berilguniga qadar uning parvozlari Eron va Iroq havo hududidan o‘tmasligini tasdiqlagan.

Ayni manzarada O‘zbekiston havo yo‘llar - Uzbekistan Airways ham o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgani haqida ma’lum qilingan. Hozirga kelib esa, Eron havo hududi qayta ochilgani xabar qilinmoqda.

AQShning Dohadagi elchixonasi o‘z xodimlariga ehtiyotkorlikni kuchaytirish va Qatardagi Al-Udeyd harbiy havo bazasiga zarur bo‘lmagan safarlarni cheklashni tavsiya qilgan. Qatar hukumati esa o‘z navbatida fuqarolari va mamlakatda yashovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun "barcha zarur choralar ko‘rilishini" ma’lum qilgan.

Al-Udeyd Yaqin Sharqdagi eng yirik AQSh harbiy bazasi bo‘lib, u yerda taxminan 10 ming nafar amerikalik harbiy, shuningdek 100 ga yaqin britaniyalik xodim xizmat qiladi. Qancha xodim bazani tark etishi hozircha aniq emas.

Al-Udeyd harbiy havo bazasining havodan olingan tasvirida aerodromda qatorlab turgan samolyotlar ko‘rinadi, baza esa atrofi cho‘l bilan o‘ralgan.

Surat manbasi, TSGT Scott Reed, USAF

Surat tagso‘zi, Al-Udeyd - AQShning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasi.

Tramp hozircha Eron rahbari Xomanaiyga qarshi chiqqan odamlarni qo‘llab-quvvatlashda ehtiyotkor yondashmoqda. U chorashanba kuni Reuters ga bergan intervyusida, bu ish uchun hali vaqti kelmaganini aytgan.

Eronning so‘nggi shohi o‘g‘li, muhojirlikda yashayotgan muxolifat vakili Rizo Pahlaviyni qo‘llab-quvvatlashi mumkinmi, degan savolga javob bergan Tramp, uning rahbarligini eronliklar qabul qiladimi-yo‘qmi, bilmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar eronliklar Pahlaviyni qabul qilsa, bu AQSh uchun muammo bo‘lmaydi.

Tramp shuningdek, Pahlaviy haqida: "U yaxshi insonga o‘xshaydi, ammo u o‘z mamlakatining ichida qanday qabul qilinishi noma’lum", deya qo‘shimcha qilgan.

Uch haftadan ortiq vaqt oldin boshlangan namoyishlar davomida ko‘plab eronlik namoyishchilar Pahlaviyning qaytib kelishini talab qilishgan. Biroq mamlakat ichida uni qo‘llab-quvvatlovchilar qanchalik ko‘p ekanini aniqlash qiyin.

Tramp, shuningdek, namoyishlar tufayli Eron hukumati qulashi mumkinligini aytgan, biroq "har qanday rejim ham qulashi mumkin", deb qo‘shimcha qilgan.

O‘tgan payshanba kunidan buyon Eron bo‘ylab internet o‘chirib qo‘yilgan. Bu hukumatga qarshi namoyishlarni qattiq bostirish choralari kuchaytirilgan paytda joriy etilgan.

BBC va boshqa ko‘plab xalqaro OAVlar hozircha Eron ichida faoliyat qilolmaydi. Bu esa ma’lumot to‘plash va uni tekshirishni qiyinlashtirmoqda.

AQShda joylashgan Inson huquqlari faollari yangiliklar agentligi (Human Rights Activists News Agency - HRANA) ning ma’lum qilishicha, hozirgacha 2435 nafar namoyishchi, shu jumladan 13 nafar bola nobud bo‘lgani tasdiqlangan. Tashkilot yana 882 ta o‘lim holati hali tekshiruvda ekanini bildirgan.