AQSh Eronga zarba bersa nima bo‘ladi? Yetti ehtimoliy stsenariy

AQSh prezidenti Donald Tramp va Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy kollaj qilingan rasmi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, AQSh prezidenti Donald Tramp va Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy
    • Author, Frenk Gardner
    • Role, Xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbir
  • O'qilish vaqti: 5 daq

AQSh bir necha kun ichida Eronga zarba berishga tayyor turgan ko‘rinadi. Nishonlar taxminan ma’lum bo‘lsa-da, natija qanday bo‘lishi noaniq. Shunday qilib, agar Tehron bilan so‘nggi daqiqada biror kelishuvga erishilmasa va Prezident Donald Tramp AQSh kuchlariga buyruq bersa, bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

1. Aniq nuqtali zarbalar, tinch aholi orasida minimal yo‘qotishlar va demokratiyaga o‘tish

AQSh havo va dengiz kuchlari Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) va uning nazoratidagi "Basij" bo‘linmasining harbiy bazalariga, ballistik raketalar saqlanadigan joylarga hamda yadroviy dastur ob’ektlariga aniq nuqtali zarbalar beradi.

Natijada, allaqachon zaiflashgan tuzum ag‘dariladi va Eron dunyo hamjamiyatiga qayta qo‘shila oladigan haqiqiy demokratiyaga o‘tadi.

Biroq, bu o‘ta optimistik stsenariy. G‘arbning Iroq va Liviyadagi harbiy aralashuvi demokratiyaga silliq o‘tishni ta’minlamadi. To‘g‘ri, har ikki holatda ham shafqatsiz diktatura tugatildi, biroq bu yillar davom etgan tartibsizlik va qon to‘kilishlariga sabab bo‘ldi.

2024 yilda G‘arb harbiy yordamisiz o‘z inqilobini amalga oshirib, Prezident Bashar al-Asadni ag‘darib tashlagan Suriyada esa hozircha vaziyat nisbatan yaxshiroq.

2. Tuzum saqlanib qoladi, biroq o‘z siyosatini mo‘tadillashtiradi

Buni keng ma’noda "Venesuela modeli" deb atash mumkin. Bunda AQShning tezkor va kuchli harakatlari rejimni butunlay yo‘q qilmaydi, biroq uni o‘z siyosatini yumshatishga majbur qiladi.

Eron misolida bu Islom Respublikasining saqlanib qolishini anglatadi. Garchi bu ko‘plab eronliklarni qoniqtirmasa-da, rejim Yaqin Sharqdagi jangari guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga, yadroviy va ballistik raketa dasturlarini cheklashga hamda ichki norozilik namoyishlarini bostirishni siyosatini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi.

Biroq, bu stsenariy ham amalga oshishi qiyin bo‘lgan ehtimollar qatoriga kiradi. Islom Respublikasi rahbariyati 47 yildan beri har qanday o‘zgarishlarga qarshilik ko‘rsatib kelmoqda. Hozirgi bosqichda ham ular o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishga qodir emasdek ko‘rinadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

3. Tuzum qulaydi va uning o‘rnini harbiy boshqaruv egallaydi

Ko‘pchilik voqealar aynan mana shu stsenariy bo‘yicha rivojlanishiga ishonadi.

Garchi xalqning ko‘p qismi amaldagi hukumatni yoqtirmasa va tinimsiz norozilik namoyishlari uni zaiflashtirgan bo‘lsa-da, hokimiyatni har qanday yo‘l bilan saqlab qolishga urinayotgan juda qudratli va tarmoqlangan "maxfiy xavfsizlik tizimi" hali ham mavjud.

Norozilik namoyishlarining shu vaqtgacha rejimni ag‘darishga kuchi yetmaganining asosiy sababi - xavfsizlik kuchlari orasida namoyishchilar tomoniga o‘tish holatlari deyarli kuzatilmadi. Shu bilan birga, hokimiyatdagilar o‘z kursilarini saqlab qolish uchun cheksiz kuch va shafqatsizlik ishlatishga tayyor.

AQSh zarbalaridan keyin yuzaga keladigan betartiblik sharoitida, Eronni asosan Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) arboblaridan tashkil topgan qat’iy harbiy hukumat boshqarib qolishi ehtimoldan xoli emas.

Qora kiyimdagi va qurol ko‘targan politsiya xodimlari Eron bayroqlarini ko‘tarib olgan olomonni nazorat qilib yuribdi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Eron politsiyasining maxsus kuchlari shu oy boshida Tehronda bo‘lib o‘tgan hukumatni qo‘llab-quvvatlash namoyishini kuzatmoqda

4. Eron AQSh harbiylariga va qo‘shnilariga zarba berish bilan o‘ch oladi

Eron har qanday AQSh hujumiga javob qaytarishga va’da berib, "barmog‘i tepkida" ekanligini ma’lum qildi.

Eron AQSh Harbiy-dengiz va Havo kuchlarining qudratiga teng kela olmasligi aniq, biroq u g‘orlar, yer osti bunkeralari yoki olis tog‘ yonbag‘irlarida yashirilgan ballistik raketalar va dronlar arsenali bilan zarba berishi mumkin.

Fors ko‘rfazining Arab tomonida, ayniqsa Bahrayn va Qatarda AQSh bazalari va ob’ektlari joylashgan. Shuningdek, Eron agar istasa, AQSh hujumiga sherik deb hisoblagan har qanday davlatning (masalan, Iordaniya) muhim infratuzilmalarini nishonga olishi mumkin.

2019 yilda Saudi Aramco neft-kimyo ob’ektlariga va Iroqdagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlarga nisbat berilgan talofatli raketa va dron hujumlari saudiyaliklarga Eron raketalari qarshisida qanchalik zaif ekanliklarini ko‘rsatib qo‘ydi.

Eronning Fors ko‘rfazidagi arab qo‘shnilari - AQShning barcha ittifoqchilari - hozirda AQShning har qanday harbiy harakati pirovardida ularga zarar yetkazishidan qattiq xavotirda.

Xira tasvirlangan videolavhada namoyishchilar va olovdan chiqqan tutun, shuningdek, voqealarni kameraga muhrlash uchun telefonini baland ko‘targan kishi aks etgan; tasvir yanvarь oyi boshida Mashhad shahrida olingan.

Surat manbasi, UGC

Surat tagso‘zi, Yanvar oyi boshida internet o‘chirib qo‘yilganiga qaramay, hukumatga qarshi namoyishlar aks etgan kadrlar ijtimoiy tarmoqlarga sizib chiqdi

5. Eron Fors ko‘rfaziga minalar yotqizish orqali javob qaytaradi

Bu holat 1980-88 yillardagi Eron-Iroq urushidan beri jahon kemachiligi va neftь ta’minoti uchun doimiy xavf bo‘lib kelmoqda. O‘shanda Eron haqiqatan ham kema yo‘llarini minalashtirgan, Qirollik harbiy-dengiz flotining minalardan tozalash kemalari esa ularni tozalashga yordam bergan edi.

Eron va Ummon o‘rtasidagi tor Hormuz bo‘g‘ozi o‘ta muhim strategik nuqta hisoblanadi. Har yili dunyodagi suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) eksportining qariyb 20 foizi hamda neft va neft mahsulotlarining 20-25 foizi aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi.

Eron dengiz minalarini tezkorlik bilan joylashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazib keladi. Agar u buni amalga oshirsa, bu muqarrar ravishda jahon savdosiga va neft narxiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

6. Eron javob zarbasi sifatida Amerika harbiy kemasini g‘arq qiladi

Fors ko‘rfazidagi harbiy kemada bo‘lgan AQSh Harbiy-dengiz kuchlari kapitani bir safar menga Eron tomonidan eng ko‘p xavotirga soladigan tahdidlardan biri "gala hujumi" ekanligini aytgan edi.

Bunda Eron bir yoki bir nechta nishonga shunchalik ko‘p portlovchi dronlar va tezyurar torpeda katerlarini uchiradiki, hatto AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining eng kuchli yaqin masofali mudofaa tizimlari ham ularning hammasini o‘z vaqtida yo‘q qilishga ulgurmay qolishi mumkin.

Fors ko‘rfazida Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-dengiz kuchlari allaqachon Eronning an’anaviy dengiz flotini siqib chiqargan; holbuki, an’anaviy flotning ba’zi qo‘mondonlari hatto Shoh davrida Dartmutda tahsil olgan edilar.

Eron dengiz ekipajlari o‘z mashg‘ulotlarini asosan noan’anaviy yoki "asimmetrik" urush usullariga qaratgan bo‘lib, ular o‘zlarining asosiy raqibi AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti ega bo‘lgan texnik ustunlikni yengish yoki chetlab o‘tish yo‘llarini qidirmoqdalar.

AQSh harbiy kemasining cho‘ktirilishi va uning ekipajidan omon qolganlarning asirga olinishi AQSh uchun ulkan sharmandalik bo‘lar edi.

Garchi bu stsenariy ehtimoldan yiroq deb hisoblansa-da, 2000-yilda Aden bandargohida "Al-Qoida"ning xudkushlik hujumi natijasida milliard dollarlik "USS Cole" minatashuvchisi ishdan chiqarilgan va 17 nafar amerikalik dengizchi halok bo‘lgan edi.

Undan avvalroq, 1987-yilda iroqlik uchuvchi xatolik tufayli AQShning "USS Stark" kemasiga ikkita "Exocet" raketasini otgan, natijada 37 nafar dengizchi halok bo‘lgan edi.

28 yanvar kuni Tehronda olingan suratda to‘q rangli hijob va qora ko‘ylak kiygan ayolning devordagi Amerika va Eron siyosatchilari bir-biriga ro‘baro‘ o‘tirgan holatda tasvirlangan surat (mural) yonidan o‘tib ketayotgani aks etgan.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, AQSh harbiy aralashuvi xavfi ortib borayotgan bir paytda, Tehronning jamoat joylarida Amerikaga qarshi chizilgan murallarni ko‘rish mumkin

7. Tuzum qulaydi va uning o‘rnini tartibsizliklar egallaydi

Bu juda jiddiy xavf bo‘lib, Qatar va Saudiya Arabistoni kabi qo‘shni davlatlarni eng ko‘p tashvishga solayotgan masalalardan biridir.

Suriya, Yaman va Liviyada kuzatilganidek, fuqarolar urushi ehtimoli bilan bir qatorda, tartibsizlik va boshboshdoqlik sharoitida etnik ziddiyatlar qurolli to‘qnashuvga aylanib ketish xavfi ham mavjud. Zero, butun mamlakat bo‘ylab yuzaga kelgan hokimiyat bo‘shlig‘i sharoitida kurdlar, baluchlar va boshqa kam sonli millatlar o‘z xalqini himoya qilish yo‘llarini qidira boshlaydi.

Yaqin Sharqning katta qismi Islom Respublikasining ketishidan shubhasiz mamnun bo‘ladi. Ayniqsa, Eronning mintaqadagi proksi guruhlariga qaqshatqich zarbalar bergan va Eronning gumon qilinayotgan yadroviy dasturini o‘zi uchun hayot-mamot xavfi deb biladigan Isroil buni hammadan ko‘proq istaydi.

Biroq, hech kim aholisi 93 millionga yaqin bo‘lgan Yaqin Sharqdagi eng yirik davlatning tartibsizliklar girdobiga g‘arq bo‘lishini, gumanitar ofat va qochqinlar inqirozini keltirib chiqarishini xohlamaydi.

Hozirgi vaqtdagi eng katta xavf shuki, Eron chegaralari yaqinida ulkan harbiy kuch to‘plagan Prezident Tramp "yuzimni yerga qaratmaslik uchun harakat qilishim shart" degan qarorga kelishi va oqibati noaniq bo‘lgan, kutilmagan hamda halokatli asoratlarni keltirib chiqaruvchi urushni boshlab yuborishi mumkin.