O‘zbekiston va Tolibon munosabatlari: 100 dan oshiq o‘zbekistonlik tadbirkor Kobulda 30 dan ortiq shartnoma imzoladi

anjuman

Surat manbasi, расмий

O'qilish vaqti: 2 daq

Tolibon vaziri O‘zbekiston Afg‘onistonni so‘zda emas, balki amalda qo‘llab-quvvatlayotgani o‘ta muhimligini aytdi. Kobulda o‘zbekistonlik tadbirkorlar 50 million dollarlik shartnoma imzolab qaytdi.

O‘tgan yakshanba kuni Kobulda Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasida biznes muloqot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda umumiy qiymati 50 million dollarga teng bo‘lgan 30 ta hamkorlik memorandumi imzolandi.

Afghan Voice agentligi hamda tolonews.com nashrlari xabar berdi.

Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirligi umumiy qiymati 45–50 million dollarga baholanayotgan bu kelishuvlar Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish yo‘lida muhim qadam ekani ta’kidlagan.

Aloqador mavzular:

Rasmiy xabarda aytilishicha biznes anjumanda 105 ta O‘zbekiston shirkati ishtirok etgan va bu o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini kengaytirishga bo‘lgan katta qiziqishini ko‘rsatadi.

"O‘zbekiston nafaqat gap-so‘z va anjumanlar bilan, balki amaliy hamkorlik orqali ham Islom Amirligini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu juda muhim", deya Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Ahmadullo Zohiddan iqtibos keltiradi tolonews.com.

Nashrga gapirgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbari Daron Vahobov Kobul va Toshkent o‘rtasidagi ba’zi to‘siqlarni tan olgan, ammo ularni yengishga umid bildirgan.

"Uchrashuv natijalari 10-15 kun ichida aniq kelishuv va shartnomalar bilan yakunlanishiga ishonaman. Ayni paytda to‘qimachilik, qurilish va oziq-ovqat ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha loyihalar ustida ishlayapmiz", - degan u.

Xabarlarda aytilishicha, anjumanning muhim jihatlaridan biri mintaqa davlatlari o‘rtasida Qo‘shma Savdo-sanoat palatasini tashkil etish taklifining rasman ilgari surilgani bo‘lgan.

"Bu tashabbus tadbirkorlar va iqtisodiy faollar tomonidan taklif qilindi va amalga oshirilsa, mintaqa davlatlari o‘rtasida savdo va investitsiyalarni yengillashtirish va rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi mumkin", deb yozadi avapress.com nashri.

Tashkilotchilar va ishtirokchilar ushbu anjuman hamda imzolangan savdo kelishuvlari mintaqa savdosi va iqtisodiy hamkorligi uchun istiqbolli hodisa sifatida baholagan.

Rasmiy
O‘zbekiston nafaqat gap-so‘z va anjumanlar bilan, balki amaliy hamkorlik orqali ham Islom Amirligini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu juda muhim.
Ahmadullo Zohid
Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Yaqinlashayotgan O‘zbekiston va Afg‘oniston munosabatlari

O‘zbekiston hukumati Tolibon hukumatga kelishidan oldin Hamid Karzay hukumati bilan ham yirik loyihalar borasida muzokaralar olib borayotgan edi.

Hali eski hukumat amalda paytda bo‘lgan bir vaqtda O‘zbekiston rasmiylari Tolibon bilan ham muloqotlar olib borgan.

Tolibon hukumatga kelgach bu muloqotlar yanada iliqlashib, iqtisodiy sohada bir necha yirik loyihalarning imzolanishiga olib keldi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

O‘tgan yili O‘zbekistondagi nashrlar O‘zbekiston Afg‘onistonning tabiiy gazini qidirish va qazib olish uchun 1 milliard dollarlik investitsiya kiritishini xabar qilgandi.

Kelishuvga ko‘ra, nomi oshkor qilinmagan O‘zbekiston kompaniyasi birinchi yili Faryob va Jauzjon viloyatlaridagi "To‘timaydon" koniga 100 million dollar, qolgan to‘qqiz yilda esa 900 million dollar investitsiya kiritishi ma’lum qilingan. Dastlabki ikki yilda qazib olingan gaz sarfi 100 megavatt gazga asoslangan elektr energiyasini ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston "Afg‘oniston-Trans" temir yo‘l loyihasini ham amalga oshirmoqda. U yakunlangach, Afg‘oniston ushbu yo‘l orqali katta iqtisodiy foyda ko‘rishi kutilmoqda.