Amerika: muhojirlarga taqiqlar yana kuchaytirildi, turkmanistonliklarga ham

Amerikada fuqarolik olganlar uchun qasamyod marosimi

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 3 daq

AQSh sayohat qilish taqiqlanganlar ro‘yxatidagi 19 davlatga tegishli muhojirlarning arizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatdi. Xabar qilinishicha, ular orasida turkmanistonliklar ham bor.

BBC hamkori CBS News ko‘rgan ichki rasmiy hujjatga ko‘ra, immigratsiya agentlariga barcha ishlarni yakuniy hal qilishni to‘xtatish va fuqarolik olish arafasida bo‘lgan migrantlar uchun qasamyod qilish marosimlarini vaqtincha bekor qilish buyrug‘i berildi.

Ushbu qaror sayohat cheklovi qo‘yilgan davlat soni 30 taga ko‘paytirilishi mumkinligi borasidagi xabarlar manzarasida olingan.

4 iyunda Oq uy Afrika, Yaqin Sharq va Karib mintaqasida joylashgan 19 davlatni butkul yoki qisman immigratsiya cheklovlari qo‘llaniladigan mamlakatlar deb topgandi.

O‘shanda Turkmaniston ilk marotaba viza olish qisman cheklangan davlatlar qatoriga kirgan.

Hukumat immigratsiya qoidalari yanada kuchaytirilayotganini Vashingtonda yaqinda sodir bo‘lgan hujum bilan izohlaydi.

O‘tgan hafta sodir bo‘lgan otishmada bir Milliy gvardiyachi halok bo‘lgan, yana biri og‘ir ahvolda qolgani xabar qilindi.

Jinoyatda gumon qilingan shaxs AQShda yashovchi afg‘on fuqarosi ekani aytildi.

Getty Images
Tramp ma'muriyati fuqarolikka olinayotganlar eng sara insonlar bo'lishi uchun barcha choralarni ko'rmoqda. Fuqarolik - imtiyoz, haq emas.
Мэтю Трагессер
АҚШ Фуқаролик ва Иммиграция Хизматлари матбуот котиби

Seshanba kuni AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmatlari (USCIS) tomonidan yangi yo‘riqnoma chiqarilgan. Unga ko‘ra, boshpana izlovchilar bo‘yicha qaror olish jarayoni to‘xtatilgan va sayohat taqiqlangan davlatlardan kelgan migrantlarga berilgan "Grin karta" vizalari qayta ko‘rib chiqilishi aytilgan.

Hujjatda shunday deyilgan: "Bu barcha turdagi arizalarni qamrab oladi va yakuniy qarorlar (ma’qullash yoki rad etish) hamda fuqarolik olganlar uchun qasamyod qilish marosimlarini ham to‘xtatishni o‘z ichiga oladi".

AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmatlari matbuot kotibi Metyu Tragesser New York Times'ga jarayonga tanaffus berilayotganini tasdiqladi va jumladan shunday dedi: "Tramp ma’muriyati fuqarolikka olinayotganlar eng sara insonlar bo‘lishi uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. Fuqarolik - imtiyoz, haq emas."

Muhojirlik masalalari bo‘yicha advokatlarga ko‘ra, joriy hafta ba’zi mijozlarning fuqarolik olish bo‘yicha mahkama tinglovlari bekor qilingan. Ular orasida Venesuela, Eron va Afg‘onistondan kelgan muhojirlar bor.

Fuqarolikka qabul marosimi odatda besh yillik ariza jarayonining yakuni hisoblanadi. Unda yangi fuqarolar AQShga sadoqat qasamyodini keltirishadi.

Oq uyning so‘nggi qarori Donald Trampning migrantlar va qochqinlarni o‘z ta’biri bilan "ijtimoiy tartibsizlik" keltirib chiqarishda ayblashi manzarasida qabul qilindi.

O‘tgan chorshanba kuni milliy poytaxtda sodir bo‘lgan otishmada 20 yoshli qo‘riqchi Sara Bekstrom halok bo‘ldi va 24 yoshli Endryu Vulf og‘ir jarohat oldi. Hodisadan keyin Tramp ma’muriyati migratsiyaga qarshi choralarni kuchaytirdi.

Hibsga olingan gumonlanuvchi Afg‘onistonlik bo‘lgan. Tolibon hokimiyatga qaytishi ortidan u AQSh kuchlari bilan ishlagan afg‘onlarga maxsus himoya taklif qilingan dastur orqali mamlakatga kirib kelgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Tramp Amerikada Somaliliklarni ham istamayapti

Donald Tramp
Surat tagso‘zi, Donald Tramp Somalini "nomiga bir davlat" deb atar ekan, bu davlatda tartib yo‘qligini tanqid qildi

Tramp AQShda Somalilik muhojirlarini xohlamasligini aytdi va ular "qaytib ketishlari kerak" deb ta’kidladi.

U Somalini "nomiga bir davlat" deb atar ekan, bu davlatda tartib yo‘qligini tanqid qildi.

Shu paytda, Immigratsiya va Bojxona Nazorati - ICE Minnesota shtatdagi yirik Somali jamoasiga qarshi reyd rejalashtirayotgani xabar qilindi.

Minnesota rasmiylari bu rejani tanqid qilishgan, ularning xavotiriga ko‘ra, jarayon adolatsiz ravishda Amerika fuqarolarga ham ta’sir qilishi mumkin.

Minneapolis va Sent-Polda AQShdagi eng yirik Somali jamoasi yashaydi. Trampning bu bayonoti Vashingtonda yaqinda sodir bo‘lgan hujumdan keyin muhojirlarga qarshi choralarni kuchaytirilayotgan jarayonga to‘g‘ri keldi.

ICE amaldorlari reydda yuzlab noqonuniy migrantlar nishonga olinishi mumkinligini aytishdi. Rasmiylarga ko‘ra, bu irqchilik mohiyatidan uzoq bo‘ladi.

Minnesota yetakchilari bu harakatni "qonunbuzarlik" deb atadi va Somaliliklarning aksariyati AQSh fuqarolari ekanini qayd etdi.