Marsda hayot: Sayyoradan topilgan g‘alati toshlar unda hayot bo‘lganiga ishorami?

Surat manbasi, NASA/JPL
- Author, Rebekka Morel
- Role, Ilm fan masalalari bo‘yicha muharrir
- O'qilish vaqti: 3 daq
Marsda topilgan g‘ayriodatiy toshlarda Qizil sayyorada o‘tmishda hayot mavjud bo‘lgani ehtimolini ko‘rsatuvchi eng qiziqarli dalillar bor.
NASA'ning "Perseverance" marskezari changli daryo o‘zanida topgan qumtoshlarda "qoplon dog‘lari" va "ko‘knor urug‘lari" deb nomlangan g‘alati belgilar bor.
Olimlar fikricha, bu belgilarda kimyoviy reaktsiyalar natijasida hosil bo‘lgan minerallar bor. Bu minerallar esa qadimgi Mars mikroblari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Minerallar tabiiy geologik jarayonlar natijasida ham paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo NASA matbuot anjumanida bu xususiyatlar hayotning hozirgacha topilgan eng aniq belgilari bo‘lishi ehtimolini ta’kidladi.
Topilmalar NASA'ning "ehtimoliy biosignaturalar" deb ataydigan mezonlariga javob beradigan darajadadir.
Bu shuni anglatadiki, ularning biologik manbasi borligini aniqlash uchun qo‘shimcha tekshiruvlar zarur.
London Imperial kolleji sayyorashunos olimi va Nature jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflaridan biri professor Sanjiv Gupta shunday deydi: "Bizda ilgari bunday narsa bo‘lmagan, shuning uchun menimcha, bu juda muhim."
"Biz tog‘ jinslarida shunday belgilarni topdikki, agar ularni Yerda ko‘rganingizda, buni mikrobli jarayon bilan izohlashingiz mumkin edi. Demak, biz hayot topdik demoqchi emasmiz, balki bu bizga haqiqatan ham nimanidir tadqiq qilish uchun asos beradi, demoqchimiz."
NASA'ning Ilmiy missiya direktorati bo‘yicha yordamchi ma’muri doktor Nikola Foks matbuot anjumanida shunday dedi: "Bu xuddi qazib olingan fossillarni [toshga aylangan bioqoldiqlarni] ko‘rgandek gap. Ehtimol, bu ovqat qoldig‘i bo‘lgandir, balki bu hazm bo‘lgan ovqatdir va biz aynan shuni ko‘ryapmiz."

Surat manbasi, NASA/JPL
Minerallar mikroblar hosil qilganligini to‘liq tasdiqlashning yagona yo‘li – tog‘ jinslarini tahlil qilish uchun Yerga qaytarishdir.
NASA va Yevropa fazo agentligi Mars namunasini olib kelishni taklif qilgan, ammo uning kelajagi juda noaniq. AQSh kosmik agentligining ilmiy tadqiqotlar byudjeti prezident Trampning 2026-yilgi byudjetida taklif qilingan ulkan qisqartirishlarga tushgan va namunani olib kelish missiyasi bekor qilinishi kutilayotgan loyihalardan biridir.
Bugungi kunda Mars sovuq va qurg‘oqchil cho‘l. Ammo milliardlab yillar oldin unda qalin atmosfera va suv bo‘lgani haqida dalillar bor, bu uni o‘tmishdagi hayotni izlash uchun istiqbolli joyga aylantirgan.
2021 yilda Mars yuzasiga qo‘ngan "Perseverance" marskezari biologik izlarni qidirish uchun yuborilgan. U so‘nggi to‘rt yil davomida bir vaqtlar daryo oqib kirgan qadimiy ko‘l bo‘lgan Jezero krateri deb nomlangan hududni o‘rganib chiqdi.
Marskezar o‘tgan yili "Yorqin farishta formatsiyasi" deb nomlangan hududda daryo o‘ygan kanьon tubida qoplon xolli qoyalarni topdi. Ularning yoshi taxminan 3,5 milliard yil bo‘lib, loydan hosil bo‘lgan mayda donali loy tosh deb ataladigan tog‘ jinsidir.
"Biz bu tog‘ jinslarida qandaydir qiziqarli kimyoviy jarayon sodir bo‘lganini darhol angladik," deydi Nyu-Yorkdagi Stoni Bruk universitetidan Joel Xurovitz. U ham "Perseverance" missiyasi olimi va maqolaning yetakchi muallifidir.
Marskezar bort laboratoriyasida tog‘ jinslaridagi minerallarni tahlil qilish uchun bir nechta asboblardan foydalangan. Keyin bu ma’lumotlar olimlar o‘rganishi uchun Yerga uzatilgan.
"Bizning fikrimizcha, topganlarimiz ko‘l tubiga cho‘kkan balchiqda sodir bo‘lgan kimyoviy reaktsiyalar dalilidir. Bu kimyoviy reaktsiyalar balchiqning o‘zi va organik moddalar o‘rtasida sodir bo‘lganga o‘xshaydi va bu ikki tarkibiy qism yangi minerallarni hosil qilish uchun reaktsiyaga kirishgan," deb tushuntirdi doktor Xurovitz.
Yerdagi shu kabi sharoitlarda minerallarni hosil qiluvchi kimyoviy reaktsiyalarni odatda mikroblar amalga oshiradi.
"Bu xususiyatlar bu tog‘ jinslarida qanday paydo bo‘lganini tushuntirish mumkin bo‘lgan sabablardan biri," dedi doktor Xurovitz. "Bu biz hozirgacha duch kelgan eng ishonchli potentsial biosignaturani aniqlashdek tuyuladi."
Olimlar, shuningdek, minerallar mikroblarsiz qanday paydo bo‘lishi mumkinligini o‘rganib chiqdi va kimyoviy reaktsiyalar ortida tabiiy geologik jarayonlar ham yotishi mumkin degan xulosaga keldi.
Biroq, bunday jarayonlar yuqori harorat talab qiladi, ammo toshlar qizdirilganga o‘xshamayapti.
"Biz biologik bo‘lmagan bunday jarayon oson bo‘lmasligini aniqladik, lekin ularni butunlay bo‘lmagan deya olmaymiz," dedi doktor Xurovitz.
"Perseverance" Marsni o‘rganayotganda namunalar to‘pladi – jumladan, «Yorqin farishta formatsiyasi»da topilgan toshlarni ham. Ular kanistralarda saqlangan va Mars yuzasida ularni olib kelishi mumkin bo‘lgan missiyani kutish uchun joylashtiriladi.
NASA'ning bunday urinish bo‘yicha rejalari byudjetni qisqartirish xavfi tufayli muallaq qolmoqda. Ammo Xitoy ham 2028 yilda ishga tushirilishi mumkin bo‘lgan namuna olib kelish missiyasini amalga oshirmoqda.
Qaror muhokama qilinayotgan bo‘lsa-da, olimlar qo‘lqop kiygan holda bu toshlarga teginishga oshiqmoqda.
"Biz bu namunalarni Yerda ko‘rishimiz kerak," deydi professor Gupta.
"Menimcha, ko‘pchilik olimlar bu tog‘ jinslarini Yerda ko‘rishni va tekshirishni xohlaydi. Bu olib kelish uchun eng muhim namunalarimizdan biridir."












