Xalqaro Jinoyat sudi Tolibon rahbarlariga hibs orderi chiqarmoqchi

Tolibon boshqaruvi strukturasi

Surat manbasi, .

O'qilish vaqti: 2 daq

Xalqaro Jinoyat sudi bosh prokurori xabar qilishicha, ayollar va qizlar ta’qibga olinayotgani tufayli Afg‘onistondagi Tolibonning eng oliy rahbarlariga nisbatan hibs orderini chiqarishga qaror qilgan.

Bosh prokuror Karim Xon so‘zlariga ko‘ra, Tolibon Oliy rahbari Mavlaviy Haybatulloh Oxunzoda va Oliy sud raisi Abdul Hakim Haqqoniyni gender asosida insoniyatga qarshi jinoyatda ayblash uchun "mantiqiy asoslar" bor.

Tolibon 2021 yil avgustida butun Afg‘oniston ustidan nazoratni qo‘lga kiritganidan buyon mamlakatni boshqarib keladi.

Hozircha Tolibon hukumati biror bir xorijiy davlat tomonidan rasman tan olingani yo‘q.

Tolibon o‘zining 2001 yilga solishtirganda o‘zgarganini e’lon qilganiga qaramasdan, oxirgi uch yilda yana xotin-qizlarning o‘qish va ishlashlarini taqiqlash kabi amallarga qo‘l urdi.

Poytaxt Kobulda ayollarga ta’lim olish taqiqlanishiga qarshi tashkil qilingan xotin qizlar norozilik namoyishi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Afg‘onistondagi talaba qizlar oliy ta’lim saboqlarini davom ettirish talabi bilan norozilik namoyishlari ham uyushtirdilar

Haybatulloh Oxunzoda haqida nimalar ma’lum?

Haybatulloh Oxunzodaning lavozimi Amirul-mo‘’minin - Mo‘’minlarning amiri deb ataladi, u Tolibonning siyosiy, diniy va harbiy ishlari uchun eng oliy vakolatga ega rahbar hisoblanadi.

Haybatulloh Oxunzodadan oldin Afg‘oniston Toliboni rahbari Axtar Mansur edi, u 2016 yili Afg‘on-Pokiston chegarasida AQSh dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan edi.

Reyters axborot agentligiga talabalari va boshqa yaqindan tanigan insonlarning aytishlaricha, Haybatulloh Oxunzoda 15 yil mobaynida Pokiston janubi-g‘arbida joylashgan Kuchlak qishlog‘ida masjidga imom, talabalarga mudarrislik qilgan.

U 2016 yili to‘satdan omma ko‘zidan g‘oyib bo‘lgan.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Haligacha u o‘zini jurnalistlar, foto va video kameralardan uzoq saqlaydi.

Oxunzodani "soyadan boshqarishni afzal ko‘radigan rahbar" deb ta’riflaydilar, boshqa rahbarlarni muzokaralarga yuborishni ma’qul ko‘radi.

Tolibon vakillarining AQSh va ittifoqchilari bilan boshlagan muzokaralari Afg‘onistondagi 20 yil davom etgan urushni yakunlashga imkon berdi.

Oxunzoda ko‘pchilik oldida bugun ham kam ko‘rinish beradi, qarorgohi qilib Afg‘oniston janubidagi Qandahor shahrini tanlagan.

O‘sha yerda chiqargan farmonlari, xususan, qizlar uchun maktab va universitetlarda o‘qishni taqiq farmonini poytaxt Kobulda joylashgan vazirlari ijro etadilar.

Oxunzoda eng ishonadigan Haqqoniy

Tolibon 2021 yili Afg‘oniston nazoratini qo‘lga kiritganidan keyin Abdul Hakim Haqqoniy Tolibon hukumati oliy sud raisligiga tayinlandi.

Abdul Hakim Haqqoniy Tolibonning qudratli diniy ulamolar kengashi rahbari ham hisoblanadi.

Ko‘pchilik ishonishicha, Tolibon rahbari Oxunzoda eng ko‘p ishonadigan inson hamdir.

Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar olib chiqib ketilishidan oldin Tolibon AQSh bilan Qatar poytaxti Dohada boshlagan muzokarachilar hay’atiga Haqqoniy yetakchilik qilgan.

Afghan Analyst Network tadqiqot markazi yozishicha, Abdul Hakim Haqqoniy arab tilida kitob yozgan, bu kitobda u islomiy amirlik qanday bo‘lishi kerak, qanday boshqarilishi kerak degan savollarga o‘z qarashlarini ifoda etgan.

Kitobda Haqqoniy mamlakat mustaqilligi muhimligini urg‘ulaydi, tashqaridan bo‘ladigan bosimlarga yon bosmaslik kerak deb hisoblaydi, deya yozadi Afghan Analyst Network.