Biz asli Yerga boshqa joydan tushganimizga ishora topildimi?

asteroid

Surat manbasi, NASA/Goddard/University of Arizona

Surat tagso‘zi, Asteroid Bennu 500 metr kenglikdagi kosmik tosh.
O'qilish vaqti: 3 daq

Tahlillar natijasida hayotning kimyoviy asoslari Bennu asteroidining donador changida topildi.

NASA kosmik kemasi Yerga olib kelgan kosmik tosh namunalarida boy minerallar va minglab organik birikmalar bor.

Bularga oqsillarni tashkil etuvchi molekulalar bo‘lgan aminokislotalar, shuningdek, DNKning asosiy tarkibiy qismlari bo‘lgan nukleoasoslar kiradi.

Bu Bennuda hayot bo‘lganini anglatmaydi, lekin asteroidlar milliardlab yillar oldin sayyoramizga qulaganida ushbu muhim tarkibiy qismlarni Yerga yetkazib berganligi haqidagi nazariyani tasdiqlaydi.

Olimlar fikricha, xuddi shu birikmalar Quyosh tizimidagi boshqa olamlarga ham olib kelingan bo‘lishi mumkin.

Aloqador mavzular:

"Undan o‘rgangan narsalarimiz hayratlanarli", deydi Londondagi Tabiiy tarix muzeyining kosmik mineralog olimi Sara Rassell.

"U bizga o‘z ibtidomiz haqida ma’lumot beradi va hayot qaerda boshlanganligi haqidagi juda muhim savollarga javob berishimizga imkon yaratadi. Hayot qanday boshlanganini bilishni kim ham istamasdi deysiz?"

Natijalar Nature jurnalida ikkita maqolada chop etilgan.

asteroid

Surat manbasi, NASA/Erika Blumenfeld/Joseph Aebersold

Surat tagso‘zi, Asteroidda bir vaqtlar suv bo‘lganligini ko‘rsatadigan minerallar va tuzlar to‘plami topilgan.

Bennuning bir qismini qo‘lga kiritish NASAning eng murakkab missiyalaridan biri bo‘ldi.

Osiris Rex deb nomlangan kosmik kema 500 metr kenglikdagi kosmik toshning bir qismini yig‘ish uchun "qo‘lini" ochdi, so‘ngra uni kapsulaga joylab, 2023 yilda Yerga qaytardi.

Taxminan 120 gramm qora chang to‘planib, dunyo olimlari bilan ulashildi. Bu unchalik ko‘p emasdek tuyulishi mumkin, ammo u haqiqiy xazinaga aylandi.

"Har bir zarra bizga Bennu haqida yangi ma’lumot bermoqda," dedi mayda zarrachalarni o‘rganayotgan olim, professor Rassel.

Asteroidning taxminan bir choy qoshig‘i Buyuk Britaniyadagi olimlarga yuborildi.

mikroskop

Surat manbasi, Natural History Museum/Tobias Salge

Surat tagso‘zi, Bennudan olingan namuna elektron mikroskopda tekshirilganda, minerallar aniqlangan.

Yangi tadqiqotlar ko‘rsatishicha, kosmik jins azot va uglerodga boy birikmalarga boy.

Bularga Yerdagi hayot oqsillarni hosil qilish uchun foydalanadigan 20 ta aminokislotadan 14 tasi va DNKni tashkil etuvchi to‘rtta halqasimon molekula – adenin, guanin, sitozin va timin kiradi.

Tadqiqotda, shuningdek, asteroidda bir vaqtlar suv bo‘lganligini ko‘rsatadigan minerallar va tuzlar to‘plami topilgan. Biokimyoviy reaktsiyalar uchun muhim bo‘lgan ammiak ham namunada aniqlandi.

Ushbu birikmalarning ba’zilari Yerga tushgan kosmik jinslarda kuzatilgan, ammo boshqalari hozirgacha aniqlanmagan edi.

"Uning boyligi shunchalar ajoyibki, aql bovar qilmaydi. Meteoritlarda biz ilgari ko‘rmagan minerallar va ularning kombinatsiyasi bilan to‘la. Uni o‘rganish juda qiziq bo‘ldi," dedi professor Rassel.

Ushbu so‘nggi tadqiqot asteroidlar Yerga suv va organik materiallarni olib kelganligi haqidagi dalillar ko‘payishiga hissa qo‘shadi.

"Dastlabki Quyosh tizimi haqiqatan ham notinch edi va Bennu kabi millionlab asteroidlar uchib yurgan," deb tushuntiradi Tabiiy tarix muzeyi xodimi doktor Eshli King.

G‘oya shuki, ular yosh Yerni bombalagan, sayyoramizga okeanlarni bergan va hayotga imkon yaratgan tarkibiy qismlarni sepgan.

Ammo Yer kosmik toshlar bilan to‘qnashgan yagona dunyo emas edi. Asteroidlar boshqa sayyoralar bilan ham to‘qnashgan bo‘lishi mumkin.

"Yer noyob, chunki u hozirgacha biz hayot topgan yagona joy, ammo bilamizki, asteroidlar bu tarkibiy qismlarni, uglerod va suvni butun Quyosh tizimiga yetkazib bergan," deydi doktor King.

"Hozir biz tushunishga harakat qilayotgan asosiy narsalardan biri shuki, agar to‘g‘ri sharoitlar mavjud bo‘lsa, nima uchun bizda bu yerda, Yerda hayot mavjud? Biz uni Quyosh tizimining boshqa qismlarida ham topa olamizmi?"

Bu olimlar javob topishi lozim bo‘lgan muhim savoldir.

Ular Bennudan olib kelingan chang ustida o‘nlab yillar davomida tadqiqotlar olib borishlari kerak.