Eron Amerikaning yuziga 'qattiq tarsaki' tushirdimi?

Eron Oliy ruhoniy rahbari

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 13 daq

Oyatulloh Ali Xomanaiy Eron ham Isroil va ham "Amerika rejimi" ustidan g‘alaba qozonganini iddao qildi, mamlakatini tabrikladi.

Eron Oliy rahbari Isroil bilan otashkesimdan keyin ilk bor video murojaat bilan chiqdi.

U so‘nggi bor 18 iyun kuni noma’lum bir joydan televizion orqali murojaat qilgan, ammo bir haftadan oshiqroqki, qaerda ekani noma’lum qolayotgandi.

Bugun kun avvalida Isroil ommaviy axborot vositalari ham o‘zlarining e’tiborlarini xuddi shu savolga qaratishgan.

Bugungi video murojaatidan avval Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘zining X(avvalgi Twitter) tarmog‘ida ham ustma-ust bayonotlar bilan chiqdi.

Eronning ham Isroil va ham "Amerika rejimi" ustidan g‘alaba qozonganini yozdi, mamlakatini tabrikladi.

Uning aytishicha, "sionist rejimning butkul yakson etilishini bilgani uchun ham Amerika ushbu urushga kirgan".

Xomanaiy o‘z fikrida davom etarkan, AQSh "mazkur urushda biror bir yutuqqa erishmagani", unda Eron "g‘olib" chiqqani va "Amerikaning yuziga qattiq tarsaki tushirganligi"ni iddao qildi.

Isroil va Eron mojarosi fonida AQSh prezidenti Oyatullohning "qaerda ekanligini aniq bilishlarini aytgan.

Uning "oson nishon" bo‘lsa-da, lekin "u yerda xavfsiz" ekanligini aytgan.

Shunday deyish bilan birga, Donald Tramp "sabrlari tugab borayotgani" bilan ham ogohlantirgan, Eronni "shartsiz taslim bo‘lish"ga ham chaqirgandi.

Isroil va Eron o‘rtasidagi otashkesimdan keyin, kecha, chorshanba kuni esa, AQSh prezidenti "boshboshdoqlikka yetaklashi"izohida Eronda rejim o‘zgarishini istamasligi, mojaroning "tinchishi"ni xohlashini ham ta’kidlagandi.

Eron Oliy rahbari o‘zining video murojaatida ham Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zlarining yadroviy inshootlariga hujum qilib, jiddiyroq biror bir narsaga erisha olmagani, nimalar bo‘lganini bo‘rttirganini da’vo qilgan.

U "Taslim bo‘lish", degan so‘z o‘zlarining lo‘g‘atlarida yo‘qligini bayon qilgan.

Trampning da’vatiga ishora qilib, "Eron kabi buyuk davlat va xalq uchun taslim bo‘lish haqila gapirishning o‘zi haqorat" ekanini ta’kidlagan.

U Eron xalqining "birdamligi"ni ham olqishlagan.

Oyatulloh Ali Xomaniayning aytishicha, Amerikaning hujumlari hech qachon yadroviy tahdid emas, balki Eronning taslim bo‘lishiga qaratilgan bo‘lgan.

Qariyb ikki haftacha davom etgan Isroil-Eron mojarosi vaqtida Eron Oliy ruhoniy rahbarining o‘z oilasi bilan bunkerda jon saqlab turganiga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.

Eron Oliy rahbarining bugungi video murojaatida qilgan da’volariga AQSh tomonining munosabati halicha ma’lum emas.

Amerikaning hujumlari Eronning yadroviy ob’ektlariga qanchalik jiddiy ziyon yetkazganiga oid savollar hanuz kun tartibida, so‘nggi mojaroda kim g‘olib chiqqani ham har uch tomonning g‘oliblik da’volari manzarasida chigalligicha qolayotgan mavzu bo‘ladi.

Mo‘rt ekani aytilayotgan esa-da, uchinchi kundirki, bugun ham Isroil va Eron o‘rtasidagi otashkesim hanuz amalda.

Xuddi shu otashkesimdan foydalanib, Eron Oliy rahbari ham endi keng jamoatchilikka oshkora ko‘rinish berishi mumkin, degan xabarlar ham yo‘q emas.

AQSh prezidenti Donald Tramp Social Truth da Britaniya vaqti bilan soat 13:00 da Pentagon muhim yangilik bilan chiqishi haqida yozgan.

AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset AQShning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazgan.

Uning aytishicha, AQShning Eronga bergan zarbalari "tarixiy" darajada muvaffaqiyatli bo‘lgan.

Pentagon rahbaridan sal avval Eron Oliy rahbari video murojaat bilan chiqqan va Amerika tomoni o‘zining yutug‘ini "bo‘rttirib ko‘rsatayotganligi"ni bayon qilgandi.

24 iyun: Tramp sulh buzilgani uchun Isroil va Erondan noroziligini bildirar ekan, haqoratomuz so‘z ishlatdi. Video
Vashingtondan

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Vashingtondan

Tramp sulh buzilgani uchun Isroil va Erondan noroziligini bildirar ekan, haqoratomuz so‘z ishlatdi.

"Bu ikki davlat ham nima qilishayotganini o‘zlari bilishmayapti", dedi Tramp va orada haqoratomuz so‘z ishlatdi. Shundan so‘ng Tramp Natanyahu bilan telefon orqali xabarlashgani bizga ma’lum bo‘ldi. Suhbat tafsilotlari kutilmoqda.

Isroil mudofaa vaziri Donald Tramp va Qatar vositachiligidagi kelishuvga rozi bo‘lganidan ikki soat o‘tib, Eronni sulhni buzganlikda aybladi.

Eronning sulhni buzishiga javoban, mudofaa vaziri Israel Kats Tehron markazidagi rejim nishonlariga qarshi shiddatli zarbalar berishini va’da qildi.

Bir necha daqiqa oldin Isroil Erondan uchirilgan raketalarni aniqlaganini ma’lum qildi – Tehron raketa otganini rad etdi.

Eron avvalroq Isroil ham sulhga rioya qilsa, o‘zlari ham uni hurmat qilishlarini aytgan edi.

BBC Fors muxbirimizning yozishicha, o‘tgan tun Tehron uchun mojarodagi eng og‘ir tunlardan biri bo‘lgan, Isroilda esa rasmiylar to‘rt kishi halok bo‘lganini aytishmoqda.

Bu hodisa Eronning o‘tgan hafta oxirida yadroviy ob’ektlariga qilingan zarbalarga javoban AQSh harbiy bazasiga raketa uchirganidan so‘ng sodir bo‘ldi – Qatar barcha raketalar tutib qolinganini bildirdi.

Eron baribir yadro quroli yarata oladimi - tafsilotlari uchun videomizni tomosha qiling:

O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

23.06.2025: Eron Qatardagi AQSh harbiy bazasiga raketalar otdi, Bahrayn odamlarni panaga yashirinishga chaqirdi (Video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Eron raketalari urib tushirilayotgani foto va videolari tarqalmoqda

Surat manbasi, t.me/ClashReport

Surat tagso‘zi, Ijtimoiy tarmoqlarda Eron raketalari urib tushirilayotgani foto va videolari tarqalmoqda

Matbuot va guvohlar xabar berishicha, Eron Qatardagi AQSh harbiy bazasiga raketalar otdi.

Bahraynda ham havo hujumidan ogohlantirish sirenalari yangradi, Ichki ishlar vazirligi odamlarni pana joyga yashirinishga chaqirdi.

Qatarning "Al-Adayd" degan joyida AQSh yetakchiligidagi harbiy koalitsiya kuchlarining operatsion markazi joylashgan.

23 iyun kuni AQShning Qatardagi elchiligi o‘z fuqarolarini bombapanohlarga yashirinishga chaqirdi, "ishonchli tahdid" mavjudligidan ogohlanatirdi.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi ham Qatarda bo‘lib turgan britanlarni xavfdan ogohlantirdi.

Eron davlat televideniesi mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga qarshi qaratilgan "Bashorat al-Fath" deb nomlangan operatsiya boshlanganini e’lon qildi.

AQSh hujumlariga javoban Eron Islomiy Inqilob qo‘riqchilari Qatardagi "Al-Adayd" aviabazasiga raketa zarbasi berilganini xabar qildilar.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qatarga otilgan Eron raketalari urib tushirilayotgani foto va videolari tarqalmoqda.

Qatar hukumati Eron raketa hujumini qoralab bayonot tarqatdi.

Qatar Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Majid al-Ansoriy X(sobiq Tvitter)da shunday post qoldirdi:

"Biz buni Qatar davlati suvereniteti, havo makoni, xalqaro huquq va BMT nizomining ochiqchasiga poymol etilishi deb ko‘ramiz".

Qatar voiziga ko‘ra, mamlakatning havo mudofaa tizimi hujumlarni izdan chiqargan va Eron raketalari urib tushirilgan, baza oldinroq evakuatsiya qilingan.

"Hujum oqibatida jarohatlanish yoki insoniy talofat bo‘lmaganini tasdiqlaymiz", dedi Qatar Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

Putin Eron tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi, Eron to‘yintirilgan uranini yashirganmi?

Prezident Putinning Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bilan uchrashuvi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Prezident Putin Eronga hujumni besabab tajovuz deb ta’rifladi

23 iyun kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Moskvaga yetib bordi.

"Tehron Eronga nisbatan AQSh agressiyasini keskin qoralagan Moskva mavqe’ini qadrlaydi", dedi Eron tashqi ishlar vaziri Moskvaga qo‘nganidan keyin.

Xabarlarga ko‘ra, Eron tashqi ishlar vaziri Rossiya Prezidenti bilan "umumiy qarshiliklar va tahdidlarga taalluqli jiddiy va muhim" muloqot qilmoqchi ekanini aytgan.

Rossiya AQShning Eron yadroviy inshootlariga hujumlarini qoraladi, Rossiyaning BMTdagi elchisi, "Amerika Pandora qutisini ochib yubodi", dedi.

Bi-bi-sining Moskvadagi muharriri Stiv Rozenberg yozishicha, agar Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Putin bilan uchrashsa, u, hoynahoy, Kreml rahbaridan kuchli dalda so‘zlarini oladi.

Ammo Moskvadan harbiy yordam olishi dargumon.

"Chunki hozir Rossiyaning eng ustuvor vazifasi bu - Ukraina. To‘g‘ri, Rossiya bilan Eron strategik sheriklik bitimiga ega. Lekin bu mudofaa bitimi emas va Moskva zimmasiga Eronni harbiy qo‘llab-quvvatlash majburiyatini yuklamaydi", deb yozadi muxbirimiz.

"O‘tgan hafta Putin Eron Moskvadan harbiy ko‘mak so‘ragani yo‘q dedi va uning ushbu bayonoti biror bir ko‘makka shoshilmayotgani alomati edi. Kreml ham Eron va ham Isroil bilan yaxshi aloqalarni saqlashga harakat qilib keladi va Donald Tramp bilan yaxshi ishchi muomalasini yo‘lga qo‘ydi", deb yozadi Bi-bi-sining Moskvadagi muharriri Stiv Rozenberg.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi 23 iyun kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga maktub yo‘lladi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Bu maktubda AQShning Eronga hujumlarini zudlik bilan v qattiq qoralash so‘rladi.

"Beammallik nafaqat inqirozni kuchaytiradi, balki global xavfsizlikni yanada yomonlashtiradi", deyiladi murojaatda.

22 iyun kuni BMT Xavfsizlik Kengashi AQShning Eron yadroviy hujumlari munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Unda Eron AQShni "to‘qib chiqarilgan va bemantiq sabab bilan Eronga qarshi urush ochish"da aybladi.

Kremlda Araqchini qabul qilgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eronga qarshi "besabab tajovuz"(nesprovotsirovannaya agressiya)ni qoraladi.

"Eronga qarshi besabab tajovuz ortida hech qanday asos va hech qanday oqlov yo‘q", dedi Prezident Putin.

Muxbirlar o‘z bayonotida, na Isroilning, na AQShning nomini tilga olmaganiga e’tibor qaratdilar.

"Biz o‘z tarafimizdan Eron xalqiga yordam ko‘rsatish harakatlarini ko‘rayapmiz", dedi Rossiya prezidenti.

Eron harbiylari : AQSh bazalari endi qonuniy nishonimiz bo‘ldi

Eron harbiylariga ko‘ra, AQShning yadroviy ob’ektlarga hujumlari Eron qurolli kuchlari uchun qonuniy nishonlar doirasini kengaytirdi.

Eronning markaziy harbiy qo‘mondonligi — "Hotam al-Anbiyo" matbuot kotibi Ibrohim Zulfiqoriy video bayonot tarqatdi, unda AQSh o‘z harakatlari uchun og‘ir oqibatlarga tayyor bo‘lsin, dedi.

"Janob Tramp, qimorboz, siz bu urushni boshlashingiz mumkin, lekin uni biz tugatamiz", — dedi Zulfiqoriy ingliz tilida yozib olingan videomurojaatida.

Eron va Isroil havo va raketa zarbalari almashar ekan, dunyo AQShning yadroviy ob’ektlarga uyushtirgan hujumiga Eron qanday javob qaytarishini kutmoqda. Tramp bu hujum Eron hukumati ag‘darilishiga olib kelishi mumkin dedi.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari 21 iyun kuni Eronning Fordo yadroviy inshootiga qilingan hujum juda katta zarar yetkazganini yoki uni butunlay yo‘q qilganini ko‘rsatgan. Bu zavod yer ostida joylashgan bo‘lib, uran boyitish sentrifugalari saqlanar edi. Ammo mutaxassislar uning aniq holati hali tasdiqlanmagan demoqdalar.

Tramp o‘zining Truth Social platformasida shunday yozdi:

"Erondagi barcha yadroviy ob’ektlarga ulkan zarar yetkazildi. Eng katta zarar yer ostida ro‘y berdi. Nishonga to‘g‘ri urildi!!!"

Tramp avvalroq Eronni javob zarbasidan voz kechishga chaqirgan va hukumat "endi tinchlikka erishishi kerak", aks holda kelgusi hujumlar "ancha kuchli va oson" bo‘lishini aytgan. Bu esa Yaqin Sharqdagi mojaro yanada avj olishiga oid xavotirlarni kuchaytirdi.

AQSh Qo‘shma shtablar qo‘mitalari raisi general Den Keynning ma’lum qilishicha, AQSh 75 ta aniq yo‘naltirilgan bomba, jumladan, yer osti bunkerlarini vayron qiladigan bombalar va ikki yuzdan ortiq Tomahawk raketalari bilan Eronning uchta yadroviy ob’ektiga hujum qilingan.

Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) AQSh hujumlaridan so‘ng hech qanday radiatsiya darajasi oshmaganini ma’lum qildi.

Agentlik rahbari Rafael Grossi CNNga bergan intervyusida yer ostidagi zararni baholash hali mumkin emasligini aytdi.

Reuters agentligiga ma’lum qilgan yuqori lavozimli Eron manbasining aytishicha, hujumdan oldin Fordodagi yuqori darajada boyitilgan uranning ko‘p qismi boshqa joyga ko‘chirilgan. Hozir bu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlash imkonsiz.

Tehron o‘zining yadroviy dasturi faqat tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlar ekan, AQSh hujumidan so‘ng Isroilga raketa zarbasi berdi. Bu zarbalar Tel-Avivda ko‘plab odamlarni yaraladi va binolarni vayron qildi.

Biroq Eron hozircha o‘zining asosiy javob choralari — AQSh bazalariga hujum qilish yoki Hurmuz bo‘g‘ozidan o‘tadigan jahon neftining 20 foizi yo‘lini to‘sish — amallariga qo‘l urmadi.

Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sishga urinish jahon nefti narxlarini osmonga chiqarishi, global iqtisodiyotni izdan chiqarishi va Bahraynda joylashgan AQShning beshinchi floti bilan to‘qnashuvga olib kelishi mumkin.

Dushanba kuni neftь narxlari yanvardan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Brent nefti fyucherslari 1.11 dollarga yoki 1.44% oshib, barreli 78.12 dollarga yetdi.

AQShning West Texas Intermediate nefti esa 1.08 dollarga yoki 1.45 foiz ko‘tarilib , 74.87 dollarni tashkil qildi.

23 iyun kuni Isroil yana Fordoga hujum qildi.

Eron televideniesi Isroil hujumlari boshlangan 13 iyundan buyon Erondaa halok bo‘lgan insonlar soni "500 atrofida" odam halok bo‘ldi, 3000 dan ortiq kishi yaralandi deb xabar tarqatdi.

AQShda joylashgan mustaqil inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda halok bo‘lganlarning soni rasman e’lon qilinganidan ikki baravar ko‘p.

Financial Times: to‘yintirilgan uran masalasi ochiq

Cun’iy yo‘ldoshdan olingan foto suratlarda Fordo inshootida hosil bo‘lgan yoriqlar ko‘rinadi

Surat manbasi, MAXAR

Surat tagso‘zi, Cun’iy yo‘ldoshdan olingan foto suratlarda Fordo inshootida hosil bo‘lgan yoriqlar ko‘rinadi

Londonda nashr etiladigan Financial Times gazetasi, Eronning yadroviy dasturi yo‘q qilindimi yoki topib olish mushkul kichik, maxfiy ob’ektlarda yashirilganigacha qolayaptimi, degan savolga javob topishga urindi.

Financial Times yozishicha, javob yadro qurolini tayyorlashga yaqin darajagacha - 60 foizgacha to‘yintirilgan 408 kilogramm uranning taqdiriga bog‘liq.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, Eron boyitilgan uranni boshqa joyga ko‘chirishga harakat qilganmi yoki yo‘qligini "hali bir necha kun hech kim bilmasligi"ni tan olgan.

Marko Rubio Eron uranni boshqa qaerdadir yashirganigaa shubha qilishini aytgan.

"Hozir biror narsani ko‘chirib o‘tqazish imkonsiz. Yuk mashinasi harakatlanishi bilan isroilliklar buni sezib qolishadi, nishonga olishadi va yo‘q qiladilar", degan Marko Rubio.

Eron hukumatidagi Financial Times manbasi, "boyitilgan uranni bu ob’ektlarda (Fordo, Isfahon va Natanz) saqlash go‘llik bo‘lgan bo‘lardi. Uranga shikast yetgani yo‘q", deb aytgan.

Isroil josuslik xizmati Mossadda Eron bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlagan sobiq xodim Sima Shayn Eron to‘yintirilgan uranni boshqa joyga yashirganiga ishonishini aytgan.

"Ularda qaerdadir ko‘p to‘yintirilgan uran bor va ular ayrim ilg‘or sentrifugalarni bir kuni kelib yadroviy uskuna yaratish maqsadida boshqa joyga ko‘chirganlar. AQSh bayonotlariga qaramasdan, dastur to‘la yo‘q qilingani yo‘q", degan Britaniya gazetasiga Sima Shayn.

Ro‘znoma bilan suhbatda isroillik rasmiylardan biri, Tehron o‘z uran zaxiralarining hech qursa bir qismini yashirishning uddasidan chiqqan, deb aytgan.

Biroq Isroil o‘tgan hafta kamida 11 Eron yadroviy olimini o‘ldirganidan keyin Eronning "effektiv, kichik yadro qurolini yasashi qiyin bo‘ladi, deb aytdi bu rasmiy.

19 iyun. "Isroil-Eron nizosining kengayishi hech kim o‘chirolmaydigan yong‘inga aylanishi mumkin"

BMT Xavfsizlik Kengashining Isroil Eron urushigaa bag‘ishlangan uchrashuvi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jiddiy muzokaralarga qaytishga chaqirdi

20 iyun kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Isroil bilan Eron o‘rtasidagi mojaroga bag‘ishlangan majlisga yig‘ildi.

Majlisni ochar ekan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu nizoning davom etishi bilan dunyo inqiroz tomon "poygalashayotgani"dan ogohlantirdi.

"Ushbu nizoning kengayishi hech kim nazorat qilolmaydigan yong‘inga o‘t qo‘yishi mumkin", dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Janob Guterrish ushbu mojaroning markazi "yadro masalasi" ekaniga ishonishini aytdi.

"Eron takror-takror yadroviy qurolga intilmayotganini ta’kidlab keladi. Lekin bu yerda ishonch bo‘shlig‘i mavjudligini tan olaylik", dedi u.

"Men jangni to‘xtatishga va jiddiy muzokaralarga qaytishga chaqiraman", dedi BMT bosh kotibi.

Eron tashqi ishlar vaziri BMT Inson huquqlari kengashida chiqish qildi

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroilning kutilmagan hujumi "g‘azablantiradigan agressiya", "BMT nizomining qattiq buzilishi", dedi Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi.

Yevropa tashqi ishlar vazirlari 20 iyun kuni Jenevada Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bilan muzokaraga yig‘ildilar.

Vazirlar uchrashuvidan oldin Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi BMT Inson huquqlari kengashida nutq so‘zladi.

Isroilning Jenevadagi BMT elchisi Deniel Meron Eron tashqi ishlar vaziriga minbar berilishiga qarshi chiqdi.

Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi o‘z nutqida, Isroilning Eronga hujumi "insoniyat sivilizatsiyasida tarixiy lahza", bu paytda mamlakatlar xalqaro qonunchilik uchun turib berishlari kerak, dedi.

Isroil AQSh bilan Eronning yadroviy qobiliyati borasida kechayotgan "diplomatik jarayonning qoq o‘rtasida" hujum qildi, bu jarayon "istiqbolli" edi, dedi janob Araqchi.

Isroilning kutilmagan hujumi "g‘azablantiradigan agressiya", "ushbu kengash belgilab bergan standartlar" asosidagi "BMT nizomining qattiq buzilishi", dedi tashqi ishlar vaziri.

Janob Araqchi BMT Inson huquqlari kengashidan keyin uchrashishi mo‘ljallangan Britaniya, Frantsiya, Germaniya tashqi ishlar vaziri va Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat idorasi rahbari bilan muzokarada Isroil-Eron mojarosini to‘xtatish va Eronning yadroviy qobiliyatlari borasida diplomatik muloqotlarga qaytish masalalarini muhokama qilish maqsad qilingan.

Bi-bi-sining Jenevadagi muxbiri Imojen Foulks yozishicha, hozircha ikki taraf ham o‘z aytganida turipti: Isroil hali o‘z maqsadimizga yetganimiz yo‘q va hujumlarimizni davom ettiramiz, deydi.

Eron esa, tinch maqsaddagi yadroviy qudratni rivojlantirishga haqqimiz bor, deydi.

Isroil esa bunday huquqni qabul qiladigan ko‘rinmaydi, deb yozadi muxbirimiz.

Bir kun oldin AQSh ham Eronga qarshi hujumlarda Isroilga qo‘shiladimi degan xavotir yuzaga kelgan, Oq Uy Prezident Trampning quyidagi bayonotini tarqatdi:

"Yaqin kelajakda bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin Eron bilan muzokaralarning salmoqli ehtimoli borligi faktidan kelib chiqib, borish yoki bormaslik haqidagi qarorni men ikki hafta ichida qabul qilaman."

Jeneva formati muzokaralari

Jenevada diplomatlar o‘rtasidagi muzokaralardan bir yarim soat o‘tib, Eron hay’ati konsultatsiyalaar uchun tanaffus so‘ragani xabar qilindi.

Muxbirlarning yozishicha, Eron oldiga "nol boyitish" yoki to‘yintirish sharti qo‘yilgan.

Bu degani Eron uranni mamlakatning o‘zida to‘yintirishdan to‘liq voz kechishi lozim degani.

Buni avval Eron qizil chiziqdan o‘tish degan va rad etgan.

Bu bizning tinch yadroviy dasturga ega bo‘lish huquqimizning poymol etilishi, deb kelgan.

Aprel-may oyidagi AQSh-Eron muzokaralarida Amerika tomoni tinch maqsaddagi to‘yintirilgan uran chetdan Eronga olib kiriladi degan taklifni ilgari surgani xabar qilindi.

Jenevadagi uchrashuvda Britaniya, Frantsiya, Germaniya va YeI tashqi siyosat idorasi diplomatlari Eronni AQSh bilan muzokaralarga qaytishga chaqirganlar.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi muzokaralar tugaganidan keyin reportyorlarga bergan bayonotida, "Eron agressiya to‘xtaganidan keyin diplomatiyaga qaytishga tayyor", deb aytdi.

Eron yadroviy dasturi tinch va so‘nggi hujumlar xalqaro qonunchilikning buzilishi, dedi Abbos Araqchi.

"Eron o‘zini mudofaa qilish qonuniy huquqini davom ettiraveradi. Men aniq-tiniq qilib aytamanki, Eronning mudofaa qobiliyatlari muzokara qilinadigan narsa emas", dedi Eron tashqi ishlar vaaziri.

Bundan oldin Isroilning BMTning Jenevadagi idorasidagi elchisi Deniel Meron, Yevropa hay’ati "Eronning ballistik raketalari zaxirasini yo‘q qilish" talabini qo‘yishi kerak degandi.

Yevropalik diplomatlar Isroil hujumlari to‘xtashini kutmasdan ham muzokarani boshlashga chaqirganlar.

"Biz Eron vazirini hamma tomonlar, shu jumladan, Qo‘shma Shtatlar bilan ham zarbalar to‘xtatilishini kutmasdan muzokaralar haqida o‘ylashga chaqirdik, biz bunga umid qilamiz", dedi Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro.

Tomonlar mana shu Jeneva formatida muloqotni davom ettirishga kelishganlar.

19 iyun. "Amerikaning urushga qo‘shilishi mintaqani jahannamga aylantiradi"

Biirshibadagi shifoxona

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Biirshibadagi shifoxonaga hujumni Isroil va Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti qoraladi

Bloomberg agentligining xabardor rasmiylarga tayanib bildirishicha, AQShning eng yuqori mansabdagi amaldorlari, shu jumladan, bir necha federal agentliklar rahbarlari "yaqin kunlarda" Eronga zarba berishga tayyorlanayaptilar.

Gap kelayotgan hordiq kunlari haqida borayapti, dedi ayrim suhbatdoshlar.

Lekin o‘sha suhbatdoshlarning o‘zlarining tan olishlaricha, voqealar hamon rivojlanayapti hamda vaziyat yana o‘zgarishi mumkin.

Chunki hali bir necha kun oldin Prezident Donald Tramp, "Eronni yadroviy qurol ishlab chiqarish g‘oyasidan voz kechtirishga muvffaq bo‘laman", degan fikrda edi.

Aloqador mavzular

Wall Street Journal ining yozishicha, Prezident Tramp AQShning Eronga hujum qilish rejasini ma’qullagan, biroq bu rejani hayotga tatbiq etish borasida qaror qabul qilishni ortga surgan.

Kanadada tashkillashtirilgan dunyoning yirik yettiligi rahbarlari sammitini Prezident Tramp to‘satdan tark etdi, bu narsa AQShning Isroil Eronga qarshi boshlagan harbiy amaliyotlariga qo‘shilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinmi, degan savollarni paydo qildi.

Kanadadan Amerikaga parvozi payti jurnalistlar Prezident Trampdan, Eron yadroviy ob’ektlariga ehtimoliy hujum haqida so‘radilar.

Bu savolga Donald Tramp, "balki qilarman, balki qilmasman. Men nima qilmoqchi ekanimni hech kim bilmaydi", deb javob berdi.

AQShdagi ABC kanalining o‘z rasmiy manbalaridan iqtibos keltirishlaricha, oxirgi bir-ikki kun Amerika mavqe’ini aniqlab olish uchun muhim kunlar bo‘ladi.

Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Said Xatibzoda
Surat tagso‘zi, Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Said Xatibzoda Bi-bi-siga intervyu berdi

Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida Wall Street Journal ni tanqid qildi.

"Mening Eronga bog‘liq fikrlarim haqida Wall Street Journal da tasavvur ham yo‘q", deb yozdi Prezident Tramp.

19 iyun kuni ertalab Isroil janubidagi Biirshibada joylashgan Soroka shifoxonasiga Eron raketasi kelib tushdi.

Hujum oqibatida 271 kishi, shifoxonada 71 inson yaralandi.

Isroil Eronni shifoxonani nishonga olishda aybladi.

Eron esa Soroka shifoxonasini emas, unga yaqin harbiy qo‘mondonlik binosiga zarba uyushtirganini, zarba to‘lqini shifoxonani shikastlaganini xabar qildi.

Eronning Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi 20 iyun kuni Jeneva shahrida Buyuk Britaniya, Frantsiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat uchun mas’uli Kaya Kallas bilan uchrashuvi rejalangani xabar qilindi.

Eron Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Said Xatibzoda Bi-bi-siga intervyu berdi.

Said Xatibzoda aytishicha, Isroil-Eron mojarosi "Amerika urushi emas".

Agar Prezident Donald Tramp bu urushga qo‘shilishga qaror qilsa, u mamlakatini begona urushga aralashtirgan prezident sifatida yodda qoladi, dedi Xatibzoda.

AQSh harbiy qudratiga Eron qanday qarshi turoladi, degan savolga Tashqi ishlar vaziri muovini, harbiy kuchlar nisbatining ahamiyati yo‘q, dedi.

Chunki, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda har qanday bosqinchiga qarshi "milliy birdamlik" bor va bosqin milliy qarshilik masalasiga aylanadi.

Agar AQSh urushga qo‘shiladigan bo‘lsa, butun mintaqa jahannamga aylanadi, dedi Said Xatibzoda.

Isroil birinchi bo‘lib hujum qildi, biz o‘zimizni o‘zimiz mudofaa qilayapmiz, dedi u.

Isroil hujumlari davom etib turgan vaqtda hech qanday muzokara bo‘lmaydi.

"Tajovuz to‘xtagan zahoti diplomatiya birinchi variant bo‘ladi", dedi Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.

Ayni paytda Reuters axborot agentligining o‘z ismini oshkor etishni istamagan uch diplomatga tayanib xabar qilishicha, shu hafta mobaynida Eronning Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan bir necha martaa telefon orqali so‘zlashgan.

Araqchi va Uitkoff ushbu telefon so‘zlashuvlarida AQShning may oyidagi muzokaralarda o‘rtaga tashlagan Eronning tinch maqsadlari uchun uranni xorijda boyitish taklifini muhokama qilganlar.

Reutersga gapirgan manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Uitkoff va Araqchi bunchalar batafsil hatto aprel oyidan buyon davom etib kelayotgan rasmiy muzokaralar payti ham so‘zlashmaganlar.

Muzokaralar asosan vositachilar orqali kechgan va AQSh hamda Eron hay’atlari bir xonada qisqa fursat uchrashganlar.

Ushbu xabarni rasman Vashington va Tehron sharhlaganlari yo‘q.