"Muammo Lavrovda emas, o‘zimiz boshimizga chiqarib oldik" – Sergey Lavrov Samarqandda qanday bahsga sabab bo‘ldi?

Surat manbasi, Россия ТИВ
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Samarqandda rus tilida yozuv yo‘qligiga e’tirozi o‘zbekzabon faollarning noroziligiga sabab bo‘ldi.
Sergey Lavrovning O‘zbekistonga bir kunlik tashrifi va rus tili masalasini ko‘targani jamoatchilikning keskin munosabatlariga sabab bo‘ldi.
Lavrov o‘zbekistonlik hamkasbi bilan Samarqanddagi "Motamsaro ona" yodgorligi ziyorati davomida yozuvlar orasidan rus tilini qidirdi.
Rossiya TIV rahbarining ta’kidlashicha, yodgorlik yonida halok bo‘lgan askarlarga atalgan xotira so‘zlari faqat ingliz tiliga tarjima qilingan, xolos.
"Inglizlar sizga qanday kelib qolishdi? Qarasam, inglizcha yozuv", — deb so‘raydi tarmoqlarda tarqalgan videoda u ekskursovodga yuzlanib.
"Bu yerda barcha tillarda bor, umuman olganda. Turizm shahri", — deb javob beradi ekskursavod.
"Ruschani ko‘rmayapman", — deya javob qaytargan Lavrov.
Suhbatga O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov aralashmaganini ko‘rish mumkin.
Ushbu xabar chiqishi bilan O‘zbekistondagi faollar Sergey Lavrovga e’tiroz bildira boshlashdi.
"Har bir mamlakat o‘zining hududidagi tarixiy obida yoki haykali atrofida qaysi tilda yozishini faqat o‘zi hal qiladi. Chetdan kelib, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri bizni tanqid qilishi noto‘g‘ri. Zero, biz ularning koloniyasi emasmiz!" deb yozdi O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja.
"Diplomatik bezbetlik"

Surat manbasi, Россия ТИВ
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (uza.uz) bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Xushnud Xudayberdiev o‘zining Telegramdagi kanalida Lavrovning e’tirozlarini "diplomatik bezbetlik" deb nomladi.
"Endi bir kami senga hisob berishimiz qoluvdi. Rus tilidagi yozuvni borib Rossiyangdan qidirasan. Rossiya mulozimining gaplarini men diplomatik bezbetlik, deb qabul qildim. Hech bo‘lmasa, taklif sifatida "rus tilida ham matn bo‘lsa, xursand bo‘lardik" desa ham mayli ekan. Xuddi "yuqoridan" tekshiruvchi kelgandek, "qani ruschasi?" deb so‘roqqa tutishiga o‘laymi", — dedi Xushnud Xudoyberdiev.
U mas’ullar tanqiddan so‘ng ruscha matn qo‘yishidan xavotir bildirgan.
"Ishqilib, biznikilar shosha-pisha ruscha matn qo‘yishmaydi, degan umiddaman. O‘zbekcha va inglizcha matn juda to‘g‘ri qaror bo‘lgan. O‘zgartirish shart emas, menimcha".
Oliy Majlis deputati Odiljon Tojialiev X ijtimoiy tarmog‘ida shunday dedi:.
"O‘zbek xalqi tilni majburiyat emas, imkoniyat deb tanlaydi. Xorij tilini sun’iy targ‘ib qilish muhabbat emas, qarshi munosabat uyg‘otadi. Qolaversa, hurmat talab qilinmaydi — u singadi".
Deputat "Moskva Bosh maydoniga o‘zbekcha ham yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rishimiz mumkin", deb qo‘shimcha qilgan.
Ayni maqolada X tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz X havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri X post
"Lavrov aql o‘rgatishga kelganmi?"
Ta’lim bo‘yicha mutaxassis Komil Jalolov Lavrov Samarqandga aql o‘rgatishga kelganmi, deya savol tashlaydi.
"Lavrov suveren davlatga jamoat joylaridagi yozuvlar qaysi tilda bo‘lishi kerakligi haqida aql o‘rgatgani kelganmi? Deylik, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Rossiyaga borsa va u yerdagi Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan yodgorliklarda nega o‘zbekcha yozuvlar yo‘qligi haqida savol bersa, qanday javob olardi? Bunday savol berishga haddi sig‘armidi o‘zi? Unda nega Lavrovning haddi sig‘yapti?" — deydi jamoatchilik faoli Komil Jalilov.
"Unda migrantlarni qaytaring"
Muammo Lavrovda emas, muammo o‘zimizda, yonberishlar, mayli-mayli bilan boshimizga o‘zimiz chiqarib oldik. Lavrov Ozarboyjonga borib bunaqa topshiriq bera olmaydi, masalan.
Lavrovga bildirilgan e’tirozlarga javob asosan rus tilida bo‘lgan.
Ularning ayrimlari Rossiya TIV rahbari tanqid qilmagani, balki ruscha yo‘qligidan hayratlanganini aytgan.
Ular o‘zbekistonliklar Rossiyada mehnat muhojirligi bilan shug‘ullanayotgani uchun ham rus tiliga hurmat ko‘rsatilishi kerakligini ta’kidlashgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
"Hozircha inglizcha yozishmoqda, keyin O‘zbekistonda LGBT paydo bo‘lib, o‘z huquqlarini talab qila boshlaydi. Sizga ajdodlarimiz xotirasi begona, lekin turmush tarzimiz, dinimizga zid bo‘lgan g‘oyalarga eshik ochyapsizlar. Men rusman, lekin O‘zbekistonda yashayman. Qo‘shnilar bilan birgalikda musulmon va nasroniy urf-odatlarga hurmat bilan qaraymiz, ammo nevaralarim va evaralarim uchun xavotirdaman", deydi Nadejda Azarova.
Migrantlarning rus tilini bilish kerakligini Sergey Lavrov ham eslatgan.
"Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan Rossiyaga borayotgan mehnat migrantlari rus tili va Rossiya qonunlarini bilishi kerak", degan Sergey Lavrov Samarqanddagi matbuot anjumanida.
"Ayb o‘zimizda"
Iqtisodchi Otabek Bakirov "boshimizga chiqarib olgan o‘zimizda" deydi.
"Muammo Lavrovda emas, muammo o‘zimizda, yonberishlar, mayli-mayli bilan boshimizga o‘zimiz chiqarib oldik. Lavrov Ozarboyjonga borib bunaqa topshiriq bera olmaydi masalan", deydi @the_bakiroo.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, "Milliy tiklanish" partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning ta’kidlashicha, "rus siyosatchilari O‘zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo‘lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo‘llarni sinab ko‘rmoqda".
"Nega O‘zbekistonda yoshlar hech kim eslatib turmasa ham, ingliz, nemis, turk va arab tillarini o‘rganishga harakat qiladi? So‘rab olingan hurmat va yolg‘on yaratilgan ehtiyojdan faqat teskari natija bo‘lishini vazir Lavrov bilmasligi mumkin emas", — dedi u.












