Rossiya Ukrainaga 740 dron bilan hujum qildi

Surat manbasi, EPA
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, 8 iyuldan 9 iyulga o‘tar kechasi Rossiya 2022 yil 24 fevralida to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyingi eng ko‘p sondagi dron va raketalar hujumini uyushtirgan.
Iyul oyining boshida AQSh Ukrainaga ayrim qurollarini yetkazib berishni to‘xtatgani xabarlari tarqaldi, buning sababi, AQSh o‘z omborlaridagi qurollar zaxiralarini tekshiruvdan o‘tkazganida, ular kamayib qolgani aniqlangani ekani aytildi.
So‘ng Prezident Tramp Ukrainaga qurol berishni to‘xtatishga buyruq bermaganini aytdi.ch
Ayrim ommaviy axborot vositalari Prezident Tramp va Prezident Zelenskiy telefon muloqotida 10 ta Patriot raketa tizimini berishga va’da qilingani haqida xabar qildilar, ammo bu rasman tasdiqlangani yo‘q.
Bundan oldin Kiev Amerika qurollari ta’minotini to‘xtatish Rossiyani urushni yanada uzoqqa cho‘zishga rag‘batlantiradi deya bayonot bergandi.
Kiev AQShdan Ukrainaga qurol ta’minotidagi uzilish Rossiyani to‘rtinchi yilga kirgan urushni davom ettirishga rag‘batlantirishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Oq uy vakili Anna Kellining aytishicha, bu qaror AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan boshqa davlatlarga ko‘rsatilayotgan harbiy yordamni qayta ko‘rib chiqish doirasida, "Amerika manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish" maqsadida qabul qilingan.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ta’minot masalasida ikki davlat barcha tafsilotlarni aniqlashtirayotganini bildirdi.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa har qanday kechiktirish "tajovuzkor tomonga urush va terrorni davom ettirishga rag‘bat, tinchlikka esa to‘siq bo‘ladi", deb bayonot berdi.
Vazirlik, ayniqsa, Rossiya tomonidan deyarli har kecha amalga oshirilayotgan raketa va dron hujumlari manzarasida Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Kievdagi AQSh diplomati chorshanba kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga muzokara uchun chaqirildi.

Surat manbasi, .
Biroq Ukraina Mudofaa vazirligi AQShdan qurol yetkazib berishni to‘xtatish yoki qayta ko‘rib chiqish haqida rasmiy xabar olmaganini bildirib, fuqarolarni puch farazlarga berilishdan qaytardi.
Shu bilan birga, vazirlik bayonotida shunday deyiladi: "Urushni to‘xtatishga olib boruvchi yo‘l tajovuzkorga nisbatan izchil va birgalikdagi bosim orqalidir."
AQSh rasmiylari hozircha qaysi qurollar yetkazib berilishi to‘xtatilganini oshkor etmagan.
NBC telekanali ma’lumotiga ko‘ra, kechiktirilishi mumkin bo‘lgan qurollar qatorida Patriot havo mudofaa tizimi, gaubitsa snaryadlari, raketalar va granatomyotlar bor.
AQSh Rossiya 2022 yil fevralda keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri Ukrainaga o‘nlab milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatdi. Lekin bu AQSh zaxiralari yetarlicha emasligi to‘g‘risida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda, ayniqsa Tramp ma’muriyatidagi ayrim siyosatchilar orasida.
Kreml esa, o‘z navbatida, qurol yetkazib berish qisqarishi haqidagi xabarni ijobiy qarshi oldi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday dedi:
"Ukrainaga kamroq qurol yetkazilsa, 'maxsus harbiy amaliyot' shuncha tez tugaydi."
Ukraina parlamentining hukmron partiyasi deputati Fedir Venislavskiy bunday dedi:
"Bu og‘riqli qaror. Rossiya Ukrainaga nisbatan terror hujumlari amalga oshirayotgan bir paytda, bu vaziyat juda noxush."
AFP axborot agentligi ukrainalik harbiy manbaga tayanib shunday xabar qildi:
"Biz Amerika qurol-yarog‘iga jiddiy bog‘liqmiz. Yevropa har qancha harakat qilmasin, AQSh o‘q-dorisisiz juda qiyin bo‘ladi."
So‘nggi uch yarim yilda Yevropa davlatlari Ukrainaga milliardlab dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishgan. Ammo Kievga yordam masalasi barcha siyosiy doiralarda ham qo‘llab-quvvatlanayotgani yo‘q.
Chexiya prezidenti va NATOning sobiq yuqori amaldori Petr Pavel Bi-bi-sining Rus xizmatiga bergan intervyusida Ukrainaga yordamni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Biroq u shunday dedi:
"Kelgusi saylovlardan keyin yangi hukumat uchun ustuvorliklar o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun men Ukrainaga o‘q-dori yetkazilishi davom etadi, deb kafolat berolmayman."
CBS News manbasi aytishicha, Pentagon qarori AQSh harbiy zaxiralarining haddan tashqari kamayib ketishi xavfi bilan bog‘liq.
Lekin Anna Kelli ta’kidlashicha: "Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli Kuchlarining qudrati shubhasiz, buni Erondan so‘rang."
AQSh Mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Elbridj Kolbi esa o‘z bayonotida shunday dedi:
"Pentagon Prezidentga Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirish bo‘yicha kuchli variantlarni taqdim etishda davom etayapti."
Shu bilan birga, u qo‘shimcha qildi: "Bu maqsadga erishish bilan birga, AQSh armiyasi tayyorgarligini saqlash ham muhim bo‘lib qolayapti."

Surat manbasi, Reuters
Bu qaror AQSh Prezidenti Donald Tramp Niderlandiyadagi NATO sammitida Volodimir Zelenskiy bilan havo himoya tizimlari haqida suhbatlashganidan bir hafta o‘tib qabul qilindi.
Bi-bi-si Trampdan Patriot zenit-raketasi tizimlari Ukrainaga yetkazib beriladimi, deb so‘raganida, u shunday javob berdi:
"Ba’zilarini berish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz."
Zelenskiy bilan suhbati haqida esa shunday dedi:
"Ba’zan munosabatlarimiz murakkab bo‘lgan, lekin bu gal u ancha yaxshi bo‘ldi."
Fevral oyida Donald Tramp va Ukraina yetakchilari Oval ofisida keskin tortishib qolgandi. Shu uchrashuvdan so‘ng Tramp avvalgi Bayden ma’muriyati rejalashtirgan Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatdi. Shuningdek, Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvi ham vaqtincha to‘xtatildi.
Biroq bu ikki cheklov keyinchalik bekor qilindi.
Aprel oyi oxirida AQSh va Ukraina o‘zaro kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra, Ukraina AQShga o‘zining mineral zaxiralaridan foydalanish imkonini berishi, evaziga esa harbiy yordam olishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, seshanba kuni Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashdi – bu ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi so‘nggi ikki yarim yil ichidagi ilk bevosita muloqot bo‘ldi.
Makron ma’muriyati ma’lum qilishicha, suhbat ikki soatdan ortiq davom etgan. Unda Frantsiya prezidenti Ukrainadagi urushni to‘xtatish va "barqaror tinchlik" yuzasidan muzokaralar boshlashga chaqirgan.
Kreml esa, o‘z navbatida, Putin suhbat paytida G‘arbni ayblab, "G‘arb davlatlari ko‘p yillar davomida Rossiyaning xavfsizlik manfaatlarini inkor etib kelgan", deb ta’kidlaganini ma’lum qildi.
O‘tgan oyda Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan forumda Vladimir Putin rossiyaliklar va ukrainaliklarni "bir xalq" deb atagan va "shu ma’noda, butun Ukraina bizniki", deya bayonot bergan edi.
Ayni paytda, Rossiya Ukraina hududining taxminan 20 foizini, jumladan, 2014 yilda anneksiya qilingan Qrim yarimorolini nazorat qilmoqda.
Katta yo‘qotishlarga qaramasdan, so‘nggi oylarda Rossiya Ukrainada sekinlik bilan, bosqichma-bosqich ilgarilayotganini ma’lum qilmoqda. Bu hafta Rossiya rasmiylari sharqdagi Lugansk viloyatini to‘liq nazoratga olganini e’lon qildi. Bu ma’lumotni hozircha mustaqil manbalar tasdiqlamagan.
Moskva, shuningdek, janubi-sharqdagi Dnepropetrovsk viloyatida ham hududlar egallanganini da’vo qilmoqda. Ammo Ukraina harbiylari buni rad etmoqda.
1 iyul kuni esa Ukraina tomonidan amalga oshirilgan hujum natijasida Rossiyaning Ukraina chegarasidan 1000 kilometrdan ortiq uzoqlikda joylashgan Ijevsk shahridagi qurol ishlab chiqarish zavodida uch kishi halok bo‘ldi. Ushbu zavodda dron va radarlar ishlab chiqariladi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlardaa kuzating












