Ukraina va Amerika Saudiya Arabistonida gaplashib olmoqchi. Putin esa "qanday ko‘rinishdagi tinchlik" istayotgani haqida ochiq gapirdi
Ukraina diplomatlari AQSh bilan urushni tugatish masalasini muzokara qilish maqsadida kelasi haftada Saudiya Arabistoniga bormoqchi. Shu manzarada Vladimir Putin Rossiya aynan qanday ko‘rinishdagi tinchlik xohlayotgani haqidagi savolga ochiq javob bergan.

Surat manbasi, Getty Images
AQSh va Ukraina delegatsiyalari seshanba kuni Saudiya Arabistonida urushni tugatish masalasini muhokama qilishi kutilmoqda.
Vashington bu diplomatik uchrashuvni "Rossiya bilan dastlabki sulh" deya atagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham kelasi hafta Saudiya Arabistoniga borayotgan bo‘lsada, ushbu muzokaralarda ishtirok etmasligini, bu ish bilan diplomatlar shug‘ullanishini aytgan.
Zelenskiy "samarali uchrashuv" kutayotganini va Kiev "tezkor va davomli tinchlikka" erishish ustida ishlayotganini ta’kidlagan.
Bu voqea Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazib, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish va razvedka ma’lumotlarini berishni to‘xtatganidan keyin yuz bermoqda.
Trampning fikriga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Rossiya va Ukrainani muzokara stoliga o‘tkazishga eng mos davlat hisoblanadi.
U kecha jurnalistlarga har ikki tomon ham bitim tuzishni istashini, chunki boshqa chorasi yo‘qligi haqida gapirgan.
"Menimcha, Ukraina bitim tuzishni xohlaydi, chunki ularda boshqa chora yo‘q. Yana shuni o‘ylaymanki, Rossiya ham bitim tuzishni xohlaydi – chunki faqat menga ma’lum bo‘lgan sababga ko‘ra – ruslarda ham boshqa tanlov yo‘q", degan AQSh prezidenti, ammo u Rossiyada boshqa tanlov yo‘q, degan fikrini izohlamagan.
Shunday bir manzarada, prezident Putin aynan qanday ko‘rinishdagi tinchlik Rossiya uchun mos kelishini ma’lum qilgan.
"Begonaning narsasi kerak emas, ammo…"
Kecha Rossiya prezidenti urushda halok bo‘lgan askarlarning yaqinlari bilan uchrashgan.
Uchrashuvda u Moskva qurolli mojaroda qo‘lga kiritgan yutuqlardan voz kechmasligini ta’kidlagan.
Biz oʻzimiz uchun maʼqul boʻlgan, uzoq vaqt davomida yurtimizdagi osudalikni taʼminlay oladigan tinchlikni tanlashimiz lozim.
"Biz o‘zimiz uchun ma’qul bo‘lgan, uzoq vaqt davomida yurtimizdagi osudalikni ta’minlay oladigan tinchlikni tanlashimiz lozim", degan Putin asosan ayollardan iborat guruhga qarata.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga "begonaning narsasi kerak emas", ammo "o‘zinikini ham berib qo‘ymaydi".
Halok bo‘lgan askarlardan birining onasi "Rossiya chekinadimi", deb so‘raganida, Putin bunday maqsadi yo‘qligini bildirgan.
Putinning bu so‘zlarini guruhdagi ba’zi ayollar ko‘zda yosh bilan tinglagan.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya hozirda Ukraina hududining qariyb beshdan bir qismi yoki 113,000 kvadrat kilometrga yaqin yerni bosib olgan.
Rossiya prezidenti murosa qilishga tayyor ekanini ko‘p bor takrorlagan, ammo u tasvirlayotgan sulh shartlarini Ukraina qat’iy rad etib keladi.
Kreml Ukraina NATOga qo‘shilish niyatidan voz kechishini talab qilib keladi. Bundan tashqari o‘tgan yozda Putin ukrain qo‘shinlari Moskva o‘ziniki deb e’lon qilgan, lekin to‘liq nazorat qilmaydigan hududlardan chiqib ketishi talabini ham ilgari surgan edi.
Tungi hujum

Surat manbasi, ECPAD HO via Reuters
Putin Ukrainadan chiqish niyati yo‘qligini aytganidan ko‘p o‘tmay – 7 martga o‘tar kechasi Rossiya Ukraina energoinfratuzilmasini yana yalpi hujumlar bilan nishonga olgan.
Ukraina harbiylari rus armiyasi jami 67 raketa va 194 dron ishlatganini xabar qilgan.
Tuni bilan davom etgan hujumda eng jiddiy zarar ko‘rgan hududlardan biri Ukrainadagi ikkinchi yirik shahar – Xarkiv bo‘lgan.
Ukraina tomoni havodan hujumni qaytarishda Frantsiyaning Mirage-2000 qiruvchi uchoqlaridan ilk bor foydalanilganini tasdiqlagan. Bu uchoqlar o‘tgan oyda Ukrainaga yetkazilgan edi.
Yadroviy soyabon
AQShning Ukraina va Yevropa bilan aloqalari sovuqlashib, Vashington tobora Rossiya manfaatlari tomon yon bosayotgani ko‘rinib borar ekan, qit’a xavfsizligiga oid munozaralar qizigandan qizib bormoqda.
Shunday tahlikali vaziyatda Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron o‘z mamlakatining yadroviy tiyib turish qudratini boshqa Yevropa davlatlari mudofaasi bilan bog‘lash haqida mulohaza bildirgan.

Surat manbasi, Getty Images
Frantsuz xalqiga qilgan murojaatida Makron Rossiyani Yevropa uchun tahdid, deya atagan.
Yevropa qit’asidagi faqat ikki davlat – Frantsiya va Buyuk Britaniya – yadro quroliga ega.
Hozirda Frantsiyaga tegishli bo‘lgan yadro kallaklari soni 300 ta atrofida, ular harbiy samolyotlardan yoki suv osti kemalaridan uchirilishi mumkin.
Buyuk Britaniyada esa taxminan 250 ta yadro kallagi bor. Eng katta farq shundaki, Frantsiya o‘z yadro arsenalini butunlay o‘zi ishlab chiqqan, ya’ni tizim suveren, Buyuk Britaniya esa Amerika ta’minlaydigan texnik ko‘makka tayanadi.
Makronning taklifi o‘ta o‘ng va so‘l siyosatchilar g‘azabiga sabab bo‘lgan. Ular Frantsiya o‘z yadro arsenalini "bo‘lishib" ishlatish haqida o‘ylamoqda, deya e’tiroz bildirgan.
Rasmiy doiralar vakillari va mudofaa sohasidagi ekspertlar esa bunday fikrni inkor etib, bu da’vo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan – ularning ta’kidlashicha, hech qanday "bo‘lishish" masalasi yo‘q.
Frantsiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornuning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy tiyib turish kuchi "Frantsiyanikidir va Frantsiyaniki bo‘lib qoladi – uning kontseptsiyasidan tortib, undan foydalanishgacha bo‘lgan jarayon prezident qarori bilan boshqariladi".
Gap ko‘proq Frantsiyaning yadroviy himoyasini boshqa Yevropa davlatlarini ham o‘z ichiga olgan holda, aniqroq shaklda kengaytirish masalasi haqida ketmoqda, izoh bergan mulozim.
Frantsiyaning yadro doktrinasida agar prezident mamlakatning "hayotiy manfaatlari" xavf ostida deb hisoblasa, dushmanga keng qamrovli yadro zarbasi bilan javob berishi belgilab qo‘yilgan.
Ammo doktrinada "hayotiy manfaatlar"ga aniq izoh berilmagan.
Putin ismini tilga olmagan holda, Frantsiya prezidentining ushbu tashabbusiga munosabat bildirgan, uni mazax qilgan.
"Hali ham Napoleon davriga qaytishni istayotganlar bor. Ular [Napoleonning yurishi] qanday tugaganini esdan chiqarib qo‘yishgan", degan Putin payshanba kungi uchrashuvda.












