Boylar kelajakda kambag‘allarga qurt-qumursqa yedirmoqchimi yoki bu shunchaki mish-mish?

Qumursqa yeyayotgan taqma tish kollaji

Surat manbasi, Serenity Strull / BBC / Getty Images

O'qilish vaqti: 7 daq

Hasharotlar oqsili sog‘lom va barqaror. Ammo hozir u keng qamrovli fitna nazariyasi markaziga tushib qolgan.

Insoniyat tarixi davomida hasharotlar odamlar taomnomasida bo‘lib kelgan. Entomofagiya (hasharotlarni iste’mol qilish) haqidagi eng qadimgi bizga ma’lum tasvirlardan biri miloddan avvalgi 30 ming yillikka mansub Ispaniya shimolidagi Altamira g‘or rasmlari bo‘lib, ularda asalari yig‘ish jarayoni tasvirlangan. Bugungi kunda Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrikada ko‘plab odamlar hasharotlarni muntazam iste’mol qiladi. Masalan, Meksikada qaynatilgan va qovurilgan chigirtkalar – "chapulines" mashhur bar gazaklari hisoblanadi va tobora ko‘proq nufuzli restoranlar menyusidan joy olmoqda.

Biroq hamma ham bu taomlarni yeyavermaydi. Hasharotlar uzoq vaqtdan beri arzon, sog‘lom va barqaror oqsil manbai hisoblangan bo‘lsa-da, ular Amerika va Yevropa aholisi ratsionida deyarli uchramaydi.

So‘nggi yillarda bu istamaslik "global elitalar" oddiy odamlarni go‘shtdan voz kechib, hasharot iste’mol qilishga majbur qilayotgani haqidagi fitna nazariyalari tufayli yanada kuchaydi. Tadqiqotchilar ogohlantirishicha, bu dezinformatsiya iqlimga mos keladigan oqsil manbai sifatida hasharotlarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarga soya soladi va yanada barqaror oziq-ovqatlarga o‘tishga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Asosan Qo‘shma Shtatlar va Yevropaning ayrim hududlarida keng tarqalgan "Men hasharot yemayman" fitna nazariyasiga ko‘ra, "global elitalar" atrof-muhitni himoya qilish niqobi ostida oddiy xalqni hasharotlarni iste’mol qilishga majbur qilmoqchi, deydi dezinformatsiya tahlilchisi Sara Aniano.

Anti-Defamation League'ning Ekstremizm bo‘yicha markazida bu nazariyani yillar davomida o‘rganib kelayotgan Anianoning aytishicha, bu fitna nazariyasi "G‘arb tamaddunining axloqiy inqirozi" haqidagi mavjud qo‘rquvlarga aniq mos keladi.

Niderlandiyada o‘ta o‘ngchi "Demokratiya uchun forum" partiyasi rahbari Terri Bodet 2023 yil mart oyida Yevropa Ittifoqiga (YeI) qarshi nutq so‘zlab, "Yo‘q!" deb qichqirib, qopchadan sariq un qurtlarini to‘kdi. Keyinchalik Bodet o‘sha lahza olingan suratni X ijtimoiy tarmog‘iga "BIZ HAShAROT YeMAYMIZ" degan izoh bilan joylashtirdi.

Italiyaning o‘ta o‘ngchi Lega per Salvini Premier partiyasi Italiyaning Konegliano shahrida "Keling, Yevropani o‘zgartiraylik, u bizni o‘zgartirmasdan burun" so‘zlari va 2024-yilgi Yevropa Ittifoqi saylovlari sanalari yozilgan reklama taxtasi uchun pul to‘ladi. Unda chigirtkaga o‘xshash hasharotni iste’mol qilayotgan odamning yirik surati ham joylashtirilgan bo‘lib, entomofagiya an’anaviy qadriyatlar yo‘qolishi bilan bog‘langan. Ushbu tasvirda oziq-ovqat Yevropa madaniy qiyofasi yo‘qolishidan qo‘rquv uyg‘otuvchi provokatsion ramz vazifasini bajargan.

Qumursqa yeyayotgan taqma og‘iz kollaji

Surat manbasi, Serenity Strull / BBC / Getty Images

Surat tagso‘zi, Hasharotlar arzon, sog‘lom va barqaror oqsil manbalaridir

2023 yilda Fox News tomonidan ishdan bo‘shatilishidan oldin, AQSh tok-shousi boshlovchisi Taker Karlson o‘zining "Tucker Carlson Originals" striming shousidagi so‘nggi maxsus ko‘rsatuvi "Ularga hasharot yeyishga ruxsat bering" deb nomlangan yarim soatlik dastur edi. Iqlimga bog‘liq oziq-ovqat siyosatini o‘rganar ekan, Karlsonning ta’kidlashicha, "rahbariyatdagi shaxslar" aholi taomnomasiga hasharotlarni tiqishtirmoqda. Ko‘rsatuvda gollandiyalik o‘ta o‘ng qanot faoli Yeva Vlardingerbruk ishtirok etib, hasharot iste’mol qilishni haddidan oshgan hukumatning odamlar qanchalik "bo‘ysunishini sinashi" deb atadi va chorva mollarini qisqartirish takliflariga qarshi fermerlarning norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatladi.

"Men hasharot yemayman, bu mem edi, – deydi Karlson. – Endi u harakatga aylandi."

Boshqa o‘ng qanot amerikalik fitna nazariyotchilari Aleks Jons va Kandis Ouens, shuningdek, inflyuenser Jek MakGuayr ham "Men hasharot yemayman" fitna nazariyasini tarqatdi.

Xo‘sh, hasharotlarni zo‘rlik bilan yedirishlaridan qo‘rqish qayerdan paydo bo‘ldi?

2020 yil bahorida Jahon iqtisodiy forumi – Shveytsariyada har yili o‘tkaziladigan Davos konferentsiyasi ortida turgan xalqaro, nodavlat tashkilot Kovid-19 pandemiyasi davrida global tengsizlikni kamaytirish va ekologik tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha "Buyuk qayta tiklash" tashabbusini taqdim etdi. Ekstremizm bo‘yicha markazga ko‘ra, fitna nazariyotchilari Davos konferentsiyasi dunyoning eng badavlat odamlari Kovid-19 pandemiyasidan globalist-totalitar rejimlarni qurish uchun vosita sifatida foydalanishga urinayotgani "isboti" bo‘ldi, deb hisoblamoqda.

"Men hasharot yemayman" iborasi dastlab 4chan anonim forum saytida 2019 yil avgust oyida paydo bo‘lgan, ammo Kovid-19 pandemiyasi davrida "Buyuk qayta tiklash" fitnasi bilan birlashgandan so‘ng ommalashib ketdi, deydi Aniano.

2021 yilda Jahon iqtisodiy forumi hasharotlar go‘shtga qaraganda iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun barqarorroq ekanligini ta’kidlovchi maqola e’lon qildi.

"Hasharotlar fitnasi so‘llarga ovoz berish zamonaviy jamiyat oxiriga bir tomonlama chipta degan g‘oyaga aylandi," deydi Aniano. Uning qo‘shimcha qilishicha, oziq-ovqat kabi oddiy tuyulgan zarurat madaniyat va o‘zlik belgilari bilan bog‘liq.

Yevropa Ittifoqi 2023 yil yanvarь oyida to‘rtta hasharotni yangi oziq-ovqat sifatida ma’qulladi, bu esa ayrim turdagi hasharotlarni Yevropa Ittifoqi bozorida ingredient sifatida ishlatishga imkon beradi. Tasdiqlangan to‘rtta hasharot – uy chigirtkasi, don qo‘ng‘izi lichinkalari, ko‘chmanchi chigirtka va un qo‘ng‘izining quritilgan lichinkalari. Bu qaror ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Frantsiyalik o‘ng qanot siyosatchisi Loran Dyuplomb Yevropa Ittifoqining yangi oziq-ovqat ruxsatnomasini tanqid qilib, shunday dedi: "Biz frantsuzlarga o‘zlari bexabar holda hasharot iste’mol qilishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz." Bu yolg‘on da’voga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi go‘yoki hasharotlar boshqa ingredientlar bilan aralashtirilganda aniq belgilanishini talab etmaydi. Aslida, Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga ko‘ra, mahsulotda hasharotlarning mavjudligi uning yorlig‘ida aniq va ravshan ko‘rsatilishi shart.

Ikki qo‘l bir-biriga qumursqa uzatyapti

Surat manbasi, Serenity Strull / BBC / Getty Images

2025 yil yanvarь oyida Yevropa komissiyasi ultrabinafsha nurlar bilan ishlov berilgan sariq un qurti kukunini yangi oziq-ovqat sifatida tasdiqladi. Ushbu qoidalarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi bu qurtdan non, pishloq va makaron mahsulotlarida 4% gacha foydalanishga ruxsat berdi, bunda u mahsulot ingredientlari ro‘yxatida aniq ko‘rsatilishi talab etiladi. Shunga qaramay, Yevroskeptik akkauntlar bu tasdiqlash va tartibga solishni qoraladi. Frantsiyaning "Les Patriotes" millatchi partiyasi asoschisi Florian Filippot X tarmog‘idagi videoda: "Ekologik telbalik tufayli ular chorvachilik bilan raqobatlashish uchun butun qit’ani [Yevropani] zaharlash xavfini o‘z zimmalariga olmoqda," dedi. U "bizning nonimiz, sharbatlarimiz, makaron mahsulotlarimizda 100 grammda 4 grammgacha" qurt bo‘lishi haqida yolg‘on da’vo qilib, Dyuplomb kabi noto‘g‘ri fikr bildirdi: go‘yoki hokimiyatdagilar iqlim o‘zgarishini bahona qilib, o‘rtacha yevropalik odamni uning roziligisiz hasharot iste’mol qilishga majbur qilmoqda.

Ritorik jihatdan, "Men hasharot yemayman" iborasi buyruqqa javob sifatida tuzilganga o‘xshaydi, ammo bu buyruq hech qachon berilmagan, deb tushuntiradi Aniano. Memning samaradorligi uning soddaligida, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi va Kovid-19 pandemiyasi kabi favqulodda vaziyatlar paytida hokimiyat organlariga ishonch borasidagi chuqur xavotirlarni qo‘zg‘ata olishida, deya qo‘shimcha qiladi u.

Bu dezinformatsiyaga qarshi qanday kurashish mumkin?

Fitna nazariyalari hissiy ehtiyojni qondiradi, deydi Buyuk Britaniyaning Bristol universiteti kognitiv fanlar professori Stefan Levandovskiy. U ilm-fanni inkor etish va dezinformatsiya masalalariga e’tibor qaratadi. Fitna nazariyalari dunyoni tushunishga bo‘lgan intilishdan kelib chiqadi, deydi u.

Oddiy odam noaniqlik vaziyatiga tushar ekan, ayniqsa, inqiroz davrida, uning turmushi qiyinlashadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, fitna nazariyalari betartib voqealardan tartibli hikoya tuzib beradi.

Levandovskiy tushuntirishicha, fitna nazariyalari oldindan aytib bo‘lmaydigan dunyoda odamga nazorat hissini beradi. Global hodisalar ortida qudratli (garchi yovuz niyatli bo‘lsa-da) kuchlar turganiga ishonish tasodifiylikni qabul qilishdan ko‘ra ko‘proq taskin berishi mumkin, chunki bu hodisalar oldini olish mumkinligini anglatadi. "Hech bo‘lmaganda, agar siz dunyoni qora kuchlar guruhi boshqaradi deb o‘ylasangiz, bu yovuzlar bunday qilolmasligi mumkinligini tasavvur qilishingiz mumkin," deydi Levandovskiy.

Quritilgan qumursqa solingan idishdan bittasini olayotgan qo‘l kollaji

Surat manbasi, Serenity Strull / BBC / Getty Images

Anianoning ta’kidlashicha, "Men hasharot yemayman" nazariyasi qo‘rquvni namoyon etadi: agar oligarxlar oziq-ovqat ta’minotimizni nazorat qilsa, ular hayotimizning har bir jabhasini nazorat qiladi. Bu ibora ko‘pincha "Men tor joyda yashamayman" iborasi bilan uyqashib ketadi – erkinlik va zavq-shavq tortib olingan kelajak haqidagi qorong‘u, antiutopik tasavvurni uyg‘otadi, deya qo‘shimcha qiladi Aniano.

"Men hasharot yemayman" fitna sifatida jozibali, chunki bu ibora "kulgili, qiziqarli va biroz jon bor," chunki hasharotlar aslida iste’mol qilinadigan va oqsilning yaxshi manbai hisoblanadi, deydi Levandovskiy. Iste’mol qilinadigan hasharotlarda ko‘pincha ko‘plab o‘simlik va ba’zi boshqa hayvon oqsil manbalariga qaraganda og‘irligi bo‘yicha yuqori oqsil foizi bor. AQSh Milliy sog‘liqni saqlash instituti ma’lumotlariga ko‘ra, hasharotlar tarkibidagi oqsil miqdori ularning quruq og‘irligiga nisbatan 60% gacha bo‘lishi mumkin. Masalan, chigirtka unida 46% dan 70% gacha oqsil mavjud; yog‘siz pishirilgan mol go‘shti tarkibidagi oqsil miqdori esa 26% atrofida.

Fitna nazariyalariga qarshi kurashish uchun sun’iy intellekt chatbotlari

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, maxsus sun’iy intellekt chatbotlari fitna nazariyachilarini fikridan qaytarishda istiqbolli yechim bo‘lishi mumkin. DebunkBot deb nomlangan sun’iy intellekt bo‘yicha yangi tadqiqot ishtirokchilarning kamida ikki oy davom etadigan uch raund suhbat davomida fitna nazariyasiga bo‘lgan ishonchini sezilarli darajada kamaytirdi. "Sun’iy intellekt cheksiz sabrli, – deydi Levandovskiy. – ChatGPT'ga Kennedining o‘ldirilishi haqida qancha savol berishingiz muhim emas, u mamnuniyat va xushmuomalalik bilan javob beradi. Inson bunday qila olmaydi." Biroq, iqlim fitna nazariyalarini yumshatish uchun sun’iy intellektdan foydalanish o‘ziga xos qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi, chunki bu texnologiya ko‘p energiya talab qiladi.

Levandovskiy aytishicha, iqlim fitnasi nazariyotchilari bilan kurashish qiyin, chunki bunda samarali yondashuv nafaqat faktlarni tekshirishni, balki fitna e’tiqodlari qondiradigan boshqa hissiy ehtiyojlarni ham hal qilishni talab qiladi.

"Agar siz "Bryus amaki, aqldan ozgansiz... bu bema’ni gaplarga ishonmang" desangiz, muvaffaqiyatga erisha olmaysiz, – deydi Levandovskiy. – Ammo buning o‘rniga: "Bu ishonchingiz qanday vazifa bajaradi? Nega bunga ishonasiz?" deb so‘rashingiz mumkin."

Ular bilan suhbatlashish qiyin bo‘lsa-da, bu atrofdagilar taslim bo‘lishi kerak degani emas. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, iqlim haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlar samarali ekologik harakatlarga zarar yetkazadi.

"Fitna nazariyalarining alohida qurbonlariga nisbatan hamdardligim kuchli bo‘lsa-da, ular zararsiz emas, – deydi Levandovskiy. – Fitna nazariyalari ko‘ngilochar landshaftdagi zararsiz bezaklar emas – ular nafaqat o‘z qurbonlari uchun, balki butun jamiyat uchun ham jiddiy muammo tug‘diradi."

Levandovskiy e’tirof etishicha, "Agar yaqin insoningiz fitna nazariyalari girdobiga tushib qolgan bo‘lsa, Jorj Soros dunyo hukumatini yaratmoqda va bizni suvaraklar bilan oziqlanishga majbur qilmoqchi deb o‘ylasa, bu biz uchun og‘riqli haqiqat. Ularga hamdardlik ko‘rsating va uzoq muddatli qayta tarbiyalash jarayoniga jalb qiling. Bu jarayon individual psixologik yordamni va sabr-toqatni talab qiladi."

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti Iqlim maktabining Insoniyat uchun oziq-ovqat tashabbusi direktori Jessika Fanzo turli madaniyat va tanlovlarga mos keladigan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha turli xil yechimlar mavjudligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, muammolarni hal qilish va ilmiy asoslarni keltirish ovqatlanishimiz haqidagi suhbatlarni yaxshilashga yordam beradi. Shu bilan birga, o‘zgarishga "majburlash" haqidagi har qanday g‘oyadan qochish juda muhim.

Levandovskiyning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi va fitna nazariyalariga qarshi kurashish qat’iyatni talab etadi. "Bu birgina tushlik suhbati davomida hal qilinadigan masala emas," deydi u.