Tramp - Putin: Alyaskadagi sammit natijasi biror bir kelishuv bo‘lishi mumkinmi? Video

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Butun dunyo e’tibori 15 avgustdagi Alyaska sammitiga qaratilgan.
Alyaska mahalliy vaqti bilan soat 11, Moskva vaqti bilan tungi soat 21, Vashington vaqti bilan soat 15da AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina urushini to‘xtatishga bag‘ishlangan yakkama-yakka uchrashuvi boshlanishi xabar qilingan.
Hammani qiziqtirayotgan savol: ushbu uchrashuv Ukraina urushiga yakun yasashi mumkinmi?
Sammitdan oldin CNN maqola e’lon qildi, maqola sarlavhasi "Putin yana chuv tushirdimi? Tramp ohangi shundan dalolat berayapti".

Surat manbasi, .
Bi-bi-si muxbiri Stiv Rozenberg yozishicha, Alyaska sammiti belgilanganining o‘zini Putinning kichik g‘alabasi deb atash mumkin: chunki Ukrainaga bostirib kirganidan keyin G‘arb Putinni yakkalab qo‘yishga harakat qilib kelayotgan edi.
"Sammitdan qo‘lga kiritishni istagan birinchi narsasini oldi. Bu - e’tirof. Dunyoning eng qudratli mamlakati AQSh tomonidan e’tirof, Rossiya rahbarini yakkalab qo‘yish harakatlari harakatlari barbod bo‘ldi, degan e’tirof. Endi Moskva, Rossiya jahon siyosatining asosiy stoliga yana qaytdi, deb aytishi mumkin", deydi muxbirimiz.
Sammit oldidan Tramp Ukraina bilan Rossiya yer almashishi mumkin dedi, ammo bu qanday yer almashish bo‘lishi mumkinligi tafsiloti ochiqlangani yo‘q.
Ukraina rahbariyati o‘z yerlaridan voz kechmasligini yana bir bor ta’kidladi, Tramp Ukraina manfaatiga zid kelishuv e’lon qilishi mumkinligidan tashvishlangan Yevropa rahbarlari eng avvalo o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi urg‘ulangan bayonotlar bilan chiqdilar.
Amerikadagi NBC News o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, Yevropa rahbarlari va Ukraina Prezidenti Zelenskiy bilan onlayn sammit payti Prezident Tramp Putin bilan hududlar masalasini muhokama qilmaslikka va’da bergan, asosiy e’tibor faqat o‘t ochishni to‘xtatishga qaratiladi, deb aytgan.
Ayni paytda Tramp bilan so‘zlashuvdan keyin ayrim Yevropa rahbarlari Trampning o‘zi Putin bilan yakkama-yakka uchrashuviga ko‘p ham umid bog‘lamayotgandek taassurot qoldirganini aytganlar.
Alyaskada biror kelishuv bo‘lishi mumkinmi, deya savol beradi Bi-bi-si muxbiri Uil Vernon.
Sammitdan oldingi chiqishida Prezident Tramp Prezident Putinga Ukraina urushini to‘xtatishi uchun "iqtisodiy rag‘bat" taklif qilishi mumkinligiga ishora qildi, Rossiyaning neft va gazga boyligini maqtadi.
Bundan oldin janob Putin bilan janob Tramp nodir yer metallari bo‘yicha ehtimoliy hamkorlikni muhokama qilganlari xabarlari tarqaldi.
Rossiyaning bepoyon hududida sochilib ketgan nodir metallar Trampning sevimli mavzusi.
Kreml amerikaliklarni Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlik, ayniqsa, Arktikadagi hamkorlik afzalliklariga jalb qilishga intilib keladi.
Shuningdek, AQSh kompaniyalariga Rossiya bozorida imtiyozli sharoit ham taklif etilgan.
Ammo, muxbirimiz yozishicha, hamon biznes yuritish uchun xatarli joy deb bilganlari uchun Amerika shirkatlari Rossiya bozoriga kirishga shoshilayotganlari yo‘q.
"Lekin bu narsaning Donald Tramp uchun ahamiyati yo‘q. Natijasi mavhum bo‘lsa-da, har qanday iqtisodiy kelishuv prezident uchun g‘alabadek ko‘rinadiganga o‘xshaydi", deydi muxbirimiz.
300 mingcha aholi yashaydigan Ankoridj shahrida Putinning Alyaskaga kelishiga qarshi, Ukrainani qo‘llab-quvvatlab norozilik namoyishlari tashkil etildi.
Namoyishda bir necha yuz kishi ishtirok etdi.
Stand UP Alaska jamoatchilik tashkiloti rahbari Erin Jekson-Hill aytishicha, 14 avgust kuni "Alyaska Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi" shiori ostida miting o‘tkazishgan.
"Biz avtoritar diktatorlarning shtatimizga taklif etilishiga qarshimiz. Ayniqsa, bu taklifni gubernatorimiz yoki Kongressdagi vakillarimiz qilmagan bo‘lsalar. U(Putin) - harbiy jinoyatchi va unga Amerika yerida joy yo‘q", dedi Jekson Hill xonim.
15 avgust kuni yana bir tashkilot tarafdorlarining protesti mo‘ljallangan.
14 avgust. Tramp - Putin: Alyaskadagi sammit oldi nima gap?

Surat manbasi, Getty Images
Putinning aytishicha, AQSh Ukraina tinchligi bo‘yicha samimiy harakat qilmoqda, Tramp urushni tugatish uchun "barcha imkoniyatlarni ishga soldi".
O‘z uchrashuvi oldidan Putin Trampning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha "samimiy sa’y-harakatlarini" olqishladi. Kreml rahbarlar vaziyatni "bir-biri bilan" muzokaralarda muhokama qilishini aytdi.
Tramp, Yevropa yetakchilari bilan suhbatlashganidan so‘ng, agar Putin urushni tugatishga rozi bo‘lmasa, "juda jiddiy oqibatlar" bo‘lishini aytdi.
Donald Tramp va Vladimir Putinning Alyaskadagi harbiy bazada uchrashuvi haqida nimalarni bilish kerak?

Surat manbasi, Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp va uning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin juma kuni Ankorijda Ukrainadagi urushni qanday tugatish bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun uchrashishga tayyorlanmoqda.
Yuqori darajadagi uchrashuv joyi Alyaskaning eng zich joylashgan shahrining shimoliy chekkasida joylashgan AQSh harbiy ob’ekti – Elmendorf-Richardson birlashgan bazasidir.
Oq uy rasmiylarining aytishicha, baza ikki davlat rahbarini qabul qilish uchun xavfsizlik talablariga javob beradi. Yozgi turizm mavsumining eng qizg‘in pallasida esa shoshilinch ravishda tashkil etilgan uchrashuv uchun boshqa joy imkoniyatlari kam edi.
Yozda Tramp tashabbusi bilan Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘tkazilgan uch bosqichli muzokara tomonlarni tinchlikka yaqinlashtira olmadi.
Uchrashuv bo‘lib o‘tadigan baza va uchrashuvdan nima kutish mumkinligi haqida bilganlarimiz bilan bo‘lishamiz.
Elmendorf-Richardson qo‘shma bazasi nima?
Joint Base Elmendorf-Richardson (JBER) – Alyaskaning eng yirik harbiy bazasi bo‘lib, uning tarixi Sovuq urush davriga borib taqaladi. 259 kv. km maydonni egallagan mazkur harbiy inshoot AQShning Arktikadagi harbiy tayyorgarligi uchun muhim ob’ekt hisoblanadi.
Qorli tog‘lar, muzlagan ko‘llar va go‘zal muzliklar bilan o‘ralgan bazada havo harorati qishda muntazam ravishda -12° gacha tushadi. Biroq, juma kuni davlat rahbarlari uchun havo harorati nisbatan yoqimli, taxminan 16°C bo‘lishi kutilmoqda.
Tramp 2019 yilda birinchi prezidentlik davrida bazaga tashrif buyurgan. U yerdagi askarlarni "mamlakatimizning oxirgi sarhadida turgan Amerikaning birinchi mudofaa chizig‘i" deb atagan edi.
Bazada 30 000 dan ortiq odam yashaydi, bu Ankorij aholisining taxminan 10 foizini tashkil etadi.
1940 yilda qurilgan bu baza Sovuq urush davrida havo hujumidan mudofaa uchun muhim ob’ekt va Sovet Ittifoqidan keladigan tahdidlarni bartaraf etish uchun markaziy boshqaruv nuqtasi bo‘lgan.
1957 yilda baza o‘z faoliyatining eng yuqori nuqtasiga yetganida, u yerda 200 ta qiruvchi samolyot, bir nechta havo harakatini boshqarish va erta ogohlantirish radar tizimlari joylashtirilgan edi. Shu sababli baza "Shimoliy Amerika uchun yuqori darajadagi himoya" ("Top Cover for North America") laqabini olgan.
Baza o‘zining strategik joylashuvi va o‘quv mashg‘ulotlari imkoniyatlari tufayli bugungi kunda ham kengayishda davom etmoqda.

Uchrashuv joyi nega Alyaska?
AQSh 1867 yilda Alyaskani Rossiyadan sotib olgan va 1959 yilda uni shtat sifatida qabul qilgan. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ikki mamlakat qo‘shni ekanini, ularni faqat Bering bo‘g‘ozi ajratib turajagini ta’kidladi.
"Delegatsiyamiz Bering bo‘g‘ozidan uchib o‘tishi va shunday muhim hamda intiq kutilgan sammit Alyaskada o‘tkazilishi juda mantiqiy", dedi Ushakov.
Alyaska oxirgi bor AQSh diplomatiyasi markazida 2021 yil mart oyida bo‘lgan. O‘shanda prezident Jo Baydenning yangidan tayinlangan diplomatik va milliy xavfsizlik guruhi Ankorij shahrida Xitoy rasmiylari bilan uchrashgan, lekin muzokaralar keskin tortishuvga aylanib, xitoyliklar amerikaliklarni "takabburlik va ikkiyuzlamachilik"da ayblagan edi.
Nega Putin va Tramp uchrashmoqda?

Surat manbasi, Getty Images
Tramp Ukrainadagi urushni tugatishga qattiq urinmoqda, ammo hozircha muvaffaqiyatsiz. Prezidentlikka nomzod sifatida u urushni lavozimga kirishganidan keyin 24 soat ichida tugatishga va’da bergan. Shuningdek, agar Rossiya bosqini paytida prezident bo‘lganimda, urush "hech qachon boshlanmagan bo‘lar edi", deb ko‘p bor aytgan.
O‘tgan oy Tramp Bi-bi-siga Putindan "xafsalasi pir bo‘lgani"ni bildirgandi. Keyinchalik u Putinga 8 avgustga qadar otashkesimga rozi bo‘lish yoki qattiqroq sanksiyalarga duch kelish ultimatumini qo‘ydi. Muddat tugaganda esa, 15 avgustda shaxsan uchrashishini e’lon qildi.
Uchrashuv oldidan, Trampning aytishicha, AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff chorshanba kuni Moskvada Putin bilan "juda samarali" muzokaralar o‘tkazgan.
Ukraina qatnashadimi?
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirok etishi kutilmayapti.
Dushanba kuni Tramp:
"Menimcha, kelishi mumkin, lekin shundoq ham juda ko‘p uchrashuvlarda bo‘lgan", dedi.
Shu bilan birga, Tramp uchrashuvdan keyin birinchi bo‘lib Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilajagini aytdi.
Putin Zelenskiy ishtirokini rad etgan, ammo Oq uy avvalroq Tramp uch lider ishtirokida uch tomonlama uchrashuvga tayyor ekanini bildirgan.
Sammit e’lon qilinganda, Zelenskiy Ukraina ishtirokisiz qabul qilingan har qanday kelishuvni "o‘lik qaror" deb atadi. U, shuningdek, Tramp tilga olgan "hududlar almashinuvi"ga qarshi chiqib:
"Biz Rossiya qilgan ishlari uchun unga mukofot bermaymiz", dedi.
Biz Rossiya qilgan ishlari uchun unga mukofot bermaymiz.
Ikki tomon nimani kutmoqda?
Dushanba kuni Tramp jurnalistlarga Rossiya "Ukrainaning katta qismini egallab turganini" aytdi va "u hududning bir qismini Ukrainaga qaytarishga harakat qilishini" bildirdi. Biroq u "ayrim almashinuvlar, hududlarda o‘zgarishlar" bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidladi – bu esa Kievni xavotirga solishi aniq.
Tramp sammitni Putinni urushni tugatishga undashga qaratilgan "sinov uchrashuvi" deb atadi va uni dastlabki qadam sifatida ko‘rayotganini bildirdi.
Rossiya va Ukraina uzoq vaqtdan beri urushni tugatish istagini bildirib kelayotgan bo‘lsa-da, har ikkisi ham boshqasi keskin rad etayotgan shartlarni ilgari surmoqda.
Ukraina Moskva tomonidan bosib olingan hududlar, jumladan, Qrim ustidan Rossiya nazoratini hech qachon tan olmasligini qat’iy ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, Putin ham o‘z hududiy talablari, Ukrainaning betaraf maqomi va armiyasining kelajakdagi hajmiga oid pozitsiyasidan chekinmagan.
Rossiyaning to‘liq miqyosli Ukrainaga bosqini sabablaridan biri – Putinning NATO Ukraina orqali Rossiya chegaralariga yaqinlashishga intilyapti, degan ishonchi edi.
Bi-bi-sining AQShdagi hamkori CBS News ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Yevropa yetakchilarini Ukraina hududining katta qismini Rossiyaga berishni ko‘zda tutuvchi otashkesim kelishuviga ko‘ndirishga harakat qilmoqda.
Manbalar aytishicha, kelishuv Rossiyaga Qrim yarimorolini o‘z nazoratida saqlab qolish va Donetsk hamda Luganskdan iborat Donbass mintaqasini egallash imkonini beradi. Rossiya 2014 yilda Qrimni noqonuniy tarzda bosib olgan va hozirda Donbassning asosiy qismini nazorat qilmoqda.
Kelishuv shartlariga binoan, Rossiya hozir muayyan harbiy nazorat o‘rnatgan Xerson va Zaporojьe viloyatlaridan voz kechishi kerak bo‘ladi.
Fox News'ga bergan intervyusida AQSh vitse-prezidenti J. D. Vens har qanday kelishuv "hech kimni juda mamnun qilmasligini" ta’kidladi.
"Bu yerda tinchlik o‘rnatish zarur… aybdor izlashning keragi yo‘q, – dedi u. – Tinchlikka erishish yo‘li – hal qiluvchi yetakchi bo‘lib, odamlarni ko‘ndirib, kelishishga majbur qilish."












