Karim Bahriev: "Islom Karimov faoliyatiga eng aniq siyosiy bahoni Shavkat Mirziyoyev berdi - U bir qo‘rquv saltanati edi"

Islom Karimov

Surat manbasi, MAXIM SHEMETOV/Getty Images

O'qilish vaqti: 4 daq

Taniqli jurnalist Karim Bahriev Islom Karimov faoliyatiga eng to‘g‘ri siyosiy bahoni hozirgi prezident Shavkat Mirziyoyev berganini aytdi. O‘zbekistondagi nashrlardan o‘chirib yuborilgan matnda Shavkat Mirziyoyev Karimov davrini "qo‘rquv davri" degandi.

Taniqli jurnalist Karim Bahriev "Lolazor" podkastida qilgan chiqishida o‘zining Islom Karimov bilan bog‘liq xotiralarini eslagan va u davrga aniq siyosiy bahoni Shavkat Mirziyoyev berganini aytdi.

"Karimovning faoliyatiga siyosiy bahoni eng anig‘ini Shavkat Mirziyoyev berdi. U bir qo‘rquv saltanati edi, dedilar. Men bugun gapirayotgan gapimni o‘shanda gapirsam bugunga yetib kelmasdim, dedilar. Shundan ortiq siyosiy baho bo‘lmaydi. Hozir Islom Karimov davrini ozgina tanqid qilsang, bir dunyo Karimovni hech qachon ko‘rmagan, pioner komsomol bo‘lib yurgan bir dunyosi "otamga tegma" deb tarmashadi. Uni jabr zulmini chekkan odamlar gapirsa ham", dedi Karim Bahriev.

Fergana News nashri 2020 yilning 20 yanvar kuni "Mirziyoyev mamlakatni Karimov boshqargan davrni "qo‘rquv davri edi" deb aytgan" sarlavhali xabar joylagandi.

Aloqador mavzular:

Agentlik Gazeta.uz ga tayanib Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ishtirok etgan Shavkat Mirziyoyevning gaplaridan iqtibos keltirgan.

O‘zbekistonda Islom Karimov rahbarlik qilgan yillar "qo‘rquv davri" edi, shuning uchun deputatlar ichida jim bo‘lish ma’qullangan. "Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatning avvalgi rahbarining nomini tilga olmagan holda mana shunday dedi, deya xabar beradi "Gazeta.uz", deb yozgan Fergana News.

"Men 15 yil deputat bo‘lganman. Lekin u davrlar boshqacha edi. Qancha jim yursang, shuncha yaxshi edi…Bizlar qo‘rquv davrida yashagandik", – degan Mirziyoyev.

Ayni damda Gazeta.uz ning o‘zbek qismida bu xabarni topish imkonsiz.

"O‘lsam yomonlab ham yozmaysan"

Reuters
Lekin mana bu meni maqtab turganlar bor-ku, bular men o‘lgandan keyin hammasi yomonlaydi. O‘sha payti ham ikki og‘iz to‘g‘ri gapni aytarsan, deb buni gapiryapman, degandilar".
Karim Bahriyev
Jurnalist (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Jurnalist Karim Bahriev bir kun Islom Karimov bilan uchrashganida o‘zini maqtab turganlar, o‘limidan so‘ng yomonlashini bashorat qilganini eslagan.

"Bir kuni bir narsani aytdilar. Sen o‘zi nima deb o‘ylaysan, seni chaqirib 3-4 soatlab gaplashishimni, dedi. Chunki men u kishi haqida hech qachon bir og‘iz ham iliq so‘z yozmaganman. Sen men haqimda hech qachon maqtab yozmading, dedilar. Men o‘lsam yomonlab ham yozmaysan. Lekin mana bu meni maqtab turganlar bor-ku, bular men o‘lgandan keyin hammasi yomonlaydi. O‘sha payti ham ikki og‘iz to‘g‘ri gapni aytarsan, deb buni gapiryapman, dedilar. Qarasam, bu bugun bo‘layotgan gaplarga shtrix-da endi. Boshqa birov kelsa unga ham darrov o‘tib olishadi, yon atrofdagilar", deydi Bahriev.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Oliy Majlis kengashida deputat va "Til va millatlararo qo‘mitasi" rais kotibi bo‘lgan Karim Bahriev "Men keskin gapirdim, keskin yozdim. Avvalo, taqdir. Men qamalib ketmadim", degan.

Uning aytishicha, "So‘z erkinligi haqida so‘z" kitobi chiqqanida Karimovning jahli chiqqan. Karim Bahrievga Strategik tadqiqotlar instituti direktor o‘rinbosari Ergashevdan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Mas’ul Bahrievga chet elga chiqib ketishni tavsiya qilgan.

Jurnalist ketishni rad qilgach, O‘zbekistonda qolish uchun uning oldiga beshta shart qo‘yilgan.

"Birinchi shart, siz hech qachon saylanadigan lavozimga (nomzod) qo‘ymaysiz. Nafaqat prezident, deputatlik, mahalla raisligiga ham qo‘ymaysiz, dedi. Ho‘p, dedim. Ikkinchisi, Bi-bi-si, "Ozodlik"larda intervyu bermaysiz, dedi. Bo‘ldi, bermayman, dedim", deydi Karim Bahriev.

Mustaqillik deklaratsiyasi

Karim Bahriev va Islom Karimov

Surat manbasi, Facebook

Surat tagso‘zi, Karim Bahriev va Islom Karimov

Karim Bahriev podkast davomida "Mustaqillik deklaratsiyasi" qanday qabul qilingani haqida ham to‘xtalgan.

U oldinroq bu haqda Facebookdagi sahifasida 1990 yil 20 iyunda olingan, o‘zi va Islom Karimov aks etgan suratni qo‘yib, shunday degandi:

"Bu surat 1990 yil 20 iyunda - Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilinishi oldidan tushirilgan.

Bir kun oldin 120 deputat Deklaratsiyani qabul qilishni kun tartibiga kiritishni so‘rab xat imzolagan (men ham), ammo u kun tartibiga kiritilmagandi. Men yarim varaq oq qog‘ozga Islom Karimov nomiga sharttakilik qilib (eng yosh - 27 yosh - hali uylanmagan deputat edim) xat yozdim: "Sizni sessiyada 400 kishi ovoz berib saylagan, menga 32 000 kishi ovoz bergan, sizdan sakson barobar legitim, ya’ni qonuniy odamman. Agar 132 deputat (har biring ortida 30 mingdan odam turibdi) gapi o‘tmasa, siz mening Prezidentim emassiz". Va qog‘ozni sekin borib Prezidiumda Prezident o‘tiradigan joyda qog‘oz taxlamlari orasiga solib kelganman. Tanaffus tugagach, Islom Karimov boshqa qog‘ozlarni o‘qib, imzolagan, va qog‘ozchani ko‘rib, olib o‘qigan, rangi oqargan, u zaldan meni nazari ila izladi va tepaga chiq deb imo qildi.

Majlis davom etardi. Kimdir gapirardi, kimdir tinglardi. Biz Rayosat stolida tortishardik. "Shu ish kerakmi, Karim?!" dedilar yurtboshi. Men zamon shunga qarab ketayotganini, boltiqbo‘yidagilar allaqachon shu yo‘ldaligini aytdim. Prezident :"Bo‘lmasa, bir punkt kiritinglar: "SSSR qonunlari bilan O‘zbekiston qonunlari zid bo‘lsa, O‘zbekiston qonunlari amal qiladi" degan. Bu o‘sha davrda inqilobiy, jiddiy ish edi. SSSRga qarshi ish edi".