Eron: Isroilning Markaziy Osiyoga chegaradosh davlatga hujumi mintaqa uchun qanchalik xavotirli - endi Rossiya kuchayadimi?

Markaziy Osiyo xaritasi
    • Author, Feruza Rahmon
    • Role, bbc.com/uzbek
  • O'qilish vaqti: 12 daq

Mintaqada yangi xavotir va savollar o‘rtaga chiqmoqda...

Nima gap?

Hujum

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Isroil operatsiyasining maqsadlaridan biri Eronda hokimiyatni almashtirish bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda. "Bu, albatta, natija bo‘lishi mumkin, chunki Eron rejimi juda zaif", - deya bayon qilgan Isroil Bosh vaziri kuni-kecha Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida. AQSh prezidenti esa, Erondan "shartsiz taslim bo‘lishlari"ni talab qilmoqda.

Yaqin Sharqdagi voqealarning so‘nggi rivoji Markaziy Osiyoda yangi xavotirlarni paydo qildi.

Ham mintaqa va ham dunyoda kuchayib borayotgan geosiyosiy tanglik manzarasida Markaziy Osiyo uchun eng hassos bo‘lgan xavfsizligi va geoiqtisodiy rejalarining taqdiri bilan bog‘liq yangi savollarga ham turtki berdi.

Mintaqaga bevosita chegaradosh va geostrategik joylashuvi muhim Eron, ayniqsa, so‘nggi yillarda - Ukraina urushi fonida o‘zlarining transport yo‘llari, tashqi bozorlari va savdo hamkorlarini imkon qadar turfalashtirish harakatida bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun sanoqli muqobil va muhim tanlov, imkoniyatlardan biri ham bo‘ladi.

Dengizga yo‘li ikki karra yopiqligi esa, xosan O‘zbekiston uchun jahon savdo yo‘llariga chiqishida Eronning ham ahamiyatini yanada kuchaytiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Eron Markaziy Osiyoning asosiy savdo-iqtisodiy sheriklari bo‘lgan Rossiya va Xitoyga ham yaqin, ta’bir joiz, "xavfsiz" hamkor.

Kaspiy dengizi va Fors Ko‘rfazi chegarasida joylashgan emasmi, o‘zining geostrategik joylashuvi tufayli Eron Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z ichiga oluvchi ulkan "Bir kamar, bir yo‘l" loyihasi uchun ham muhim o‘rin tutadi.

Rasmiy Pekin ham xuddi shu omilni nazarda tutgan holda, Eronni o‘zining ko‘p milliardli mazkur loyihasida jiddiy ishtirok etishga undab keladi.

"Bir kamar, bir yo‘l"ning markaziy yo‘li esa, Markaziy Osiyodan aynan Eron va Fors ko‘rfazi, shuningdek, Turkiya va O‘rta yer dengizigacha cho‘ziladi.

Prezident Si o‘zining olamshumul mazkur loyihasini G‘arb yetakchiligidagi rivojlanishga muqobili sifatida talqin etib keladi.

Xitoyning "Bir kamar, bir yo‘l" loyihasi dunyo aholisining to‘rtdan uch qismi, boyligining yarmini tashkil etishi aytiladi.

Shaxsan amaldagi Xitoy prezidenti Si Szinьpinning o‘zi tomonidan ilgari surilgan "Bir kamar, bir yo‘l" tashabbusi qudratli Xitoy "yirik davlat diplomatiyasi"ning o‘zagi sifatida ko‘riladi.

O‘tgan o‘n yil ichida mazkur tashabbus Buyuk Ipak yo‘li chegaralarini ortda qoldirgan, Osiyodan boshlab, Yevropa, Afrikaga qadar uzangan.

Markaziy Osiyo davlatlari ham Eron qatorida rasmiy Pekin nazdida bu tashabbusning muhim ishtirokchilari sanalishadi.

Ham Eron va ham Markaziy Osiyo davlatlari nazarda tutilganida, ulardan hech biriga halicha dunyoning qolgan bir davlati bu kabi ulkan loyiha bilan chiqmagani ham bor gap.

Eron, bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlarini ham o‘z ichiga oluvchi va ular uchun yanada qulay hamda foydali bo‘lishi aytiluvchi qator yangi xalqaro temir yo‘l loyihalarining ham muhim ishtirokchisi bo‘ladi.

Aloqador mavzular:

Tolibon Afg‘onistoni omili

Eron-Afg‘oniston chegarasi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Isroil hujumlari ostidagi Eronning Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan munosabatlari silliq emas...

Ham Markaziy Osiyo va ham Eronning muvaqqat hukumati, uch yildan oshiqki, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan, yaqin-yaqingacha urushlar ichida bo‘lgan, xalqaro hisobotlarda o‘tgan yilga qadar ham o‘nlab jangari guruh mintaqaga "jiddiy tahdid tug‘dirgani" aytilgan, Tolibon qudratga qaytishi ortidan ijtimoiy, iqtisodiy, insonparvarlik bilan bog‘liq vaziyati nazarda tutilarkan, favqulodda yordam berilmasa, "Yer yuzining jahannami"ga aylanishiga oid jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lgan Afg‘onistonga chegaradoshligi ham Yaqin Sharqdagi voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida e’tiborga molik yana bir voqe’likka aylangan.

Isroil va Eron o‘rtasidagi so‘nggi qurolli mojaro, boshqa tomondan, aynan Eron va Pokistondan afg‘onlarning ortga ommaviy deportatsiyasi Afg‘oniston iqtisodini yanada og‘ir ahvolga solib qo‘yishiga oid xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

Uzoq yillik jangarilik muamosidan tashqari, Afg‘oniston iqtisodining tanazzulga uchrashi va u yerdagi vaziyatning izdan chiqishi katta sondagi qochqinlar oqimining paydo qilishi ehtimolida shundoq ham Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqa xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy tashvishlariga sabab bo‘lib keladi.

Eron Pokiston bilan birga Afg‘onistondagi uzoq yillik urushlar manzarasida eng ko‘p - millionlab afg‘onlarga boshpana bergan ikkita davlatdan bittasi ham bo‘ladi.

So‘nggi yillarda bu ikki davlat amalga oshirayotgan ommaviy deportatsiyalar ortidan ham bu ikki davlatda qolayotgan afg‘on qochqinlari o‘zlarining soni ham oz emasligi aytiladi.

Tolibonning tinchlik muzokaralari istiqbolini yo‘qqa chiqarib, asosan qurol kuchi bilan Afg‘onistonda yana qudratga qaytishi, mamlakatni yana "Shar’iy qadriyatlar" asosiy boshqariluvchi Islomiy Amirligi, deb e’lon qilishi, xalqaro hamjamiyatning inklyuziv hukumati ilova qator muhim shartlarini bejavob qoldirib kelayotgani bois esa, Afg‘onistonga berib kelinayotgan yirik miqdordagi yillik moliyaviy ko‘maklar hanuz tiklanmagan, mamlakatning chetdagi milliardlab dollarlik aktivlarining deyarli barchasi hanuz muzlatilganicha qolmoqda.

Shu kabi bir manzarada Bi-bi-si manbalarining xabar berishicha, Afg‘onistonda AQSh harbiylari tomonidan qolgan, sobiq afg‘on hukumat kuchlariga berilgan va Tolibon tomonidan qo‘lga kiritilgan yarim million qurol yo‘qolgan, sotilgan yoki kontrabanda yo‘li bilan boshqa jangari guruhlar ixtiyoriga o‘tkazilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining joriy yil fevral oyidagi hisobotida ta’kidlanishicha esa, "al-Qoida"ning O‘zbekiston Islomiy harakati kabi hamkorlari ham Tolibon qo‘liga o‘tgan qurol-aslahaga imkonli bo‘lishgan yoki ularni qora bozordan xarid qilganlar.

Afg‘oniston O‘zbeklarniki ilova Markaziy Osiyoga mansub turli jangari guruhlar ham uzoq yillar mobaynida boshpana topgan, jang qilgan va jon saqlab kelayotgan sanoqli davlatlardan ham biri.

Oxirgi paytlarda hozir Yaqin Sharqdagi IShID guruhining eng jangari va halokatli qanoti, deb e’tirof etiluvchi Xuroson bo‘limi ham qayta kuchaygan, yaqinda hatto Eronning o‘zida uyushtirilgan qo‘shaloq hujumlarga ham aynan ular mas’ul ko‘rilgan.

Agar, ayrim yetakchi G‘arb nashrlaridagi tahlillarga tayanilsa, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan qolgan harbiy aslaha Afg‘onistonni jangari guruhlar uchun qurol-yarog‘ omboriga aylantirgan.

Ular chiqib ketishi ortidan Afg‘onistonda paydo bo‘lgan xavfsizlik bo‘shlig‘i isyonchilik, chegaraosha terrorizm va Janubiy Osiyo hanuz iskanjasida bo‘lgan mintaqaviy qudratlar o‘rtasidagi o‘yinni kuchaytirgan.

"Qayta sotilgan bu qurol-aslahalardan ayrimlari Kashmirdagisidan tortib, Yaqin Sharqdagi mojarolarga qadar kirib borgan".

Chegaradosh davlatlar mavqei...

Mintaqa xaritasi

Eron Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan faol diplomatik muloqotda bo‘lgan sanoqli davlatlardan biri bo‘ladi, ammo muhojirlar oqimi bo‘ladimi va yoki suvdan foydalanish huquqi – chegaralarida o‘zaro to‘qnashuvlarga ham borib turishadi, munosabatlari silliq emas.

Ammo kecha, 16 iyun kuni olingan xabarlarga ko‘ra, Afg‘oniston muvaqqat tashqi ishlar vaziri Isroil va Eron o‘rtasidagi so‘nggi mojaroni muhokama etib olish uchun eronlik hamkasbiga sim qoqqan.

Ma’lum bo‘lishicha, Mavlaviy Amirxon Muttaqiy Isroilning birgina Erondagi harbiy sathlar emas, tinch aholi maskanlarini ham nishonga olgan hujumlarini qoralagan.

Ularni "xalqaro huquqning buzilishi va Eron suverenitetiga tajovuz", deb atagan.

Xabarlarda aytilishicha, Muttaqiy, shuningdek, Eron tomonini Saudiya Arabistonida qolib ketgan eronlik ziyoratchilarni Afg‘oniston orqali xavfsiz o‘tkazishga ham ishontirgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri esa, ham qoralovchi bayonoti va ham ziyoratchilarini xavfsiz qaytarish borasidagi va’dasi uchun afg‘onistonlik hamkasbiga minnatdorlik bildirgan.

Xabarlarga ko‘ra, Eron Tashqi ishlar vaziri Afg‘onistonni "qo‘llab-quvvatlovchi" va "hamdard" davlat sifatida ta’riflagan.

O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston mintaqaning Afg‘onistonga chegaradosh uch davlati bo‘lishadi.

Turkmaniston esa, Afg‘oniston barobarida Eronga ham bevosita qo‘shni.

Neytral maqomiga qaramay, Isroil va Eronning hujumlari fonida Ozarbayjon bilan birga qator davlatlar allaqachon o‘z diplomatlari va fuqarolarini olib chiqish harakatida bo‘lgan ikkita davlatdan bittasi.

O‘zbekiston Prezidenti kecha, 17 iyun kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonadagi "Markaziy Osiyo+Xitoy" ikkinchi sammitida qilgan chiqishida xalqaro vaziyat sezilarli darajada yomonlashganiga alohida to‘xtalib o‘tgan.

Shavkat Mirziyoyev raqobatning ortishi keskinlikning zo‘rayishiga, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga yangi xavf va tahdidlar paydo bo‘lishiga olib kelayotganligini aytgan.

O‘zbekiston rahbari, "nizoli xalqaro masalalar va ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun kuch ishlatish vositalaridan foydalanish o‘zini oqlamaydi va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblashlari"ni ham bayon qilgan.

"Barcha nizo va ziddiyatlar suverenitetni hurmat qilish, xalqaro huquq me’yorlari va BMT nizomi asosida faqat diplomatik sa’y-harakatlar yo‘li bilan — muzokaralar stolida hal etilishi shart"ligini ta’kidlagan.

Ammo, shunday derkan, uning qay bir mintaqa yoki mojaroni ko‘zda tutgani noayon qolgan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston prezidenti Afg‘oniston muammolariga xalqaro hamjamiyat e’tiborining pasayishi ham jiddiy tashvish uyg‘otayotganligini ta’kidlab o‘tgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari esa, xuddi o‘sha kuni ham Eron va ham Isroilning o‘zlaridagi elchilari bilan uchrashgan.

Vazirlikning o‘zi esa, navbatdagi rasmiy bayonoti bilan chiqib, "Eron-Isroil mojarosi O‘zbekistonning ham manfaatlariga javob bermasligi"ni bayon qilgan.

Shunday ekan, bir tomondan Eronning o‘ziga, ikkinchi tomondan Eronga qo‘shni va muvaqqat hukumati hali-hanuz tan olinmagan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga chegaradosh ekani nazarda tutilsa, Yaqin Sharqdagi voqealarning so‘nggi rivoji, ya’ni Isroilning Eronga hujumi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun qanchalik xavotirli? Agar, xavotirli bo‘lsa, nima uchun? Mintaqa voqealarning o‘zlari uchun xavotirli rivojiga qanchalik tayyor? Bi-bi-si O‘zbek xizmati xuddi shunday savollar bilan ayrim mintaqaviy va xalqaro ekspertlarga murojaat qildi?

Dovud Azamiy
taqdim
Mojaroning cho‘zilishi va buning oqibatlari ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun strategik muammolar keltirib chiqarishi mumkin.
Doktor Dawood Azami
Bi-bi-si Jahon xizmati muharriri. Xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Dovud A’zamiy: Eronga tarixiy va jo‘g‘rofiy yaqinligi tufayli Isroil-Eron mojarosi Markaziy Osiyo Respublikalari va Afg‘onistonni turli iqtisodiy va xavfsizlik muammolari, beqarorlik xavfi va migratsiya bosimining kuchayishi ehtimoli qarshisida qoldirishi mumkin.

Turkmaniston va Afg‘oniston Eron bilan chegaradosh, old mavqe’da, shu bois, ko‘proq ziyon chekishlari ehtimoli bor.

Eronda davlat institutlarining zaiflashishi butun mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga ta’sir qilishi, ekstremistik guruhlar, uyushgan jinoyatchilik, odamlar, giyohvand moddalar va tovarlar kontrabandasi uchun qulay muhim yaratishi mumkin.

Mojaroning yanada kengayishi ommaviy migratsiyaga sabab bo‘lishi, mintaqadagi ijtimoiy xizmatlarga ortiqcha yuk bo‘lishi, qonun va tartib-qoidaning ijrosini qiyinlashtirishi mumkin.

Afg‘oniston esa, ikki karra ziyon chekishi ehtimoli bor. Chunki iqtisodiy va xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashishi nafaqat Eronda yashayotgan millionlab afg‘on qochqinlarining ortga qaytishi, balki-da, Eron fuqarolarining ham o‘z mamlakatlarini tark etib, qo‘shni davlatlar, jumladan, Afg‘onistondan boshpana topishlariga majbur qilishi mumkin.

Iqtisodiy ta’siri

Dovud A’zamiy: Iqtisodiy ta’siri, shubhasiz, Markaziy Osiyo Respublikalariga ham, Afg‘onistonga ham katta bo‘ladi.

Hormuz bo‘g‘ozi kabi muhim tranzit nuqtalarida uzilishlar davom etsa, global neftь narxidagi beqarorliklar ham Markaziy Osiyo iqtisodlariga ta’sir qilmay qo‘ymaydi.

Bundan ham muhimi, Eron dengizga chiqishga imkoni yo‘q Markaziy Osiyo Respublikalari va Afg‘oniston uchun jahon bozorlariga muhim darvoza bo‘lib ham xizmat qiladi.

Eronning Bandar-Abbos va Chobahor kabi dengiz portlari aloqani osonlashtiradi, savdo-sotiq qilishlarida Markaziy Osiyo Respublikalari va Afg‘oniston uchun muhim hayot yo‘li o‘laroq ko‘riladi.

Strategik ta’siri

Dovud A’zamiy: Strategik jihatdan esa, jo‘g‘rofiy va siyosiy aloqalari hamda rasmiy Tehronning mintaqaviy nufuzini kengaytirish siyosati tufayli Markaziy Osiyo Respublikalari va Afg‘oniston Eron uchun asosiy ta’sir doirasi bo‘lib kelgan.

Isroil bilan urushga e’tibor qaratgan Eronning Markaziy Osiyodagi ta’sirini saqlab qolish yoki kengaytirish uchun vaqti hamda imkoniyatlari ham kamroq bo‘ladi.

Ayni paytda, yirik qudratlar vaziyatdan mintaqada o‘z ta’sirlarini kuchaytirish yo‘lida foydalanishga urinisharkan, mojaroning cho‘zilishi va buning oqibatlari ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun strategik muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Xitoy va Rossiya o‘zlarining yaqinliklari hamda mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari tufayli yuzaga kelayotgan xavfsizlik tahdidlarini yumshatish choralarini ko‘rish bilan ham Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zlarining ta’sirlari va bosimlarini kuchaytirishlari ehtimoli bor.

Фарҳод Толипов
facebook
Voqealarning rivoji albatta buni ko‘rsatar va aniqlik paydo bo‘laru, lekin albatta bu xavotirsiz, deb, bir xotirjamlik bilan qabul qilib bo‘lmaydigan holat.
Farhod Tolibov
Siyosiy tahlilchi, O‘zbekiston (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Farhod Tolipov: Voqealarning rivoji albatta buni ko‘rsatar va aniqlik paydo bo‘laru, lekin albatta bu xavotirsiz, deb, bir xotirjamlik bilan qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Bu hujum faqatgina kichkinagina bir mojaroyu to‘qnashuv emas. Biri yadroviy ekani ishoniluvchi, ikkinchisi esa yadroviy bo‘lish arafasida turgan davlat orasida bo‘layotgan to‘qnashuv. Erondagi hozirgi vaziyatni Yaqin Sharqning azaliy, asriy desak ham bo‘ladi, to‘planib kelayotgan muammolari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan mojaro, o‘shaning bir qismi, deb aytishimiz mumkin. Shuning uchun bu yerda ham buni, baribir, tashvish bilan kuzatayapmiz. Erondagi vaziyat qanchalik keskinlashib ketarkin yoki yo‘q, yuqorida ham aytib o‘tganimdek, buni yaqin kunlar, yaqin kelajak ko‘rsatadi. Chunki, bir tomondan, AQSh, ikkinchi tomondan xalqaro hamjamiyat, boshqa davlatlar ham o‘zlarining pozitsiyalarini birin-ketin bildirmoqda va bu ta’sirsiz qolmaydi. Hamma de-eskalatsiya uchun chaqirayapti. Erondagi vaziyatni izdan chiqarib yuborish, beqarorlikka yo‘l qo‘yish hech kim, hech qaysi davlatning manfaatiga kirmaydi. Chunki uning salbiy oqibatlar faqatgina Eron bilan cheklanmaydi va mintaqaga tarqalishi mumkin, shu jumladan, Markaziy Osiyoga ham. Bilmadim, agarda buni keskinlashuv darajasi deb belgilab, bog‘lasak, bir tomondan qochoqlar muammosi tug‘ilishi mumkin. Yoki qandaydir bir ekstremistik, terroristik tahdidlarning darajasi ko‘tarilishi mumkin – balki deb aytamiz. Va yo umuman olganda, Eron tinch ekanida, demoqchimanki, shu paytgacha strategik va geosiyosiy nuqtai nazardan ahamiyati tobora oshib borayotgan mamlakat edi. Xususan, mana, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining, umuman olganda, transport arteriyalari, transport loyihalarini rivojlantirish kontekstida hozir katta ishlar olib borilayotgandi. Xususan, Xitoyning "Bir kamar, bir yo‘l" degan katta tashabbusi doirasida hozir olib borilayotgan ishlar, ya’ni Xitoyni Yevropa bilan bog‘lovchi loyihalarda Eronning ahamiyati tobora oshib borayotgan edi. Shuning uchun ham, biz uchun Erondagi vaziyat bu qandaydir bir uzoq mamlakatdagi vaziyat emas, ikkinchi darajali davlat emas. Bevosita hozir Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning strategik rejalari Eron bilan xususan bog‘liq bo‘lib qolayotgan edi. Garchi, agarda, mayli, ana shu qochoqlaru yoki ekstremistik qandaydir tahdidlar kuchaymagan holatda ham, Eron bilan bog‘liq loyihalar o‘zining to‘xtab qolishi ancha vaqtgacha bu ham katta bir salbiy ta’sir ko‘rsatadi Markaziy osiyoliklarning mana shu strategik rejalariga, transport bilan bog‘liq bo‘lgan strategik rejalariga va hokazo. Mana, hozircha mana shunday taassurotlar o‘yg‘onayapti. Lekin umid qilamiz va umuman, tahlilimiz shuni ko‘rsatayaptiki, bu urush juda cho‘zilib, chigallashib ketmasa kerak. Eronning o‘zi, bir tomondan olganda, salohiyati ham qandaydir past emas. Eronning salohiyati juda katta va hozir Isroil bilan olib borayotgan to‘qnashuvda o‘zining salohiyatini namoyish eta bildi. Buni butun xalqaro hamjamiyat kuzatayapti. Avval ham aytganimdek, Erondagi vaziyat izdan chiqib ketsa, birinchi galda Markaziy Osiyo ham emas, Yaqin Sharqdagi unga qo‘shni davlatlar buning salbiy ta’sirini o‘zlarida his etishadi. Ular ham, demak, iloji boricha vaziyatni o‘z iziga qaytarishga harakat qiladi, deb o‘ylayman. Va mana shularni hisobga olgan holda, demak, biz, Markaziy osiyoliklar hozir Erondagi urushni, nima deymiz, qizil chiziq deyamiz-ku, chegaradan chiqib ketmasligiga umid qilishimiz mumkin.

Savol: Agar voqealarning rivojini siz aytayotgan ehtimollar nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, Erondagi vaziyat izdan chiqqudek bo‘lsa, uning strategik ahamiyati mintaqa uchun qanchalik muhimligi nazarda tutilsa, boshqa bir tomondan qochoqlar oqimi, ikkinchi tarafdan, o‘sha ekstremistik tahdid, Markaziy Osiyo joriy paytda voqealarning shu kabi rivoji, shunga o‘xshash bir stsenariyga qanchalik tayyor?

Farhod Tolipov: Yuqorida aytganimdek, birinchi galda o‘sha transport bilan bog‘liq bo‘lgan, transport yo‘llarini ochish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab, ko‘plab loyihalar, nafaqat transport, savdo-sotig‘u, boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik ko‘lami kamayishi, albatta, menimcha, eng birinchi sezilarli oqibati shu bo‘lishi mumkin. Hattoki, qochoqlar ham emas, haligi aytganimdek, ekstremistik yo‘nalishlar ham emas. Chunki, baribir, chegaralaru, umuman, xavfsizlik organlari hammasi nazoratda bo‘lib turibdi va bundan ham chigalroq, bundan ham keskinroq vaziyatning guvohi bo‘lishgan Markaziy osiyoliklar o‘z vaqtida Afg‘onistonda bo‘lgan urushlarda. Demak, biz bunday tajribaga ega ekanmiz, mana shunday holatlarda Markaziy osiyoliklar mana shunday holatlarga tayyor deyishimiz mumkin. Ammo loyihalar, olib borilayotgan loyihalar nuqtai nazaridan, savdo, transport va boshqa mana shu bilan bog‘liq bo‘lgan loyihalarning diversifkatsiyasiga ta’sir qilgan holda, bu urush modifikatsiya bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Xususan, biz bilamiz, diversifikatsiya deganda, ana shu savdo yo‘llari va hokazo loyihalar nafaqat Eron bilan bog‘liq bo‘lgan edi, balki, mana, Janubiy Kavkaz o‘lkalari orqali ham amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Balki shunga ham urg‘u ko‘payar. Buni endi biz mutaxassislardan ko‘proq eshitamiz. Lekin taxmin mana shunday bo‘lishi mumkin, deb o‘ylayman.

BBC: Turkmaniston va Qozog‘iston esa, xuddi Eron kabi dunyoning yirik energiya zaxiralariga boy davlatlari sirasiga kirishadi.

Isroilning Eronga hujumi, boshqa tomondan, juda qisqa vaqtning o‘zida neftь narxlarining keskin ko‘tarilib ketishiga ham olib kelgan.

Bu ham Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar fonida jiddiy xavotirga molik yana bir voqe’lik o‘laroq o‘rtaga chiqqan.

Ayni o‘rinda, ayniqsa, neftga boy Rossiyaning ham jang jabhasi, ham postsovet makoni va ham dunyodagi mavqeining yanada kuchayishi allaqachon qo‘rquvlarga molik istiqbol o‘laroq tilga ham olib bo‘lingan.

Voqealarning bu kabi rivoji, boshqa tomondan, Rossiya Markaziy Osiyoning energiya bozorida yanada faollashish harakatida bo‘lgan, aksariyat tahlilchilar nazdlarida, shu yo‘l bilan ham mintaqada o‘zining siyosiy, geosiyosiy ta’sirini yanada kuchaytirish, ularni o‘zining orbitasiga yanada yaqinroq tortish harakatida bo‘lgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

Алишер Илҳомов
facebook
Yaqin Sharqdagi so‘nggi mojaroning O‘zbekiston, Markaziy Osiyo uchun oqibati asosan bilvosita xarakterga ega bo‘ladi.
Alisher Ilhomov
Londondagi “Markaziy Due Deligence” tahlil markazi direktori (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Alisher Ilhomov: Hammasi Eron yo‘nalishi bilan bog‘liq loyihalarga qanchalik jiddiy e’tibor qaratilganiga bog‘liq bo‘ladi. Agar, Afg‘onistonga kelsak, qurolli mojaro yanada kuchayadigan bo‘lsa, qochqinlar oqimi boshlanadi. Ular birinchi bo‘lib o‘z yo‘llarini Afg‘onistonga solishlari ehtimoli esa katta. To‘g‘ri, Tolibon va Eron o‘rtasidagi munosabatlar anchayin murakkab. Ammo Afg‘onistonning g‘arbiy mintaqalarini siyosiy, ijtimoiy va madaniy rishtalar bog‘lab kelgan. Aynan o‘sha yerga qandaydir qochoqlar oqimi kuzatilishi mumkin. Ijtimoiy-iqtisodiy nuqtai nazardan Afg‘onistondagi vaziyat shundoq ham yengil emas. Voqealarning bu kabi ehtimoli u yerdagi insonparvarlik bilan bog‘liq vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin. Shu bois ham, Yaqin Sharqdagi so‘nggi mojaroning O‘zbekiston, Markaziy Osiyo uchun oqibati asosan bilvosita xarakterga ega bo‘ladi. Mojaroning dunyodagi umumiy vaziyat va umumiy arxitekturaga qanday ta’sir qilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu neftь narxini ham o‘z ichiga oladi. Neftning bahosi allaqachon ko‘tarilib ketgan. Agar uning qiymati shu turishicha qolsa yoki qimmatlashda davom etsa, bu chetdan neftь ta’minotiga qaram davlatlarga qattiq zarba bo‘ladi. Neftь zaxiralariga boy davlatlar esa foyda ko‘ruvchilarga aylanishadi. Misol uchun, Rossiyani so‘zsiz ana shunday davlatlardan biri sifatida tilga olish mumkin. Markaziy Osiyoda bu ko‘proq neftь zaxiralari uncha ko‘p bo‘lmagan Qirg‘iziston, Tojikistonga salbiy ta’sir qilishi ehtimoli bor. Chunki bu mintaqaviy bozorni ham chetlab o‘tmasligi mumkin. O‘zbekiston esa bu ikki mintaqa davlati bilan taqqoslaganda, chetdan neftga u qadar qaram emas. Lekin, baribir, so‘nggi paytlarda mamlakatdagi neftь-gaz sohasining katta qiyinchiliklar qarshisida qolganini ko‘rdik. Shu bois ham, buning ta’siri O‘zbekistonga ham bo‘lishi mumkin.

Savol: Markaziy Osiyo davlatlari voqealarning bu kabi rivoji ehtimoliga qanchalik tayyor?

Alisher Ilhomov: Transport-logistika yo‘llari misolida aytadigan bo‘lsak, bu ko‘p tomonlama Afg‘oniston orqali o‘tib, Pokiston portlariga uzanuvchi va Transkavkaz yo‘nalishi bilan bog‘liq loyihalarning muvaffaqiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar ular ancha-muncha ilgarilaydigan bo‘lsa, bu kabi ehtimollarning mintaqaga salbiy ta’siri katta bo‘lmaydi. Qochoqlar masalasiga kelsak, ularning qandaydir oqimi O‘zbekiston chegarasigacha kelishi ehtimoli yo‘q emas. Biz Suriya misolida turli siyosiy guruhlar o‘rtasida qurolli nizolar boshlanib ketganida, bu katta sondagi qochqinlar oqimini paydo qilgani va ular o‘z yo‘llarini asosan Yevropaga solishganini ko‘rdik. So‘zsiz, ijtimoiy himoyalanganlik nuqtai nazaridan, Eron misolida ham shunday bo‘lishi mumkin. Lekin qochqinlarning qandaydir oqimi o‘z yo‘lini Sharqqa solishi ehtimoli baribir bo‘ladi. Neftь narxlari va uning ta’minoti masalasiga kelsak, o‘zining neftь-gaz sanoatini rivojlantirishga e’tibor qaratishi, korruptsiya, qarindosh-urug‘chilik kabi salbiy holatlarga barham berishi lozim bo‘ladi.

BBC: Yaqin Sharqdagi voqealarning so‘nggi rivoji xususida aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari Isroil Eronga hujum qilgan kunning o‘zidayoq birdek rasmiy bayonot bilan chiqishgan.

Ular bundan "o‘ta", "jiddiy" va "chuqur" xavotirda ekanliklarini bildirishgan.

O‘zbekiston va Tojikiston harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga ham chaqirishgan.

Ular barchasi keskinlashib borayotgan qurolli mojaroni tinch, siyosiy va diplomatik yo‘lda, muloqot va muzokaralar bilan yechishga tarafdorlik qilishgan.

Besh Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlarining ayni mazmundagi da’vatlariga Isroil va Eronning rasmiy munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

Ikkovlon o‘rtasidagi qurolli mojaro esa, o‘zining oltinchi kuniga kirdi.

Bugunga kelib, mojaroga AQShning aralashishi ehtimoliga oid xavotirlar kuchaydi....

Donald Tramp Erondan "shartsiz taslim bo‘lishi"ni talab qildi.

Eron Oliy rahbari esa, uni AQSh Isroil hujumlariga qo‘shilsa, "o‘nglab bo‘lmas ziyon yetkazishlari" bilan ogohlantirdi.