Qora ro‘yxatdaman, lekin Moskvadan chiqib keta olmayapman - migrantlarni qiynayotgan reestr

Illyustrativ surat
    • Author, Meerim Dogdurbekova
    • Role, BBC Qir'giz xizmati muxbiri
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Xavfsizlik nuqtai nazaridan maqola qahramonlarining ismlari o‘zgartirilib, yuzlari yashirildi.

So‘nggi vaqtlarda Rossiyada migratsiya nazorati kuchaytirilib, qirg‘izistonlik mehnat migrantlariga qo‘yilayotgan talablar ularning hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘tgan yildan boshlab Rossiya hukumati migratsiya qoidalarini buzgan chet el fuqarolarini maxsus reestrga kiritib kelmoqda.

Mazkur ro‘yxatga kirganlar ishlash ruxsatnomasidan ajrab, hatto mamlakatdan chiqarib yuborilish xavfiga duch kelishmoqda. Aksariyat hollarda migrantlar bunday ro‘yxatga kirganlarini kech bilib, muammoni o‘z vaqtida hal qilishga imkon topmayotganlarini aytishadi.

Reestrga tushishga nima sabab bo‘ladi?

Mehnat migrantlarining aytishicha, reestrga tushib qolish sabablari turlicha. Bunga "Amina" ilovasidan foydalanish qoidalari, mamlakatga kirish-chiqish shartlari, ichki qonunchilikni buzish holatlari yoki mehnat shartnomasini bajarishdagi o‘ziga xosliklar sabab bo‘lishi mumkin.

Xavfsizlik sababli ismi o‘zgartirilgan Ayananing turmush o‘rtog‘i yaqindagina reestrga tushib, so‘ng undan chiqqan. U oxirgi yillarda migrantlarga nisbatan bosim keskin kuchayib, Rossiyadan deportatsiya qilinayotgan qirg‘izistonliklar soni ortganini aytadi.

Ayana (ismi o‘zgartirilgan)
Surat tagso‘zi, Ayana (ismi o‘zgartirilgan)

"Ilgari reestr degan tushuncha yo‘q edi. Men turmushga chiqib, yetti yildan beri shu yerdaman. Mening turmush o‘rtog‘im reestrga tushib qolgan. Rasmiy ishlaydi, hujjatlari joyida, tibbiy ko‘rikdan o‘tib turadi. Reestrga nima sababdan tushganini so‘rasak, «Siz Qirg‘izistonga ko‘p pul o‘tkazgansiz» deb aytishibdi. Biz kuzda mol olib, Qirg‘izistonga kattaroq miqdorda pul yuborgan edik. Mehnat shartnomasida oyligi 150 ming deb yozilgan, lekin u bir oyda 400–500 ming o‘tkazgani shubha uyg‘otgan shekilli.

Keyin reestrdan chiqaman deb borsang, «oldindan navbatga yozilib keling» deyishadi. Navbatga yozilish uchun esa o‘rin yo‘q, ochilmaydi. IIVdagilar esa busiz qabul qilmaydi. Bu yil umuman olganda qirg‘izistonliklarga qiyin bo‘ldi. Deportatsiya bo‘lganlar juda ko‘p", — deydi Ayana.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Migrantlarni nazorat qiluvchi "Amina" ilovasi

Moskvada o‘tgan yilning 1 sentyabridan boshlab migrantlar uchun "Amina" ilovasi ishga tushirilgan. Ushbu ilova orqali migrantning geolokatsiyasi (qaerda ekanligi) haqidagi ma’lumotlar Rossiya Ichki ishlar vazirligiga avtomatik ravishda yuboriladi. Qirg‘izistonlik Nurlan Aybashev mazkur ilovaga har kuni kirib turish kerakligini aytadi.

Nurlan
BBC
Ayolim uyda o‘tirib, unutib qo‘ygani uchun uch kun «Amina»ga kirmay qolibdi. Endi unda «qizil» yonib, «ro‘yxatdan chiqarildi» (снято с учёта) deb chiqib qoldi.
Nurlan Aybashev
Rossiyadagi muhojir

"Bu ilovani har kuni ochib, kirib turish kerak. Unga kirish uchun VPN'ni o‘chirish shart, agar yoniq bo‘lsa ilova ishlamaydi. Ayolim uyda o‘tirib, unutib qo‘ygani uchun uch kun «Amina»ga kirmay qolibdi. Endi unda «qizil» yonib, «ro‘yxatdan chiqarildi» (snyato s ucheta) deb chiqib qoldi. Biz endi IIVga borib, ariza qoldirishimiz kerak. Keyin, ko‘chada ketayotganingda militsiya to‘xtatib, «Amina»ni tekshiradi. 3-4 kun oldin meni ham shunday to‘xtatishgan edi, telefonimni ochib, hamma narsani ko‘zdan kechirishdi. Keraksiz ilovalar bo‘lmasin deb, ba’zilarini o‘chirib tashlashdi", — dedi Nurlan Aybashev.

"Moskvadan ketib, Angliyaga boramiz"

"Amina" ilovasiga to‘rt kun kirmay qolgani sababli Venera Asanova ham hozirda reestrda turibdi. U 2016 yildan beri Moskva shahrida oilasi bilan yashab, ishlab kelayotgan edi. Endi u Angliyaga ketishni rejalashtirayotganini aytmoqda.

Venera (ismi o‘zgartirilgan)
Surat tagso‘zi, Venera (ismi o‘zgartirilgan)

"25 noyabrdan beri reestrdaman, rasman 9 dekabrdan beri deb ko‘rsatib turibdi. IIVga murojaat qilib ko‘rdim. U yerga borib sababini so‘rasam, «4 kun "Amina" ilovasida geolokatsiyang ishlamagan ekan, shuning uchun reestrga tushib qolgansan» deyishdi. Bundan keyin nima bo‘lishini bilmayman. Lekin kuzga borib, Xudo xohlasa, ketamiz. Angliyaga ketish uchun anketa to‘ldiryapmiz. Agar taklifnoma kelsa, mart oyidan boshlab o‘sha yoqqa ketamiz degan niyatimiz bor", — dedi Venera Asanova.

"Qora ro‘yxatdaman", lekin Qirg‘izistonga ketishga sharoitim yo‘q"

Reestrga kirgandan so‘ng, o‘z vaqtida hujjatlarini tasdiqlab, Rossiya hududida rasmiy mehnat qila olishini isbotlay olmagan migrant mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Ammo shunga qaramay, ishini tashlab keta olmay yurgan qirg‘izistonliklar ham ko‘p.

Bu haqda Nurgul (ismi o‘zgartirilgan) o‘z misolida Bi-bi-siga gapirib berdi:

"Bizni, Qirg‘iziston fuqarolarini 1-2 yildan beri reestr, «qora ro‘yxat», migratsiya kartasining orqasiga muhr bosish kabi narsalar juda qiynamoqda. Iyun oyida men ham «qora ro‘yxat»ga tushib qoldim. Qonun doirasida ish tutay deb yurist yollab, pul to‘lab, sudga ariza yozganimga qaramay, dekabrda o‘tgan sudda, masala yechilmadi. «Qora ro‘yxat»dan chiqqanim yo‘q. Meni 2027 yilgacha «qora ro‘yxat»ga kiritib qo‘yishdi.

Biroq men hali Moskvadan chiqib ketganim yo‘q. Ishlashim kerak, hali ham hujjatsiz ishlab yuribman. Menga o‘xshagan migrantlar bu yerda juda ko‘p. Reestrdan chiqa olmay yurganlar ham talaygina. Reestrdan chiqquncha vaqt o‘tib ketib, qaytadan ro‘yxatga tushib qolganlar ham bor. Moskvaga uchib kelib, aeroportdagi tekshiruvdan o‘ta olmay, ortiga qaytib ketganlar undan ham ko‘p.

Shuning uchun hukumatdagilardan iltimos qilardim: shu Qirg‘iziston fuqarolariga reestr, «qora ro‘yxat» va muhr degan masalalarni hal qilib bersanglar. Chunki hozircha biz Qirg‘izistonga qaytib ishlashimiz uchun sharoit yo‘q", — dedi Nurgul.

Qirg‘iziston hukumatining harakatlari

Rossiyadagi migrantlar duch kelayotgan bu kabi muammolarni Joqorg‘u Kenesh (Parlament) deputati Aygul Axmedova o‘tgan haftada parlament yig‘ilishida ko‘tarib chiqdi. U muammoni hal qilishda nafaqat hukumat, balki deputatlar ham ko‘mak berishi kerak degan fikrni aytdi.

Joqorg‘u Kenesh deputati Aygul Axmedova

Surat manbasi, jogorku kenesh

Surat tagso‘zi, Joqorg‘u Kenesh deputati Aygul Axmedova

"«Amina» ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tilgach, ma’lumotlar IIV bazasiga tushadi. Biroq ko‘p hollarda vatandoshlarimiz arzimas va mayda sabablar bilan reestrga kirib qolib, noqonuniy yurgan shaxs sifatida qayd etilib qolmoqda. Reestrga tushgan fuqarolar deportatsiya qilinmoqda. Deportatsiyaga tushganlarni Podmoskovedagi «Saxarovo» markaziga olib borib, bir oygacha ushlab turib, og‘ir ishlarda ishlatib, keyingina jo‘natishyapti.

Bundan tashqari, hujjat va ro‘yxat ishlariga hozir 70 ming rublgacha (920 dollar) pul ketmoqda. Ba’zi yigitlarimiz bir-ikki oylab navbat kutib, ishsiz qolmoqda. Buning bari vatandoshlarimiz uchun katta qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Shu muammolarni hisobga olib, hukumatdan Rossiyadagi qirg‘izistonlik migrantlar uchun qonuniy ishlash jarayonini yengillashtirishni, migratsiya kartasi, ro‘yxatga olish va reestr masalasini nazoratga olishni hamda asossiz deportatsiya va uzun navbatlardan himoya qilishni so‘rayman", — dedi Axmedova.

26 yanvarda deputat Ulan Primov ham migrantlar muammosiga to‘xtalib, Qirg‘iziston va Rossiya umumiy iqtisodiy ittifoqda (YeOII) bo‘lganligi sababli, qirg‘iz fuqarolariga imtiyozlar berilishi zarurligini bildirdi.

22 yanvar kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziev Moskvada Rossiya IIV Migratsiya xizmati vakili bilan uchrashgani xabar qilindi. Uchrashuvda u Qirg‘iziston fuqarolarining Rossiyaga kirishi, yurishi va ishga joylashishi masalalarini ko‘tarib, nazorat reestriga kirib qolgan fuqarolardan Rossiyadan chiqib ketishni talab qilmagan holda, ularni reestrdan chiqarish tartibini qonuniy belgilash imkoniyatini ko‘rib chiqishni rus tomonidan iltimos qilgan.

Rossiya hukumati nima deydi?

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya va Qirg‘iziston migratsiya sohasida har ikki davlat fuqarolari uchun ham qulay bo‘ladigan tarzda harakat qilishi kerakligini aytgan edi. U bu haqda 2025 yili Qirg‘izistonga qilgan tashrifi davomida "Nomad TV" telekanaliga bergan intervyusida ta’kidlab o‘tgan.

"Biz fuqarolarimiz uchun, Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun hammasi joyida bo‘lishini ta’minlaydigan darajada ish tutishimiz kerak, shunda bu masala atrofida bo‘layotgan voqealar norozilik uyg‘otmaydi. Biroq buning uchun bu yerda ishlashni istagan Qirg‘iziston fuqarolari ham rus muhitida yashashga, ijtimoiy kafolatlardan foydalanishga va boshqa jarayonlarga tayyor bo‘lishlari lozim. Bularning barchasi keng ko‘lamli, uzluksiz hamkorlikdagi ishni talab qiladi", — degan edi Putin.

Reestrdan chiqish uchun pora berganlar bor

Ismi sir qolishini istagan Moskvadagi yana bir qirg‘izistonlik o‘tgan yilning kuzida reestrga tushib qolgani haqida xabar olgan. U IIVga ariza bilan murojaat qilgan, biroq reestrdan chiqish harakatlari natija bermagach, noilojlikdan Rossiyaning ushbu masala bilan shug‘ullanuvchi tegishli xizmatlariga pora berish orqaligina ro‘yxatdan chiqqan.

"Reestrdan men oktyabr boshida chiqdim. Hujjatlarimning bari joyida, soliq to‘layman, mehnat shartnomam bor «iloji bo‘lsa, reestrdan chiqarib qo‘yinglar» deb borsam, «u yoqqa bor, bu yoqqa bor» deb, tinmay boshqa mutaxassislarga jo‘natishdi. Natijada hech biri masalani hal qilib bermadi. Chunki ular pul berishimni xohlashayotgan edi. Ilojsizlikdan, o‘sha yerdagi tanish-bilishlarni o‘rtaga qo‘yib, pora berishga majbur bo‘ldim.

Bu reestrga bir o‘zim, hatto sakkiz yoshli o‘g‘lim ham tushdi. Uni maktabdan chiqaramiz degan bildiruv kelib, keyin noiloj pora berib, reestrdan chiqdik. Rossiyada yurish oxirgi paytlarda juda xavfli bo‘lib bormoqda. Shu sababli kichik farzandimning o‘qishi tugasa, Qirg‘izistonga qaytmoqchimiz", — dedi migrant.

"Muammo o‘zimizda"

Shunga qaramay, muammo qanchalik dolzarb bo‘lmasin, mehnat migrantlarining o‘z mas’uliyatiga ham bog‘liq deydi boshqa bir qirg‘izistonlik. Uning aytishicha, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun juda ko‘p vaqt berilgan, keyinroq muddatlar uzaytirilgan, ammo tirikchilik bilan bo‘lib, bunga bee’tibor bo‘lgan fuqarolar uchun endi vaziyat og‘irlashgan.

"Hujjatlaringizni to‘liq qilib, yaxshi yursangiz, sizga hech kim hech narsa demaydi. Militsiya to‘xtatgan taqdirda ham, hujjatlar joyida bo‘lsa, qo‘yib yuboradi. Ko‘p hollarda muammo o‘zimizning mas’uliyatsizligimizdan kelib chiqmoqda. Keyin esa ahvolimiz og‘ir deb nolib o‘tiramiz. Ulgurganlar hamma narsaga ulguryapti. O‘z vaqtida hujjatlarini to‘g‘rilab, navbat olib, barcha muhrlarni qo‘ydirib olganlar ham bor, Xudoga shukur".

15 yanvarda Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubaev matbuot anjumani o‘tkazib, Rossiyaning migratsiya nazorati reestrida Qirg‘izistonning 34 786 nafar fuqarosi qayd etilganini bildirgan. U o‘tgan yilning noyabrida bu ro‘yxatda 128 mingga yaqin qirg‘izistonlik bo‘lganini eslatib o‘tgan.

U mas’uliyatli fuqarolar o‘zlarini ushbu ro‘yxatdan tekshirib, huquqiy maqomini qonuniylashtirishga ulgurganini alohida ta’kidlagan.

"Davlat va Tashqi ishlar vazirligi barcha zarur choralarni ko‘rdi. Biroq bir qator fuqarolar hali ham nazorat reestrida qolmoqda. Endi ular deportatsiya qilinadi. Biz ularning hammasini tegishli organlarga yetaklab bora olmaymiz. Lekin Rossiya tomoni migratsiya siyosatini yumshatishi ehtimol, chunki ko‘plab ish o‘rinlari bo‘sh qoldi", — degan Kulubaev.

Vazir, shu bilan birga, migratsiyadagi qirg‘izistonliklarning qaytib kelishi mamlakat uchun ham foydali ekanini, ko‘plab loyihalarni amalga oshirish uchun ishchi kuchi zarurligini qo‘shimcha qilgan.

Mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligining 2025 yil oktyabrь oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning migratsiya ro‘yxatida 341 ming nafar Qirg‘iziston fuqarosi turibdi.